Xondamir bevosita Alisher Navoiyning g‘amxo‘rligida voyaga yetgan, uning homiyligida katta ijodiy ish olib borgan, «Makorim ul-axloq» asarida buyuk Navoiyning ma’naviy yuksak inson sifatidagi faoliyati haqida to‘liq ma’lumot beradi. Alisher Navoiy tarjimai holi va uning fazilatlari haqida maktab xrestomatiyalari va darsliklarida ham ko‘plab lavhalar keltirilgan, ilmiy ishlar yaratilgan. Bularning barchasiga Xondamirning «Makorim ul-axloq» kitobida keltirilgan materiallar ham asos bo‘lganligiga shubha yo‘q.
U bolalik davridan boshlab ilm olishga harakat qiladi. Yigitlik davrida olim va fozillar yig‘inlarida ishtirok etadi. Mustaqil holda kitob mutolaasi bilan shug‘ullanadi. Samarqandda Xoja Fazlulloh Abullaysiydan saboq oladi.
Hirotda shoirning do‘sti Husayn Boyqaro hokimiyatni qo‘lga olgach, Navoiy Hirotga qaytadi va «Bunda eng yuqori mansab – amirlik darajasiga ko‘tariladi. Hukumat arboblarining rahbarligini, butun xalq va hukumat maqsadlarini hal qilishni, mamlakat va millat ishlarini tartibga solishni, din va davlat ahvolini intizomga qo‘yishni o‘z ustiga olish bilan birga, butun vaqtini kitob iboratlarini tuzatish, ma’nolarini tekshirish, dalillar bilan isbot etish, masalalarni hal qilish, naqliy (eshitish orqali bilingan, o‘zlashtirilgan bilim) ilmlarning sirlarini va aqliy fanlarning nozik nuqtalarini topishga harakat qildi».
Amirlik lavozimidagi Navoiy atoqli olimlar, san’at ahllarini ham ma’naviy, ham moddiy tomondan qo‘llab-quvvatlaydi, talabalarga nafaqalar belgilab, chuqur va mustahkam bilim olishlari uchun madrasalar qurdiradi. «Xalosiya» xonaqohi, «Ixlosiya», «Shifoiya», «Nizomiya», «Xusraviya» madrasalari shular jumlasidan bo‘lib, bu o‘quv dargohlarida zamonasining yirik olimlari saboq beradi. Fuqaro va darveshlar uchun saxovat ishlarini boshlab yuboradi. Masalan, «Xalosiya» xonaqohida u har kuni mingdan ortiq miskinlarni ziyofat qilib, laziz taomlar tarqatadi. Har yili muhtojlarga 2000ga yaqin po‘stin, chakmon, ko‘ylak-ishton, taqiya (do‘ppi) va kavsh ulashadi.
U qurdirgan rabotlar, hovuzlar, ko‘priklar, hammomlarning son-sanog‘i yo‘q edi. Buzilgan obidalar, masjidlar uning rahnamoligida qayta ta’mirlanadi. Alisher Navoiy qobiliyati va zehnining o‘tkirligi tufayli har ikki tilda – turkiy va forsiyda bab-baravar badiiy yuksak she’rlar yozadi.
Uning turkiy tilda Nizomiyning «Panj ganj»i muqobilida yaratilgan besh dostondan iborat «Xamsa» asari, 25 ming baytni o‘z ichiga sig‘dirgan turkiy g‘azallardan tuzilgan turkiy devoni – «Xazoyin ul-maoniy»ga bolalik, yigitlik, o‘rta yosh va, nihoyat, keksalik davrida yozilgan g‘azallari tartib berilgan.
Navoiyning yana bir buyuk asari «Mezon ul-avzon» risolasi ham turkiy tilda aruz vazni haqida yozilgan bo‘lib, shoirning she’r san’ati borasida yuksak mahoratga hamda chuqur bilimga egaligidan dalolat beradi.
Alisher Navoiy forsiy tilda yaratgan qasida va g‘azallar ham olti ming baytni tashkil etadi.
Xondamir shoir asarlarining shuhrati haqida shunday yozadi: «G‘oyatda ochiq va yengilligi, ajoyib ma’nolar bilan bezalishi, so‘z boyligi va betakallufligi, zo‘rakilikning yo‘qligi orqasida, oz muddatda bu badiiy baytlar va to‘la ziynatli nazmlarning latiflik va noziklik shuhrati shunday darajaga yetdiki, dunyo tevaragidagi mamlakatlarning podshohlari ataylab Hirot poytaxtiga suxandon elchilar yuborib, san’atning nishonli kulliyotlarini talab qiladilar. Arab va Ajam… Hirot va Xo‘tan mamlakatlarining chegaralaridan boshlab, to Rum va G‘arb mamlakatlarining oxirigacha shoh va gado, yosh va qari, musulmon va kofir, yaxshi va yomon og‘zida ul hazratning go‘zal nazmlari mazkur va butun xalq ommasi va ayrim tabaqalarning ko‘ngil sahifalarida va qalb lavhalarida muborak she’rlari naqshlangandir», – deb ta’rif beradi.
Yuqoridagi asarlar bilan birga, shoirning «Majolisun – nafois» asarida Shohrux mirzo podsholigi davridan o‘z zamonasiga qadar yetakchi shoirlar va olimlarning sifatlari tavsiflangan. Shu bilan birga, ikkita qisqacha tarix kitobi: «Tarixi anbiyo va hukamo», «Tarixi muluki ajam» asarlarini ham yozganki, bu kitoblarga ular haqida hikoyalar, rivoyatlar ham kiritilgan.
Allomaning yana bir asari «Xamsat ul-mutahayyirin» kitobi bo‘lib, unda «Nasrlarining yorqinligi va nazmlarining nozikligi»dan barcha hayratga tushgan. Mazkur asarda Jomiy va Navoiylarning o‘zaro munosabatlari bayon etilgan. Bundan tashqari, shoirning turli odamlarga turkiy tilda yozgan maktublari ham risola shaklida to‘plangan.
Navoiyning yana ikkita «Holoti Sayid Hasan Ardasher», «Holoti Pahlavon Muhammad» asarlari ham turkiy tilda tartib berilgan.
Hayotining so‘nggi yillarida yaratgan «Mahbub ul-qulub» asari esa sof ta’limiiy-axloqiy asar bo‘lib, turli tabaqadagi kishilarning odob-axloqiga bag‘ishlangan. Hozirgi davrda ham pedagogik darslik sifatida katta ahamiyatga ega.
Navoiy Husayn Boyqaroning xizmatida – amirlik lavozimida turganida ham hokimiyatni adolat va insof bilan boshqarishda podshohga maslahatgo‘y bo‘ldi. Lekin amirlik mansabidan iste’fo berib, o‘z umrini ijodiy ish va xalq farovonligi yo‘lida xizmat qilishga bag‘ishlashga bel bog‘laydi. Husayn Boyqaro Astrobodga hokim qilib yuborganda ham bu yerni ikki yil davomida obod etib, adolat bilan ish yuritadi. Lekin ikki yildan so‘ng hukumat ishlaridan «etak yig‘ishtirib», yana Hirotga qaytadi. Endi u faqat ijod va xayriya ishlari bilan shug‘ullanib, «Nasoyim ul-muhabbat», «Lison ut-tayr» asarlarini yaratadi.
Alisher Navoiy tabiatan mehr va marhamatda, karam va saxovatda, kamtarlikda tengi yo‘q inson edi. Bu borada «Makorim ul-axloq»da qator hikoyatlar keltiriladi. Masalan, uning urushda asir tushgan kishilarga marhamati, Hirot xalqini Xorazm viloyatiga ko‘chirishni qisqartirishga erishishi, safarda chodiriga in qurgan qushning tuxum ochib, bolalarini uchirma qilguniga qadar chodirni qimirlatmasligi, kiyimiga ilashgan chumolini uyasiga olib borib qo‘yishi, yuksak lavozimga erishganda ham «o‘zini tufroq bilan teng tutish»ga doir o‘gitlari, amirlik lavozimiga tayin etilganda muhr bosish marosimida eng quyiga – undan pastga hech kim muhr bosolmaydigan joyga muhr bosishi, bularning barchasi uning insoniyligi namunasidir.
«Makorim ul-axloq»da buyuk alloma haqidagi latifa va mutoyibalar ham berilib, ularda Navoiyning naqadar zukko, hozirjavob va katta aql egasi, shu bilan birga, yuksak ma’naviyat sohibi ekanligi ko‘rinib turadi.
Asarda insonni to‘lqinlantiradigan voqealardan eng muhimi – shoh va amir o‘rtasidagi do‘stlikdir. Shuning uchun ham Navoiyning vafoti Husayn Boyqaroni juda katta qayg‘uga soladi. «Sultoni sohibqiron uch kungacha ul ahli dillar boshlig‘ining uyida turdi. Xudoyi va xatm buyurdi. Shuning bilan nur sochuvchi zotning mozori boshiga borib ziyorat shartlarini bajo keltirdi. Biroq saodatli sohibqironning katta bir chaqiriq o‘tkazish uning ravshan xotiridan o‘tdi… Mazkur oyning 23-chisida panjshanba kuni ulug‘ mashoyixlar, baland darajali saidlar, olimlar, fozillar, boshliqlar, kattalar va hukumat kishilari va boshqalarni Sarixiyobon (katta va ko‘pchilik ziyofati uchun qurilgan podshohlik bog‘i) dalasiga chaqirdi va buyuk alloma xotirasiga bag‘ishlab marosim o‘tkazdi».
Asrlar osha Navoiy siymosi katta va kichikning xotirida bir umrga saqlanib qolmoqda. «Makorim ul-axloq»ni qayta-qayta o‘qir ekanmiz, bu buyuk zotning haqiqiy ma’naviy yuksak inson – «avliyolar avliyosi» ekanligiga yana bir bor iqror bo‘ldik.
Sanobar Nishonova,
pedagogika fanlari doktori, professor
“Ma’rifat” gazetasidan olindi.