Yo‘ldosh Shamsharov 1907 yilda Namangan viloyatining Chust tumani Olmos qishlog‘ida tug‘ilgan. 1933 yilda Mirzo Ulug‘bek nomidagi Farg‘ona o‘qituvchilar oliy ilmgohining adabiyot kulliyotini tugatdi. Keyin “Yosh leninchi” (hozirgi “Turkiston”) gazetasining mas’ul kotibi, “Lenin uchquni” (hozirgi “Tong yulduzi”) gazetasining bosh muharriri bo‘lib ishladi. Davlat idoralari va nashriyotlarida faoliyat olib bordi.
Yo‘ldosh Shamsharov adabiy ijodini ocherk janridan boshladi. Uning “G‘urumsaroyliklar” turkumidagi ocherklarida o‘sha davr O‘zbekiston qishloq xo‘jaligidagi muhim muammolar ko‘tarildi. Ammo ijodkorning asl iste’dodi uning jahon adabiyoti durdonalaridan qilgan tarjimalarida yorqin namoyon bo‘ldi. Ular orasida I.S.Turgenevning “Rudin”, “Arafa”, “Dvoryanlar uyasi”, “Asya”, “Bahor suvlari”, “Mumu”, D.Defoning “Robinzon Kruzo”, G.Nikolayevaning “O‘rim” va boshqa asarlari ko‘zga yaqqol tashlanib turadi. XX asrning 2-yarmida xalqparvar rus adibi I.S.Turgenov ijodi, uning asarlaridan ufurib turgan insonparvarlik, lirizm, nafosat o‘zbek adiblarini ham maftun qildi. I.S.Turgenevning “Mumu” hikoyasi Y.Shamsharov tarjimasida ko‘p marta nashr etildi.
Har bir yozuvchi va shoirning ijodi puxta shakllanishida ko‘proq u yashagan muhit va uni qurshab olgan odamlar rol o‘ynaydi. Yo‘ldosh Shamsharov Oybek, A.Qahhor, Mirtemir, H.G‘ulom, Shuhrat, S.Anorboyev bilan bir qatorda adabiyot maydonida javlon urdi, adabiyotni ham adib, ham muxlis sifatida qattiq sevdi, o‘zbek tilini boyitish yo‘lida hormay-tolmay mehnat qildi. Bu Y.Shamsharov tarjimalari puxtaligida, so‘zni xassoslik bilan, chertib-chertib ishlatishida aniq ko‘rinadi. Binobarin, u kishini o‘tgan asrning ikkinchi yarmidagi eng sermahsul adiblari sirasiga kiritish mumkin.
“Mumu” – I.S.Turgenevning gumanizmi, insonparvarlik ruhi yorqin ifodalangan, o‘z zamonasida bo‘lib turgan krepostnoylik huquqining g‘ayriinsoniyligi, zamindorlarning kibru havosi, zolimligi dadil fosh etilgan hikoyalaridan biridir. Bu hikoyani buyuk adib 1852 yilning bahorida, chorizm siyosatchilari tomonidan qamalgan vaqtda yozgan va u 1854 yilda “Sovremennik” jurnalida bosilgan. Yozuvchi o‘zi eslatishicha, “Mumu” hikoyasi qahramoni, soqov xizmatkor Gerasim va zolim boybeka siymolari o‘z onasi Varavara Petrovnadan va soqov xizmatkor Andreydan nusxa olingan ekan. Adib zahmatkash qul Gerasimni mehr bilan tasvirlaydi: “S detstva privыk on k polevыm rabotam, k derevenskomu bыtu. Otchujdyonnыy neschastem svoim ot soobщestva lyudey, on vыros nemoy i moguchiy, kak derevo rastyot na plodorodnoy zemle…” Tarjimon Yo‘ldosh Shamsharov bu quyma so‘zlarni o‘zbekchada ham asliyatga juda yaqin qilib beradi: “Bolalik chog‘idan boshlab u dehqonchilik ishlariga, qishloq turmushiga odatlangan edi. U gungligi orqasida odamlarga aralasholmay, xuddi serunum yerda o‘sgan daraxtdek, tilsiz va baquvvat bo‘lib ulg‘aydi…” (I.S.Turgenev. Mumu. T. “Yosh gvardiya” nashr. 1985, sah. 6.)
Daho adib I.S.Turgenev kichik bir hikoyada o‘z zamonasidagi Rossiya jamiyatida oliy tabaqa vakillari xalqni odam o‘rnida ko‘rmasligini, o‘z qo‘l ostidagi qarollarning insoniy huquqlarini poymol qilib, istagancha oyoqosti qilishini hayotiy jonli manzaralarda ko‘rsatadi. Boy xotin Gerasim yaxshi ko‘radigan Tatyanani boshqa xizmatkoriga zo‘rlab, ichkilikboz, dangasa kapitanga turmushga chiqaradi. Kapitan ne qilarini bilmay, gerasimdan qo‘rqib qaltiraydi. Boy xotin Gerasimning insoniy sevgisini masxaralab, bu ishni ataylab qiladi. Boy xotin bechoralarning baxtiga hasad qiladi, o‘zi yolg‘iz, baxtsiz, hayotda birorta ovunchi yo‘q, u boshqalarni ham baxtsiz qilishni istaydi. Hikoyada yozuvchi ijobiy qahramonlaridan biri – cho‘ri Tatyana baxtli bo‘lishga munosib insonligini, ammo boy xotin uni baxtsiz qilib qo‘yganligini tasvirlaydi. Boy xotin zulmi ostida cho‘ri, dazmolchi Tatyananing go‘zalligi ham tez yo‘qoladi. “Tatyana (prachka) bыla jenщina let 28, malenkaya, xudaya, belokuraya, s rodinkami na levoy щeke.., – deb yozadi adib. – S ranney molodosti yee derjali v chernom tele; rabotala ona za dvoix, a laski nikakoy nikogda ne videla; odevali yee ploxo, jalovane ona poluchala samoye malenkoye; rodni u ney vse ravno chto ne bыlo… Kogda-to ona slыla krasavitsey, no krasota s nee ochen skoro soskochila. Nrava ona bыla vesma smirnogo, ili, luchshe skazat, zapugannogo, k samoy sebe ona chuvstvovala polnoye ravnodushiye, drugix boyalas smertelno; dumala chto o tom, kak bы rabotu k sroku konchit, nikogda ni s kem ne govorila i trepetala pri odnom imeni barыni, xotya ta yee pochti v glaza ne znala”. (I.S.Turgenev. Povesti. Rasskazы. Stixotvoreniya v proze. Moskva. “Veche”, 2003. str. 270). “Mumu” hikoyasidagi bu ayolning portretini tarjimon Yo‘ldosh Shamsharov o‘zbekchada bunday tasvirlaydi: “Tatyana kirchilik vazifasida bo‘lib, 28 yoshlardagi chuvakkina, ozg‘in, oppoqqina, chap yuzida xoli bor ayol edi (qariqiz deyilsa yaxshiroq bo‘lardi)… Yoshlik chog‘idanoq uni kamsitdilar: yolg‘iz o‘zi ikki kishining ishini qilsa hamki, biron marta yaxshi gap eshitmadi; uni yomon kiyintirardilar (unga durustroq kiyim berishmasdilar deyilsa, yaxshi bo‘lardi); u hammadan oz haq olardi, qarindoshlari deyarli yo‘q edi… Bir vaqti u go‘zallikda nomi chiqqan edi, lekin go‘zallik undan tez yo‘qoldi (chiroyi tez so‘lib qoldi, deyilsa yaxshiroq edi); u juda mo‘min tabiatli, yoki durustroq aytganda, yurak oldirib qo‘yganday edi; u o‘ziga beparvo qarar, boshqalardan o‘lguday qo‘rqardi, faqat ishni muddatida bajarishni o‘ylar, hech kim bilan gaplashmas, u garchi boy xotinning aftini ko‘rmagan bo‘lsa hamki, uning nomini eshitgan hamono qaltirab ketardi”. Ko‘rinib turibdiki, tarjimon asliyatda I.S.Turgenev mohirona chizgan bechora ayol suvratini va siyratini o‘zbek tilining leksikasi boyliklaridan unumli foydalanib, Tatyananing xarakterini, ruhiyatini ochuvchi purma’no so‘zlarni topa olgan.
I.S.Turgenev “Mumu” hikoyasida bechora ayol Tatyanani masxara qiluvchilardan soqov pahlavon Gerasim himoya qilishini tasvirlar ekan, insoniy fazilatlar oliy tabaqa vakillarida emas, mazlum xalq vakillarida saqlanib qolganini ko‘rsatadi.
“Mumu” hikoyasida yozuvchi qahramonlarining ruhiy olamini, xarakterlarini yoritishda dialoglardan, personajlarning jonli nutqidan mohirona foydalanadi. Bu holatlarni o‘zbekchada ham aks ettirish tarjimonga murakkab vazifalar yuklaydi. Chunki o‘zbekcha dialoglarda va personajlarning nutqida ham ularning xarakterlari, ruhiy, ma’naviy qiyofasi barq urib turishi kerak. Boshqacha aytganda, tarjimon ham asliyat muallifi darajasida, yoki shunga yaqinroq, ma’naviyati yuksak ijodkor bo‘lishi zarur. Biz ko‘rgan, suhbatlashgan o‘zbek adibi, jurnalist, noshir, tarjimon Yo‘ldosh Shamsharov ana shunday sofdil, shogirdlariga mehribon, m’naviyati musaffo ijodkorlardan biri edi.
I.S.Turgenevning “Mumu” hikoyasini tarjima qilarkan, Yo‘ldosh Shamsharov bu asarda rus adibi o‘z vatanida bir guruh boylar, mulkdorligi bilan kibrlanib, shaxs sifatida tubanlashib ketganini, zolimligini, bu zolim, takabbur boylar emas, balki qullikda qiynalsa ham olijanob insoniy qiyofasini yo‘qotmagan soqov dehqon Gerasim va uning itida mazlum xalqning go‘zal fazilatlari saqlanib qolganini yuksak badiiy mahorat bilan tasvirlashiga qoyil qolgan va o‘z tarjimasida mana shu xalqchil ruhni saqlashga intilgan va buning uddasidan chiqqan edi.
Buyuk frantsuz mutafakkiri bu romanga yuksak baho berib, bunday yozgan edi: “Mening qahramonim Emilning birinchi marta o‘qigan kitobi shu rmoan edi. Uzoq vaqtlar uning kutubxonasidagi yagona boylik shu kitob edi… Bu qanday sehrli kitob ekan? Arastu asarimi, … asarimi? Byuffon asarimi? Yo‘q, bu asar “Robinzon Kruzo” edi”. Chindan ham bu roman jahonning barcha ma’rifatli xalqlarining tillariga tarjima qilinib, sevib o‘qiladi. Ruscha tarjimada ham, Y.Shamsharovning o‘zbekcha tarjimasida ham asliyat tilining soddaligi, ravonligi, shiradorligi saqlanib qolgan. Yo‘ldosh Shamsharov tarjimaga ijodiy yondoshib, so‘zma-so‘z o‘girmay, mazmun-mohiyatini, ruhini berishga intilgan: “Men bolalik chog‘imdanoq dengizni olamdagi hamma narsadan yaxshi ko‘rardim… Bir necha soatlab dengiz bo‘yida turib, kemalarga ko‘z uzmay qarab qolardim. Mening bu harakatim ota-onamga sira yoqmasdi. Keksa, dardchil otam mening katta amaldor (yurist so‘zi o‘zgartirilgan) bo‘lishimni… istar edi. Men esa dengiz sayyohi bo‘lishni orzu qilardim. Dengiz va okeanlarda kezib yurish, nazarimda, buyuk bir baxt edi…”
Ruscha mukammal tarjimadan ham seziladiki, Angliya fuqarolariga xos puritanlik – taqvodorlik, ota-onaga buyuk hurmat, ularning pand-nasihatlariga quloq solish, aksincha, ota-onani ranjitib, aytganlarini qilmay, osiylik qilganlar albatta falokat va halokatga uchrashi kabi axloq va din qoidalari kuchli ifodalangan. Sho‘rolar davrida chiqqan turli ruscha nashrlarda diniy, axloq-odobga doir mulohazalar qisqarib ketgan. U o‘zbekchada yosh Robinzonga g‘amxo‘r ota, ona nasihatlarini to‘liq beradi: “Oyim mendan juda xafa bo‘lib, bunday dedi: Otang o‘zga o‘lkalarga borishni butunlay esdan chiqargin, degan edi-ku… O‘zingni xarob qilging kelsa, hoziroq jo‘nab ketaver, ammo amin bo‘lginki, sening sayohatingga otang ikkimiz aslo rozilik bermaymiz”. Romanda ota-onani norozi qilishning og‘ir oqibatlari haqida Robinzon afsuslanib, kimsasiz orolda ham insonday hayot kechirish uchun bor aql-zakovatini, g‘ayrat-shijoatini ishga solishi inglizchada ham, ruschada ham, o‘zbekchada ham mufassal tasvirlanadi.
Tarjimon Yo‘ldosh Shamsharov o‘zbek tilining boyligi, shiradorligi, leksik, frazeologik imkoniyatlaridan foydalanib, dengizda bo‘ron, dovulda, tog‘day to‘lqinlar ostida kemalar halokatga uchrashi manzaralarini aniq-ravshan ifodalaydi.
Biz ustoz tarjimonlar Vahob Ro‘zimatov, Mirkarim Osim, Mirzakalon Ismoiliy, Mirtemir, Yo‘ldosh Shamsharov, Alibek Rustamov, Chustiy, Qodir Mirmuhamedov, Mirziyod Mirzoyidov, Hasan To‘rabekovlar bilan birga ishlash baxtiga muyassar bo‘lganmiz. Bular ijodda ham, hayotda ham bag‘ridaryo, samimiy, kamtarin insonlar edilar. Ustozlarning bu fazilatlari bizga yorqin namuna edi.
“Jahon adabiyoti”, 2016 yil, 6-son