Rahimjon Otayev. Jahon adabiyotida Afandi

Jahon xalqlari og‘zaki ijodida Xo‘ja Nasriddin afandining tutgan o‘rni xususida boshqa hech bir xalq adabiyotshunoslari, hattoki o‘zlarini afandining eng birlamchi vorisi deb hisoblovchi usmonli turk adabiyotshunoslari ham rus adabiyotshunoslari kabi izchil va ko‘lamli ilmiy tadqiqotlar olib bormagan desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Buning yaqqol dalilini, masalan, birgina kitobda aniq-ravshan ko‘rishimiz mumkin. Moskvadagi “Nauka” (“Fan”) nashriyotining Sharq adabiyoti Bosh tahririyati 1986 yilda “Yigirma to‘rt Nasriddin” (“Dvadtsat chetыre Nasreddina”) kitobini chop etgan edi. Mazkur kitob jahondagi yigirma to‘rt xalqning milliy qahramoni sifatida bugungi kunda ham yashab turgan Xo‘ja Nasriddin afandining mingdan ortiq latifasini o‘zida jamlagan. Ushbu latifalar avar, andi (Dog‘iston), arab, assiriya, bolgar, yunon, dargin, lazgin, makedon, ozarbayjon, rutul (Dog‘iston), serb, tabasaran (Dog‘iston), tojik, tatar, turk, turkman, fors, o‘zbek, uyg‘ur, xorvat, chechen, qozoq, qrim-tatar xalqlariga mansub. To‘plamdagi eng ko‘p latifalar o‘zbek xalqiga tegishli. Zotan, “Xo‘ja Nasriddin afandi avval-boshda jahondagi qay bir xalqning milliy qahramoni edi, degan savolga o‘zbek xalqi “Afandi mening farzandim!” deya javob berishga har jihatdan haqlidir! Ha, Xo‘ja Nasriddin afandi – o‘zbek xalqi butun jahon xalqlari va jahon adabiyotiga tuhfa etgan eng yorqin, zukko siymodir.

Endi mazkur kitobda rus adabiyotshunoslari yozgan so‘zboshining dastlabki jumlasiga diqqat qiling: “Homer vatani deb atalish huquqini qo‘lga kiritish uchun yettita shahar bahslashgan. Bundan uch baravar ko‘proq xalqlar Nasriddinni bajonidil o‘zining milliy qahramoni deb atashga tayyor! Turli mamlakatlarning olimlari muttasil izlanadilar: shunday odam rostdan ham yashab o‘tganmi? Yashagan bo‘lsa, u kim, qanday odam bo‘lgan?..”

Bunday savollarga har jihatdan to‘g‘ri va asosli javob topishga olimlar, yozuvchilar ham ko‘p yillardan buyon urinib keladilar. Masalan, shulardan biri fors yozuvchisi Iraj Pezeshkzod hisoblanadi. Xuddi Farg‘ona vodiysidek askiya va hazil-mutoyiba bobida benazir Isfaxonda tavallud topgan bu yozuvchi o‘zining “Xo‘ja Nasriddin Xorun-ar-Rashid saroyida” nomli romanida uni, tabiiyki, fors xalqiga mansub milliy qahramon sifatida ko‘rsatishga moyillik sezilib turadi. Xo‘ja Nasriddin afandining birgina latifasi asosida yozilgan “Napoleon amaki” hajviy romanida esa, bu yozuvchi “afandi – fors” degan da’voni yana-da izchilroq va badiiy jihatdan yuksakroq tarzda isbotlashga urinadi. Rus tilida ijod qilgan tojik adibi Temur Zulfiqorov “Xo‘ja Nasriddinning birinchi muhabbati” romanida, tabiiyki, uni tojik xalqining milliy qahramoni sifatida taqdim etadi… Xullas, xalqona ibora bilan aytganda, “bu jahon ayvonida har kim o‘z ko‘mochiga kul tortib yashaydi”! Rus adibi Leonid Solovyovning 1960 yilda ilk bor bir butun holda nashr etilgan qo‘sh qissasida bu adiblarga nisbatan masalaga halollik bilan xolis nuqtai nazardan qaraladi: Xo‘ja Nasriddin afandi rus, fors, tojik va yo boshqa biron xalq emas, avvalo, aynan o‘zbek xalqining milliy qahramoni ekani haqqoniy e’tirof etiladi.

O‘zbek adabiyotida “afandi” so‘zi birinchi marotaba “Qalandar” va “Galdir” taxalluslari bilan ham ijod qilgan adibimiz Abdulhamid Sulaymon Cho‘lponning “Afandiston” maqolasi sarlavhasida rasman qo‘llangan, deyishimiz mumkin. Xo‘ja Nasriddin afandi haqidagi dastlabki nasriy asarlar esa, yana bir chinakamiga afanditabiat adibimiz G‘afur G‘ulom qalamiga mansubdir. G‘afur G‘ulom afandi latifalari asosida ikkita asar – “Afandi o‘lmaydigan bo‘ldi” bilan “Afandi va shayton alayhi la’na” hikoyalarini yozgan! Bu hikoyalar bilan, aytish mumkinki, o‘zbek adabiyotida afandinavislikka betakror tarzda asos solgan! Buyuk adibimizning mashhur “Shum bola” qissasida, aslini olib qaralganda, bola afandining sarguzashtlari maroqli tarzda qalamga olingan. Qahramonning ismi, aniqrog‘i, laqabi “Qoravoy” ekani bejiz emas, albatta. Zotan, “qora so‘z”, “qora xalq”, “qoraxoniylar”, “qoraqalpoq”, “Qorajon”, “Qorabotir” singari ko‘pgina so‘zlar yaqqol dalolat berib turibdiki, “qora” degan qadim turkiy so‘z avval-boshda rang-tusni emas, ulkanlik-kattalikni anglatgan! Binobarin, “Qoravoy”, o‘zi bola bo‘lsa-da, aslida, katta xalqning jahon tanigan katta qahramoni, ya’ni, bola Nasriddin afandi – shum boladir. Bu bolakay “Kichkina demang bizni, ko‘tarib uramiz sizni!” deyishga har jihatdan haqli, mag‘lubiyat nimaligini bilmaydigan, har qanday kurashlarda yengilmaydigan, tegirmondan butun chiqa oladigan kiroyi qahramondir. Avvalo shunisi bilan mazkur asar nafaqat o‘zbek adiblari, hattoki jahon adabiyotining ulug‘ namoyandalariga ham o‘ziga xos ibrat maktabi bo‘la oladi.

O‘tgan asrning saksoninichi yillarida dunyoga kelgan “Afandining qirq bir pashshasi” qissasi (yozuvchi Zohir A’lam asari) ham, xuddi G‘afur G‘ulomning “Shum bola” qissasi kabi, adabiyotimizda o‘ziga xos ulkan voqea bo‘lgan kulgi-qissa xisoblanadi. Xo‘ja Nasriddin afandimizning bir latifasi asosida yaratilgan mazkur tarixiy-sarguzasht qissada afsonaviy Jurjon mamlakatidagi g‘aroyib voqealar maroqli tarzda hikoya qilinadi.

O‘zbekistonda yangi davrning sharofati bilan adabiyotda, xususan, badiiy nasrda Xo‘ja Nasriddin afandi siymosini haqqoniy yoritish va, eng muhimi, bu sevimli milliy qahramonimizni, ta’bir joiz bo‘lsa, tiriltirib, bir zamondoshimiz sifatida badiiy idrok etish uchun yangi ufqlar ochildi. Natijada o‘tgan asrning to‘qsoninchi yillarida afandinavislikda bir qator dadil qadamlar qo‘yildi. Masalan, “Afandining besh xotini” dramatik asari dunyoga keldi. Kaminaning zamonaviy mavzudagi “Elchi (Afandi o‘lmaydigan bo‘ldi)” nasriy dostoni “Sharq” NMAK tomonidan chop etildi. “Sharq yulduzi” jurnalida marhum adibimiz Safar Barnoyevning “Kichkina Xo‘ja Nasriddin” nomli tarixiy-sarguzasht qissasi e’lon qilindi…

O‘zbek xalq qahramonlik eposi – “Alpomish” dostonining olamshumul dovrug‘ qozonishida o‘zbek folkloristikasining asoschisi Hodi Zarif bilan bir qatorda domlaga ko‘p yillar ijodiy hamkorlik qilgan rus adabiyotshunosi Jirmunskiyning xizmatlari beqiyosdir. Xususan, bu ikki adabiyotshunos olim hammualliflikda 1947 yilda Moskvada nashr etgan “Uzbekskiy narodniy geroicheskiy epos” (“O‘zbek xalq qahramonlik eposi”) nomli yirik tadqiqot bugungi kunda ham butun jahon adabiyotshunosligida “Alpomish” dostonimiz haqidagi eng yetuk ilmiy asar bo‘lib turibdi.

Olamshumul dovrug‘i Alpomish-Hakimbek va yo Go‘ro‘g‘lidan zinhor qolishmaydigan milliy qahramonimiz Xo‘ja Nasriddin afandining ilmiy tadqiq etilishi bobida bunday ibratomuz ijodiy hamkorlik afsuski, ko‘zga tashlanmaydi. To‘g‘ri, bundan qariiyb qirq yil muqaddam bir olima ayol Xo‘ja Nasriddin afandi obrazi va uning latifalarini ilmiy tadqiq etib nomzodlik ishini himoya qilgan edi. Bu ish kitobcha sifatida nashr etilgan ham. Afsuski, mazkur kitobchada, birinchidan, Xo‘ja Nasriddin afandimizning olamshumul qiyofasi atroflicha ochib berilmagan, ikkinchidan, unda mustabid Sho‘ro tuzumining mustamlakachilik siyosati aniq-ravshan ko‘rinib qolgan. Lekin “Yigirma to‘rt Nasriddin” nomli latifalar to‘plamiga ulkan adabiyotshunos olim M.S.Xaritonov tomonidan yozilgan so‘zboshi bunday g‘ayriilmiy qarashlardan juda-juda baland turadi. Ushbu so‘zboshi bugungi kunda ham Xo‘ja Nasriddin afandi haqida jahon adabiyotshunosligidagi eng umumlashtiruvchi maqola sifatida alohida qadr-qimmatga ega.

Yana bir gapni alohida ta’kidlashni istardim: to‘plamga latifalari kiritilgan yigirma to‘rt xalqning folklorist olimlari ham, boringki, hatto rus adabiyotshunosi Xaritonovdek afandisi yo‘q xalq vakillari ham “Nasriddin afandining asli-nasli kim bo‘lgan?” degan savol ustida bosh qotirib kelmoqdalar. Masalan, eng birlamchi afandini usmonli turklar Oqshaharda tug‘ilgan Nasriddin degan bir mulla, ozarbayjonlar – Nasriddin Tusiy, forslar – Nosir Xusrav, boshqa xalqlar – boshqa bir tarixiy shaxs nomi bilan bog‘lab talqin qiladilar. Xullas, bu masalada har kimning o‘z qarashi, nuqtai nazari bor. Menimcha, asli o‘zimizdan bo‘lgan Afandining pushti-palagi bu olamdagi har qanday nasriddindan qadimiyroqdir.

Quyida turli xalqlarga tegishli Afandi latifalaridan namunalar berilmoqda.

Tarjimondan

QAYSAR AFANDI

Xo‘ja bolaligida otasi unga nima demasin, uning teskarisini qilar ekan. Joniga tegib ketgan ota axiyri unga hamma buyurgan ishining teskarisini aytadigan bo‘libdi. Kunlardan-bir kuni ota-o‘g‘il tegirmondan qaytayotib, soydan kechib o‘tishlariga to‘g‘ri kelibdi. Ko‘prik bor ekan-u, biroq undan eshak o‘tolmas ekan. Shuning uchun ota:

– O‘g‘lim, men ko‘prikdan o‘taman, sen eshakning boshini soydagi kechuvga qarab burib yurma tag‘in, xo‘pmi, – debdi.

Nasriddin esa qaysarlik bilan atayin eshakni soy tomonga boshlabdi. Shunda otasi eshak ustidagi qopning bir tomonga og‘ayotganini ko‘rib qolib o‘g‘liga qichqiribdi:

– Qop men tomonga og‘ayotgani yo‘q. U suvga tushib ketmaydi. Qani, oqqan tomonini qattiqroq bos-chi!

Shunda o‘g‘il debdi:

– Ota! Men endi katta bo‘lib qoldim. Shu paytgacha bolalik qilib siz aytgan gapning teskarisini qilib kelar edim. Endi siz qanday aytsangiz, shunday qilaman!

O‘g‘il qopni bir bosgan ekan, usiz ham og‘ayotgan qop shalop etib suvga tushib ketibdi.

(turk)

AFANDI VA EShIK

Afandi o‘smirligidayoq o‘zining antiqa qiliqlari bilan begonalarnigina emas, hattoki tuqqan onasini ham hayratga solar ekan. Kunlardan-bir kuni onasi qo‘shninikiga chiqa turib o‘g‘liga tayinlabdi:

– Uyni poylab o‘tir, o‘g‘lim! Eshikdan hatlab chiqa ko‘rma!

Afandi ostonada o‘tirib uy poylabdi. Biroz o‘tib uyga mehmon kelibdi.

– Sizlar o‘tirib turinglar, men hozir oyimni chaqirib kelaman, – debdi ularga Afandi. Shunday deya eshikni zulfindan chiqaribdi-da, yelkasida ko‘tarib oyisining oldiga ketibdi.

– Bu nima qilganing, o‘g‘lim? – deya ajablanib so‘rabdi onasi. – Nega eshikni ko‘tarib yuribsan?

– O‘zingiz eshikdan hatlab chiqa ko‘rma deb tayinlagan edingiz-ku, oyi. Mana, sizning aytganingizni bajarib turibman-da!

(uyg‘ur)

XO‘JA NOSIR VA UNING OTASI

Otasi xo‘jaga eshakni sug‘orishni buyuribdi:

– Yo‘q, sug‘orolmayman, labim yorilib ketgan, – debdi xo‘ja.

– Eshakni sug‘orishga labning nima daxli bor? – ajablanib so‘rabdi otasi.

– Nega daxli bo‘lmas ekan? Men hushtak chalib ishora qilmasam, eshakning suv ichish kerakligiga fahmi yetmaydi. Yorilgan lab bilan esa hushtak chalolmayman-ku.

(qozoq)

YuNUS PAYG‘AMBAR

Nasriddinning otasi uyga uchta qovurilgan baliq olib kelibdi. Nasriddin uyda emas ekan, onasi aytibdi:

– Nasriddin kelmasidan baliqlarni yeb olganimiz ma’qul edi, yo‘qsa u baliq yeganday qilmaydi.

Xuddi shu payt Nasriddin kelib, eshik qoqib qolibdi, onasi bo‘lsa, ikki bo‘lak katta baliqni xontaxtaning tagiga yashirib, eng kichigini ko‘rinadigan joyga qo‘yibdi. Biroq Nasriddin kalit tirqishidan qarab hammasini ko‘ribdi-da, ichkariga kiribdi.

– Yunus payg‘ambar haqidagi rivoyatni eshitganmisan, o‘g‘lim? – deb so‘rabdi bir payt Nasriddindan otasi.

– Hozir baliqdan so‘rab ko‘ramiz-da, – debdi Nasriddin. So‘ng baliqning og‘ziga qulog‘ini tutib shunday debdi: – Bu baliq, men Yunus zamonida kichkina bo‘lganman, rivoyatni xontaxta ostidagi ikkita katta baliqdan so‘rang, deyapti.

(fors)

NASRIDDIN MAKTABDA QANDAY O‘QIGAN

Mulla Nasriddin machit qoshidagi maktabda o‘qiganida badjahl domla uni o‘yinqaroqligi uchun tez-tez jazolab turar ekan. Biroq u jazolanishdan qo‘rqmay o‘yinqaroqligini, hazil-huzullari-yu so‘z o‘yinlarini qo‘ymas ekan.

Kunlardan bir kuni dars paytida domlaga kattakon bir idishda holva olib kelishibdi. Ayni shu paytda domlani xotini chaqirib qolibdi.

– Bolalar, men senlarni bir muddatga xoli qoldiraman, – debdi domla. – Jimgina o‘tiringlar, eng muhimi manovi holvaga qo‘l tekkizmanglar. Aytib qo‘yay, bu holva zaharlangan.

Domla tashqariga chiqqan zahoti Nasriddin holvani teng bo‘laklarga bo‘libdi-da, hamma bolalarga tarqatib chiqibdi. Bolalar eng so‘nggi ushoqlarini yeb bo‘lganlarida domla kirib kelibdi-da, jahli chiqib so‘rabdi:

– Holvani kim yedi?

– Domlajon, – debdi shunda Nasriddin, – men sizning qalamtaroshingizni sindirib qo‘ydim. Bu ishimdan shunaqayam pushaymon chekdimki, holvani yeb zaharlanib o‘lishga qaror qildim. Biroq, afsus, zahar kuchsiz ekan!

(avar)

ISSIQ O‘LKALARDA

Afandi yoshligida falon karvonsaroyga habashistonlik savdogarlar kelib qo‘nganini, o‘z yurtlaridagi ajoyibotlar haqida hikoya qilayotganini eshitib qolibdi. Afandi darhol o‘sha karvonsaroyga chopqillab borib, qiziquvchanlar qatoriga suqilibdi-da, musofirlarning gaplariga quloq sola boshlabdi.

– Habashiston degan mamlakat bor, – debdi savdogarlardan biri. – U juda uzoqda, hattoki Bag‘doddan ham narida. U yer shu darajada issiqki, odamlar yalang‘och yurishadi…

Shunda yosh Afandi so‘rabdi:

– U yerda erkak bilan ayolni qanday farqlashadi?

(o‘zbek)

VAQT O‘LChOVI

Nasriddin maktabda o‘qib yurganida domla yer yuzidagi hayot, yil fasllari, kecha bilan kunduzning almashinuvi haqida ko‘p gapirar ekan. Bir kuni domla:

– Mana, hozir ko‘klam, kunlar uzayib, tunlar qisqaryapti. Bir oydan keyin esa, yoz kirganida kun bir soatga uzayadi…

Oradan bir oy o‘tibdi. Darsda tag‘in yil fasllari haqida gap qo‘zg‘olibdi-da, domla Afandidan so‘rabdi:

– Qani, Nasriddin, menga ayt-chi, bir kecha-kunduzda necha soat bor?

– Hozir bir kecha-kunduzda yigirma besh soat bor, biroq yozdan boshqa fasllarda yigirma to‘rt soat bo‘ladi, – deya dadil javob beribdi Afandi.

(o‘zbek)

BIZ TENGDOShMIZ

– Kimning yoshi katta? – deb so‘rashibdi Afandidan. – Seningmi yo akangnimi?

– O‘tgan yili onam akamning mendan bir yosh kattaligini aytgandilar, biroq oradan roppa-rosa bir yil o‘tdi, demak, endi biz tengdoshmiz!

(uyg‘ur)

NOANIQ MAYL

Kunlardan bir kuni o‘qituvchi Mulladan so‘rabdi:

– “Nasr” so‘zi qay kelishikda?

– Noaniq maylda! – deb javob beribdi Mulla.

O‘qituvchining jahli chiqibdi:

– Nega dars tayyorlamading?

Nasriddin javob qilibdi:

– Ustoz, Xudo haqqi, dars qilganman, biroq men atayin shunday dedim…

– Bu nima deganing? – deb so‘rabdi o‘qituvchi.

– Agar men “o‘tgan zamon” desam, shu bilan gap gapga ulanib ketaverardi. Bu qurib ketgur zamondan osongina qutulib bo‘lmaydi – uning buyruq, istak, aniqlik mayllari, majhul, o‘zlik, birgalik nisbatlari, birlik, ko‘plik sonlari… bor. Noaniq maylda bularning hech biri yo‘q. Vaqtni cho‘zib, sizni behuda ovora qilmaslik uchun shunday dedim-da.

 (ozarbayjon)

AGAR TO‘RTDAN TO‘RTNI AYIRSAK

– Agar to‘rtdan to‘rtni ayirsak qancha qoladi? – deb so‘rabdi o‘qituvchi xo‘jadan. Xo‘ja o‘ylanib qolibdi.

– Kel, buni aniq bir misol yordamida yechaylik, – debdi o‘qituvchi. – Deylik, sening cho‘ntagingda to‘rt tanga bor edi, ular tushib qoldi. Shunda cho‘ntagingda nima qoladi?

– Teshik, – deb javob beribdi xo‘ja.

(qozoq)

KALITNING TEShIGI

Mulla Nasriddin madrasada o‘qib yurganida bir kuni mudarris undan:

– Dars qildingmi? – deb so‘rabdi.

– Dars qildim, – deb javob beribdi Mulla.

– Unda ayt-chi, modda nima?

– Bu dunyoda mavjud bo‘lgan jamiki moddalar “modda” deb ataladi.

Mudarris Nasriddinning dars tayyorlamaganini anglabdi, biroq berilgan vazifani bilmasa ham, unga bilmasligini isbotlab bo‘lmasligini yaxshi bilar ekan. Shuning uchun mudarris atayin qo‘shimcha savol beribdi:

– Qani, ayt-chi, ana o‘sha moddalarning qanday xususiyatlari bor?

– Bu olamdagi jamiki moddalar moddalik xususiyatiga ega.

– Yaxshi, ular qanday rangda bo‘ladi?

– Ularning hammalari bir rangda.

– Qanaqasiga?

– Shunaqasiga. Ular modda rangida-da.

Nasriddinni bilmasvoylikda qo‘lga tushirib bo‘lmasligini tushungan mudarris yana so‘rabdi:

– Xo‘p, mayli, rangsiz moddalar qanday ko‘rinishga ega?

– Ular rangsiz bo‘ladi.

Nasriddinning saboqni bilmasligini isbotlash umidida mudarris salgina yon beribdi:

– Ya’ni, rangsiz moddaga qaraganingda naryog‘idagi yorug‘likni ko‘rasan, shunaqami?

– Ha, domlajon, to‘g‘ri aytyapsiz, – deb javob qilibdi Afandi. – U orqali yorug‘likni aniq-tiniq ko‘rib turasiz!

– Rangsiz moddaga aqalli bittagina misol keltir-chi qani?

– Kalitning teshigi, – deb javob qilibdi Nasriddin.

 (ozarbayjon)

BOLANING AQLI

Maktabda kichkintoy Afandi domlasiga ilmoqli savollar berar ekan. Ularning aksariyatiga domla javob berishdan ojiz qolar ekan.

– Bilimdonman deb maqtanaverma! – deya tanbeh beribdi domla. – Ko‘pincha aqli o‘tkir bolalar kattarganda g‘irt ahmoq bo‘ladi.

– Bundan chiqdi, muhtaram domla, siz bolaligingizda hoynahoy judayam aqlli bo‘lgansiz.

(o‘zbek)

XO‘JA TASKIN BERADI

Bir kuni xo‘ja darsga kelmabdi. Ertasiga o‘qituvchi undan so‘rabdi:

– Sen kecha nega maktabga kelmading?

– Band edim.

– Nima bilan?

– Akam shifokorga borib tishini oldirdi.

– Xo‘sh, nima bo‘pti?

– Men birga bordim.

– Nega endi? Sening emas, akangning tishini olishibdi-ku?

– Akam og‘riqqa chidayolmay qichqirayotganida men uni ovutib turdim-da.

(qozoq)

KO‘P KUTILMAYDI

Kichkintoy Nasriddinni etikdo‘zga shogird qilib berishibdi. Ikki yil o‘tgach otasi qiziqib so‘rabdi:

– Hozirga kelib hoynahoy etik tikishni o‘rganib olgandirsan, o‘g‘lim? O‘z poyafzal ustaxonangni ochishning vaqti kelmadimi?

Nasriddin miyig‘ida kulibdi:

– Ko‘pi ketib, ozi qoldi, ota! Hozir men xo‘jayinimning bolasiga qarab, ro‘zg‘origa ko‘maklashib turibman. Mana shu ishlarga yaramay qolganimda xo‘jayinim menga poyafzal tikishni o‘rgatishni boshlab yubormoqchi.

(o‘zbek)

XO‘JA PILLAChIGA ShOGIRD TUShDI

Xo‘jani onasi pillachiga shogirdlikka topshiribdi. Xo‘ja ustozning uyiga bir yil qatnabdi, ikki yil qatnabdi. Bir kuni onasi so‘rab qolibdi:

– Qani, nimani o‘rganganingni ko‘raylik-chi.

Xo‘ja bo‘lsa, shunday javob beribdi:

– Onaginam, duolaringizning sharofati bilan hozirgacha kasbning qoq yarmini o‘rganib bo‘ldim – to‘qilgan matoni bemalol so‘ka olaman. Endi ikkinchi yarmi – iplarni o‘rash qoldi. Duo qilib tursangiz, yana bir necha yildan keyin bunisini ham puxta o‘rganib olaman.

(turk)

ISSIQQINA ChUChVARA

Bir kuni bola Nasriddinni onasi chuchvara bilan siylabdi. Chuchvara shunaqangi issiq ekanki, Nasriddin har birini og‘ziga solganida ko‘zlaridan yosh tirqirab chiqib ketar ekan.

– Menga qara, Nasriddin! Chuchvara qochib ketmaydi-ku! Sovitib, keyin yesang-chi, – debdi otasi.

– Unda och qolaman-ku, ota, – deb javob beribdi kichkina Nasriddin.

(o‘zbek)

TUShLIKNI QANDAY OLIB KELISh KERAK

Nasriddinga otasi:

– Ovqatni olib kel-da, eshikni yop, – debdi.

Nasriddin esa:

– Yaxshisi avval eshikni yopib, undan keyin ovqatni olib kelay, – debdi.

(fors)

ERUVChAN KUMUSh

Afandi yoshligida shirinlik olib yeyishi uchun har jumada otasi unga besh tiyin berar ekan. Bir kuni otasi unga naq yigirma tiyin berib tayinlabdi:

– Shu pul senga to‘rt jumaga yetadi. Pulni tejab ishlatishni o‘rgan.

Afandi otasining o‘gitlarini birpasda unutib qo‘yibdi-da, ko‘chaga chopqillab chiqib, yigirma tiyinning hammasini har xil shirinliklarga sarflab yuboribdi. Keyingi jumada kun issiq bo‘lib, Afandining otasi bozordan g‘arq terga botib qaytibdi.

– Bunday jaziramada miyam erib oqib ketmaganiga hayronman! – debdi u.

Qulay fursat kelganini payqagan Afandi otasiga debdi:

– Odamning miyasi kumushdan chidamliroq, shekilli?

– Nima deydi? – so‘rabdi otasi.

– Sizning to‘rt jumaga deb bergan kumush tangangiz moyday erib, oqdi-ketdi…

(o‘zbek)

OChOFATNING JAVOBI

Afandiga otasi pul berib, tushlikka qo‘yning pishirilgan kallasini olib kelishni buyuribdi. Nasriddin pishgan kallani sotib olibdi-da, yo‘l-yo‘lakay undan ozgina tatib ko‘ribdi. Kalla go‘shti shunaqangi xush yoqibdiki, chimdib-chimdib butun kallani yeb bitiribdi va otasiga bosh suyagining o‘zini olib kelibdi.

– Bu qup-quruq suyak-ku! – debdi otasi. – Qulog‘i qani buning?

– Asli garang ekan, – deb javob beribdi Afandi.

– Tili-chi? – asabiylashibdi otasi.

– Tili yo‘q – soqov ekan.

– Ko‘zi-chi, ko‘zi qani buning? – tergovni davom ettiribdi otasi.

– Ko‘zi ko‘r ekan.

– Boshining o‘zidagi go‘shti-chi, u qani?

– Bechoraning shuncha kamchiligi yetmagandek boshi ham kal ekan, – bo‘sh kelmay javob beribdi Afandi. – Faqatgina tishi shunaqangi mustahkam ekanki, mana, qarang, bittasi ham tushib ketmagan.

(fors)

XO‘JA BILAN AQLLI G‘OZ

Xo‘ja yoshligida bir lahza ham hazil-mutoyiba qilmasdan turolmas ekan. Bir kuni o‘tib ketayotib ziqna va urishqoq qo‘shnisining g‘ozlari devor soyasida mudrab yotganiga ko‘zi tushibdi. G‘ozini yo‘qotgan qo‘shnisining qanday xunob bo‘lib izillashini tomosha qilish ishtiyoqida eng katta g‘ozni ushlab jubbasining ostiga yashiribdi-da, yo‘lida davom etibdi. Ancha yuribdi, g‘ozning esa “g‘iq” etgan ovozi chiqmasmish. Xo‘ja bu g‘oz nega aqalli pitir-pitir qilib bezovtalanmayapti deya ajablanibdi-da, xilvat joyga burilib, asta jubbasini ko‘tarib qarabdi. G‘oz esa, boshini ko‘tarib, qandaydir shivirlashga o‘xshash ovoz chiqaribdi.

– Yasha, g‘oz! – debdi xo‘ja. – Seni nodon deganlarning o‘zlari nodon, sen aslida egangdan aqlliroq ekansan; men ham seni o‘zingga ehtiyot bo‘l deb ogohlantirmoqchi edim.

(turk)

QOVOQBOSh

Ko‘chada qozondek kattakon salla o‘ragan imom ketayotgan ekan. Nasriddinning shumligi tutibdi-da, og‘irgina bir toshni sallaga qarab otibdi. Biroq tosh imomning sallasiga emas, naq peshonasiga tegibdi.

G‘azablangan imom shumtakani tutib, qozining huzuriga sudrab boribdi.

– Muhtaram imomga tosh otishga qanday hadding sig‘di, hoy tirrancha?!

Nasriddin bo‘ynini qisib javob qilibdi:

– Meni afu eting, janob! Sallani ko‘rib “Bu qozondek katta sallani ko‘tarib ketayotgan kalla temirdan emasmikan?” deb o‘ylab qoldim. Shuni tekshirib ko‘rish uchun tosh otuvdim. Imom, o‘ylaganimdek, temirbosh emas, qovoqbosh bo‘lsa, mening aybim nima?

(o‘zbek)

YoRDAM BEROLMAYMAN

Xo‘ja bolalik kezlarida Sivrihisordan Oqshaharga kelganida minora tepasida azon aytayotgan muazzinni ko‘rib qolibdi-da, pastdan turib qichqiribdi:

– Men nima ham qila olardim, amakijon? Shox-butog‘i yo‘q daraxtga chiqishdan oldin qanday tushishni o‘ylasangiz bo‘lmasmidi?

(turk)

QANDAY QILIB O‘LIKDAN ShOX ChIQDI

Yosh Nasriddin bir kuni ertalab uydan chiqib qarasa, darvozalari oldida bir o‘lik yotganmish. Uni sudrab borib quduqqa tashlabdi-da, o‘z ishiga ketibdi. Otasi o‘g‘lining mahmadonaligini bilgani uchun o‘lik haqida eshitgani zahoti bir echkini so‘yib, quduqqa tashlabdi, odamning o‘ligini esa, quduqdan tortib olib, ko‘mibdi. Nasriddin yo‘l-yo‘lakay o‘zining qanday o‘lik topganini hammaga aytibdi. Uning gaplarini marhumning qarindoshlari ham eshitib, Nasriddindan so‘rab-surishtirishibdi:

– O‘likni nima qilding?

– Men uni qudug‘imizga tashladim, – deb javob beribdi Nasriddin. So‘ng ularni boshlab kelib, o‘zi o‘likni olib chiqish uchun quduqqa tushibdi. Qarasa, o‘likdan shox o‘sib chiqqan emish. Quduq ichida turib:

– Siz qidirgan o‘likning shoxi bormidi? – deb qichqiribdi.

Odamlar uning tentakligidan achchiq kula-kula tarqalishibdi.

(fors)

NASRIDDIN KUYoVGA MASLAHAT BERADI

Bir dehqon o‘g‘lini uylantirmoqchi bo‘libdi.

– Mayli, men ham uylanganim bo‘lsin? – debdi o‘g‘il. – Qishlog‘imizda bir qiz, bir eri bilan ajrashgan beva bor. Shulardan qay biriga uylanay, maslahat bering!

– Men senga bunaqa masalada maslahat berolmayman, – debdi otasi. – Biroq shaharda bir tanishim bor. O‘sha odamga borsang, maslahat bera oladi.

Yigit shaharga borib, otasining tanishini qidirib topibdi-da, unga masalani ma’lum qilibdi.

– Men ham senga maslahat berolmayman, – debdi o‘sha odam. – Lekin shahrimizda Nasriddin ismli bir odam yashaydi. Uni qidirib topsang, ana shu odam yaxshi maslahat bera oladi.

Yigit Nasriddinni rosa qidiribdi. Uning qayerda yashashini hech kim bilmas ekan. Nihoyat, “ot-ot” o‘ynayotgan bir to‘p bolakayga duch kelibdi. Yigit ulardan Nasriddinning uyini so‘rabdi.

– Men Nasriddinman, – debdi bir bolakay.

Chiqmagan jondan umid deb muddaosini unga aytibdi. Bolakay:

– Qizni olsang – sening ishing, bevani olsang – uning ishi, – debdi.

Shunda yigit eri bilan ajrashgan ayol haqida so‘ragan ekan, bolakay javob berish o‘rniga uning oyoqlariga chiviq bilan bir uribdi-da, o‘yinga yugurib ketibdi.

Yigitning hafsalasi pir bo‘lib ota do‘stining qoshiga kelibdi-da:

– Otam meni o‘sha bolakaydan maslahat olsin deb sizning oldingizga jo‘natgan edimi? Men sizning o‘zingizdan maslahat so‘rab kelgan edim-ku! – debdi. So‘ng bola Nasriddin aytgan gaplarning hammasini aytib beribdi.

– Nima ham derdim, yaxshi maslahat beribdi o‘sha bolakay, – debdi otasining do‘sti. – Sen agar qizga uylansang, oilada o‘zing bosh bo‘lasan, bevaga uylansang – o‘sha beva bosh bo‘ladi. Oyog‘ingga urilgan chiviq orqali esa, u eri bilan ajrashgan ayoldan iblisdan qochgandek qoch demoqchi bo‘lgan.

(serb)

AQL KIRIShIDAN AVVAL

– Sen ilk bor uylanganingda necha yoshda eding? – deb so‘rashibdi Nasriddindan.

– Aniq eslayolmayman, – deb javob beribdi u, – chunki o‘sha paytda hali aqlim to‘liq kirmagan edi.

(fors)

HALIYaM KECh EMAS

Afandini kalaka qilish ishtiyoqidagi bir chol unga:

– Afsus, sening onang o‘lib ketgan-da, yo‘qsa men unga uylanardim-da, sen menga o‘g‘il bo‘lar eding, – debdi.

– Haliyam kech emas, – debdi shunda Afandi.

– Nega bunday deyapsan? – ajablanib so‘rabdi qitmir chol.

– Buning yo‘li oson, – debdi Afandi, – qizingizni menga bersangiz, sizga o‘g‘il bo‘laman-qo‘yaman-da!

(uyg‘ur)

KO‘K MUNChOQ

Afandi birvarakayiga ikki qizni yoqtirib qolibdi. Bir kuni u ikki tizim ko‘k munchoq sotib olib, ikkala qizga sovg‘a qilibdi. Qizlar bir-birlari haqida xabar topib, ikkalasi birga Afandining oldiga kelibdi-da:

– Sen o‘zi qay birimizni sevasan? – deb so‘rashibdi.

– Kimga ko‘k munchoq sovg‘a qilgan bo‘lsam – o‘shani-da! – deb quvlik bilan javob beribdi Afandi.

(uyg‘ur)

AYTIShNI UNUTIBMAN

Afandi uzoq uylanolmay yuribdi. Qalin to‘lashga puli yetmas ekan.

Kunlardan bir kuni bir tanishi Afandiga u yaxshi ko‘radigan qizga o‘z sovchilarini jo‘natganini aytibdi.

Afandi qattiq xafa bo‘lib bezovtalanibdi. O‘ylanib turib, tanishiga bunday debdi:

– Yomon qiz emas. Agar bir marta, senga qasam ichib aytamanki, mutlaqo tasodifan bir erkakning oldida ochiq yuz bilan turganini ko‘rib qolganimni hisobga olmaganda, juda chiroyli, aqlli, yaxshi qiz.

– Allohga qasamki, bunday qiz menga munosib emas! – debdi tanishi. So‘ngra u sovchilarni qaytarib, o‘sha qizga uylanishdan voz kechibdi.

Biroz vaqt o‘tganidan keyin o‘sha tanishi Afandining o‘zi o‘sha qizga uylanayotganini eshitib qolibdi. Afandiga:

– Sen meni aldabsan-da? O‘shanda ichgan qasaming nima bo‘ldi endi?! – debdi jahli chiqib.

– O‘shanda to‘g‘ri qasam ichganman. Ha, men rostdan ham o‘sha qiz bir erkakning oldida yuzi ochiq turganini ko‘rganman. Ammo o‘shanda senga u erkak qizning o‘z otasi ekanini aytishni unutibman. Sen ham mendan so‘ramading!

(o‘zbek)

XO‘JA EHTIYoT ChORASINI KO‘RADI

Xo‘ja o‘ziga uy qurdirayotganida duradgorga yerga qoqiladigan taxtani – shipga, shipga qoqiladigan taxtani esa, aksincha, yerga qoqishni buyuribdi. Duradgor buning sababini so‘ragan ekan, xo‘ja shunday tushuntiribdi:

– Men yaqinda uylanyapman. Kishi uylanganida uyidagi hamma narsaning oyog‘i osmondan bo‘lib ketadi. Shunga ehtiyot chorasini ko‘rib qo‘ymoqchiman!

(turk)

O‘PKALAGAN KUYoV

Nasriddin Afandi uylanibdi. To‘y bazmida barcha mehmonga palov tortilibdi. Yugur-yugur bilan bo‘lib kuyovbolaga osh berishni unutib qo‘yibdilar. U bir burchakda och-nahor xomush o‘tiraveribdi.

Nihoyat, kuyovbola chimildiqqa kiradigan vaqt kelibdi.

– Qani, chimildiqqa marhamat, Afandi! – deyishibdi unga oshnalari. Afandi esa, qovog‘ini uyib olib:

– Kirmayman! Chimildiqqa osh yeganlar kirsin! – debdi.

(o‘zbek)

TAQVIM

Aytishlaricha, Mulla o‘zining butun vaqtini kitob o‘qib o‘tkazar ekan. Kunlardan-bir kuni xotini:

– Shu tunda tonggacha mijja qoqmayman – Allohdan meni kitobga aylantirib qo‘yishini iltijo qilaman.

– Nega? – so‘rabdi Mulla.

– To‘g‘risini aytsam, shu kitoblarga havasim keladi, – debdi xotini. – Qani endi kitobga aylanib qolsam-da, siz mendan ko‘zingizni uzmasangiz.

– Duo qilganingda Allohdan seni taqvimga aylantirib qo‘yishini so‘ra, – hazillashibdi Mulla.

– Nega? – deb so‘rabdi xotini.

– Chunki taqvim bir yilga yaraydi-da! Keyin yangisiga almashtiriladi! – tushuntiribdi mulla.

(ozarbayjon)

ODAT

Boy qo‘shnisi Nasriddinni shahar tashqarisidagi bog‘ida bir necha kun mehmon bo‘lishga taklif qilibdi.

– Do‘stlar yig‘ilishadi, xursandchilik qilamiz, – debdi qo‘shni.

Boqqa ko‘p mehmon yig‘ilibdi. Ziyofat quyuq bo‘libdi. Ammo har kuni ertalab nonushta chog‘ida bog‘ sohibi ham, mehmonlar ham nimagadir Afandiga xo‘mrayib sovuqqonlik bilan qarashibdi.

– Nega hammangiz menga bunday qarayapsiz? – deb so‘rabdi Afandi.

– Buning sababi shuki, ular sizning xurragingiz kasridan tuni bo‘yi uxlayolmay chiqishyapti, – debdi bog‘ egasi. – Shunaqangi xurrak otar ekansizki, butun uy zirillab ketadi-ya!

Afandi xafa bo‘lib uyiga otlanibdi.

– Yo‘l bo‘lsin, Afandi?

– Xotinimdan qo‘ymasin! – debdi Afandi. – Qirq yildan buyon men bilan yashaydi, bechora biron marta xurragimdan shikoyat qilmabdi-ya!..

(o‘zbek)

Rus tilidan Rahimjon Otayev tarjimasi

“Jahon adabiyoti, 2014 yil, 4-son