San’at Mahmudova. Iroda va matonat timsoli (Xolida Ahrorova)

Taniqli tarjimon, jurnalist Xolida Ahrorova butun umrini, bilimini, ijodini birinchi navbatda “Saodat” jurnaliga bag‘ishladi. Bosh muharririmiz, katta shoira, ustoz Zulfiyaxonimga munosib muovin bo‘lib, uning ishonchini, hurmatini qozondi. Ayni vaqtda Xolida Ahrorova ismi o‘zbek o‘quvchilariga mohir tarjimon sifatida ham yaxshi tanish. Uning tarjimon sifatida shakllanishi haqida so‘z ketganda hayotidagi ayrim lavhalarni yodga olish o‘rinli bo‘ladi.

Xolida opa shodon ko‘rinsa-da, yuragi to‘la armon bilan yashadi. Chunki uning otasi, shoir, adib, diplomat Said Ahroriy navqiron 35 yoshida 1930 yilning 12 noyabrida Samarqand moliya-iqtisod texnikumida dars berish uchun chiroyli tabassum bilan chiqib ketib, kechqurun uyiga qaytmadi… Kutib-kutib, izlab-izlab, izlarini hech kim topolmadi…

O‘shanda Xolida uch yoshda, Vaziraxonim 25 yoshda, to‘rt nafar kichkintoyi bilan lolu hayron qolaverdi.

Keyin tog‘asi Samarqandga borib, ularni Toshkentga ko‘chirib keldi. Buvisi bag‘riga oldi.

Xolida maktabga chiqib, harf tanigan kunidanoq dadasining yozuvlarini o‘qiy-o‘qiy adabiyotga mehr qo‘ydi. Bu orada qattol urush boshlandi. Ro‘zg‘orning barcha tashvishi Xolidaning yelkasiga tushdi.

U har kuni ishdan qaytgach, ayasi va ukalariga parvona bo‘lar, ularga dars tayyorlatib, uy yumushlarini chaqqon ado etar va kech xuftonda qo‘shni ayolnikiga chiqardi. Va unga lampa chiroq yorug‘ida kitob o‘qib berardi. Yetti yashar qizchasi bilan yashaydigan bu o‘qimishli, kitoblari ko‘p Dusya xolaning eri urushda ko‘zini vaqtida davolata olmay, ko‘r bo‘lib qolgandi.

Ayol Xolidaning talaffuzlarini to‘g‘rilar, rus tilidagi har bitta so‘zning, har bitta harfning mohiyatini erinmay tushuntirardi. Masalan, “krov” so‘zida yumshatish belgisi bor, bu – “qon”, agar qo‘yilmasa, “tom” bo‘ladi, deya ko‘p misollarni qulog‘iga quyardi.

– Bu ayol tufayli men Dostoyevskiy, Turgenev, Lev Tolstoy asarlariga oshno bo‘ldim. “Bednыe lyudi”ni o‘qiganimda ikkovlon ho‘ngrab-ho‘ngrab yig‘laganmiz… – deb hikoya qilgandi Xolida opa.

Zehnli, ziyrak va mehnatsevar Xolidani mas’ul idoraga ish yurituvchi va tarjimonlikka o‘tkazishdi. Bu yerda u turli xatlarni rus va o‘zbek tillariga o‘girib, anchagina pishdi. Shunda xayoliga bir fikr keldi: “Dusya xolaga o‘qib bergan hikoyalarimni o‘zbek tiliga tarjima qilsam-chi!”

U Boris Lavrenevning “Momo” hikoyasini o‘zbekchaga o‘girib, Yozuvchilar uyushmasi raisi Oybek nomiga jo‘natdi. Va tezda javob xati oldi. Xatda uyushma maslahatchisi, yozuvchi Mirzakalon Ismoiliyga uchrashish tavsiya etilgandi.

O‘shanda 1948 yilning bahori edi… O‘shanda Xolida… ota mehri bilan alqagan, tarjima borasida yo‘l-yo‘riq ko‘rsatgan aziz ustozlari nazariga tushib, ularning muruvvat va maslahatlaridan bahramand bo‘ldi.

Mirzakalon Ismoiliy: “Tarjimangiz yomon emas. Lekin siz badiiy adabiyotlarni asosan rus tilida o‘qigan ko‘rinasiz. Endi asarlarni ko‘proq o‘zbek tilida o‘qing. Ona tilimizni puxta o‘rganing. Topolsangiz, Abdulla Qodiriyni, Abdulla Qahhorni, Oybekni…” dedi. Xolida opa esa “o‘qiganman” deb yuborib, uyalib qoldi.

– Bu gal boshqacha o‘qiysiz! – kulib qo‘ydi ustoz. – Adiblar ishlatgan so‘zlar, iboralar ustida bosh qotiring. Siz bilmagan so‘zlar uchrasa, ko‘chirib oling, maqol, matallarni ham… Ularni tarjimada ishlating.

– Shoirlar qolib ketmasin! – gap qo‘shdilar Maqsud og‘a. – Hammamizning padari buzrukvorimiz Alisher Navoiydan boshlang mutolaani. Lug‘atlarni o‘rganing. Muqimiy, Furqat, Nodirabegim… Eh-hey, qanchadan-qancha ish bor tarjimonlikka yetguncha. Ikkala tilni yaxshi bilishdan tashqari tarjimon bo‘laman degan odam mashq qilib charchamasin! Bir tildan ikkinchi tilga shunchaki ko‘chirish emas, uni muallif darajasida qayta ijod qilsin!

– Ayni shu pallada, – deb eslaydi Xolida opa, – xonaga ko‘rkam, ochiq chehra bir yigit kirib keldi. U “Sharq yulduzi” jurnalining mas’ul kotibi, shoir Shuhrat ekan. Mirzakalon domlaga murojaat qilib, yozuvchi Irina Guroning bir hikoyasini unga uzatdi va tarjima qilib berishini so‘radi. Shunda ustoz meni tanishtirib: “Yangi tarjimon Xolidaxon Ahrorovaga bera qoling tarjimani, – dedi. – Boplab o‘girib beradilar. Ertaga emas, birisi kun keltiradilar”.

– Xudoning xohishini qara-ya, Maqsud, – dedi so‘ng ustoz. – Endi ikkalamiz bu qizimizga ota o‘rnida ota bo‘lamiz. Shuhrat shoirimiz esa og‘a!

– Ko‘nglim tog‘dek ko‘tarilib ketdi, – yayrab hikoya qiladi Xolida opa, – Irina Guroning hikoyasini o‘zbek tiliga o‘girib, aytilgan vaqtga olib keldim. Shuhrat aka rahmat aytib, o‘ris tilida yozilgan yana bir ocherk berdilar tarjimaga. Tarjimonlik shu yo‘sin boshlandi…

1948 yilning kuzida ustozlar Xolidani “O‘zdavnashr” rahbari huzuriga boshlab borib, u bilan tanishtirib qo‘ydilar. Va kelgusi yil rejasidagi asarlardan birini tarjima qilish uchun shartnoma tuzishni ham o‘rgatdilar. Shunda Maqsud Shayxzoda: “Bu qizning oladigan maoshi ham ma’lum. Qaramog‘ida onasi va ikki ukasi bor. Mana, Mirzo muharrir bo‘ladilar-da, tarjimani qo‘lyozmada tahrir qila qoladilar. Qizimizning dastxatini biladilar-da. Qolaversa, Xolidaning dastxati chiroylik!” – dedi. Hamma bu gapni ma’qulladi.

Xolida nihoyatda ruhlanib, g‘ayrat va zavq-shavq bilan ishlaydi. Mirzakalon Ismoiliy tarjimani obdon tahrir qilgach, yana Xolidaga beradi.

– Bir boshdan sinchiklab o‘rganing qizim, – o‘git beradi u samimiy mehr bilan. – Siz nima deb ag‘dardingizu uni men nima, deb tuzatdim. E’tibor qiling-a?!

Ustozning o‘sha tahriri Xolida Ahrorova uchun unutilmas saboq bo‘ldi. Kitob 1949 yili Mirzakalon Ismoiliy muharrirligida bosmadan chiqishini Xolidagina emas, ustozlari ham bayramday kutib olishdi.

– Buni qarang, zo‘r kitob chiqibdi, – degandi Maqsud Shayxzoda hayratlanib. – Uch yuz bet keladi-ya, uch yuz bet! Birinchi kitobingiz shunday bo‘lsa… – kaftida salmoqlaydi Maqsud og‘a. – Bu yog‘iga oq yo‘l!

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Xolida Ahrorova bir umr jurnaldagi qaynoq faoliyatidan ortib, uyqu hisobiga, dam olish evaziga tarjima san’atini ulug‘lab yashadi. Lev Tolstoyning “Sevastopol hikoyalari”ni, A.P.Chexovning “Kashtanka”sini, A.Rыbakovning “Xanjar” qissasini, K.Gamsaxurdianing “Oyning o‘g‘irlanishi” romanini, O.Balzakning “Ushalmagan orzular”, A.Ivanovning “Soyalar choshgohda yo‘qoladi” romanlarini, o‘nlab badiiy filmlar matnini o‘zbek tiliga o‘girdi.

Xolida Ahrorova tarjimalarining o‘ziga xosligini hamda tarjimonning mahoratini quyidagi misollarda yaqqol ko‘rish mumkin. “Kolxidskiye gorы vecherami dremlyut golubыm tumanom” jumlasi o‘zbek tiliga “Kolxida tog‘lari oqshomlari zangori tumanga burkanib mudrardi”, deb o‘girilgan bo‘lsa, “Dlinnыe letnыe dni proxodili odin za drugim” – “Yozning biri biridan uzun kunlari quvalashib o‘tib borardi”, “Okazыvayetsya gorko plakala nad mogiloy materы…” – “Onasi qabri ustida achchiq-achchiq yig‘larmish…”, “Karolina po-detski ukazala paltsem” – “Karolina bolalarcha erkatoylik qilib, barmog‘ini nuqib ko‘rsatdi”, “Tamar ulыbnulsya. On zaglyadelsya na perelivayuщuyusya grud ptitsы” – “Tamar jilmaydi. Qushchaning rango-rang tovlangan to‘shini tomosha qilib, mahliyo bo‘lib qoldi”, “V ob’yatiyax prirodы ya teryayus, vsem svoim telom prevraщayus v zritelya” – “Tabiat quchog‘ida dovdirab qolaman, butun vujudim bilan tomoshabinga aylanaman”, “On vzyal v ruki gustыe volosы Tamarы i prilojil ix k svoyemu litsu, on obnyuxival priyatnыy ix zapax, i potom on volosami obvil sheyu devushki”, – “U Tamarning qalin sochlarini qo‘liga olib, yuziga bosdi, qiz sochlarining muattar bo‘ylarini iskadi, keyin sochni qizning bo‘yniga o‘radi” kabi misollarda tarjimonning so‘z tanlashda mohirligi yaqqol ko‘rinadi.

Taniqli yozuvchi va tarjimon Mirzakalon Ismoiliy qismatining bir cheti Xolida Ahrorovaga daxl qilishi jurnalxonlarda qiziqish uyg‘otishi tabiiy. Gap shundaki, ko‘pchilik o‘zbek ijodkorlari qatori M.Ismoiliy ham qatag‘on qurboniga aylangan. Ammo bu ijodkorning halol mehnati qadriga yetadiganlar ham yo‘q emas ekan, M.Ismoiliy tarjimasidagi L.Tolstoyning “Tirilish” romani juvonmarg bo‘lmasligi oldini olib, asil tarjimon o‘rniga Xolida Ahrorova nomi qo‘yilib, nashr etilgan.

Nafaqa yoshiga yetishi bilan Xolida opa: “Endi dam olaman, kitob o‘qiyman, teatrlarga tushaman, nevara-evaralarim yonida bo‘laman”, deb biz shogirdlar bilan xayrlashdi.

Qayoqda deysiz. Oradan ikki-uch kun o‘tmayoq tasodifan qo‘liga “Rodina” jurnali tushib qoldi. Uni beixtiyor varaqladi va birdan dadasi haqidagi ikki og‘iz so‘zga ko‘zi tushdi. Bu ikki og‘iz so‘z yuragini alg‘ov-dalg‘ov qilib yubordi. Tonggacha mijja qoqmadi va ariza yozib, Davlat xavfsizlik qo‘mitasiga bordi. Har kuni boraverdi. Va nihoyat bir varaqni qo‘liga tutqazishdi. Unda shunday yozilgan edi:

“Said Ahroriy sovetlarga qarshi targ‘ibot va tashviqot ishlari uchun RSFSR jinoyat majmuasining “58-4” moddasiga binoan otuvga hukm qilindi. Hukm 1931 yil 25 aprelda Moskva shahrida ijro etildi. Dafn etilgan joyi ma’lum emas”.

Bilmadim, Xolida opajonim bunday nohaqlikni o‘qib, qanday holga tushdi ekan? O‘sha kuni uyiga qandoq yetib bordi ekan? Qanchalar kuyib yondi ekan?

Xolida opa bu gal ham o‘zini qo‘lga oldi. Qaddini tik tutdi. Har kuni erta bilan otlanib, xuddi ishga borayotgandek, arxivga qatnadi. Rutubatli xonalarda sarg‘ayib ketgan, sahifalari tuhmat va adovatga to‘liq hujjatlarni satrma-satr o‘qib-o‘rgandi. Bu zil-zambil mehnat mashaqqatini Xolida opa bir o‘zi bildi, bir Xudo! Avval u otasi Said Ahroriyning nomi oqlangani haqidagi ma’lumotni topib o‘qidi, ko‘ziga surtdi. Shukr qildi…

Qarang, birgina dadasi qoralangan “Jinoyatnoma”ning o‘zi 20 jilddan iborat katta bir “ro‘mon” ekan.

“Millatchi” deb obdon qoralangan dadasi vaqti-zamonida millat farzandlari uchun maktablar ochgan, gazeta muharriri bo‘lgan.

O‘zbekiston mustaqillikka erishib, yurtimiz bag‘riga shamol tekkan 1991 yil sentyabridan so‘ng arxivlar eshiklari lang ochildi. Xolida opa muttasil o‘n yil arxivga qatnadi. Dadasining, nafaqat dadasining, yana o‘nlab nohaqlikka uchragan vatandoshlarimizning hujjatlarini sabr-toqat bilan o‘rgandi. Va dadasi yozganidek, “Hayot og‘ir, so‘zlash ham og‘ir. Turmush shunday bir cho‘qqiki, yo‘li yonbag‘ir…” zamonda yashagan xalqning Vatanni sevishdan va istiqlolga erishish orzusidan bo‘lak gunohlari bo‘lmaganini yana bir bor tushunib yetdi.

Dadasi va yana o‘nlab istiqlol fidoyilari haqida kitob chiqardi. Yoshlari yetmishdan oshganda kutubxonaga qatnab, o‘nlab gazeta-jurnallar taxlamlaridan dadasining asarlarini izlab topdi, to‘pladi.

2001 yili yozuvchi Said Ahroriyning “Tanlangan asarlar”ini nashr ettirdi. Qoyil, bir farzand bo‘lsa, shunchalik bo‘lar!

Xolida Ahrorova vatanimizning bir munosib farzandi sifatida insoniy burchini, mas’uliyatini to‘la ado etdi. U Toshkent shahrida qad rostlagan “Shahidlar xotirasi” majmui va muzeyi tashkil etilishida tashabbuskor bo‘ldi. Munosib ravishda Prezidentimiz farmoniga binoan “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlandi.

Xolida opamiz 82 yil umr ko‘rdi. Bu umr irodaning, matonatning yorqin timsoliga aylandi.

San’at Mahmudova, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibasi

Jahon adabiyoti, 2015 yil, 3-son

O‘xshash maqolalar: