Bir taskin ilinjida oqayotgan kunlar oqimidan ma’no izlaysan. Hayot “silay-silay” o‘zining raftoriga solayotgan yuragingni kaftingga olib tomosha qilganda savol sizib chiqadi: xayollarimni to‘zg‘in, ruhimni sarson ko‘yga chalintirgan ildiz qayerda?… “Oftob chiqdi olamga, yugurib bordim xolamga” deb chopqillagan bolaligim ko‘zdan g‘oyib bo‘lishga qachon ulgurgandi?..
O‘n yoshda edim… Qishning ayni chillasi. Buvimning so‘nggi kunlari. Ko‘rgani bordik. Sovuqdan dildirab kirgancha, dahlizda to‘xtab qoldim. Devorda osig‘liq radiodan chiqayotgan qo‘shiqdagi dilgirlik yurak devorlariga urildi:
… Faqat sizga etmovdim oshkor,
Siz yoqqansiz menga hamisha…
Tuyg‘ular mahobatiga ilk bor duch kelgan bola ahvolini tacavvur qilavering. So‘zu ohang uyg‘unligi ismsiz dard bo‘lib vujud bo‘ylab kezinar (uzoq yillar bu dard nima deb atalishini bilmay yurdim), ich-ichimdan chiqayotgan o‘t bo‘g‘zimni achishtirar, sho‘rnamo ta’mni tatiyman… Holimni bilmay garangman. Bilganim shuki, buvim uchun yig‘lamayapman.
O‘ylovdimki, yurak topishar,
Bizdan ketgach sabru ixtiyor.
Faqat sizga etmovdim oshkor,
Siz yoqqansiz menga hamisha…
Bolalik olislab ketdi. Lekin uning hayqiriqlari hamon o‘rtaydi. “Siz yoqqansiz menga hamisha…” mutlaq noma’lum dunyo mujdasini yetkazgandi. Ham entiktiruvchi, hamda xavotirli. O‘z-o‘zidan ertaklar tark etdi-qo‘ydi.
…Do‘stlariga boqdi u hayron,
Do‘stlar chillak o‘ynar berilib,
Bola ko‘ngli bo‘lgancha vayron.
Bir zumgina qoldi termulib.
Shoirning “bola”si berilib chillak o‘ynayotgan do‘stlariga qanchalar hayron boqsa, men esa o‘qituvchi baholariga andarmon bolalarning holiga lol edim. O‘shanda men ham bolaligimning so‘nggi kunlarini yashayotgan ekanman.
…Men taqdirdan hech nolimayman,
Gar almashdi shomga tongimni…
So‘ngra televizordan eshitib qoldim. Radiodan tinglagan qo‘shig‘imni juda eslatardi. Bunda ham tanish huzunni tuydim. Ikkilanish yilt etib o‘tdi: o‘sha qo‘shiqning o‘zi emasmikan? Yo‘q-yo‘q, “Yomg‘ir yog‘di mayda-maydalab…” deyapti-ku. Soniyalar ichida bildimki, ikkalasini ham bitta odam ijro etgan ekan. Xonandaning o‘zi ham qo‘shig‘i kabi yurakka yaqin, istarasi issiq, qo‘shiqqa monand hissiyotlar yuz-ko‘zida qalqib turardi. Hamma-hammasida: so‘zda ham, kuyda ham, ijroda ham dardi tiniqlikni, ko‘ngil yaxlitligini his qilasan. Keyinchalik Usmon akaning suhbatida o‘qidim: “Shaxsi bo‘lak, ijodi bo‘lak odam bo‘lmaydi. Ikkalasi ham yaxlit, butun bo‘lgandagina katta adabiyot yuzaga keladi. Ijodi o‘zidan baland degan fikr bo‘lmagan gap!”. Shoir Usmon Azim, kompozitor Dilorom Omonullayeva, xonanda Kumush Razzoqova hamkorligida dunyoga kelgan har bir durdona bu fikrda qay darajada jon borligini tasdiqlaydi, deb o‘ylayman.
Kuzatishimcha, uch san’atkor ham zamonaning, orsiz muqomlariga yo‘rg‘alab ketishgani yo‘q. Musiqada ko‘ngil taftini, yurak tebranishlarini, allaqanday mash’umlikni ham sezasan. Kuyga kayfiyati ko‘chgan yomg‘ir tomchisining sasi yurakni tilimlar, faqat ayol kechinmasi bo‘lib quloqqa kirardi. Undagi iztirobning asl o‘zani erkak kishining yuragi ekanini tasavvur ham qilolmasdim. Keyinchalik o‘qidimki, she’rning go‘zal bir bandi – mag‘zi qo‘shiqqa sig‘may qolgan ekan:
…Mening sarson umrimga oydin
Rivoj tilab u chekdi fig‘on.
Oyog‘ini tavof qildim men –
Dunyoda eng omadsiz o‘g‘lon.
…O‘shanda Kumushxonim kontsertini uydagilar bilan tinglayotgandik. Dadam aytib qoldilar: – Kursdoshimning she’rlarini qo‘shiq qilibdi. Usmonniki… Usmon Azim yozgan.
– Uyda kitobi bormi?
– Ha bor… “Surat parchalari”.
***
… “Musiqa! Izmingga tushganlar xordir – Hamma pinhon dardni oshkor etdi kuy.” O‘sha ilk taassurotim: “Siz yoqqansiz menga hamisha…” hayratini eslab “Musiqa – qo‘shiq nafaqat pinhon dardni oshkor qilarkan, balki u chekilishi kerak bo‘lgan dard, kelajak haqida ham bashorat qilarkan”, degan o‘y yilt etib xayoldan o‘tgan dam bo‘ldi. Lekin bu kayfiyatning lahzalik andarmoni edi. Insonning tutqich bermas tuyg‘ularidan, oniy sezimlaridan, ichki dunyosining po‘rtanalaridan, tilga ko‘chmas iqrorlaridan, istig‘foridan, o‘zgaruvchan ruhiyatidan, tavbasining titrog‘idan dardning asl suvratini ilg‘ash va uni muhrlash iste’dod tiynatining negizi emasmi? Faqat san’atkorgina sen tilga ko‘chirolmagan dardni aytishga, yurakning tub-tubida ko‘milib yotgan, o‘zing-da cho‘chiydigan hissiyotlaringga nom topib, olomon ko‘ziga tik qarashga jur’at eta oladi.
***
1995 yil kuzining adog‘i. Toshkentdan kelgan dadam: “bu– senga”, deb qo‘limga qalingina nafarmon tusli kitobni tutqazdilar: “Usmon Azim. Saylanma”. O‘n yetti yil bo‘libdi. Hamrohim, sirdoshim, hasratdoshim kabi aziz…
“– Aybsizligim – bir o‘limga teng, Men uchun ham jallod dor qurgin, Hamma gunoh qildi – ko‘rdim men, Hamma gunoh qildi – jim turdim…”;
“Bu qiz bir so‘mga ham qiladi muqom… “To‘xta!..”, deb qichqirmas biror-bir erkak!”;
“Erk istama dunyodan, Erkni o‘zingdan so‘ra… Erk – manzilmas, Erk – yo‘ldir”;
“…Jondir issiq uyga cho‘chib chekingan, Izg‘irin qa’riga haydalgan vijdon.”;
“Mayda tashvishlarda maydalandim men – Ming taraf yugurdi mingta bo‘lagim.”;
“O‘zimni ming marta qatl ayladim, Ming marta o‘zimga hadya etdim jon”;
“To‘lg‘anur, ingranur yarador ishonch…”;
“Faqat Tangrim kechir, bandalaringdan Mangu savollarga izladim javob” …misralar qa’ridan chiqib kelayotgan fikrlar tug‘yoni yillardirki ta’qib etadi, hamma qatori shodu xurram yashashga xalal beradi.
“Hayot qo‘shig‘i”. Bu she’rning tub mohiyatiga, nega bu “Ikki daraxt” haqidagi she’r aynan “Hayot qo‘shig‘i” deb atalganining fahmiga yetmaganman. Yo‘q, bilardim, umuman sevgi haqida-da, deb. Lekin undagi iztirob zalvarini, ayriliqni, armonni tuyish, lirik qahramon dardiga yetib borish va ko‘ngil arshigacha yuksalish uchun biroz vaqt kerak bo‘ldi. Nihoyat bor sirini shamollargagina inongan odamni taniganday bo‘ldim – ulg‘aygan ko‘ngil, kechikkan tuyg‘ular hasratining, chorasizlikning yetuk badiiy tasviri…
…Shamollarga dilim yordim,
Gul-yaproqlar tilida.
El kaftida olib kelgan
Har shiviring dilimda…
…Erga bog‘lab qo‘yilganman,
Ildizim yer ostida.
Kechalari shovullayman,
Boqib bo‘yi-bastingga.
Endi qorabotirlar yo‘q. “Qora botir” – sening taqdiring, ildizing – jondan aziz zurriyoding. Undan uzilolmaysan. Yo, xudoyim-ey! Ikki tanho taqdir, birga bo‘lishi aslo mumkin bo‘lmagan ayro qismat suvratini iste’dod bu qadar hassoslik bilan aniq chizmasa! Bir-biri tomon qadam bosishning hech iloji yo‘q. Oyoq-qo‘l yerning zangori iplari bilan chirmab tashlangan. Yagona taskin: sening sochlaringni to‘zg‘itayotgan yel, ayni chog‘da uning-da sochlarini silayotganini kechinasan, osmon tomchilariga ikking-da titraysan… Lekin yashash kerak, hayot – bu, bahor bahorligini ko‘rsatadi, tabiat o‘z ishini qiladi. Sen ham yer oldidagi burchingni bajarishing zarur… “Ikki daraxt” – mangu hijronning nihoyatda ma’sum ramzi. Tutqunlikdagi qalbning armonli suvrati…
Bog‘ qo‘ynida ikki daraxt –
Bir-biriga intizor.
Sen – bir daraxt,
Men – bir daraxt,
Kuyib-kuyib o‘tdik yor.
Bu she’r “Faqat sizga aytmovdim oshkor, Siz yoqqansiz menga hamisha…”ning davomi kabi… O‘z sohibiga yeta olmagan tuyg‘ular bora-bora kovaklari mo‘l sabr daraxtiga aylanishi tabiiy. Aslini olganda Usmon Azim she’riyatining o‘zi hayot haqidagi qo‘shiqlardir. Xoh shoir Oybek haqida bo‘lsin, xoh afsonaviy futbolchi Garrinchaga bag‘ishlangan bo‘lsin. Har biri hayot haqida o‘ylatadi. Shoir o‘zining ortidan ergashtirib, sizni ham shu haqiqatga olib keladi:
…Daho mag‘lubligi, o, mudom katta
– G‘alabalar unut bo‘ladi birdan.
Shoirning-da yig‘isi tomog‘ingga tiqiladi: “Hayot guvilladi. Aylandi boshim, Panjalarim aro baxt yelday oqdi…” Oqib ketayotgan baxtni olib qolmoq uchun ko‘ksingni tutasan, lekin u g‘alvirga aylangan… Xayol – xayolda, uning kuchi hayotga yetarmidi?! Hechqursa, o‘zing turgan nuqtadan nihoyat olis bir yerda, olislab ketgan taqdirning zarbalarini og‘ang dardi misol yuragingga olib kirasan, nomini ilk bor ko‘rib turganing bu fojeiy shaxs sen uchun o‘zga emas, u endi jigaring… Xayol shu yerdagina haqiqatga aylanadi. Ha, Garrincha degan shaxsga ilk bor “Saylanma”da duch kelgandim.
“Baxt va shodlik kuychisi”, “Nafis tuyg‘ular tarannumi”, “Mayin hissiyolar tarovati”, “Mehr she’riyati”(demak, “qahr she’riyati” ham bo‘lsa kerak-da!), “Mehr bulog‘idan tomchilar”, “Go‘zallikka oshufta shoir”, “Yurt vasfida kuylagan shoir” kabi ta’rifu tavsiflarga tez-tez duch kelamiz. “Iy-e, shoir go‘zallikni tarannum qilsa, mehr-muhabbatni kuylasa, yurtini madh etsa yomonmi?”, dersiz. Yo‘q, yomon emas, azizim. Lekin siz alqayotgan o‘sha mayin hissiyotlaru “mehr she’riyati” birodaringizga nisbatan dardkashlik uyg‘ota oldimi? “Ey odam, sen insonsan, bir bandaligingni unutma”, deb ogohlantira olishga nihoyatda “ingichkalik” qilmasmikan? Mudrayotgan tuyg‘ularni uyg‘otmasa, bu jimjimalar na darkor?! Go‘zallik o‘zining qiyofasini ruhning to‘lqinlarida, qismat zuhur etgan yurakning mavjlarida, dardning teranlashishida ko‘rsatmaydimi? “Go‘zallikka oshufta ko‘ngul” faqat suvning shildir-shildir oqishiga mahliyo bo‘lsa-yu, uning oqimida o‘z umri tasvirini yo hayotning qay bir manzarasini ko‘rmasa, bu suv unga nelarnidir eslatmasa, nigohni eshik ortidagi hayotga qaratmasa, yo Yaratganning qudratiga keltirgan chin iymoni sezilmasa, har qancha tarannum etmasin uning “vatani” huvillab qolaveradi. Endi “Baxshiyona” kitobidagi shoir bizga tanitgan vatanini tinglang:
…Chinorlarga xassan, dedim,
Osmonlarga pastsan dedim,
Yulduzlarni qo‘lda tutib,
Tutganim yo‘q – mastsan, dedim.
Tog‘ ustiga chiqdim maston,
Ko‘z oldimda O‘zbekiston.
Yig‘layverdim, yig‘layverdim,
Dedim: iloyo bo‘l omon.
Ko‘z yoshga arzir – sen, dedim
Quvonchga arzir – sen, dedim
Bu boshim dunyoga arzir,
Shu boshga arzir – sen, dedim,
Yuragim mag‘zi – sen, dedim,
Otamdan meros qolgansan,
Bolamdan qarzim – sen, dedim.
… Dunyoning yana bir yarasi bor. Farzandi hayotidagi kemtikliklarga ota-ona xuddi o‘zini aybdordek, bolasi ko‘zidagi alamni ko‘ksiga sanchilgan bir tig‘ deb biladi. Farzandlarga xos xudbinlik ham shundaki, ular ham aybni, zarblar ildizini beixtiyor ota-onaning yaralaridan izlashadi. Shu bois ham har bir tirik vujud, adashishga mahkum, o‘zini qurbon qilishga qodir banda yo‘qki, bu she’rni o‘qiganda yuragi bir istig‘forga kelmasa. Ota yoki ona nigohidagi o‘z vaqtida uqilmagan, o‘zi-da bolasiga tushuntirolmagan o‘tinch uni o‘rtaydi:
…Erka bolam, kechir meni,
Oqsuyagim,
Muruvvat qil!
Toshli-toshli bu dunyoda
Maysaday xor
Yashadim, bil.
Toshlar bilan kurash tushdim –
Kurash bekor
Ketmagandir,
Qolgan bo‘lsa biror zil tosh,
Bolam, kuchim
Etmagandir…
Tan olaylik: yaxshidir-yomondir, kattadir-kichikdir, fojeiydir-kulgilidir, har bir banda ichida noshud Anuchkin yashaydi. Ha, “agar otam vaqtida orqachamga shapatilab-shapatilab urganda edi, frantsuz tilini, albatta, o‘rganardim”, deb yig‘lamsiragan janob Gogolning Anuchkini.
Shoir kim? U – g‘avvos. Inson yuragi esa misoli bir dengiz, dard esa mana shu dengiz qa’ridagi duru javohir. Buyuk g‘avvos biladi: yurakni ko‘ngil mavqeiga ko‘targan aynan pinhona dardlar – ko‘zdan yashirin javohirlar ekanini. Ulkan baliq faqat Buyuk baliqchi qarmog‘iga ilinishi mumkin bo‘lganday, iste’dodning qiymati ham undagi iztirob salmog‘i bilan o‘lchanadi.
Keng dunyoning torligin ham bildim.
Kuylasang, haq yorligin ham bildim…
Qafasda kuylash borligin bilgandim –
Kuylashda qafas borligin ham bildim.
“Kuylashda qafas borligin ham bildim.” Bu haqiqat mavlono Rumiyning “Zindonlar ichida eng mash’umi boshdagi zindonlardir” ogohini eslatadi. Bu to‘xtamga kelish uchun bir-ikki chaqirim bo‘lsa-da yo‘l yurish, devorlar bilan to‘qnashish joiz ekan. Yo‘l boshida turgan, chorrahada gandiraklayotgan yo manzilini unutgan odam buni tushunmaydi. Ehtimol, bir umr tushunolmay o‘tib ketar. Balki kuylashdagi – fikrlashdagi “qafas”ni bir fazilat sanab, faqat sip-sinalgan tep-tekis yo‘llardan mayda-mayda odimlashni farz bilar. Yo shundoq tug‘ildim – shundoq o‘lurman turidan bo‘lsa-chi? Ozodlik, hurriyat, oriyat, nomus, e’tiqod, kabi tushunchalar “Saratonda bo‘yinboqqa qul bo‘lgan”lar uchun “shig‘ir”iga yoki nutqiga zeb berib turadigan bir gajak emasmi? Qafaslarning nomi, shakl-shamoyili ko‘p. Biroq Usmon Azim ijodining asosiy xususiyati, nazarimda, xoh u muhabbat haqida bo‘lsin, xoh “Baxshiyona” turkumidan, xoh Vatan mavzusida bo‘lsin aynan kuylashdagi qafasga bir isyondir.
Iste’dod o‘z davri ruhiga, zamonasi ehtiyojlariga xiroj to‘laydi. Qay yo‘sinda bo‘lmasin jamiyat evrilishlariga, voqelikka San’atkor o‘zining munosabatini bildiradi. Lekin kamdan-kami Alisher Navoiyning “Saddi Iskandariy” dostoni, Mixail Bulgakovning “Usta va Margarita”si, Boris Pasternakning “Doktor Jivago” romani, Anton Chexovning “Oltinchi palata”si, Charli Chaplinning “Diktator”i, Federiko Fellinining “Orkestr repetitsiyasi” filmlari yo Nazar Eshonqulning “Maymun yetaklagan odam” hikoyasi kabi hodisaga aylana oladi. Chunki, voqelikka, ayniqsa, o‘zing qo‘nim topgan jamiyatdagi evrilishlarga munosabatning qaltisligi shundaki, qalamkash qay ilinjda – po‘kak orzular qutqusida qalam ushlaganini fosh etib qo‘yadi. Asar taqdirini muallifning majruh niyati abgor qiladi. Adabiyotimizda o‘tmish ustidan yozg‘irish an’anasining tamal toshi o‘tgan asr boshlaridayoq qo‘yilgan. Bugun ham shu an’anaga sodiq qolgancha, qalam tebratayotgan ijodkorlar talaygina. Sho‘ro davri kirdikorlarini fosh qilib tashlaydigan, sobiq tuzumdan yozg‘iradigan qator dostonlar, pesalar, turkum-turkum she’rlar, film-stsenariylari yozildi va yozilyapti. Hatto mustaqillikning tus farzandi o‘spirin qizaloq ham askarmonand ustozlaridan ulgu olgancha o‘tgan asr jafolari haqida yonib-kuyib yozyapti. Holbuki, tillari biyron, xatlari ravon qurbonoylarga mo‘ylovli amakining qizi bilan tushgan rasmini ko‘rsatgudek bo‘lsangiz “voy, gruzinga o‘xsharkan-a”, deb qolishi hech gap emas…
Haykal, – dedim, –
sen ko‘rsatgan tomonga borib keldim.
Hech narsa yo‘q.
Qo‘lingni tushiraver endi.
Qo‘lini tushirishdan uyalib,
Jim turaverdi haykal…
Mana – davrga, o‘zi yashab o‘tgan umrga munosabat. Sarobga aylangan ishonchning bo‘yalmagan-bejalmagan ifodasi. Mana shu mo‘jazgina fikrda aldangan avlodlarning yaralangan ixlosi, qariyb bir asrga yaqin yolg‘on tarixning qismati yotadi… “Haykal” ko‘rsatgan tomonga bordi, unga inondi, ergashdi… Ishonchidan tonayotgani, daqqiyunusdan qolgan iddaolar bilan o‘tmish bilan bugunni cho‘qishtirayotgani yo‘q. “Haykal”ga la’natlar ham o‘qilgan emas, faqat qo‘lingni tushiraver endi, bari tugadi… uyalayotgan ayanch “haykal”ga nisbatan aldangan shoirning zardasini emas, achinishini payqaysan. O‘ylab qaralsa, mash’umlik “g‘azab”dan ko‘ra “achinish” hissida chuqurlashmaydimi?!
***
2012 yil, 27 mart. Milliy universitetning filologiya fakultetida shoir bilan uchrashuv bo‘ldi. Tabiati teatr dunyosiga ancha yaqin emasmi, o‘zini auditoriyaga taqdim etishning hadisi ham professional darajada. Hech “xol” qo‘yib qo‘yish, “etagidan ma-a-hh-kam ushlagan” ustozining sadoqatli shogirdi kabi “shonli yo‘l”lardan serhayajon hikoyalar, qoni qaynoq yoshlarning ensasini qotirar pushtirang gaplar yo‘q. Juda erta ulg‘ayib qolgan tengquringni tinglagandek tinglaysan. Mutoyiba bilan yo‘g‘rilgan fikrlar vaqtning qanday o‘tganini sezdirmadi ham. Shoir o‘zidagi erkinlikni va erkalikni suhbatdoshlariga ham yuqtira olardi. Uning tabiatidagi chapanilik yasama sipoga yo‘l qo‘ymasdi. Shoirning xatti-harakatlari, gap-so‘zlari ba’zida oliftalik siyohi bo‘lib ko‘rinar. Lekin bularning bari qaram bo‘lmagan odamning mag‘rurligi, iste’dodning o‘ziga ishonchi. Keling, o‘zimni qiynamay, baribir, Anna Axmatovadan o‘tkazib bir nima deya olmayman: “Jahonda bizdan ko‘ra yig‘loqiroq, bizdan ko‘ra takabburroq va bizdan ko‘ra soddaroq odam yo‘q”. G‘aribning kibridan Xudo asrasin!
Uchrashuvda ayrim talabalar shoirning she’r o‘qishini parodiya qilgan bo‘lishdi. Ha, parodiya – o‘xshamagan taqlid. Ularning chiqishlariga nisbatan shoirning na so‘zida, na yuzida zarra ishora ko‘rindi. Juda beparvo. Mening ichimni “qo‘ygin, taqlid qilib o‘zingni qiynama, iltimos, shoirning o‘zingnikiga aylangan she’rini o‘zing bo‘lib o‘qi”, degan istak tirnardi.
O‘zingnikiga aylangan she’r… Muhabbatga aylangan nigohning iztirobi kabi yuragingga o‘z muhrini bosa oladigan she’r kamyob hodisa. Yillar ayovsizlik bilan hayratlaringni inkor etib boraveradi… boraveradi… Kechagi shoiring bugun uchun o‘tmish, sevging esa bir tush. Mana shu vafosizlikdan bir amallab omon chiqayotgan nola umrning har bir chig‘irig‘ida, hayotning kutilmagan burilishlarida, tuyg‘ularning turfa onida ko‘nglingga sho‘ng‘igancha, ruhingda izg‘iyotgan bedorlik suvratini boricha chizib bera olar ekan:
Iltijo etaman – qush qilib yarat,
Tangrim, uchmoqlikka qanot ber, qanot.
Ko‘nglimga, ko‘zimga beparvo qarab,
Meni yer qa’riga tortmoqda hayot.
Shaffof shiddatini dunyoga yoyib,
Shamolli yo‘llarim uzlatga ketdi.
Botib borayapman yerga…
Xudoyim!
Hayotning quyqasi bo‘ynimga yetdi.
Erga botayapman… Bu tavqi la’nat –
Keng dunyo degani shuncha tormikan?
Tangrim!
Yolvoraman –
Qush qilib yarat…
Erga qo‘nmaydigan qushlar bormikan?
«Ijod olami» jurnali, 2018 yil, 3-son