Tog‘ay Murod asarlarida xalq og‘zaki ijodi namunalaridan eng ko‘p foydalangan yozuvchilardan biridir. Uning asarlarini o‘qigan chet ellik, o‘zbek etnografiyasi va xalq og‘zaki ijodi haqida hech qanday ma’lumoti bo‘lmasa ham, bu madaniyat haqida anchagina bilimga ega bo‘ladi. Tog‘ay Murod kabi yozuvchilar o‘z xalqiga ikki taraflama xizmat qilishyapti. Birinchisi, asarlarida xalq madaniyatini jonlantirib, unutilib ketishidan saqlab qolishyapti. Ikkinchisi esa, o‘z madaniyatlarini dunyoga tanitishyapti. Qirg‘iz yozuvchisi Chingiz Aytmatovning asarlari ham bunga misol bo‘la oladi. Qirg‘iz madaniyatining yashashi va dunyoga tanilishida uning asarlari katta ahamiyatga ega. Aytmatovning asarlari dunyoning to‘rt tarafida o‘qilishi bilan bir qatorda qirg‘iz xalq madaniyati ham dunyoning to‘rt tarafida tanilib boryapti. Davlatlar, hukumatlar katta miqdorda sarmoya ajratmasin, baribir millatni tanitishda yozuvchi – san’atkorchalik samarali natijaga erisha olmaydilar. Yozuvchi kuchli tasvirlarga boy bir asari bilan o‘z madaniyatini o‘quvchilariga osonlik bilan yetkazishi mumkin. Bu jihatdan Tog‘ay Murodning asarlari o‘zbek madaniyatini tanitish borasida misli ko‘rilmagan ahamiyatga ega. O‘zbek madaniyatini tanitishga mas’ul shaxslar va tanitishni istaganlar bu muhtasham asarlarni dunyo tillariga tarjima qilishni tezroq boshlashlari kerak deb o‘ylayman.
«Ot kishnagan oqshom» qissasining asosiy mavzusi ko‘pkaridir. Bu qissa ayni paytda ko‘pkari va ot entsiklopediyasiga ham o‘xshab ketadi. Yozuvchi o‘zbek xalqining ko‘pkari va ot haqida necha asrlardan beri orttirgan tajribasini o‘quvchiga yetkazadi. Asarning orqa planida esa an’ana-tuzum o‘rtasidagi kurash ko‘rsatilgan. An’ana eskini, tuzum yangini tamsil qiladi. Ziyodullaning mavqeyi, ya’ni dunyosini bu kurashdagi qismlar belgilab beradi. Ziyodulla urf-odatlar va an’analariga sodiq, durust, saxovati, ochiq ko‘ngil bir qahramondir. U an’anaviylikni tamsil qilyapti va kurashning bir tarafidadir. Qarshisida esa sovet tuzumining tamsillari, ya’ni rasmiy idoralarda ishlaydigan shaxslar turadi. Ziyodulla shifoxonadan shifo topmaydi, sochlari to‘kiladi; maktabda o‘zini kamsitilgan his qiladi va o‘qishni tashlaydi. Cho‘ponlik qila boshlaydi va bu bilan birgalikda baxshilik san’atini ham o‘rganadi. Bu yerda tuzumdan an’anaviylikka o‘tish bor. U bundan keyin tamoman an’ana tarafida bo‘ladi. Bir ot olib, ko‘pkariga tayyorlay boshlaydi. Qirq kun otni yopiq joyda boqadi. (Go‘ro‘g‘li dostonining Turkiston va Onado‘li nusxalarida ham Go‘ro‘g‘lining G‘iroti qirq kun yopiq joyda boqib yetishtiriladi). Ziyodulla ham bir doston qahramoni kabi otga bog‘lanib qoladi. Tarlon oti uning eng yaqin do‘sti, sirdoshidir. Go‘ro‘g‘li uchun G‘irot qanday bo‘lsa, Ziyodulla uchun ham Tarlon shunday qadrli bor-yo‘g‘i edi. Davlat buyrug‘i ostida barcha otlar to‘planib so‘yilishga olib ketilayotgan paytda Ziyodulla otini asrab qoladi, bermaydi. Chunki ot uning xonumoni – bor-yo‘g‘i. Ot uni o‘tmishiga – Alpomishga, Kuntug‘mishga bog‘laydi. Otni berganida o‘tmishidan ham ayrilar edi. Yozuvchi, Ziyodullaga qarshi tuzum tarafdori Rixsiyevni chiqaradi. Qiziq tarafi, Ziyodulla bilan Rixsiyev bir qishloqda tug‘ilib katta bo‘lishgan. Rixsiyev tuzum maktablarida ta’lim olgani uchun tuyg‘ularini yo‘qotgan, o‘tmishidan va xalqidan ajralib qolgan edi. O‘zbek madaniyatini kamsitadigan holga kelib qolgan edi. Asarda o‘sha zamon tuzumini ifodalovchi personajlardan yana biri harbiy bo‘linmadagi askarlar va boshqasi shifoxonadagi shifokorlar edi. Ziyodulla hech aybsiz harbiy bo‘linmada kaltaklanadi. Qo‘li chiqib qolganida shifokorlar qo‘lini joyiga tushurmasdan gips qilishadi. Ziyodullaning chiqqan qo‘lini tabib joyiga tushirib qo‘yadi.
Asarda madaniyatlar to‘qnashuvining muhim o‘lchovini ikki taraf ishlatgan til ifodalaydi. Ikki taraf ishlatgan tillar ochiqchasiga bir-biriga begonadir. Tuzum tarafini tamsil qilgan shaxslar ruscha va o‘zbekchani aralashtirib gapirishyapti. Ularning ishlatgan so‘zlari Ziyodullaning dunyosiga umuman to‘g‘ri kelmaydi. Ziyodulla ishlatgan maqollar va iboralar o‘quvchini o‘ziga rom qiladi, sof o‘zbekcha so‘zlaydi. Asarda quyida aniqlaganimiz maqollarning barchasi Ziyodullaning tilidan berilgan. Maqollar jamiyatning umumtafakkuri bilan yaratilgani uchun, ichida yashayotgan jamiyatni dunyoga va hayotga qarashlarini, qadrlarini, hukmlarini o‘tkazadilar. Shuning uchun maqollar milliy qadriyatlar, urf-odatlar, an’analar davom etayotgan joylarda va o‘sha muhitda ko‘p ishlatiladi. Shu ma’noda asarda kelgan barcha maqollarning Ziyodulla orqali gapirtirilishi tabiiy holdir. Bu bir tasodif emas, chunki o‘zbek xalqining xotirasini Ziyodulla tamsil qilyapti. Ziyodulla oddiygina inson emas… U ayni paytda asrlardan beri kelayotgan madaniy qadriyatlardir, an’analardir, xalqdir!
Maqollar qisqa bo‘lishiga qaramay, og‘zaki adabiyotning eng didaktik xususiyatga ega turidir. Bu qisqa jumlalar ichiga ulkan ma’no singdirilgan. Tog‘ay Murod maqollarning didaktik kuchidan iloji boricha ko‘proq foydalangan.
Maqollar va iboralar adabiy asarlarning gultojidir. Asarning tilini yana ham o‘qishli va jozibali qiladi. Ma’lumki Tog‘ay Murodning barcha asarlarida bo‘lgani kabi ushbu qissada ham o‘ziga xos va ajoyib tili, uslubi bor. O‘quvchini o‘ziga rom qilgan bu go‘zal ifoda ko‘p ishlatilgan maqollar bilan yana ham tabiiy, yana ham muhtasham qilingan.
Ushbu asarda jami qirq ikkita maqol qo‘llanilgan bo‘lib, ularning eng ko‘pini ot bilan bog‘liq maqollar tashkil qiladi. Bu esa asarning mavzusi bilan bevosita bog‘liqdir. O‘zbek xalqi madaniyatida ot bilan bog‘liq maqollarning soni, maqolga o‘xshash iboralarni ham qo‘shib hisoblaganda, yuzdan ortiq. Yozuvchi bular orasidan aytilishi juda osonlarini tanlab olganini ko‘rdik. Keyingi navbatda uylanish va kallik bilan bog‘liq maqollar keladi. Asarning orqa planida bu mavzular ham yoritilgani uchun yozuvchi bu maqollarning ma’no kuchidan foydalangan.
Quyida keltirilgan maqollar asarda kelish navbatiga ko‘ra berilgan. Ikkinchi darajada joy olgan maqoldan tashqari hammasi asarda bir marta ishlatilgan.
Kambag‘alni tuyaning ustida it qopadi.
Ot olsang, Oboqlidan ol, ayol olsang, Irg‘alidan ol.
Ot olsang, ho‘kiz qorindan ol, ho‘kiz olsang, ot qorindan ol.
Oti borning qanoti bor.
Ot bitdi, qanot bitdi.
Otangni ko‘rdim – ahmadi forig‘, onangni ko‘rdim – tovoni yoriq.
Ko‘rpangga qarab oyoq uzat.
Bor bo‘lsa ko‘rolmaydi, yo‘q bo‘lsa berolmaydi.
Kalning nimasi bor, temir tarog‘i bor.
Otga minsang, boshingni o‘yla, yerga tushsang, otingni o‘yla.
Ot tepkisini ot ko‘taradi.
Odam so‘zlashib topishadi, yilqi kishnashib topishadi.
Oshingni yesa-da mard yesin, boshingni yesa-da mard yesin.
Sut bilan kirgan jon bilan chiqadi.
Eshak yiqitsa, tuyog‘ini to‘shaydi, ot yiqitsa, yolini to‘shaydi.
Yomondan qoch-da qutul, yo, ton-da qutul.
O‘zbek eli o‘r keladi, o‘zi o‘jar zo‘r keladi.
O‘roqda yo‘q, mashoqda yo‘q, xirmonda hozir.
Yolg‘iz otning changi chiqmaydi, changi chiqsa-da dong‘i chiqmaydi.
Bir kalning hiylasi qirq kishini charchatadi.
Haq saqlasa baloyo‘q, Haq qarg‘asa davo yo‘q.
O‘zing yaxshi olam yaxshi, o‘zing yomon olam yomon.
Orachiga olti tayoq.
Nasib etsa kelar Shom-u Iroqdan, nasib yetsa ketar qosh-u qaboqdan.
Davlat-da egiz-egiz, mehnat-da egiz-egiz.
Qazisan, qartasan, asli naslingga tortasan.
Kuyovni payg‘ambarlar-da siylagan.
Bo‘ydoqning aqli ikki ko‘zida bo‘ladi.
Yigitning boshi ikkita bo‘lmagunicha moli ikkita bo‘lmaydi.
Yosh yigit ko‘zi bilan qiz olma.
Yosh bolaga ish buyur-u, izidan o‘zing yugur.
Bir yaxshiga bir yomon har yerda bor.
Elning qulog‘i ellikta.
Indamagin kalga, o‘zi kelar holga.
Kal o‘zini ovutar, qo‘ltig‘ini sovutar.
Yaxshi otdan yiqilsa, yomon ta’nachi bo‘ladi.
Og‘zing qora qon bo‘lsa-da, g‘animing oldida tupurma.
Eshak egasini tanimaydi, pishak bekasini tanimaydi.
Yomon gap raketadan oldin yuradi, yaxshi gap toshbaqadan keyin yuradi.
El og‘ziga elak tutib bo‘lmaydi.
Kuygan o‘lanchi bo‘ladi, suygan laparchi bo‘ladi.
Osmon olis, yer qattiq.
Huseyin Baydemir,
filologiya fanlari doktori, Otaturk universiteti professori
«Yoshlik» jurnali, 2019 yil, 2-son