Hamidulla Murodov. Mehri daryo Quddus bobo

XX asr o‘zbek bolalar adabiyotini Quddus Muhammadiy ijodisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Ustoz shoir turli janrlarda samarali ijod qilishi bilan birga, iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlashi bilan ham adabiyotimiz rivojiga katta hissa qo‘shgan. U kishi bilan kechgan sermazmun uchrashuvlarni hamisha dilda hayajon bilan eslab kelaman.

O‘zbekiston xalq shoiri Quddus Muhammadiy bilan birinchi marta hozirgi “Tong yulduzi” gazetasi tahririyatida ko‘rishgan edim. Bu dargohda ko‘pdan menga qadrdon bo‘lib qolgan do‘stlarim Abdusaid Ko‘chimov, Hamza Imonberdiyev, Shohrux Akbarov, Rustam Ro‘zimatov kabi o‘z kasbining fidoyilari ishlardi. Shu bois tez-tez qatnab turardim. Bir gal borsam, ajoyib shoir ukam Hamza Imonberdiyev xonasida mashhur bolalar shoiri Quddus Muhammadiy o‘tiribdi, deng. Hayajonlanib ketdim. Salomlashib, chekkadagi stullardan biriga qimtinibgina cho‘kdim.

– Quddus bobo, bu akaxonimiz ham shoir, Bo‘stonliqning Tovoqsoyidan Hamidulla Murodov bo‘ladilar, – tanishtirdi bizni Hamza.

– Yaxshi, shoir bolam, yaxshi. Hamidullajon Bo‘stonliqdan ekan-a!.. Naq tabiatning, she’riyatning ichidan-a!..

Men “ha” deganday boshimni qimirlataman. Ulkan shoirimiz salobati bosdimi, yo uyaldimmi, gapira olmayman. Quddus bobo o‘zi so‘zni davom ettiradi:

– Bu deganim, shoir bolam, yurtingiz Bo‘stonliqning turgan-bitgani mavzu, yozilmagan she’r: daraxti deysizmi, o‘t-o‘lani deysizmi – she’r, hayvonot dunyosimi – she’r, ularni so‘zlatish Sizdan, bolam…

Quddus boboning so‘zlariga dastlab tushunmay turaman, keyin bu o‘gitlar mag‘zini chaqqanday bo‘laman, yuzlarimda mamnunlik balqiydi.

– Tushundim, ustoz!…

– Tushunsangiz yaxshi, shoir bolam! Yozaman desangiz, mavzuning hammasi o‘zingizda. Izlasangiz topilaveradi. Hamma gap – topgani­ngizni o‘quvchiga qay tarzda yetkazib berishda. Bilasiz, hozirgi o‘quvchi uzun she’rlarni ko‘pda yoqtirmaydi. Bolalarimizga ixcham, mazmuni chuqur she’rlar kerak. Sizdan ham shunaqa she’rlar kutaman, shoir bolam…

Quddus bobo ancha gapirdi, matbuotda bosilgan she’rlarim haqida iliq fikrlar bildirdi. Keyin birdan Hamzaga yuzlandi:

– Hamzaxon, shu akangiz bilan bir uyga o‘ting­lar. Bafurja, bemalol o‘tirib gaplashamiz…

Ustozning boshqa yerda ishi borligi yodga tushdimi, o‘rnidan turdi. Xayrlashib ketarkan, yana ta’kidladi:

– Albatta uyga o‘ting, Hamzaxon bolam bilan birga boring. Kutaman…

Shaharga bir tushganimda Hamza Imonberdiyev:

– Hamidulla aka, kecha Quddus bobo tahririyatimizga kelgandi, “Uyga o‘tmadinglar. Bo‘stonliqlik shoir bolam kelib qolsa, albatta boringlar-a”, deb ketdi. Bugun uylariga o‘tmasak, sizdan ham, mendan ham xafa bo‘ladilar, – dedi.

Ikkalamiz aka-ukaday bo‘lib ustoz shoirning uyiga kirib boramiz. Uyi odmigina bezatilgan edi. Bizni ko‘rib Quddus bobo behad xursand bo‘ldi:

– Qarshidan Saodat Toji kelgandi. Bir necha kun mehmon bo‘ldi. Bugun ertalab ketdi, – dedi.

Saodat Toji – qarshilik bolalar shoiri, o‘sha paytda bitta kitobi ham chiqqandi. O‘zbekiston televideniyesining “Shoirlar – bolalarga” ko‘rsatuvida chiqqanimizda tanishgandik. Qachon Toshkentga kelsa, Quddus bobonikida qo‘nim topishini ham bilardik.

Ustoz bizning “qo‘ying” deyishimizga qaramay, dasturxon tuzadi, choy damlab keldi. “Biz quyaylik”, deyishimizga qo‘ymadi, o‘zi choy suzib uzatdi. Suhbatimiz bolalar adabiyoti, bolalar she’riyati haqida bo‘ldi.

– Bolalar adabiyoti jadal rivojlanib borayapti. Ana, Anvar Obidjon uloqni bizdan olib, otni qamchilayapti. Qarang, juda ajoyib, qisqa va mazmundor she’rlar yozayapti. Mag‘zi to‘q, satrlari ravon, o‘ynoqi, bolalar yoshiga, didiga mos. Sizlar yozgan she’rlarda ham shu xislatlar ko‘rin­yapti. Bu juda yaxshi hol… Bugungi shoirlar ijodida qisqa, lo‘nda she’rlar ko‘paygani yaxshi.

Hamza yangi yozilgan she’rlaridan o‘qiydi, keyin men… Quddus bobo she’rlarimizni ting­lab, mushohadalab, fikr bildiradi.

– Yaxshi, juda yaxshi. She’rda mavzuning to‘kis berilishi meni quvnatdi. Shunday yozish yo‘li­ngizdan chekinmanglar… Bugungi bolalar shoirlari bizning she’riyatdagi nasihatbozlikdan kechib, mavzuni tushuntirishning yangicha yo‘lini tanlayapti. Bu sizlarning yutug‘ingiz…

Dasturxonga qo‘yilgan noz-ne’matlar orasida shakar borligini sezibmi, qayerdandir chumolilar paydo bo‘ldi. Hatto yuzimda ham o‘rmalayotganini sezdim. Hamza ham sezdi, shekilli, ikkalamiz xuddi kelishib olganday, chumolini olib tashlashga qo‘l cho‘zamiz.

– Qo‘yaveringlar. Tegmanglar, ozor bermanglar. O‘zlari tushib ketadi. Ular ham biz kabi jonzot. Ularning ham biz kabi o‘z uyi, oilasi, bolalari bor. O‘ldirib qo‘ysak, inson nomimizga dog‘…

Shunda ustozning maktabda ishlagan payti yozilgan ilk she’r­larini esladik. Ularda ham ona tabiatga beg‘araz mehr aks etib turardi.

Ha, Quddus bobo ana shunday mehrli zot edi; atrofidagi biz kabi shogirdlarigagina emas, balki ona tabiatning mitti jonzotlariga ham mehr ulashishga qodir qalbi ochiq, beozor, saxovatli odam edi.

Maktabimizda ustoz shoir Quddus Muhammadiy bilan uchrashuv o‘tkazadigan bo‘ldik.

– Hamidulla, Quddus bobongiz bilan o‘zingiz kelishib kelasiz-da, shunga qarab kunini belgilaymiz, – dedi ilmiy bo‘lim mudirimiz, rahmatli Abdurahim Alimov.

Tayyorgarlik ishlari boshlandi. Toshkentga borib, ustoz bilan ko‘rishib, uchrashuv kunini belgilab keldim…

Aytilgan kuni ertalab mashinada Toshkentga borib, o‘n olti qavatli Matbuot uyi binosi oldida to‘xtadim. Unchalik ko‘p kutmadim.  Shoshib kelayotgan ustoz ko‘rindi. Harakatidan bezov­taroqday, yurishlari ham tez, ildam. Mashinadan tushdim-u, ortidan yetib olishga o‘zimni tezladim. Bilardim, ustoz liftga ko‘pda chiqmasdi. “O‘z oyog‘im bilan yurganimga nima yetsin”, deb qo‘yardi. Uchinchi qavatda ustozga yetib oldim.

– A, shoir bolam, keldi­ngizmi, yuravering, yuqoriga chiqaylik, o‘sha yerda gaplashamiz!..

Bolalar gazetasining adabiyot bo‘limiga kirdik. Hamza Imonberdiyev, Safar Barnoyevlar bor ekan.

– Gap bundoq, shoir bolam, – dedi Quddus bobo. – Avvalo uzr, uzrli ish chiqib qoldi. Bugun soat o‘n ikkilarda qizimizga to‘y keladigan ekan. Lekin siz qayg‘urmang, uchrashuvingiz qoldirilmaydi, faqat o‘rnimga Ilyos Muslim boradi. Safar akangiz hamroh bo‘ladi. Uchrashuv qiziqarli o‘tishiga o‘zim kafilman.

– Ustoz, o‘zingiz…

– Men boshqa safar boraman, bugungi uchrashuvga borolmaganim uchun eng avval bolalarimdan uzrimni so‘raysiz, shoir bolam.

Ilyos Muslim va Safar Barnoyevni olib qishloqqa qaytdim. Quddus bobo aytganiday, uchrashuv juda chiroyli o‘tdi, yodda qolarli bo‘ldi. O‘quvchilar Ilyos Muslim, Safar Barnoyev va mahalliy shoirlarimiz Ergash Turk­menov, Xudoybergan Ermatovni uzoq vaqtgacha alohida mehr bilan eslab yurdilar. Ammo Quddus bobo va’da qilgan uchrashuv amalga oshmay, orzuligicha qolib ketdi.

Bugun O‘zbekiston xalq shoiri Quddus Muhammadiy ham, ustoz orqali tanishganim, do‘stlashganim Ilyos Muslim ham, ilk she’riy to‘plamimning kitob holiga kelishida o‘z maslahatini ayamagan Safar Barnoyev ham, o‘zimga ukamday bo‘lib qolgan Hamza Imonberdiyev ham, mahalliy shoirlar Ergash Turkmenov va Xudoybergan Ermatov ham oramizda yo‘q. Ammo ular mening qalbimda, ming-minglab kitobxonlar qalbida yashayapti. Yozgan asarlari yangi-yangi kitobxonlar avlodini tarbiyalayapti. Maktab ostonasidan hatlagan o‘g‘il-qizlar savod chiqarib, harfni harfga urishtirib o‘qiy boshlar ekan, eng oldin shu ijodkorlarning, xususan, Quddus Muhammadiy asarlarini o‘qib, she’rni taniydi, adabiyotga oshno bo‘ladi.

«Yoshlik» jurnali, 2017 yil, 9-son