Hamidjon Homidiy. Ma’rifatni olqishlab…

Mashhur davlat arbobi, jahongashta faylasuf adib, ma’rifat yalovbardori, fors va arab tilida barobar ijod qilib, she’rlar devoni tartib bergan serqirra ijodkor Nosir Xisrav Tojikistonning  Qubodiyon tumanida (1004) tug‘ilib, Balx, Tus, Nishopur madrasalarida o‘qigan. Zamonasidagi diniy, dunyoviy bilimlarni mukammal egallagan olim saljuqiylar poytaxti Marvda 17 yil soliq mahkamasining boshlig‘i bo‘lib ishlaydi; Ajam va Arab mamlakatlari bo‘ylab 7 yil (ba’zi manbalarda o‘n yil deyilgan) safarda bo‘ladi. Ana shu yillar u xalqning og‘ir ahvolini ko‘rib, qaromatiylar harakatiga xayrixohlik bildiradi. Oqibatda,  ulamo va zodagonlar ta’qibiga uchraydi. Hayoti xavf ostida qolganda avval Nishopurga borib olti oy yashaydi. Fitna ta’qibini his etganda Mozandaron markazi Omulga ko‘chib o‘tadi. Bu yerda ham atrofida g‘alamislik paydo bo‘lgach, Badaxshonga borib,  Yumgon qishlog‘ida 20 yil g‘orda yashaydi, u yerda muallimlik bilan shug‘ullanib, 1088 yili shu yerda vafot etadi. Garchi ayrim qasidalarida Yumgondagi hayoti halovatli o‘tganini qayd etsa-da, ko‘pchilik qasidalarida “Mening makonim tosh zindon edi” deb maxsus qayd etgan; hayoti mahzun, g‘amgin o‘tganiga ishora qilgan.

Nosir Xisravdan bizga fors va arab tillarida ikkita she’rlar devoni, “Safarnoma”, “Saodatnoma”, “Ro‘shnoinoma”, “Jome’ al-hikmatayn”, “Kushoish va rahoish”, “Vajhi din”, “Zod ul-musofirin” singari badiiy asarlari; bir necha ilmiy risolalari kabi boy ijodiy meros qolgan. Adibning hayot yo‘li va ijodi eron, o‘zbek va tojik olimlari tomonidan nisbatan mukammal, atroflicha o‘rganilgan, ammo shoirning ilmiy merosi, arab tilidagi she’rlar devoni hamda qasidalari hali jiddiy o‘rganilmagan; yaqin yillargacha uning qasidanavis ham ekani ma’lum emas edi.

2005 yili 17–18 sentyabr kunlari London universitetida “Nosir Xisrav she’riyatining falsafiy mohiyati” mavzusida jahon sharqshunoslarining xalqaro konferentsiyasi bo‘lib o‘tdi. Shu munosabat bilan Tehron universitetining o‘qituvchisi Mahdi Muhaqqiqiy shoirning 30 ta qasidasini “Nosir Xisrav qasidalari sharhi” nomi bilan ularda uchraydigan arabiy iboralarni keng sharhlab, nashr ettirdi.

Ma’lumki, qasida deganda aksariyat biron bir shaxsga, tarixiy voqea yoki biron bir shahar, tantana madhiga, g‘alaba vasfiga bag‘ishlangan asar tushuniladi. To‘g‘ri, Ro‘dakiydan tortib bahor ta’rifi, may madhi, hasbi hol mohiyatidagi qasidalar, Xoqoniy, Mu’izziy, Arvariylarning ijtimoiy-siyosiy qasidalari mavjud. Ammo bir mavzu doirasidagi yoki ta’limiy-ma’rifiy, davrni tanqid ruhidagi turkum qasidalar faqat Nosir Xisrav ijodigagina xos favqulodda hodisa hisoblanadi. Shu jihatdan, shoir qasidalarini mavzu va g‘oyaviy yo‘nalishiga ko‘ra quyidagi guruhlarga bo‘lish mumkin:

  1. Hasbi hol, taqdirdan shikoyat va sarguzasht mavzusidagi qasidalar.
  2. Ilm-ma’rifat, so‘z, qalam ta’rifi hamda islomiy ahkomlar targ‘ibiga doir qasidalar.
  3. Zamon illatlari fosh qilingan, zulm-zo‘rlik tanqid etilgan ijtimoiy-falsafiy ruhdagi qasidalar.

Aftidan, adib Sharq mamlakatlari bo‘ylab 7 yillik safar taassurotlarini dastlab she’rda bitgan. Zeroki, 138 baytdan iborat bir qasidasida tog‘u toshlarni, sahroyu dashtlarni kezib, daryoyu dengizlarni kechib, ba’zan hayotini xavf ostida qoldirib, turli toifa, qavm vakillari bilan muloqotda bo‘lganini tasvirlab, “olti yil Makkada mujovir bo‘ldim” deb qayd etgan; to‘rt marta Haj tavof etganini uqtirgan. Qasidada safar davomidagi og‘ir, iztirobli, tahlikali lahzalar, ayrim odamlar bilan to‘qnashuv, bahsu munozaralar ancha dardchil, ta’sirchan ifodalangan. Demak, bu asar manzuma-sarguzashtnomaning ilk namunasi sifatida ham adabiyotimiz tarixidagi muhim bir badiiy hodisa hisoblanadi.

Shoir qasidalari orasida ikkitasi bevosita hasbi hol mohiyatiga ega. Ularda, bir tomondan, Nosir Xisrav din-diyonat, ilm-ma’rifat yo‘lida riyozat chekmay, keng xalq ommasi orasida yurib, ularning koriga yaramay, mahkamada o‘tgan umri uchun afsus-nadomat chekadi. Ikkinchi tomondan esa, martaba-mansabi qo‘ldan ketgach, aksariyat hammaslaklari “yuzingda ko‘zing bormidi” demay ketganidan, kimni “do‘sti joniy” deb bilgan bo‘lsa, bevafo, munofiq, ikkiyuzlamachi bo‘lib chiqqanidan noliydi. Qadim do‘stlardan mehr-muruvvat o‘rniga fitna, jabr ko‘radi; kimga umid bilan yuz o‘girsam, hosili dardu ranj bo‘ldi, degan shoir quyidagicha xulosa chiqaradi:

Gasht bar man ro‘zu shab chandonki, gasht az gashti o‘,
Mo‘i man monandi ro‘z va ro‘yi man monandi shab.

(Kechayu kunduz menga shunday aziyat berdilarki, yuzlarim kechaday qorayib, sochlarim kunduzday oqarib ketdi). Bunday qasidalarda Nosir Xisrav qayerga borsa, “balo-qazo ro‘baro‘ bo‘lgani”, “jabru jafo peshvoz”, yuzida kulgi, tabassum o‘rnini g‘am-hasrat” olganini qayta-qayta ta’kidlab o‘tgan.

Shoir asarlari orasida faxriya mohiyatidagi qasidalar ham bor. Masalan, 20-qasidada yozuvchi turli baholardagi g‘azallari, masnaviyu nasriy asarlari bilan kitobxonlar qalbini zabt etganidan faxrlanadi.

Bir necha qasidalarida Nosir Xisrav mavjud ijtimoiy tuzum illatlarini qattiq tanqid qiladi; saljuqiylar saltanatining oxirgi yillaridagi boshboshdoqliklar, feodal o‘zaro nizolarning mudhish oqibatlarini otashin misralarda tasvirlab, yurt ahlini birlik, ahillikka chorlaydi. Ma’lumki, saljuqiylar hokimiyatining zaiflashganini sezgan Dashti Qipchoq xonlari, tog‘li g‘o‘zlar Xurosonning markaziy shaharlariga yopirilib xalqni talaydilar, obod shaharlarga o‘t qo‘yadilar; yurtda talon-taroj, zulm-zo‘rlik avj oladi. Adibning “Ey Xuroson!” deb boshlanadigan qasidasida ana shu holat tasvirlangan; Marv, Nishopur, Siiston kabi gul-gul yashnagan ma’rifat maskanlari xarobaga aylanganidan qattiq kuyunadi:

Kununki devi Xuroson ba jumla vayron kard,
Az o‘ chiguna sitonam zamini vayronro.
Chu xalq jumla ba bozori jahl raftandast,
Hame zi bim nayoram gushod dahonro
(O‘sha kitob, 39-bet).

(Devlar butun Xurosonni vayron qilgan bir paytda ulardan buning sababini qanday so‘ray olaman. Barcha xalq jaholat bozoriga ketishgach, qo‘rquvdan o‘zgalarni (ya’ni, adolatli o‘tganlarni) yod etolmayman).

Shoir yurtni “g‘ajib yotgan bo‘ri”larni, mansab-martaba, nafs deb ularga laganbardorlik qilayotgan amaldorlarni, maddoh shoirlarni ayovsiz tanqid ostiga oladi; fosh etadi; “adab o‘rni bo‘lmish Xuroson yurti, endi nokas devlar uyasiga aylandi”, deydi. Ularning kasofatiga xalqning arg‘uvon yuzi qahrabo, “alif”dek qomati misoli “nun” bo‘ldi, deydi.

Gurgi darranda garchi kushtaniast,
Behtar az mardumi sitamkorast.
Az badii go‘rg rastan oson ast,
Va-z sitamkori saxt dushvorast
(O‘sha kitob, 48-bet).

(Darranda bo‘rini o‘ldirish zarur bo‘lsa ham, u zulmkor odamlardan yaxshidir. Sitamkor qo‘lidan qutulishdan yomon bo‘ri changalidan xalos bo‘lmoq osonroqdir).

“Yaxshi fe’l yaxshilik ganjining kalitidir”, degan shoir bir necha qasidalarida bu dunyoda ilm o‘rganib, yaxshi xislatlarga ega bo‘lib, “dahrda yaxshi” degan nom qoldirishga da’vat etadi. Buning uchun esa ilmi ma’qul va ilmi manqulni har tomonlama puxta egallab, mol-dunyoga, amal-martabaga hirs qo‘ymaslik kerak, deydi san’atkor:

Har, ki dunyoro ba nodoni ba barnoi bixo‘rd,
Xo‘rd hasrat chun ba ro‘yash bodi piri barvazid.
Gasht badbaxti jahonu shud ba nafrinu xazi,
Har ki o‘ro devi dunyojo‘i dar pahlo‘ xazid.
(O‘sha kitob, 103-bet).

(Kimdakim dunyoni nodonlik va beboshlik bilan yesa, qarilik shamoli esgach, hasratda qoldi. Kimdakim dunyoparastlikka mubtalo bo‘lsa, badbaxt bo‘ldi, la’natga qoldi).

Kitobdagi o‘n birinchi qasida ilm va donishmandlar ta’rifiga bag‘ishlangan. Shoir olimlarni sermeva xurmoga o‘xshatsa, bexiradlarni qo‘qqaygan terakka o‘xshatadi va kitobxonlarni hayot maktabidan saboq olib, sermeva, xalqqa naf keltiradigan daraxtga o‘xshab o‘sishga undaydi:

Tu xohi bori shirin bosh bexor,
Ba fe’li aknun va xohi xory bebor.
Agar bori xirad dori va gar na
Sapedori, sapedori, sapedor
(O‘sha kitob, 108-bet).

(Mevasiz tikanak bo‘lishni istamasang, shirin hosilli daraxt bo‘l. Agar xiradmandlik (ya’ni, ilm) hosiliga ega bo‘lmasang, teraksan, teraksanu teraksan).

Ilm targ‘ibiga bag‘ishlangan ayrim qasidalar xalq maqollari, hikmatli so‘zlar, rang-barang badiiy-tasviriy vositalar, betakror o‘xshatishlar bilan ziynatlangan. Bunday bayt yoki misralar hikmatli so‘zlar mohiyatini eslatadi.

Xulosa qilib aytganda, X–XII asrlar adabiyotida qasida janri alohida mavqega ega bo‘ldi. Xoqoniy Shervoniy, Anvariy, Amir Muizziy, Abulhasan Unsuriy, Farruxiylar bu janrning oddiy madhiya, ta’rif-tavsiflar qamrovini kengaytirdi, mavzu doirasini rivojlantirdi. Nosir Xisravning bu silsilada o‘ziga xos o‘rni va mavqei bor. Chunki u o‘z qasidalarida “bazmu tarabni ham, ishqu ma’shuqani ham, ayshu ishrat, mayni ham, amiru amaldorlarni ham, madh etmay” (Mahdi Muhaqqiqiy) faqat hayotni, tabiat go‘zalliklarini, Navro‘zi olamni vasf etdi, yuksak insoniy xislatlar, ilm-ma’rifatni tashviq qildi. Ayni paytda shoir o‘ndan ziyod qasidalarida o‘zaro feodal nizolar, bosqinchilik urushlarini qattiq qoraladi, xalqi, yurti boshiga tushgan kulfatlardan ezildi, “boshi tizzasida bo‘lib qolgan” xalqiga kuyindi. Uning qasidalari o‘ziga xos pandnoma, safarnoma, bahoriyalar, islomiy ahkomlarning targ‘ibiy oynasidir. Demak, Nosir Xisrav Sharqda qasida janrini mavzu, g‘oyaviy yo‘nalish jihatidan yangi taraqqiyot cho‘qqisiga olib chiqqan san’atkor ekan. Shuning uchun ham Nosir Xisrav qasidalari maxsus ilmiy tadqiqot mavzusi bo‘lishga to‘la arziydi. Ular o‘z tadqiqotchilarini kutmoqda.

«Jahon adabiyoti» jurnali, 2019 yil, 2-son