Hakim Sattoriy. Turgenev turtkisi

Fikr toshni yorar.
Hikmatli so‘z.

Publitsistika poeziya emas, biroq u poeziyadan baland bo‘la oladi.
I.S.Turgenev

Turgenevni yuzaki taniganlar uni ovchi-yozuvchi deb bilishadi. Bu bejiz emas. Avvalo, ov, shohona shikor (tsarskaya oxota) rus kiborlari jamiyatida alohida urfga aylanganini ta’kidlash kerak. Faqat Turgenev yoki Nekrasov singari adiblar emas, har qanday rus kishisi ovga chiqishni, ona tabiat bilan uchrashishni xumor qilganlar, ov, shikorbozlik ular hayotini (hatto, nursiz hayotini) bezab turgan mashg‘ulot bo‘lgan. Turgenevning turmush tarzida esa bu hol har jihatdan uning qiyofasini belgilashda muhim chizgi bo‘lib qoldi. U shu zaminning farzandi sifatida tabiat go‘zalligini, uning sir-sinoatlarini va ona tabiat falsafasi (donishmandligi)ni ov vositasida kashf etdi, ov tufayli oddiy odamlar hayotiga juda yaqinlashdi, yer yuzida qushlar, hayvonlar va odamzod vobastaligida tiriklikning mohiyatini teranroq his etdi. Ov uning uchun o‘ziga xos dorulfunun, hatto undan ham yuksakroq mavqe kasb etdi. Buyuk yozuvchining arsenali (xazinasi)da ana shunday yombi ham bor edi. Uning asarlaridagi latofat, tiniq va ravon ifoda, qahramonlarining qalb go‘zalliklari ov ko‘magida tabiatdan olingan toza unsurlar, shuning uchun ham ular betakror va faqat Turgenevga xos.
Tabiatga oshuftalik hali uning go‘daklik paytidanoq ruhiga singigan edi. Ma’lumki, Turgenevning ona tomonidan bobosi Pyotrning akasi Ivan Lutovinov yaxshigina ma’lumot olgan, bir necha tillarni bilgan, boy shaxsiy kutubxona tashkil qilgan. Uylanmay o‘tgan bu odam harbiy xizmatni ham erta tark etib, butun kuchi, mehrini bog‘bonlikka bag‘ishlagan, qishlog‘ida ulkan bog‘ barpo qilgandi. Qarovsiz qir bag‘rida ko‘kka bo‘y cho‘zib turgan arg‘uvon, bolut, eman, zarang, shumtol singari ulkan daraxtlar poyida mayin shivirlab turadigan archa, qarag‘ay, qora qarag‘ay singari ninabarglilardan iborat fusunkor bog‘ butun hududning ko‘rki edi. Ularning bog‘boni bor g‘ayratini, san’atini sarflab, shunday parvarishlagan ediki, bog‘ chinakam mo‘jizaga o‘xshar, har qanday loqayd odamni ham beparvo qoldirmasdi.
Yozuvchining bolaligi ana shu yashil olam bag‘rida kechdi, yillar o‘tib, daraxtlar yana ham ulg‘aygan, ularning shoxi osmon bilan bo‘ylashib, kishi qalbiga o‘zgacha surur va yuksaklik baxsh etardi. Arg‘uvonlarning qorasi uzoq-uzoqlardan ham ko‘zga tashlanib turardi. Bir yil bahorda ulkan archalardan biri bo‘rondan qulab tushdi va uning tarvaqaylagan shoxlari bolalar uchun sevimli arg‘imchoqqa aylandi. Yana bog‘ va daraxtlar, ular qurshovida kezib yuruvchi alvasti-jinlar bilan bog‘liq vahimali hikoyalar bolalar o‘y-fikrini mavhum yoqlarga olib ketar, murg‘ak xayollarida oliyjanoblik, mardlik, yovuzlik manzaralarini jonlantirib, tasavvurlarini kengaytirar, yomonlikka nafrat, ezgulikka muhabbat hislarini tarbiyalardi. Odam hayoti davomida ko‘plab yaxshi-yomon xotiralarga ega bo‘ladi, issiq-sovuqni kechiradi, ammo bolalik esdaliklari toshga o‘yilgandek o‘chmas bo‘lib qoladi. Turgenevning tabiatga yaqinligi, asarlarida bu sirli olamni ehtiros va ehtirom bilan tasvirlashi ham bolalik xotiralari bilan bog‘liq bo‘lsa, ne ajab!
Ulg‘aygach, yelkasida ov xaltasi, qo‘lida o‘qlangan miltiq, yonida sergak tozi it bilan noma’lum puchmoqlar sari ishtiyoq bilan yo‘l olar ekan, bu muhitda o‘zini aslo begona hisoblamas, adashib ketishdan, yo‘l topa olmay qolishdan zarracha cho‘chimas – o‘zini hech ham begona hisoblamas, aksincha, bir qadrdoninikiga mehmondorchilikka borayotgandek, bolaligi bilan xilvatda uchrashishga ketayotgandek quvnoq kayfiyat bilan yo‘lga chiqardi. Garchi bu kezinishlar unga cheksiz zavq bersa-da, o‘q bo‘shatib, navbatdagi o‘ljasini sadoqatli tozisidan qabul qilib, xaltasiga joylaganda o‘zgacha huzur his etsa-da, asosiysi – bu mashg‘ulotlar oddiy xalq olamiga safar, ular turmush tarzi, o‘y-xayollari, fe’l-atvori bilan tanishish edi. Bunday yuzma-yuz kelishlardan oddiy rus kishisining qalbini yana ham teranroq anglar, ularning to‘poriligi, soddaligi, samimiyati dvoryanda qizg‘in mehr uyg‘otardiki, bu hisni boshqacharoq bir sharoitda tuyish mumkin bo‘lmasdi.
Turgenev ovga chiqqanda ko‘pincha o‘zi bilan mulklarida xizmat qilib yurgan, o‘ziga yoqqan ochiqko‘ngil, mehribon kishilarni birga olib ketardi. Ularni gapga solib, hikoyalarini qiziqish bilan tinglar, jonivorlarning tovushlarini adashmay ajrata olishlari, o‘simliklarning holatiga qarab, ob-havoning qanday kelishini bexato aytib berishlari, turli irim-sirimlar bilan ovning baroridan bashorat qilishlari singari xalqona qiliqlaridan o‘zgacha donishmandlik sezar, bularning barchasi oddiy odamlarga mehrini, hurmatini alangalatardi. Bir safar o‘zi bilan Afanasiyni olib ketdi. Tarqalib ov qilishdi, tushlik yaqinlashgach esa hamrohini izlab topdi. Yeguliklar uning xaltasida edi.
Katta hayotiy maktab hisoblangan shikor Turgenev ijodining o‘q ildizi, ilgariga harakatlantiradigan oldingi g‘ildiragiga aylandi. Ke­yinchalik “Ovchining maktublari” deya nomlangan va muttasil to‘ldirib borilgan to‘plamdagi har bir insho yozuvchi sifatida uning ijodiy manifesti bo‘lib qoldi. Keyinchalik ularning mag‘zi romanlarga asos bo‘ldi, tadqiqotlarga mavzu berdi, ijodiy shamoyilining tamal toshi maqomini kasb etdi. Yuksalish pillapoyalarini zabt etib, baland rutbalarga erishganda ham u dastlab “Ovchining maktublari” muallifi sifatida tilga olindi, e’tirof etildi, e’zozlandi.
Muallif o‘z kechinmalarini qog‘ozga tushirar ekan, garchi uni hamma sevib o‘qishini, mashhur bo‘lib ketishini istasa-da, asarining taqdirini aniq bashorat qila olmaydi. Bu borada aksariyat teskari holatlar ham voqe bo‘ladi, ya’ni o‘q mo‘ljalga tegmaydi. Ba’zan esa kutilmagan joydan (balki bu Yaratganning inoyatidir) muvaffaqiyat jamol ko‘rsatadi. “Ovchining maktublari”, aniqrog‘i, uning birinchi ocherki “Xor va Kalinich” bilan shunday holat yuz berdi. “Xor va Kalinich” yangilangan “Sov­remennik” jurnalining 1847 yilgi yanvar sonida chop etilgan. Unga odatdagi, hatto undan ham quyiroq saviyadagi narsa deb qarashgan, mayda harflarda, xo‘jalik, agronomiya va boshqa ikkinchi darajali maqolalar ichida ko‘zga tashlanmaydigan joyda e’lon qilingan. Uncha-buncha odam bir qarashda ilg‘ab olishi qiyin bo‘lgan bu bitikni o‘quvchilar nafaqat payqadilar, balki unga jurnalning birinchi raqamli mahsuloti sifatida qaradilar, u hammaning tiliga tushdi, kutilmaganda katta muvaffaqiyat qozondi. Buning siri nimada edi?

* * *

“Xor va Kalinich”da rus hayotiga xos bo‘lgan shunday voqealar hikoya qilinadi: u Orlov (yozuvchining ota yurti) va Kaluga (ona yurti) odamlarining fe’l-atvorini taqqoslashdan boshlanadi. Shu qiyosda vatanining butun qiyofasi ikki qirg‘oqda ikki xil manzara va umumiy yaxlitlikda namoyon bo‘lgandek. Orlov har jihatdan nochor: odamlari noshud, o‘rmoni siyrak, uylari pastak. Kalugaliklar esa baland bo‘yli, o‘ziga to‘q, ishbilarmon, hovlilari darvozali, ov qilish ham yoqimli. Orlovda esa daraxtlar qurib borayapti, botqoqlik. Ovchi sifatida yozuvchi kalugalik mayda pomeshchik Polutikin bilan tanishib qoladi va u qo‘rg‘oniga boshlab borishdan oldin o‘z mujiklaridan Xorning qo‘rasiga taklif qiladi. Xor yigirma besh yil oldin uning mulkidagi botqoqlikni obrok to‘lash sharti bilan olgan va shu kunlarda uddaburonligi, ishchanligi bilan boyib ketib, binoyidek yashayotgan edi. “U aqlli mujik”, deydi xo‘jayin. Xor bilan uchrashganda u ovchida yaxshi taassurot qoldiradi. “Uning qiyofasi menga Suqrotni eslatdi” deb yozadi Turgenev. Boshqa bir safar esa Kalinichning qo‘rasiga duch keladi va unikida uch-to‘rt kun turib qoladi. Bu ikki mujik o‘zaro hamkor, bir-biri bilan bordi-keldi qilib turadigan og‘aynilar edi. Suhbatlar asnosida o‘rmon chechaklaridek beg‘ubor bu ikki odamning ichki dunyosiga teran nazar tashlagan yozuvchi ularda millatining ko‘plab nodir fazilatlarini payqaydi, bu chizgilarni asarida mufassal qayd etadi. Iloji boricha o‘zini ularga teng tutib muomala qiladi (axir u kimsan Yevropani kezib chiqqan, nufuzli universitetda tahsil olgan, buning ustiga katta yer egasi edi-ku), ishonchini qozonadi. Shu tufayli ularning suhbatlari qo‘r oladi. Molxonaga tutashib ketgan somonxonada tunashni ixtiyor etadi, kechasi bilan ho‘kizlarning bo‘kirishi, cho‘chqalarning xurillashidan quloqlari batang bo‘lib chiqadi, biroq qadrdon zamin bo‘yi va harorati ufurib turgan namchil somonlar ichidagi uyqu unga o‘ta lazzatli tuyuladi. Ular juda kirishib ketishgach, mujiklarning ichki olamini kashf etib, ularni qiyosan tasvirlaydi: “Xor ochiqko‘ngil, amaliyotchi, kallasi boshqaruv ishlarida mohir, tejamkor kishi; Kalinich, aksincha, orzu bilan yashaydiganlar toifasidan, xayolparast, ehtirosli…”. Bir-birining butunlay aksi bo‘lgan bu zotlarni o‘nlab o‘lchovlarda qiyoslagan yozuvchi go‘yo rus kishisi qalbining ufqlarini ikki oraliqda chizib ko‘rsatgandek bo‘ladi. Xor haqida gapirib, “Men birinchi marta oddiy, aqlli rus mujigining jonli suhbatini eshitdim”, deb yozadi va undan ko‘p narsa o‘rganganini e’tirof etadi.
Ularning turmush tarzi (o‘rim payti shahardan chalg‘i olib kelib sotadiganlar bilan oldi-berdilari, gazmol savdogarlariga munosabatlari), maishiy hayotlari, oilaviy munosabatlari, qiziqishlari yuzasidan kuzatishlarini batafsil, mehr bilan aks ettiradi. Bu manzaralar bilan tanishib, uning zamirida urfga aylangan hayot zaylini inkishof etib, toifalar (masalan, pomeshchik Polutikin va mujiklar) o‘rtasida ayir­machilik yo‘qligini, faqat qaror topgan tartiblar bo‘yicha bir tomon o‘zini hukmdor, ikkinchi tomon esa tobe deb hisoblashini tushunib oladi. Miyaga quyulib qolgan bu aqidani o‘zgartirish esa oson emas. Ovchi Xorga “Butunlay erkin bo‘lishni istamaysanmi?”, deya savol beradi. Bunga javoban mutelikni sevib qolgan odam “Nima kerak menga erkinlik? Unda soqolimni oldirishimga to‘g‘ri keladi. Xojamiz ham yomon odam emas”, deb javob beradi.
Turgenevning mazkur ocherkiga o‘quvchilarning qiziqish sabablarini dastlabkilardan bo‘lib Belinskiy ochib berishga jahd qildi: “Xor va Kalinich”dek kichkina hikoyaning bunday muvaffaqiyat qozonishi, – deb yozadi tanqidchi, –tasodif emas: unda muallif xalq hayotiga shunday tomondan yondashganki, hozirgacha hech kim bu eshikdan kirmagan edi”.
Turgenev yaratgan ikki xarakter: amaliyotchi Xor va xayolparast Kalinich xalq hayotining badiiy talqinida “Kopernik burilishi” (olimni G‘arbda geotsentrik emas, geliotsentrik nazariyaning asoschisi deb bilishadi)ni yuzaga keltirdi, deb yozadi rus adabiyotining tadqiqotchilari. Bu ikki mujikning yorqin qiyofasi qarshisida hozirgacha e’zozlab, umid ko‘zi tikilib kelinayotgan sinf vakili – pomeshchik Polutikin xira tortib qoladi. Go‘yo millat kelajagining kurtaklari kashf qilingan, bu – oddiy xalq ekanligi badiiy tasdiqlangan edi. Turgenevning o‘zi ham ocherkida milliy iftixorni his qilgandek bo‘lib, “Xor bilan suhbatlarimdan keyin shu narsaga qat’iy ishondimki, buni hatto o‘quvchilar ham kutmasliklari, xayollariga keltirmasligi mumkin, Buyuk Pyotr o‘z yuksakligi bilan aynan rus kishisi edi va shuning uchun ham ruslarga xos islohotlarni amalga oshirdi. Rus kishisigina o‘z kuchi va qudratiga shunday ishonadi”, deb yozgan ekan.

* * *

Ijodiy muvaffaqiyatdan ilhomlangan Turgenev shu ruhdagi hikoyalarini davom ettirdi. Ularda bosh obraz sifatida talqin etilgan ovchi tilidan bir-biridan qiziq va jozibador voqealar bayon qilinadi. Uslubning samimiyligi, odmiligi o‘quvchini o‘ziga jalb etsa, ularda tasvirlangan xalq hayotining kaleydoskopdek manzarasi fikr qilishga, o‘ylashga undaydi. Ayniqsa, jamiyatda yangi bir to‘lqin paydo bo‘lgan, ilg‘or andazalarga taqlidan, muqobil yo‘llar izlanayotgan davrda bunday mutolaaning samarasi chuqur ijtimoiy mazmun kasb etmasdan qolmasdi. Jamiyat hushyor tortib, eng muhimi, endi qoloq tartiblar (masalan, krepostnoychilik) bilan yashab bo‘lmasligini ko‘pchilik tushunib, mamlakat hayotidagi qora dog‘lar tobora aniqroq ko‘zga tashlanib qolayotgan pallada yangi sog‘ilgan sutdek hovurli va haroratli oddiy halq hayotining badiiy manzaralari nuqtai-nazarlarga, ijtimoiy qarashlarga keskin ta’sir qilayotgan edi. Ayni shu pallalarda umumillat e’tiboriga “Kim aybdor?” (A.I.Gertsen), “Nima qilmoq kerak?” (N.G.Chernishevskiy) degan savollarning qo‘yilishi ham tasodifiy yoki noo‘rin emas edi.
Turgenev esa yana ham ishtiyoqqa to‘lib, qalamini charxlayotgan, endi hikoyalarida o‘z estetik mezonlaridan kelib chiqib, qulochni kengroq yozayotgan – asarlariga yangi-yangi badiiy unsurlar kiritib, ularni tobora boyitayotgan edi. Yozganlarida shavq bilan jonajon rus o‘rmoni tasvirini quyuq bo‘yoqlarda ifodalab, adabiyotda so‘z rassomligiga erishayotgan, daraxtlarni, yerni, daryolarni gapirtirib, badiiy imkoniyatlar chegarasini kengaytirayotgan edi. Bunaqasi hali milliy adabiyotda uchramagandi. Turgenev xalq hayotida shunday umummilliy ma’noni topdiki, keyinchalik uni Lev Tolstoy roman-epopeyaning badiiy tagzaminiga aylantirdi, deydi olimlar. Tolstoy dahosida porlagan mash’ala dastlab Turgenev ijodida uchqun sifatida namoyon bo‘lgandi. Rus ilmiy-ijodiy jamoatchiligi (turli yo‘nalishdagi jurnallar, siyosiy to‘garaklar, ma’rifiy jamiyatlar, faxriylar uyushmalari va boshqa ko‘plab jamoat tashkilotlari) bu holni o‘z paytida payqagan edilar va Turgenev umumilliy ziyolilar davrasining e’tiboridagi odamga aylandi. Uning ijodi esa ona tabiat tasviri bilan hamohang chuqur ijtimoiy teranlikka erishib, o‘ziga xos tariqat kasb etib bordi. Bu holni “Ovchining maktublari”ga kirgan “Ermolay va tegirmonchining xotini”, “Bejin o‘tlog‘i”, “Burmistr”, “Kuychilar”, “Ikki pomeshchik”, “Uchrashuv” singari o‘sha asr rus hayotining quyma manzaralari mohirona aks ettirilgan lavhalarda ko‘rish mumkin. Ularning har bir satrida vatanga mehr, xalqqa hurmat ruhi ufurib turadi.
Xurjun orqalagan, goh dilkash hamrohi bilan, goh yolg‘iz ovchi o‘rmonlarni kezadi, bu sayrlarida o‘zini ona quchog‘ida erkalanayotgandek sezadi. Safarlari davomida turli manzaralarni kuzatadi, fe’l-atvori, ichki olami bir-biriga o‘xshamagan, ammo umumiy manzara – yagona rus millatini to‘ldirib turadigan odamlarni uchratadi, ular bilan dildan suhbatlashadi, oddiy, beg‘ubor, tiniq hayot tarzlaridan ta’sirlanib, ularni ishtiyoq bilan qog‘ozga tushiradi.
“Ovchining maktublari”da turli yosh, kasb, taqdir egalari bo‘lgan ko‘plab yurtdoshlar hayoti qalamga olingan. Ular yozuvchi shaxsan tanigan, turli darajada muloqotda bo‘lgan kishilar. Biri qo‘shnisi, boshqasi haqida birovdan eshitib, keyin topgan, ular savdogarlar, kucherlar, yer egalari, urush ishtirokchilari – kim bo‘lmasin, yozuvchining qalami ularning faqat o‘zigagina xos qirralarini topa oladi va betakror timsollarini chizadi. Shuningdek, ular umumrus xalqiga, millatiga xos sifatlarni namoyish etadilar. Bir narsani tan olish kerak: bir qarashda chang bosgan, uncha-bunchada nazarga ilinavermaydigan, har kun ko‘raverib ko‘z pishib ketgan, qolaversa, jonga tegib bo‘lgan nursiz xalq hayotini bunchalik mehr, ishtiyoq bilan tasvirlash, yana ulkan somon g‘arami ichida yashiringan ninani – xalq hayotining ohanrabosini topish uchun yozuvchi kuchni qayerdan oldi ekan? Agar jonli hayotning har bir lavhasi takrorlanmas va qaytarilmas ekanligini tan olsak, chindan ham bu hayotdan ko‘plab hikmatlarni kashf etish mumkin. Yozuvchiman, deb o‘zini ma’lum qilgan har bir kishida shunday maqsad, uni ro‘yobga chiqarish uchun ishtiyoq bormi?
Ilmiy-adabiy davralarda o‘z vaqtida “Ovchining maktublari” dolzarb­ligi, yangiligi (shungacha bo‘lgan rus adabiyotini dvoryanlar hayotining siyqa manzarasi, deb atash mumkin), toza havoni dimiqqan milliy badiiyatga olib kirganligi bilan tan olingan bo‘lsa-da, unga e’tirozlar ham bo‘lgan. Jumladan, uning xorij tillariga tarjimasi bilan tanishgan I. Geyze (nemis), Melxior de Vogyue (frantsuz), shuningdek, P.Annenkov (Rossiya) va boshqa tanqidchilar asarda hayot haqiqati badiiy haqiqat darajasiga ko‘tarilmagan, holatlar, obrazlar talqinida takrorlar bor, ayniqsa, asar tuzilishi parokanda, yaxlitlik ta’minlanmagan, hikoyalarda kompozitsiya zaif (xususan, voqealarning yechimi yo‘q) singari munosabatlarni ham bildirishgan. Bularda ham jon bor, masalan, hikoyalar istalgan nuqtada to‘xtatib qo‘yiladi, ishtirokchilarning keyingi taqdiri haqida boshqa gap bo‘lmaydi. Baribir ilm – ilm, hayot – hayot ekan, “Ovchining maktublari” jamiyatning barcha tabaqalari hayotiga kirib bordi, ularning mehrini qozondi. Yaxshi, tan olingan narsaning ba’zan nuqsoni ham fazilat sanalganidek, bu asar ulkan xazinaga ega bo‘lgan rus adabiyotida o‘ziga xos mavqe kasb eta oldi (balki uning baxti “birinchi”ligidadir).Umummilliy ijtimoiy fikrning shakllanishida va yuksalishida dastlabki uyg‘onish qo‘ng‘irog‘ini chalganlardan biri – jonli xalq hayotining yorqin ifodasi sifatida yo‘nalishni to‘g‘ri belgilab olishga ko‘maklashgani bilan ham bu to‘plam tarixiy va qadrli bo‘lib qolgan.

* * *

Turgenevning Polina Viardoga muhabbati ham boshqalarga o‘xshamagan bir doston edi. Agar qars ikki qo‘ldan chiqishini hisobga olsak, bu munosabatda u tarafning ham xayrixohligi ko‘p rol o‘ynagan. Polinaning Lui Viardo bilan nikohini baxtli deb bo‘lmasdi. Yoshdagi farq ularni ajratib turardi. Lui xotinini sevardi, uni to‘g‘ri tushunib, ba’zi qiliqlari uchun rashkning mayda tazyiqlari bilan azoblamasdi, uning erkinligidan xijolat bo‘lmasdi. Hatto Jorj Sand uni tungi qalpoqqa o‘xshatgandi. Polina erini katta hayotga olib chiqqan ustoz va homiy sifatida qadrlar va sevardi. Albatta, buyuk tuyg‘u – sevgining buyuk sirlari ham mavjudligini hisobga olsak, ularning munosabatlarida buyuk hamkorlikni ham ko‘rish mumkin. Polina Turgenevning qistovi va ko‘magida rus tilini o‘rgandi, ruscha romanslarni kuyladi. Hatto Turgenev asarlarini o‘qib, u bilan ijodiy muloqotga kirishadigan bo‘ldi. “Ruslar menga bir jihatdan qulluq qilishlari kerak, – deb yozadi u bir oz kekkayib, – Turgenev yozishda to‘xtamaydi, uning biron satri ham mening nazarimdan o‘tmasdan ularga yetib bormagan”. Lui esa rus yozuvchisi taklifi bilan Pushkinning “Kapitan qizi” povestini va boshqa asarlarni frantsuz tiliga tarjima qildi. Bu yumush katta ahamiyatga ega edi. Frantsiyada o‘sha yillarga kelib ham Pushkinni yaxshi bilishmas, Gogolni esa tanishmasdi. Tarjimalar orqali jonli rus adabiyoti frantsuz va boshqa Yevropa xalqlari madaniy hayotiga kirib bordi, ulardagi bepisand kayfiyatni o‘zgartirib, ruslarga e’tibor va hurmat bilan qarashni yuzaga keltirdi. Shuningdek, Lui Arigon Turgenev tavsiya qilgan ma’lumotlar asosida Rossiyadagi ijtimoiy hayot haqida maqolalar yozdi. Bu sa’y-harakatlar milliy madaniyat taraqqiyotida sezilarli qadamlar edi.
Turgenevning Polinaga bo‘lgan munosabati uning ko‘plab asarlarida, masalan, “Ortiqcha odamning kundaligi”, “Yozishmalar” qissalari, umuman, butun ijodida u yoki bu darajada aks etgan. Shunisi borki, yillar o‘tgan sari bu munosabatlar eskirib, xira tortib emas, balki yangi-yangi qirralari bilan boyib, yosharib, nurafshonlashib borgan. Oxirida Turgenev butunlay “qul” holiga tushgan, garchi boshqa ayollar atrofida paydo bo‘lsa-da, Polinadan ajrala olmagan. “Uning so‘zi men uchun qonun” deb tan olgan o‘zi. Do‘stlari esa “Agar unga bir mamlakatda shoh bo‘lib, davru davron surasanmi yoki Polinaga xizmatkor bo‘lib, Afrikaga ketasanmi, deb so‘rasalar, u ikkinchisini tanlardi”, deya e’tirof etishgan. Unga tanqidiy munosabatda bo‘lgan va kamchiliklaridan kulib yurgan Tolstoy ham “Men uning shunchalar seva olishiga ishonmagandim”, deya tan bergan ekan. Turgenevning Viardolar oilasi bilan munosabati ko‘ngildagidek bo‘lgan. “Taqdir menga o‘z oilam bo‘lishini nasib etmadi, – deb yozadi u, – men begona, frantsuzlar oilasiga bog‘lanib qoldim va ularning qatoriga qo‘shildim. Allaqachon ular meni bu jamoaning odami deb hisoblashadi. Bu joyda menga yozuvchi deb emas, oddiy odam sifatida qarashadi. Ular bilan bo‘lish menga yoqimli va o‘ng‘ay”, deya e’tirof etadi. Ularning bolalarini o‘z qizidan ko‘ra yaxshiroq ko‘rardi. Bu oila uchun qo‘lidan keladigan har qanday xizmatga shay turgan. Butun Yevropada tanilgan yozuvchi, katta-katta davralarda e’tirof etilgan shaxs kurort shaharlarning birida Viardolar uchun qulay villa izlab mulozimlardek tentiragani ham shundan. Umuman, bunday munosabatlarni tadqiqotchilar turli xil baholaydilar. Ba’zilar ular o‘rtasidagi munosabat sof hurmatga asoslangan edi, jumladan, moddiy ahvol hech qanday mavqe kasb etmagan, deyishsa, boshqalari Polinaning falon o‘g‘li Turgenevning farzandi bo‘lgan, deyishadi. Albatta, G‘arb axloqi, oilada mutlaq erkinlikka intilish muhitida biror narsa deyish qiyin. Turgenevning o‘zi esa Polonskiy bilan suhbatida Polina Viardo afsungar ekanligini shipshitgan ekan. Do‘sti Annenkov “U ayol qalbini buysundira olmaslik va uni boshqara bilmaslik tuyg‘usi bilan azob chekdi”, degan ekan. Ehtimol, o‘ziga ortiqcha ishongan va qat’iyatli yozuvchi xonandaning qalbini butunlay zabt etishni maqsad qilgan, mag‘rur ayol esa bunga yo‘l qo‘ymagandir, shuning bilan birga “shirin luqmalar” tashlab, oshig‘ini qo‘yib ham yubormagandir. Mavhum va murakkab sinoat!
O‘g‘lining ajnabiy ayolga ilakishib qolganini sezgan onasi Varvara Petrovna tezda undan voz kechishni talab qiladi, lekin har qanday tazyiqlar “qo‘l-oyog‘i bog‘langan” yigitga ta’sir qilmasdi. Bir safar u Polinaning Moskvadagi kontsertiga tushadi. Onalik mehrini jilovlay olmay, “La’nati lo‘li yaxshi kuyladi”, deydi. Odamlarni qanday yo‘lga solishni bilgan pomeshchik ayol shundan keyin xarajatlarga mablag‘ni kamaytiradi, oqibatda, Turgenevda kontsertga tushish, ijara haqi to‘lash, hatto tushlik qilish og‘ir bo‘lib qoladi.
Varvara Petrovna uch o‘g‘lidan butun umidini shu Ivanga tikkan edi. Kasalmand tug‘ilgan kenjasi bolaligida nobud bo‘lib ketadi. To‘ng‘ichi Nikolayning umri xizmatda o‘tadi, yog‘li ishning boshini tutmay, onaning qo‘ltig‘idan chiqmaydi. Boz ustiga oqsochi Anna Shvarts bilan don olishib yurgani ma’lum bo‘ladi. Ular qochib ketib, yashirincha nikohdan o‘tadi. Izidan eshikog‘asi Fedor Lobanov jo‘natiladi. Varvara Petrovna Peterburgga borib, gap nimadaligini bilib kelgan Lobanovni ham, Nikolayni ham qattiq jazoga giriftor qiladi. Nikolay past tabaqa ayol bilan nikohdan o‘tganligi uchun merosdan mahrum qilinadi, Lobanov esa yomon xabar bilan kelgani tufayli, ishdan haydalib, chekka qishloqqa axloq tuzatish ishiga surgun qilinadi.
Ona o‘rtanchasining yutuqlaridan hozircha mamnun edi. Berlinda tahsil olganida pulni ayamadi, u yil o‘tib, qishloqqa qaytganida tantanali kutib olish bayrami tashkil qildi. Odamlar shu kunlari jahldor xotinning xushfe’l, saxiy bo‘lib qolganini sezganlar. U Ivan Sergeevichning har tomonlama cho‘g‘ini oladigan katta shaxs bo‘lishini istar, qadam olishlarini sinchiklab kuzatib, munosabatini keskin bildirib turardi. Uning ijodiy urinishlariga shubha bilan qarar, bu mashg‘ulotdan biror naf chiqarishiga ishonmasdi. “Menimcha, kotib bilan yozuvchi bir xil kasb egasi, – derdi u, – ikkalasi ham pul topish uchun qog‘oz qoralaydi. Ivan, dvoryanin qalam qitirlatib o‘tirmasligi, aksincha, mansabga erishib, mo‘may daromad qilishi, yaxshi yashashi lozim. O‘zing Pushkin bo‘la olmasligingni tan olayapsan, hozir kim kitob o‘qiydi? Hayotga jiddiy qara, bir vazifaning boshini tut, keyin uylan, Turgenevlar sulolasini davom ettir”. O‘g‘il Berlindan xatlariga she’rlarini qo‘shib jo‘natardi, bu onaning ensasini qotirardi. “Sendan qayerlarda bo‘lding, kimlarni ko‘rding – shular haqida xabar kutib tursam, birdaniga she’rlar. Sayoz, yana qofiyasi joyida emas. Men Pushkinning dastxatini sevaman. Sen Fedosya xolani eslatasan. Notani oladi-da, o‘zicha skripkani g‘iyqillatib o‘tiradi, shu bilan chalgandek bo‘ladi”. Keyin mana bunday xatlar ham kela boshlaydi: “Oh, qanday go‘zal she’rlar jo‘natibsan. To‘g‘ri, men ba’zilarini tushunmadim, biroq Olloh seni yorlaqasin. Bunday yozish…” “Parasha” poemasini o‘qigach esa “Shubhasiz, senda iqtidor bor”, deya tan oladi.
Qobiq ichida yetilgan mag‘iz o‘z borlig‘ini inkor etganidek – qobiqni yorib, dunyoga chiqqanidek, turli muhit va sharoitlarda o‘sgan, tarbiyalangan ona va o‘g‘il o‘rtasida ixtiloflar ham bo‘lishi tabiiy edi. Xususan, onaning qo‘l ostidagi krepostnoylarga munosabati Ivan Sergeevichga yoqmas, haqli noroziligiga sabab bo‘lardi. Qolaversa, erkinlikni yoqlagan insonparvar sifatida jonli hayotda dehqonlarning mazlum ahvolini o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, bu lavhalarni dunyoqarashi bilan taqqoslar, unga rus mujigining ozodligi millatni qutqarishning yagona yo‘li bo‘lib tuyulardi. Shu tufayli u krepostnoy tartiblarning ashaddiy dushmaniga aylandi va ilg‘or rus ziyolilari safida turib, bu tartiblarning bekor qilinishiga katta hissa qo‘shdi.

* * *

Peterburg universitetining talabasi 1834 yilning qishida qishlog‘iga kelib biladiki, bolaligida birga o‘ynab katta bo‘lgan dehqon qiz Lushani onasi Ayiq laqabli pomeshchik xotinga sotib yuboribdi. O‘g‘il onasiga savdoni bekor qilish, Lushani qaytarib olish talabini qo‘yadi. Har qancha yolvorishlar kor qilmaydi. Shunda o‘smir birinchi marta onasiga o‘z xarakterini namoyish etadi: Lushani qaytarib kelib, unga qo‘riqchilar tayinlaydi. Bundan g‘azablangan Ayiq hokimiyatga “yosh barin” dehqonlarni isyonga chorlayapti, deb shikoyat qiladi. Spasskka uyezd politsiyasining boshlig‘i qurollangan ikki mulozimi bilan yetib keladi. Turgenev o‘qlangan miltiq bilan hayqirgancha ularga peshvoz chiqadi, bunaqasini kutmagan tartib soqchilari boshlarini og‘ritib o‘tirishni lozim ko‘rmay, jo‘nab qolishadi. “Mtsensk uyezdining yosh pomeshchigi Ivan Turgenevning to‘poloni” yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘aladi, bu uzoq yillar, to krepostnoy huquq bekor qilinguncha davom etadi. Varvara Petrovna baribir katta pul evaziga Lushani qaytarib oladi.
Tadqiqotchilar Turgenevda ayollarga e’tibor, hurmat oila muhitida shakllanganini ta’kidlaydilar. Avvalo o‘sha yillarda rus jamiyati o‘z madaniyati, insonparvarligini aynan shu nuqtada namoyish etishni boshlagan edi. Bu ruh Frantsiya va boshqa Yevropa mamlakatlaridan o‘tgandi, desa ham xato bo‘lmaydi. Shu orqali ham rus dvoryanlari o‘zlarini hech kimdan kam emasliklarini ko‘rsatmoqchi bo‘lishardimi? Badiiy adabiyotga, umuman, san’atga yaqin bo‘lgan Turgenev uchun esa bu hol shaxsiyat bilan bog‘liq edi. Yana Yevropaning eng muhtasham madaniy markazlarida bo‘lish, ularda tantanali kibor davralarida ishtirok etish, o‘zi ham e’tibor qozonib, arzirli kavalerga aylangani ham uning yuqori madaniyat mezonini ushlashga undardi. Qolaversa, ota-onasi o‘rtasidagi moddiy tomondan to‘la ta’minlangan, biroq tund, sevgi-muhabbatdan yiroq oila sharoitidan nimadir istagan, topolmagan va o‘sha izlaganiga ayollar bilan munosabatlarda erishgandir.
Jamiyatda yetarli mavqe qozongan, ammo yillarning shafqatsiz tazyiqi ostida sochiga oq, yuziga ajin tushib, oshiqlari safi kamayib boravergan va, nihoyat, yolg‘izlanib qolgan madamlar, markizalar hali so‘nmagan hayot zavqi, qoniqmagan ko‘ngil istagi bilan navqiron yoshlikka intilishar, yosh yigitchalarni “ov”lashar, endi munosabatlar mazmuni o‘zgarib, ular tarbiyachi, homiy, onaxon sifatida sahnada harakat qilardilar. Har qanday ta’madan yiroq, biror manfaatni ko‘zda tutmagan bu aloqalar ko‘ngilda yashayotgan go‘zallik sog‘inchini qondirishga yo‘naltirilgan bo‘lar, navqiron kavalerlar bilan suhbatlar adabiyot, musiqa, tarix, umuman, madaniyat masalalari xususida kechardi. Yaxshi tahsil olinganining mahsuli – keng ma’lumot, aristokratlar davralarida urf bo‘layotgan eng nafosatli odatlardan xabardorlik, shaxsiy madaniyat va boshqa omillar yosh muhiblarni salobatli ustozlariga bog‘lab qo‘yar, bundan ikki taraf ham baravar huzur qilishardi. Jahon adabiyotining yirik vakillaridan biri Onore de Balzakka nisbat berilgan “Balzak yoshi” degan ibora uning yashagan yillarini emas, balki “labi do‘rdaygan, tishi sarg‘aygan, ayiq kelbat pahlavon yigit”ga rahnamolik qilgan, ijodining yuzaga chiqishida homiylik ko‘rsatgan, hayotining to‘g‘ri izga tushib ketishini ta’minlagan marhamatli xonimlarga nisbatan paydo bo‘lgandi. Ular Laura yo markiza de Berni yoki de Abrantes bo‘ladimi, ism-shariflari Zyulma Karro yoxud Marselina Debord-Valmormi, sarguzashtlari bir necha jildga sig‘maydigan gertsoginya Anriyetti Mari de Kastri bo‘ladimi, xonimlar bo‘yi baravar qarzga botgan, sutkasiga o‘n besh soat qimirlamay ishlash qudratiga ega bo‘lgan yozuvchi har qancha harakat qilmasin, bu girdobga tushib qolgan hamda g‘arq bo‘lishi aniq bo‘lgan yillarda unga marhamat qo‘llarini cho‘zganlar, uni halokatdan saqlab qolib, jahon adabiyotiga yuz jildlab romanlar va boshqa badiiy adabiyot namunalarini hadya etganlar. Ular haqidagi mish-mishlar unutildi yoki arzimas axborotga aylanib, hech qanday ahamiyat kasb etmay qoldi, biroq ehtiroslar qonda yoqqan alanga tufayli tug‘ilgan asarlar insoniyatning bebaho madaniy mulkiga aylandi. Bunday kitoblar hamon o‘quvchilarni o‘ziga maftun etib kelmoqda. Ularda aks etgan ayol qalbining go‘zalligi necha yuz yillardirki, takrorlanmas joziba kasb etib, odamlarni hayratga solib kelayapti.
Turgenev ana shunday estetik tamoyillar qaror topgan dunyoning yozuvchisi edi. Uning shaxsiyatidagi bir necha qirralar: oila muhiti, onasining timsolidagi ayollarga xos tuganmas qudrat, nafosatga oshuftalik, xotiralar, yuqori davralarga yaqinlik, qadimiy madaniyat unsurlari bilan oshnolik, hayotida Polina Viardo singari sirli xilqatning mavjudligi uni bu tilsimli va vahimali olamga yaqinlashtirgan, borlig‘ini tebratib o‘tgan hayotiy voqealar ta’siri ostida vulqondek ilhom zabti shiddatida bir zarb bilan go‘zal sevgi qissalarini qog‘ozga tushirib tashlayvergan edi. Uning asarlari o‘zi ko‘rgan, bilgan kishilar hayoti asosida yaratilgan. Ular fotosurat singari muhrlanmagan, balki mohir ustaning didi bilan qayta sayqallangan.
Albatta, onasining xizmatkori, shartnoma bilan ishlaydigan chevar Avdotya Yermolayevna Ivanova bilan yuz bergan ochiq osmonda chaqnagan momaqaldiroqdek voqea uning tasavvurida beiz ketmagan. Qizning shipillab qadam olishlari, savollarga tortinib javob berishlari, yana aqlliligi, kamtarligi 23 yoshli barinni beparvo qoldirmaydi va uni sevib qoladi. Kundan-kunga qiz mayin tabassumi, yoqimli ovozi bilan sevimliroq bo‘lib boraveradi. Bunday e’tiborga javoban jami rus qizlarida bo‘lganidek, Avdotya butun borlig‘ini o‘ziga qaratilgan muhabbatga bag‘ishlaydi. Bu xonadonda sir yotmas edi. Varvara Petrovna ishqiy sarguzashtlarni eshitib, juda darg‘azab bo‘ladi, hatto bir zum hushini yo‘qotadi. Boshqa bir vaziyatda bo‘lganda bu mayda narsaga e’tibor ham bermasdi, biroq shu o‘g‘lidan umidi katta edi-da. Zum o‘tmay qizni hibsga olib, yerto‘laga qamaydilar. O‘g‘ilni esa yerdan olib, ko‘kka solib, rosa ta’zirini beradi. Aybdor o‘z gunohini bo‘yniga oladi, hatto unga uylanishini ma’lum qiladi. Bu onani battar g‘azablantiradi. O‘ziga kelgach esa birinchi navbatda qizni mulkdan haydash, uni Moskvaga jo‘natish qarorini e’lon qiladi. Moskvada Avdotya farzand ko‘radi. Avlodini boshqa kishilar qo‘lida sig‘indi bo‘lishini istamagan Varvara Petrovna qizaloq nabirani olib keltiradi. Polineta keyinchalik otasining xohishi bilan Polina degan ismga ega bo‘ladi (sababi aniq), Parijda Polina Viardolar oilasida tarbiyalanadi, Turgenevning yagona zurriyodi sifatida ulg‘ayadi.

* * *

Keyinchalik katta siyosiy arbob sifatida Rossiya ozodlik kurashi tarixida qolgan Mixail Bakunin bilan Turgenev juda erta tanishgan, bu yaqinlik bir-birlarining dunyoqarashlari shakllanishida muhim rol o‘ynagan edi. U bilan Berlinda yana uchrashadi, ta’tilga ketayotganida Bakunin Turgenevdan Premuxinodagi mulklariga borib, tug‘ishganlariga o‘z salomini yetkazishni so‘raydi. Qishloqda u xilvatda yashayotgan malakka duch keladi. O‘zidan uch yosh katta bo‘lgan Tatyana Bakunina ko‘rgan kishini beparvo qoldirmaydigan malohatga ega edi. U mehmonni mehribonlik bilan kutib oladi, uni zeriktirmaslikka intiladi. U nemis falsafasi olamida yashar, Novellis, Rixterdan yoddan tsitatalar keltirardi. Turgenev yaxshi taniydigan Bettini Arnim haqida hayajon bilan so‘zlaydi. Turgenev ham qiz oldida past tushmaslik uchun bilganlarini ehtiros bilan hikoya qiladi, Pushkin, Lermontov, Koltsov va o‘zining she’rlaridan o‘qiydi. Yaxshi ma’lumotli va tajribali qiz (bir vaqtlar uni Belinskiy ham sevishga ulgurgan ekan) Turgenevning tug‘ma shoir ekanini tezda ilg‘aydi. Suhbatlarining uchinchi kuni yolg‘iz qolganlarida Tatyana “Siz Xudo tomonidan e’zozlangan ilohiy, mo‘jizalar yaratishga qodir zotsiz. Sizning tiynatingizda Uning ulug‘ligi, marhamatining belgilarini ko‘rayapmanki, siz buyuk, qudratli, erkin va ardoqli kishi bo‘lib yetishasiz”, deydi. Qishloq qizining beg‘ubor qalbidan chiqqan bu e’tiroflar Turgenevni osongina maftun etadi. Premuxinodan jo‘nab ketishida Tatyana uni sevib qolganini tan oladi. Ehtimol, bu tomondan ham shunga yarasha javob bo‘lgandir. Tezda jo‘natilgan xatga vafot etgan opasidan xotira bo‘lib qolgan xoch qo‘shib yuborilgan va unda “Mening birinchi muhabbatim Iso Masih edi, oxirgisi esa Siz bo‘lasiz”, degan so‘zlar darj etilgan edi. Shundan keyin Berlinga xatlarning keti uzilmadi. Ivan Sergeevich esa qishloqi qizning qarashlarida qandaydir cheklanganlik unsurlarini sezgan, garchi uning tuyg‘ularini qadrlasa-da, ilk taassurotlar xira tortib borardi. Tatyana bilan bo‘lib o‘tgan gap-so‘zlardan shuni his etdiki, odamlar o‘rtasidagi bir tomonlama dramatik munosabatlar, ular qanchalik ohanrabo va jozibali bo‘lmasin, iqtidorli kishilar uchun haqiqiy hayotdan uzoqlashishga, borliqni unutishga majbur qiladigan af’yun singari ta’sir qilar ekan. Jo‘r bo‘lib kuylanmagan bu qo‘shiq o‘z-o‘zidan poyoniga yetdi.
Tolstoylar oilasiga yaqin bo‘lgan Turgenev Mariya Tolstayani ancha oldindan bilardi. U a’molini izlab, yurtlarni kezib yurganda Mariya turmush yo‘rig‘ini tutgan, erga chiqib, oilaviy hayotini boshlab yuborgan edi. Ammo o‘z tuyg‘ularini qadrlagan va hurmat qilgan Turgenev bu go‘zal, bilimdon va oqila ayolni e’tibori doirasidan tashqarida qoldira olmas edi. Pokrovskoyega kelishlarining asosiy sababi Lev Nikolayevich bilan adabiy suhbatlar bo‘lsa-da, biroq maftunkor Mariyani ko‘rish, uning so‘zlarini eshitish istagi ham bo‘lardi. Buni ayol ham his qilar, hatto turmushidan ko‘ra Ivan Sergeevichning munosabatlarini qadrlar edi. Bir safar yaqin dugonasiga: “Dastro‘molim qo‘limdan tushib ketganda Ivan Sergeevich uni yerdan olib, lablariga bosdi”, degan ekan. Ammo taqdir hukmi o‘qilgan, birga yashash nasib etmagan. Ana shunday ruhiy tazyiq ostida Mariya Nikolayevna tarki dunyo qilib, monastirga boradi, umrini zohidlikda o‘tkazadi. Yillar o‘tib, Turgenev bu dunyoni badar etganida Mariya Nikolayevna Turgenevning fotosuratini ko‘rsatib, “Agar u hayotda bu darajada bir so‘zli bo‘lmaganida va Polina Viardoni bunchalik qizg‘in sevmaganida, men u bilan baxtli bo‘lardim, monastirga ham kelmasdim. Biz Yaratganning irodasi bilan qovusha olmadik. U bebaho odam edi, uni tez-tez eslayman”, deb o‘z nadomatini izhor qilgan ekan.
“Odam baxtini yo‘lda (safarda) topadi”, deyishadi. Bu jihatdan Ivan Sergeevichga baraka kulib boqqandi. Uning butun Yevropa bo‘ylab kezishlarida kimlar hamroh bo‘lmasdi? Birinchi marta Berlinga jo‘naganida davlat arbobi va taniqli shoir P. Vyazemskiy hamda mashhur adib F. Tyutchev oilasi bilan ketgandi. Kemada ro‘y bergan yong‘in o‘smir Ivanni juda qo‘rqitgan, joni halqumiga kelib, “Onaning yolg‘iz o‘g‘lini qutqaringlar, evaziga 10 ming rubl beraman”, deb dod solgandi. Haytovur, qurbonlar bo‘lgan o‘sha falokatda u omon qoluvdi. Muhojirlikda yurgan kezlari xorijda yashagan, biroq rus umummilliy madaniyatida yorqin iz qoldirgan Frolovlar, Xovrinlar, Xomyakovlar, Orlovlar oilalari bilan tanishdi, ularning sevimli kishilariga aylandi. Siyosiy qarashlari tufayli ona yurtini tark etgan va har bir kurtakda ertaning shamoyilini izlayotgan bu ziyolilar o‘z millatlariga mansub har qanday iqtidor egasini qadrlashar, unga imkon darajasida ko‘mak berar edilar. Vatan sog‘inchi bilan yashayotgan musofirlar davrasida o‘zining ehtirosli qarashlari bilan ko‘zga tashlanib qolgan Turgenev ularga goh Oneginni, goh Pechorinni, hatto gohida Xlestakovni eslatardi. O‘sha davralarda uning sobit dunyoqarashi shakllandi.
1856 yil mayida Lev Tolstoy bilan suhbatlarini tugatib, Spasskka ketish arafasida o‘ziga xos shaxsiyatga ega bo‘lgan, o‘ta dindor va zohidona hayot tarzini tanlagan Yelizaveta Yegorovna Lambert bilan uchrashib va suhbatlashib qoldi. Uning tanishuvi xorijiy pasport tashvishi bilan yurgan kezlarida ro‘y berdi: Qrim urushi tugagan, chet elga chiqib, qizining va Viardolarning omonligidan xabarlashib kelish imkoniyati paydo bo‘lgandi. Shunda yuqori oliynasab davralarga mansub bo‘lgan bu ayol timsolida kutilmaganda o‘ziga xayrixoh va aqlli, yaqinlari boshiga tashvish tushganda ko‘magini ayamaydigan, birovga yaxshilik qilishga shoshadigan jonhalak do‘stni topgandek bo‘ldi. Ayolning qotib ulgurgan o‘z turmush tarzi bor, allaqachon uning tartiblariga qat’iy amal qilardi. “Shunisi ma’qulga o‘xshaydiki, biz ko‘p uchrashmasligimiz lozim, – deb yozdi Lambert Turgenevga, – yaxshisi, tez-tez xatlar almashib turaylik; menimcha, yuzma-yuz suhbatlarda quruq oldi-qochdi gap ko‘payadi – men esa boshqacharoq odamlar bilan ruhiy yaqinlikka bormoqchiman”. Spasskka kelgach, Turgenevni ziddiyatli tuyg‘ular iskanjaga oldi – nahot shunday malohatli ayol bilan qovushish imkondan xorij; ba’zan ularni Yelizaveta Yegorovna bilan xat orqali baham ko‘rardi: “Eh, grafinya, baxt istagi – agar ibodatda ham baxt bo‘lmasa – qanday bemaza tuyg‘u! Umid qilaman va ishonamanki, hammasi tinchib ketadi, botinimdagi yozuvchi, umuman san’atkor uchun zarur bo‘lgan o‘ziga xos osudalik va e’tiborni ta’minlayman”. Shundan so‘ng ovni ham yig‘ishtirib qo‘yib, ko‘proq kitob o‘qishga mashg‘ul bo‘ladi… Keyinchalik hayotining dramatik damlarida o‘z kechinmalarini bayon etib, xatlar yozib turadi, ba’zi masalalarda maslahatlashadi.
Baronessa Yuliya Petrovna Vryovskaya o‘z shaxsiyati va ayanchli taqdiri bilan Turgenevda o‘chmas taassurot qoldiradi. U bilan Karlsbadda 1873 yilda tanishgan edi. Yozuvchidan 23 yosh kichik bo‘lgan Yuliyaning eri general Vrevskiy urushda halok bo‘lgan, u turmush o‘rtog‘ining xotirasini unuta olmay, ruhiy qiynoqda yashar edi. Turgenevning qistovi bilan Yuliya Petrovna Spasskka tashrif buyuradi va besh kun mehmon bo‘ladi. “Siz bilan xayrlasha turib, – deb yozadi izidan unga yo‘llagan xatida Ivan Sergeevich, – iltifotingiz uchun zarur darajada minnatdorlik bildira olmaganimni sezdim. Tashrifingiz mening qalbimda mangu yashaydi. Sezayapmanki, mening hayotim shu kundan boshlab bir nur bilan muzayyan bo‘ldi. Oramizda paydo bo‘lgan do‘stlikni bir umr qadrlayman va bundan keyin Sizning taqdiringiz mening e’tiborimda bo‘ladi”. Baronessa negadir bunday ehtiroslarga beparvo qarar, uning sovuqqonligi esa yozuvchida yangi hislarni alangalatardi. Xatlarida “Agar sizning ayol asringiz boshlanib, mening er faslim tugayotganidan ko‘nglingiz xijolat bo‘layotgan esa, oramizda bir-birimizni bog‘lab turadigan do‘stlik rishtalari uzilmasin”, deya undan voz kecha olmasligini izhor etardi. Ayol esa boshqacharoq javob qaytaradi: u Bolgariyada davom etayotgan urushga ixtiyoriy ravishda shafqat hamshirasi bo‘lib yo‘l oladi. Uning bu qarorini Turgenev kinoya bilan e’tirof etadi. “Agar omon qaytsam, birga yashaymiz”, deb dalda beradi Yuliya. Aslida u mangu ayriliqni ixtiyor qilgan edi.
Shundan so‘ng Bolgariyadan xatlar kelib turdi. Turgenev ularni ko‘ziga surtib o‘qirdi. Aynan Yuliya Petrovna unga Nekrasov og‘ir betob ekanini, uning sanoqli kunlari qolganini ma’lum qilgandi. Qisqa fursat adabiy hamkorlik qilib, birdaniga dushmanlashib qolgan Turgenev ginalarni o‘rtadan ko‘tarish uchun shoirni ko‘rgani boradi. U juda nochor ahvolda edi, Turgenevni ko‘rib, nimadir deydi (so‘zlarini tushunib bo‘lmaydi), qonsiz yuziga ikki tomchi sarg‘ish ko‘z yoshi dumalab tushadi. Majolsiz qo‘llarini Turgenev tomon cho‘zadi. “Bizni o‘lim yarashtirdi”, deb yozadi Turgenev keyinchalik. 1878 yil boshidan Bolgariyadan xatlar kelishi to‘xtab qoladi. Taxmin qilingan fojea ro‘y bergandi: qurshovda qolgan polk bilan tibbiyot bo‘linmasi ham yanchib tashlangan, jumladan, Yuliya Veryovskaya ham halok bo‘lgandi. Bu xabarni Ivan Sergeevich achchiq iztirob bilan kutib oladi, Yuliya yo‘llagan o‘ntacha xatni bebaho boylikdek bir umr asrab yuradi.
Turgenevning tarjimai holini yozgan biograflari yozuvchining so‘nggi sevgilisi sifatida aktrisa (yana aktrisa!) Mariya Gavrilovna Savinani qayd etishgan. Ivan Sergeevichning iste’dodi butun Yevropada tan olinadi, Angliyadagi Oksford universitetining doktori ataladi. Nihoyat, sukutda bo‘lgan rus jamoatchiligi Turgenev sharafiga tadbirlar tashkil qiladi. Moskva va Peterburg universitetlarida tantanali uchrashuvlar bo‘lib o‘tadi, dramatik asarlari sahnalashtiriladi. Ana shu muloqotlarda “Qishloqda bir oy” pesasida Verochka rolini o‘ynagan yoqimtoy aktrisa uning mehrini qozonadi. “Mening notavon, qari yuragimni navqiron ayol qalbining sehri butunlay qamrab oldi – erkalovchi nigohlar jodusi bilan uning allaqachon tusini yo‘qotgan ranglari yana jilvalana boshladi”, deb yozadi u. 1879 yil 24 aprelda Moskvadan Savinaga shunday xat yozadi: “Siz yo‘llagan ikki xatdagi mehr menga shunday sehr ato etdiki, endi o‘zimni sizdan ayro yashay olishimga ishonmay qoldim…”. Uni Moskvaga taklif qiladi, Savina rad etadi. 16 mayda gastrolga ketayotgan aktrisa bilan Mtsenskdan Oryolgacha poyezdda bir necha soatni birga o‘tkazadi. Shu damlar uning Mariya Savinaga bo‘lgan muhabbatining eng yuqori nuqtasi bo‘lib qoladi. Keyin ayolga bir necha o‘tli ishqiy maktublar yo‘llaydi.
1881 yil yozida Spasskka Grigorovich, Lev Tolstoy, Polonskiy mehmon bo‘lib kelgan, davrada Savinaning paydo bo‘lishi kutilayotgan, uning tashrifiga ataylab Moskvadan yangi pianino keltirishgan edi. Erkaklar jamoasi go‘zal va oqila ayolsiz o‘zlarini g‘arib sezishardi. Bu gal Savina mamnuniyat bilan tashrif buyurdi va besh kun mehmon bo‘ldi. Davraga o‘zgacha fayz kirdi. Oqshom choqlarining birida, botayotgan quyoshning zarrin nurlari daraxt barglarida jilvalanayotgan chog‘ balkonda Turgenev Savinaga “G‘olib sevgi qo‘shig‘i” qissasidan parchalar o‘qib berardi. Asarning sehri ayolni o‘z og‘ushiga tortadi, uning nigohlarida uchqunlar paydo bo‘ladi. Bu shu’lalarni ko‘rmasang ham u vujudni kuydirib o‘tardi. Iste’dodi uchun yozuvchi oliy mukofotga sazovor bo‘ladi: Savinaning o‘tli lablaridan bo‘sa oladi. Bu bo‘sadan uning Spasskdagi uyi bolkonida vujudidan o‘t chiqib ketishiga oz qolganini Turgenev bir umr eslab yuradi. Uning quyoshi botayotgan paytlarda sevgi ana shu xilda vido so‘zlarini aytadi…

* * *

Ko‘rinib qoladiki, Turgenev hayotida ayollar faqat go‘zalligi, aqli bilan emas, shaxsiyati bilan ham namoyon bo‘lishadi. Biri er-xotinlik munosabatlariga xiyonat qilishni xohlamay, monastirga ketishni avlo biladi, boshqasi bevaqt ajralib qolgan erining xotirasini unuta olmay, uning tirik ruhini janggohlardan izlaydi yoki o‘zgasi umr shomida to‘kilib borayotgan vujudga alanga yoqib, uning so‘nggi nafasigacha harorat ato etadi… Bularning hammasi yozuvchining ko‘rganlari – hayot sinoatlari, ayol olamining olmos qirralari edi. Ana shunday mo‘jizaga duch kelgan san’atkor bu dunyoga igna teshigidan mo‘raladi, uning asrorlarini inkishof etishga harakat qildi va bunga erishdi ham. Turgenevning kechinmalari shunchaki ko‘ngilxushlik yoki yengiltaklik – ehtiroslar bilan o‘ynashish sharhi emas, balki hayotning aynan o‘zidir. Zero, ana shu o‘zanda tiriklikning ne bir sinoatlari voqe bo‘lmaydi? Gohida o‘zini o‘zi ham tushunmaydigan ayol daryo ichida turib chanqaydi, sahroda yashab esa borlig‘ini dengizdagidek his qiladi. Eng ko‘p jabr ko‘rsatgan, yomonlik qilgan kishisini mehri og‘ushida ardoqlaydi, sevgan odamini esa mislsiz qiynoqlarga duch qiladi – u o‘z orbitasidan chiqib ketmasin. Ba’zan uni musiqa asbobiga o‘xshatishadi, yoqimli kuy chalish uchun sozanda, albatta, mohir sozanda bo‘lish lozim.
Tarozining ikki pallasi – har kuni hayot erkak– ayol vobastaligida o‘tadi. Ular bir-birlariga oilada, ish joyida, maishiy hayotda, ko‘cha-ko‘yda duch keladilar. Ana shu uchrashuv lahzalarida kayfiyatga, dunyoqarashga, taqdirga ta’sir qiladigan nimadir yuqadi, xuddi bo‘yoqdek iz qoldiradi, uni birdan o‘chirib tashlab bo‘lmaydi, baribir o‘rni qoladi. Arboblar, milliarderlar, harbiylar, olimlar, umuman, turli kasb va qiyofadagi kishilar bu sehr tuzog‘iga tushib qolishlari mumkin, shunda ular kechirayotgan va sharh etib bo‘lmaydigan intim tuyg‘ular ko‘rinmas kuch bo‘lib, o‘ljasini boshqaradi. Taassurotlar esa o‘chmas. Agar hislar junbushga kelsa, bir inson hayotini boshqa o‘zanga solib yubora oladi. Yo barbod qiladi, yo maqsadga muyassar etadi. “Spartak” kinofilmida shunday lavha bor: gladiatorlar ertaga jangga chiqadigan oqshom ularning xonasiga suluv ayollar kiritib yuboriladi (bu ham o‘sha zamon axloqining bir ko‘rinishi bo‘lsa kerak). Valensiya Spartakdan imdod kutadi. U esa jim. Nihoyat, ayol tilga kiradi: “Teginmaysanmi?” Erkak javob beradi: “Men hayvon emasman!” Bu o‘ktam iqror ayol hamiyatini qo‘zg‘aydi, uning borlig‘idagi g‘urur uyg‘onadi va javob beradi: “Men ham”. Ayolning bu e’tirofi erkakni hushyor torttiradi, u odamdek yashash maqomini tanlaydi. Ayol muhabbati uning qonidagi g‘urur, mardlik tuyg‘ularini alangalatadi. Valensiyaning go‘zalligidan ilhomlanib, qullarni oyoqqa turdiradi, uyg‘ongan erk temir panjaralarni sindirib, ozodlikka intiladi…
Jamiyat ma’naviyatini ayol ma’naviyati belgilaydi, degan gap bekorga aytilmagan. Shuning uchun ulardan jamiyat bir umr qarzdor, shuning uchun ular bilan hurmat ko‘rsatib, ehtiyot bo‘lib, qolaversa, qo‘rqib muomala qilinadi. Jamiyatning darajasi ayolga bo‘lgan munosabat bilan o‘lchanadi, deyishlari shundan. Turgenev iqtidori va hayot tajribasi bilan bu olamga nazar tashladi, undan teran hikmat topa oldi. Turgenev asarlari ayoldek nodir xilqatni tushunish va qadrlashda yordam beradi. Binobarin, boqiy va maftunkor bu mavzu ijodining gultoji bo‘lib qoldi. U chinakamiga ayol qalbining muhandisi edi.
Sevgi sarguzashtlari… Ularning hammasini qomusiy lug‘at singari batafsil qayd etib bo‘larmikan? Insoniyat ongli hayotida qanchalab qalam sohiblarining iste’dodi uni kashf etishga yo‘naltirildi – ularning yozganlari, chamasi, hali daryodan tomchi bo‘lsa kerak. Bu ummonning chek-chegarasi yo‘q, bo‘lmaydi ham. Ana shu ummonda suzib yurgan qayiqlargina elas-elas ko‘zga tashlanadi, xolos. Shu suzg‘ichlarning biri Ivan Sergeevich Turgenevga tegishli edi. Uning ijodi davomida yaratgan “Ilk sevgi”, “Asya”, “Faust”, “Cho‘l qiroli Lir”, “Bahor toshqinlari”, “Klara Milich”, “G‘olib sevgi qo‘shig‘i” singari o‘nlab qissalari oliyjanob tuyg‘u – sevgi-muhabbatning turli ohanglarini aks ettirishga bag‘ishlangan. Qissalarning qahramonlari ruslarda ko‘p uchraydigan Asya, Vera, Anna, Natalya, Valeriya yoki mag‘ribona qorishiq Ellis, Susanna, Yevlampiya, Eleonora, Metridiya, Platonida ismlari bilan yoki boshqacharoq ataladimi, hammasida sevilgan ayol qalbining botiniy va sirli jozibasi ifodalangan.

* * *

Turgenev rus adabiyotiga ko‘plab yangiliklar olib kirdi. Bu novatorlikni ta’minlagan bir qancha omillar mavjud. Avvalo, uning jahon adabiyoti durdonalari bilan yaqindan tanishligi bunga yo‘l ochgan. Shuningdek, u Italiyada, Frantsiyada, Angliyada bo‘lib, insoniyat badiiy tafakkuri yaratgan durdonalar: me’moriy yodgorliklar, nodir suratlar, musiqa asarlari bilan oshno bo‘lishga ulgurgan edi. Shuningdek, uning ana shunday yuksak estetik qimmatga ega bo‘lgan xazinalarni yaratayotgan va yaratgan ijodkorlar bilan jonli muloqotlari, adabiy hamkorligi iste’dodining butun borlig‘i ila namoyon bo‘lishini ta’minladi. U Gyugo, Flober, Zolya, Jorj Sand, Mopassan, Merime, Dikkens, Tekkerey singari har biri bir ruhiy olam yaratgan buyuk yozuvchilarning yaqin do‘sti va hamkori edi. O‘z millati ma’naviyatida, ijtimoiy fikr rivojida o‘chmas iz qoldirgan N.Stankevich, P.Panayev, K.Aksakov, P.Pletnev, D.Pisarev singari o‘nlab tom ma’nodagi milliy ziyolilarning maslakdoshi, maslahatchisi edi. Shuningdek, inshomiz davomida o‘zaro bordi-keldilariga batafsilroq to‘xtalgan rus milliy madaniyatining taniqli namoyandalari bilan munosabatlar ham Turgenev faoliyatini va, umuman, o‘sha davr ijtimoiy muhitini atroflicha tasavvur qilish imkonini beradi, tasavvurlar esa to‘la ma’noda bu pleyadaning qanchalik o‘rni salmoqli bo‘lganini tasdiqlaydi. Ular o‘zlarining u yoki bu darajadagi ma’naviy jasoratlari bilan rus xalqiga buyuklik maqomini tuhfa etgan ulug‘ zotlardir.
Ruslarni faqat kosmik raketalari, suvosti kemalari, balliyestik qurollari borligi uchungina emas, balki mislsiz ijtimoiy tafakkur egalari bo‘lganliklari uchun ham dunyo tan oladi. Aslida ham millatning yuksalishi faqat ma’naviyat orqali ekanligini taraqqiyot tajribasi tasdiqlab turibdi. Ne baxtki, Turgenev va uning salaflari umrguzaronlik qilgan yillar bu boradagi tadriji, yuksalishi bilan ajralib turadi. I.S.Turgenev ana shu ma’rakaning nafaqat ishtirokchisi, balki uning yuksalishida sezilarli iz qoldirgan yirik vakillaridan biriga aylandi. Yillar osha u yangi ufqlarni zabt etishdan to‘xtamadi, ijodi ham mavzu, ham janrlar bo‘yicha boyib bordi. Hayot manzaralarini kengroq masshtabda aks ettirishga kirishib, romanlar yoza boshlagani shu tadrijiy ulg‘ayishning hosilasi edi.
U yashagan asrning 50-yillariga kelib ijtimoiy hayotda yangicha ruh paydo bo‘ldi. Tor davralarda kelajak haqidagi suhbatlar, tortishuvlar hech narsani anglatmay qoldi. Quruq va’zxonliklar o‘tmishga aylanib ulgurdi, endi gapdan amalga o‘tish fursati yetishganini jamiyatdagi qatlamlar o‘rtasida yuzaga kelgan ajrimlar va yangilanishlar talab qilayotgan edi. Ana shunday tarixiy pallada Turgenev birinchi romani ustida ish boshladi. Dastlab uni “Nodir nusxa” (“Genialnaya natura”) deb nomladi. Asarda hozirgacha qaror topgan tartiblar asosida shakllangan, biroq rivojlanish epkinini his qilib, yangi yo‘l izlayotgan qahramon timsoli va uning atrofida kechayotgan kurash, intilish jarayoni aks etishi lozim edi. Roman voqealari avtobiografik ruhda bo‘lib, Dmitriy Rudin dastlab Pokorskiy (Stankevichning prototipi) to‘garagida falsafadan saboq oladi, keyin tahsilini Berlin universitetida davom ettiradi. Asarda juda ko‘p zamondoshlarning qiyofasi badiiy tarzda mujassamlashtirilgan edi. Roman ustida ishlash jarayonida uning dastlabki nomi muallifni qanoatlantirmaydi va barcha voqealar Rudin atrofida kechayotganini nazarga olib, asarni ham “Rudin” deb ataydi. Roman “Sovremennik” jurnalining 1856 yil yanvar-fevral sonlarida bosilgach, adabiy jamoatchilik unga diqqat bilan munosabatda bo‘ladi. Asarning dolzarbligini ta’kidlagan holda bosh qahramonning Don Kixot singari harakatlarini ma’qullamaydilar, uning isyon payti barrikadadan otilib chiqib, halok bo‘lishini maqsadsiz yashagan odamning harakati sifatida qoralaydilar. Asarning kulminatsiyasini tashkil qilishi lozim bo‘lgan Rudinning Natalyaga muhabbatida qahramonning butun borlig‘i namoyon bo‘lmaydi. Unda qo‘llangan “Ovchining maktublari”ga xos uslub o‘zini oqlamagan edi.

* * *

Birinchi romani e’lon qilingandan keyin Turgenev hayotida ko‘plab o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Avvalo, Tolstoy bilan yaqindan tanishdi, bir-birlarining uylarida mehmon bo‘ldilar. Parijda, undan keyin Londonda yashadi. Frantsiyadagi ilhombaxsh Bjuvel, Kurtavnel shaharlaridagi ijodxonasida ishtiyoq bilan qalam tebratdi. Shu yillarda yaratgan “Asya” qissasi Nekrasovningg chuqur e’tirofiga sazovor bo‘ldi. Demak, ijodiy salohiyati ancha yuksaldi. Bu natija uning “Dvoryanlar uyasi” romanida o‘z izini qoldirdi. Uni xorijda tugatib, 1858 yil oxirlarida Peterburgga yo‘l oldi.
Annenkov Nekrasov, Drujinin, Pisemskiy, Goncharov va Panayevning davrasida asarni ovoz chiqarib o‘qiydi. Turgenevning o‘zi o‘qishi mumkin emas, u o‘tkir bronxit bilan og‘rigan edi (vrach unga hatto gaplashishni ham taqiqlagandi). Roman qarsaklar bilan kutib olinadi. Hech qanday e’tirozsiz “Sovremennik” jurnalining keyingi yil birinchi sonida e’lon qilinadi. Romanni o‘qib chiqqanlar uning muvaffaqiyatini e’tirof etishdi, baho esa kutilganidan ham yuqori bo‘ldi. Saltikov-Shched­rin Annenkovga yozgan xatida ko‘pdan beri bunday hayratlanmaganini qayd etadi. Pisarev “Dvoryanlar uyasi”ni Turgenev asarlari ichida eng pishiq va mukammali deb ataydi, uni “Evgeniy Onegin”, “Zamonamiz qahramoni”, “O‘lik jonlar” bilan bir qatorga qo‘yadi.
Roman jamoatchilik hukmiga havola qilingan yillar Rossiya hayotida bir to‘lqin poyoniga yetib, yangi ko‘tarilishlar kutilayotgan edi: ijtimoiy vaziyat taranglashgan, afkor omma hayot rad etgan qarashlardan voz kechib, yangi tamoyillar izlayotgan edi. Jamiyatning asosiy ilg‘or kuchlarini birlashtirgan inqilobchi-demokratlar va liberallar birga harakat qilayotgan, garchi ixtiloflar ko‘zga tashlanayotgan bo‘lsa-da, ajralish ro‘y bermagandi. Biroq o‘z kuzatishlari asosida bu bo‘linishni sezgan Turgenev mazkur holatdan bezovta edi (chunki beixtiyor qarama-qarshi ikki front yuzaga kelayotgandi) va oqibatidan tashvishlanardi. Yana yozuvchi shuni tushunib yetgan ediki, dvoryanlik tartiblari o‘zining poyoniga yetib borayotgan, hayot ularni inkor etgan, dvoryanlar tarix sahnasida so‘nggi kunlarini kechirayotgan edilar. Ana shunday sharoitda XV asrlarda shakllangan, Ivan Grozniy, Pyotr I, Yekaterina II tomonidan imtiyozlarga ega bo‘lib mavqe qozongan qatlam vakillari jamiyatni boshqaruvchi kuch vazifasini bajara oladilarmi? Krepostnoy dehqonlar oldidagi ayblarini yuva oladilarmi? Xo‘sh, shunday sharoitda yetakchilik rolini kim o‘ynaydi? Roman voqealari ana shu savollar atrofida aylanadi. Bu asar Turgenevning bosh qahramonni dvoryanlar orasidan izlagan oxirgi urinishi bo‘lib qoldi. Uning umidlari oqlanmagan, endi jamiyatni boshqaradigan yangi kuchlarni izlash lozimligini asar orqali badiiy inkishof etdi.
Romanning bosh qahramoni Lavretskiy o‘zida liberal dvoryanlarning eng yaxshi fazilatlarini mujassamlashtirgan. Asarda faqat bitta uning o‘zi harakat qilmaydi, balki orqasida butun dvoryanlar avlodi turibdi. Yozuvchi Lavretskiylar “uyasi”ga razm solar ekan, ularning turmush tarzini jonli lavhalarda aks ettiradi. Bu hayot umuman zamindan uzilgan, atrofda kechayotgan voqealarga beparvo, “dunyoni suv bossa ham mayli, mening kulbam omon qolsa bo‘ldi” qabilidagi boqibeg‘am kishilar. Ular G‘arbga ko‘r-ko‘rona taqlid qiladilar, Lavretskiyning otasi boshida galloman, keyin angloman edi, hamma masalada Rossiyadan nafratlanadi, uni bo‘shliq, har qanday ekspriment o‘tkazsa bo‘ladigan maydon, deb biladi. Ularning hammasi krepostnoy dehqonlarga tuban nazar bilan qaraydilar, ularni odam o‘rnida ko‘rmaydilar. Muallif bosh qahramon timsolida ko‘plab avtobiografik unsurlarni ko‘rsatgan: bolalik xotiralari, oilada shafqatsiz tarbiya usuli, o‘g‘ilning otaga munosabati. Lavretskiy ichki dunyosini chuquroq ochish maqsadida uning Liza Kalitinaga bo‘lgan sevgi kechinmalaridan foydalanadi. U xorijdan yurtiga qaytar ekan, o‘zida vatanparvarlik tuyg‘ularini chuqur his qiladi, shu makonda qolishni, xotinidan ajralib, Liza bilan yangi hayot boshlashni xohlaydi. Boshqa muhitda tarbiyalangan qiz Lavretskiyning ichki kechinmalarini qabul qila olmaydi, hammasidan voz kechib, monastirga ketadi. Romanning so‘nggida qarib bo‘lgan eski dvoryan yosh avlodni katta yo‘lga kuzatib qoladi.
“Dvoryanlar uyasi”dan keyin Turgenevning adabiy davralarda obro‘si oshib ketadi. Havaskor qalamkashlar qo‘lyozmalarini topshirib, undan maslahat kutardilar, bir lahza uchrashishni orzu qilardilar. Turli tabaqalar esa u bilan yaqinlashish, o‘z saflariga qo‘shib olishga intilishardi. Biroq Turgenev bunday iltifotlarga parvo qilmaydi. Romanining yuqori davralarda yaxshi kutib olinmaganini bilib, turmushning yangi qirralarini, ulg‘ayib borayotgan ijtimoiy fikr ko‘lamini ko‘rsatishga bel bog‘laydi va yangi asar ustida bosh qotiradi. 1859 yil bahorida Spasskdan Yelezaveta Lambertga shunday yozadi: “Hozir men yangi qissamning rejasini tuzish bilan bandman. Bu juda charchatadigan yumush, boz ustiga u hech qanday ko‘rinarli iz qoldirmaydi – divanga cho‘zilasan yoki xona bo‘ylab tentiraysan, boshingda biror xarakter yoki vaziyat tafsiloti aylanadi. Qaraysan, uch, to‘rt soat o‘tib ketibdi, har qalay ish bir oz jilibdi. Ochig‘ini aytganda, bizning hunarimizda huzur-halovat kam – aslida ham shunday. Hamma – hatto artistlar, hatto boylar yuz terini artib yashashi lozim. Kim terlamasa, uning o‘ziga yomon: yuragi yo kasal, yo toshqotgan bo‘ladi”. Noyabrda I. Aksakovga yozgan xatida yangi qissasida shaxs “xayrli ishlar uchun ongli-qahramonlarcha harakat qilishi”ni ma’lum qiladi.
Yangi roman ustida ishlash barobarida o‘z adabiy qahramonlarining badiiy tabiatini, muallifning ijtimoiy pozitsiyasini tushunishda asqotadigan “Hamlet va Don Kixot” sarlavhali publitsistik maqola yozadi. Ma’lumki, odamzot fikr oqimi ikki o‘zanda oqar ekan, bir qirg‘oqda o‘ta xayolparastlar, qarshi tarafda esa amaliyotchilar bo‘lishi tayin. Garchi bir yoqda nuqul Hamletlar, nari tomonda faqat Don Kixotlar to‘planib olmagan bo‘lsa-da, borliqqa shu xilda qarash ahvolni to‘laroq tasavvur qilishni ta’minlaydi. Qaysidir darajada ular insoniy qarashlarning ruhini o‘zlarida mujassamlashtirganlar. Gamletda ichkariga razm solish tamoyili fojia darajasida namoyon bo‘lgan; Don Kixotda esa zavqu shavq shunchalik me’yordan oshib ketganki, oqibatda, bu kulgiga sabab bo‘ladi. Hamletda asosiysi – aql, Don Kixotda – erk. Ana shu ajralishda Turgenev inson hayotining fojiasini ko‘radi: “Harakat uchun erk kerak va harakat uchun yana aql kerak, ammo aql va erkni ajratib qo‘yadilar va kun o‘tgan sari ular orasidagi oraliq uzayib bormoqda”. Turgenev Gamlet timsolida “ortiqcha odam”larni, dvoryanlarni ko‘radi. Don Kixot esa jamoat arboblari yangi avlodining timsoli. Ularni “demokratlar” ham deb ataydi. O‘z taxminiga ishonib, ongli qahramonlarni dvoryanlardan boshqa mayda toifadagi ziyolilardan (ularni “raznochenetslar” deb atashgan) chiqishini kutadi.

* * *

Jamoat arbobining fe’l-atvori, tabiati, ongli qahramonning kuchli va zaif tomonlari 1860 yil “Russkiy vestnik” jurnalida e’lon qilingan “Arafa” romanida to‘la ifodasini topgan. “Arafa” – Rossiyada yangi ijtimoiy munosabatlar kuchayayotgani, dehqonlarni ozod qilish harakatini olg‘a bostiradigan ongli qahramon sabrsizlik bilan kutilayotgani haqidagi roman. Shu bilan birga asarda odamzotning tuganmaydigan nadomatlari, ijtimoiy kamolot uchun doimiy intilishlari, inson shaxsini “beparvo tabiat” bag‘riga irg‘itib yuboradigan beparvo qarashlarga qarshi mangu hayqirig‘i badiiy inkishof etiladi. Uning bosh qahramoni Yelena Staxova katta yo‘l ayrilishida turgan Rossiyaning timsoliga o‘xshaydi. Unga tarixchi Bersenev, rassom Shubin, xizmatchi Kurnatovskiy, bolgar revolyutsioneri Dmitriy Insarov “og‘iz soladi”. Tanlov ramziy ma’no kasb etadi: Rossiyaning kelajagi uchun kim ko‘proq asqatodi: fan va san’at kishilarimi, davlat xizmatchisimi yoki qahramonlik qilishga shay shaxsmi? Albatta, Yelena inqilob kayfiyatiga ega Insarovni tanlaydi.
Asar e’lon qilingach, u jamoatchilik orasida turlicha munosabatlarga sabab bo‘ldi. Ayniqsa, N. Dobrolyubovning “Haqiqiy kun qachon keladi?” maqolasi juda qiziqish bilan kutib olindi. Tafakkur maydoniga yonib kirib kelgan Dobrolyubov radikal qarashdagi yoshlar avlodiga mansub edi. Ular kelajakka o‘z nazarlari bilan boqishar, uni “eski uyni yoqib yuborib, o‘rnini tekislab tashlash va yangi imorat qurish” tarzida tasavvur qilardilar. Bunday keskinlik munozaralarga sabab bo‘lgan, bu qarashga g‘arbchilar va slavyanparastlarning o‘z munosabatlari mavjud edi. Dobrolyubov maqolasida Turgenev iste’dodiga yuksak baho berib, yangi romaniga ayovsiz munosabat (xususan, bosh qahramonning muhojir shaxs bo‘lishiga) bildirgan edi. Bu hol Turgenevga yoqmaydi, uni Nekrasov jurnalida e’lon qilayotganini eshitib, qarshilik ko‘rsatadi, bosmaslikni talab qiladi. Masalani “Yo meni deysan, yo Dobrolyubovni!” tarzida keskin qo‘yadi… Maqola e’lon qilingach, u jamoatchilikda kuchli taassurot uyg‘otadi. Garchi maqola milliy ijtimoiy fikr taraqqiyotida o‘chmas iz qoldirgan bo‘lsa-da, Turgenevga qattiq ta’sir qiladi. Muallifni “-laybov” degan sirli nom bilan maqolalarida masxara qiladi. Adabiyot jamg‘armasining bir yig‘ilishida Chernishevskiyga og‘ir kinoya bilan: “Ha, Nikolay Gavrilovich, siz ilonsiz, shukrki, oddiy ilon, Dobrolyubov esa ko‘zoynakli ilon!”, degan ekan. Holbuki, undan yoshroq bo‘lgan bu yigitlar Turgenev asarlarining ishqibozi, ijodining muxlisi edi. Dobrolyubov uning “Ortiqcha odamning kundaligi” asarini betimsol durdona deb atagan, Chernishevskiy unga yozgan xatlarining birida “Sizni xafa qilish, bu – bizning adabiyotimizni xafa qilish. Siz qandaydir Ostrovskiy yoki Tolstoy emassiz, siz bizning sha’nimizsiz”, deb yozgan edi. Bu safar esa “oradan qora mushuk o‘tib qoldi”. Nima deysiz, jarayon…

* * *

Ko‘p o‘tmay, Rossiya tarixida muhim voqea sodir bo‘ladi: krepostnoy huquq bekor qilinadi. Bu xalqaro hamjamiyatning mamlakatga munosabatini o‘zgartirib yuboradi, ichki muhitda ham jiddiy yangilanishlar sodir bo‘la boshlaydi. Ana shunday dramatik sharoitda jamiyatning yurak urishlarini badiiy aks ettirish xizmatiga astoydil bel bog‘lagan Ivan Sergeevich Turgenev yangi romanini e’lon qiladi. “Arafa” asarining qahramonlari oxirida izsiz yo‘qoladilar – yozuvchining voqealarga estetik munosabati shunday muhrlanadi. Aytish mumkinki, o‘sha qahramonlar yangi bir qiyofada “Russkiy vestnik” jurnalining 1862 yil fevral sonida e’lon qilingan “Otalar va bolalar” romanida paydo bo‘ladilar Asarning asosiy obrazi Yevgeniy Bazarov timsolida muallif o‘zi yaxshi bilgan va ma’lum munosabat bildirgan Dobrolyubov, Chernishevskiy, Pisarev shaxsiyatidagi nigilistik qarashlarni badiiy inkishof etgan. U ijtimoiy muhitdagi yangilanishlar ta’sirida paydo bo‘lgan yoshlar vakili. Ular uchun xos holat – o‘zidan oldingi har narsaga shubha bilan qarash yoki tan olmaslik – nigilizm. Ana shunday qarash asoratidan jamiyatda keraksiz shaxslar – “ortiqcha odamlar” paydo bo‘lgan va shu ikki toifa o‘rtasida ko‘zga tashlanmas kurash ketadi. Bu muhorabaga yozuvchining munosabati romanning finalida aniq bo‘ladi: jamiyatga bepisand qaragan, uning ichki evolyutsion taraqqiyotini tan olmagan va shu tufayli katta avlodni mensimagan Bazarov tabiat qonunlarini ham pisand qilmaydi. Kasalliklarning yuqumli bo‘lishini nazarga ilmay, terlamaga chalinadi va shu dard bilan dunyoni tark etadi. Uning so‘nggi kunlari, umrining oxirgi lahzalaridagi kechinmalari betimsol mahorat sohibi Turgenev qalami bilan shunday ta’sirli ifodalanganki, ularni o‘qib, tiriklikning butun kelbatini qayta tasavvur qilsa bo‘ladi.
“Otalar va bolalar” romani orqali yozuvchi avlodlar o‘rtasidagi azaliy bog‘liqlik qanchalik kuchli ekan, taraqqiyot shuncha bardavom bo‘lishini tasdiqlab ko‘rsatdi. Bu nuqtai nazari bilan o‘tmishga “o‘t qo‘yish” vasvasasiga mubtalo bo‘lgan inqilobchilarga qattiq zarba berdi. Umuman, u har qanday zo‘ravonlikka qarshi edi. Romanlarida bosh qahramon sifatida tanlagan shaxslarining ruhiy notobligi, ularning o‘zini mahv etishi orqali inqilob aqli raso odamlarning ishi emasligini tasdiqlamoqchi bo‘lgandi. “Otalar va bolalar”da aks ettirilgan “ortiqcha odamlar” timsoli esa Turgenev yaratgan va uning dunyo adabiyoti aholisi safiga qo‘shgan kashfiyoti, yangi obrazlar edi. “Ortiqcha odamlar” tuzumlar o‘zgarishi bilan elakning ustida paydo bo‘laverdi, ularga munosabat esa Turgenev aqidalari bilan yondashish to‘g‘ri ekanligini qayta-qayta takrorlab turibdi. Hatto jamiyatni ag‘dar-to‘ntar qilib, ijtimoiy taraqqiyotni yangi bazisga o‘tqazgan inqilobchilar ham yetmish yil o‘tib, bu g‘oya noto‘g‘ri ekanligini tan oldilar va insoniyatdan kechirim so‘radilar.
Keyingi yillar Turgenev shu paytgacha kechirgan umrining taroziga qo‘yilgan damlari bo‘ldi. U kutgan, umid qilgan, vasf etgan qadriyatlar hayot sinovlariga duch kelib, saragi sarakka, puchagi puchakka ajrala boshladi. Yozuvchi olg‘a surgan ko‘plab g‘oyalar amaliyotda tasdig‘ini topmay, uning yolg‘izlanib qolgan paytlari ham bo‘ldi. Polina Viardo bilan munosabatlarida ehtiroslar o‘rnini aql egallay boshladi. Baribir ichki tug‘yonlarini yengishga qodir emas, ikkinchi tomondan esa vatan mehri unda junbushga kelayotgan, yozuvchimi, aktyormi – kim bo‘lmasin, har qanday inson o‘z yurtida aziz ekanligi haqidagi qadimiy aqidaning isbotini ko‘rayotgan, qo‘nimsizlik uni bezovta qilayotgan, charchatgan edi. Lev Tolstoy bilan munosabatlarini yo‘lga qo‘yib olgan bo‘lsa-da, Gertsen bilan arazlashib qoldi (uning “Kolokol”da e’lon qilgan bir maqolasi unga juda yoqmagandi). Revolyutsioner Bakuninni ham moddiy, ham ma’naviy tomondan qo‘lab-quvvatlab, siyosiy muhitga aralashdi. Rossiyada kechayotgan o‘zgarishlarga faol munosabatda bo‘lib, erkinlik olgan dehqonlar hayotini yangi asoslarda yo‘lga qo‘yish yuzasidan o‘z fikrlarini izhor qildi, shu mavzuda maxsus risola ham yaratadi. U demokratik tamoyillarga asoslangan jamoa (obshina) tarafdori edi. Qarashlarini ifodalab, Parijdan imperator Aleksandr 11 ga xat yozdi, shundan keyin uni Senatga taklif qilib, turli siyosiy oqimlarga munosabati bilan qiziqishdi. Peterburgda adabiy davralardan o‘zini olib qochdi, bu janoblar unga “tinimsiz shovqin chiqaradigan ichi bo‘sh paqildoqlar”ni eslatdi…

* * *

Ana shunday mubham kayfiyatda 1865 yil “Tutun” romanini yozishga kirishdi. U “Russkiy Vestnik”ning 1867 yil mart sonida e’lon qilindi. Chuqur iztirob va miltillab turgan umid shu’lasidan iborat bu romanda Turgenevning oldingi asarlaridan farqli o‘laroq syujetni o‘z atrofida tutib turadigan bosh qahramon yo‘q edi. Yetakchi personaj Litvinovda Rudin, Lavretskiy, Insarov yoki Bazarovga xos jur’at, jamoat arbobligiga da’vogarlik kayfiyati yetishmasdi. U Rossiyaning chekka bir joyida tinchgina dehqonchilik bilan shug‘ullanib yuradi. Xorijga agronomiya sohasidagi ko‘nikmalarini oshirish uchun kelgan. Shu yerda rus emigratsiyasi vakillari bilan tanishadi, ularning turmush tarzini kuzatadi. U bilan Potugin birga, uning tilidan go‘yo yozuvchi o‘z fikrlarini bayon qilgandek bo‘ladi. Baden-badendagi muhojirlar hayoti tutun ichida qolgandek, unda yashovchilar yo‘lini yo‘qotgan, ertangi kundan umidi yo‘q, tutun tarqashini kutib yashaydilar. Nihoyat, romanda Turgenev asarlariga xos bo‘lgan kuchli va hayotbaxsh sevgi tuyg‘usiga ega, maqsadi yo‘lida o‘zini qurbon qilishga ham tayyor ayol obrazi ham yo‘q. Irina iste’foga chiqqan va quvg‘in qilingan generallarning davrasida buzilib bo‘lgan, yo‘lini yo‘qotgan xotin. Uning irodasi intiho topgan, shu muhitdan chiqib keta olmaydi.
Jamoatchilik asarni tanqidiy baholadi. Revolyutsion-demokratlar inqilobiy kayfiyatdagi muhojirlarga satirik munosabatga e’tiroz bildirdilar. Liberallarga yuqori tabaqaning tanqid qilinishi yoqmadi. Boshqalar Potuginning Rossiyaga tuhmat qilib, G‘arbni yoqlagan monolog­larini qabul qila bilmadilar. Qisqasi, asar shuhrat qozona olmadi, ko‘plar Turgenev iste’dodining so‘nib borayotganini bashorat qildi.
Oradan o‘n yil o‘tib e’lon qilingan “Qo‘riq” romani (“Vestnik Yevropы”, 1877 y., №2) keskin voqealar girdobida o‘tgan yillarning hosilasi edi. Unga agronomning “Qo‘riqni omoch bilan yuza haydamaydilar, plug bilan chuqur ag‘daradilar” degan so‘zlari epigraf qilib olingan. Uning bosh qahramoni Nejdanov revolyutsioner, kelajak orzusi bilan yashaydi, romantik xayollar suradi, sevgilisi Mariannaga ertangi kunning yorug‘ damlari haqida to‘lib-toshib so‘zlaydi. Marianna ham sevimli kishisining maqsadi ro‘yobga chiqishi yo‘lida qurbon bo‘lishga rozi. Ammo orzulari amalga oshmayotganini ko‘rgan Nejdanov ruhiy qiynoqda qoladi, o‘zini haqiqiy sevgiga loyiq emas deb hisoblaydi. Uning fojeasi faqat xalqni yaxshi bilmasligida emas, balki siyosiy savodi yo‘q mujiklar uning harakatlarini tushunishmaydi. U kelib chiqishi bilan oddiy xalqdan yiroq bo‘lganidan ham g‘oyalari ancha havoyi edi. Romantik oshiqlarning hayoti fojeali tugaydi.
Kelajak timsoli Solomin obrazida mujassamlashgan. U har tomondan aql bilan ish tutadigan, sevgida ham mustahkam, o‘z kasbining ustasi, ertangi kunni aniq tasavvur qiladi. Bunday shaxslar u paytda yo‘q, bu muallifning orzusi edi xolos. Shuning uchun Solomin obrazi sxematik chiqib qolganini tadqiqotchilar o‘z vaqtida ko‘rsatib o‘tadilar. Solomin inqilobchilarning havoyi gaplari ustidan kuladi, ularni g‘oyaviy chalg‘igan kishilar deb biladi va o‘zi ham revolyutsiyaga ishonmaydi. U Rossiya ozodlik harakatining uchinchi oqimiga mansub. Turgenev Solomin timsolida uning mulohazalari orqali o‘z pozitsiyasini ifodalagandek bo‘ladi. U 1848 yilgi Frantsiya revolyutsiyasi amalga oshirilganda qanday ahvol ro‘y berganining jonli guvohi edi. Parij ko‘chalarida otish­ma tufayli nobud bo‘lgan yuzlab odamlarning jasadlarini, begunoh to‘kilgan qonlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan edi. Bunday mislsiz fojeaga olib kelgan harakat bilan hech narsaga erishib bo‘lmasligini tushunib yetgandi. Ayniqsa, ma’rifatsiz olomon inqilobni amalga oshira olmasligiga imoni komil bo‘lgandi.

* * *

“Insonni o‘ldirish mumkin, ammo yengib bo‘lmaydi” (Xeminguey) degan gap bor. Xuddi shunga baqamti “Insonni tarbiyalash mumkin, lekin uni boshqarib bo‘lmaydi” qabilidagi fikr ham to‘g‘riga o‘xshaydi. Masalan, birovning beliga arqon solib sudrab hamma joyga olib borsa bo‘ladi, ammo uning kallasidagi xayoli o‘zicha qoladi – unga tazyiq qilib bo‘lmaydi. Yoki odamni naq jannatning o‘rtasiga o‘tqazib qo‘yish mumkindir, lekin uning fikri mazkur holni idrok etmasa, bunday ro‘shnolikning qadrini bilmaydi. Hatto o‘ziga shunday farovonlik baxsh etgan zotga qo‘l ham ko‘taradi. Inqilob avvalo ongda, tushunchada ro‘y berishi lozim. Turgenev bu tarixiy haqiqatni o‘z paytida tushunib yetgandi. Keyingi hayot tajribalaridan jamiyatda ziyolilargina jiddiy o‘zgarishlar qila oladilar, degan xulosaga keldi.
Ijodining so‘nggi pallasida Turgenev haqiqiy reformator-revolyutsioner obrazi bosh qahramon bo‘lgan epik asar yaratish fikri borligini bot-bot takrorlagan bo‘lsa-da, biroq bunga vaqt yetmaydi… Hayotda ro‘y berayotgan tub o‘zgarishlarni ko‘rib, ularga o‘z munosabatlarini bildirishni yozuvchilik, farzandlik burchi deb bilgan tafakkur egalari imkoni boricha ijtimoiy fikrga ta’sir qilish, uni ezgulik sari yo‘llashga intiladilar. Bu san’atning umuminsoniy mezonidir. Zero, ijtimoiy fikr yo‘rig‘i uzoq yillar suratini belgilab beradi. San’at ham ijtimoiy ong ko‘rinishlaridan biri sifatida bu jarayonga faol, hatto hal qiluvchi ta’sir qilish qudratiga ega.
Faylasuflar inson taqdiri fikr orqali hal bo‘lishini ta’kidlaganlar. Fikr – tashqi taassurotlar oliy nerv tizimida qo‘zg‘agan xuruj, u miyada paydo bo‘lgan timsol – gap (so‘z) orqali moddiylashadi. Bu shunchaki ma’lum qilish – fikrlar ummoniga yangi bir tomchi tashlash. U agar amal olmasa, izsiz yo‘q bo‘lib ketadi, agar amal olsa, odatga aylanadi. Odamlarni ko‘pincha odatlari bilan xotirada tiklaydilar. Demak, odat shaxsiyatni tasdiqlaydi. Shaxsda mujassam yaxshi-yomon xislatlar uning taqdirini belgilaydi. Binobarin, fikr, fikrga ega bo‘lish odamni shaxs sifatida o‘rnini tayinlaydi.
Ammo muammo shundaki, avvalo, jamiyatning barcha a’zolari yorug‘ fikr­ga ega bo‘lmaydilar, qolaversa, ko‘plarning o‘z fikri, shaxsiy fikri bo‘lmaydi. Shaxsiy fikr – atrofda kechayotgan voqea-hodisalarga alohida bir shaxsning yo ijobiy, yo salbiy munosabati (shu o‘rinda individ – odam Shaxs sifatida namoyon bo‘ladi). Istisno tariqasida ta’kidlash joizki, hamma odam ham Shaxs sifatida namoyon bo‘lavermaydi, ya’ni fikrga ega bo‘lavermaydi. Kelishgan qad-qomatu ko‘rkam liboslar hali Shaxs (demak, inson) degani emas. Faqat o‘z qarashiga (fikriga) ega insongina ijtimoiy sub’ekt hisoblanadi. Afsuski, savlatidan ot hurkadigan, lekin “ichi bo‘m-bo‘sh” individlar ko‘plab uchraydi. Ular xalqda “fikri yo‘q, tayini yo‘q, fikrsiz odamlar” deb yuritiladi. Fikrsizlik jamiyat uchun loqaydlikdan ham yomon, xavfli illat. Hatto loqayd odamda ham fikr bor – u hamma narsaga beparvo. Uning beparvoligi – munosabati, demak, fikri. Fikrsiz odamda esa umuman tayin yo‘q, u shamol qaysi tomondan essa, majnuntoldek shu tarafga og‘ib turaveradi.
Turgenev romanlarini o‘qigan kishi undagi turli toifa odamlarning rang-barang fikrlari bilan tanishib, mazza qiladi. Ular kim bo‘lmasin, fikri tiniq, yorqin shaxslar. To‘g‘ri, ular bilan chiqishmaslik, qabul qila olmaslik mumkindir, ammo yetarlicha falsafiy malaka hosil qilgan, hamma nuqtaning mohiyatiga chuqur nazar solish iqtidoriga ega bo‘lgan mohir san’atkor fikrlar kamalagi bilan davrining betimsol falsafiy suratini chizgan.

* * *

Shu kahkashonning yirik vakili hayotiga bir qur nazar tashlab, ona tilimizdagi adabiyot bo‘stonini ko‘z oldimizda gavdalantirsak, qorishiq manzaralar hosil bo‘ladi. Boshidanoq keyingi yuz yilliklarda bizning bironta shoir yoki yozuvchimiz umumjahon miqyosida e’tirof etilmaganini, dunyoda eng ko‘p sevib o‘qiladigan kitoblar ro‘yxatiga bironta asarimiz kirmanganini tan olib qo‘ymoq masalaning zalvorini tasavvur qilishda asqotadi. Bu holning o‘z sabablari bor, biroq o‘zbek tilidagi adabiyot eng mafkuralashgan adabiyotlardan biri sifatida o‘ziga xos salmoqqa ega ekanligini ham ta’kidlash ortiqchalik qilmaydi.
Qoliplar qarashlarni ham tizginlab tashlagan paytlar orqada qoldi. Endi vaziyatga hushyor nigoh bilan qarash, butun jarayonni tanqidiy nazardan o‘tkazish foydadan xoli bo‘lmaydi. Mahalliychilik, guruhbozlik as’asa-yu dabdabalarini qo‘yib turaylik, asarga sof munosabat ham ko‘ngildagidek emas. Jarayonni ko‘z oldimizga keltiraylik. Avvalo, bizda yozilgan asar mamnuniyat bilan emas, ranj-alam bilan qabul qilinadi (xuddi qashshoq oilada yana bir chaqaloq tug‘ilgandek). Birinchi munosabatlardanoq qo‘llab-quvvatlash, mayda-chuyda yumushlarda ko‘maklashish kayfiyati emas, rad etish, yo‘qqa chiqarish, “o‘ldirish” niyati sezilib qoladi. Shu ma’noda har bir so‘zdan xato topish, har bir satr­dan ishkal izlash boshlanadi. Maslahatlar ardoqlash, qayta ishlashga rag‘bat ohangida emas, boshni g‘urra qiladigan, “Senga kim qo‘yibdi?” qabilidagi bepisandlik, “Kitob yozmay qo‘ling sinsin, seningsiz ham tashvishlar to‘lib yotibdi”, degandek haqoratomuz tarzda bo‘ladi. Shu xildagi iddao bilan qabul qilib olingach, asarning qo‘lyozmasi bilan zamonamizning Turgenevlari, Dobrolyubovlari tanishib chiqadi. Sezasanki, qo‘lyozma hatto jiddiy o‘qilmagan (bunga imkon ham yo‘q). Har doimdagidek “cho‘qilab” – nazarga ilingan bir abzats yoki qiziqroq epizod xatm qilingan, xolos. Holbuki, yozuvchi aytmoqchi bo‘lgan gap bir satrda, hatto bir so‘zda yashiringan bo‘lishi mumkin. Hamma gap – olimlikning mohiyati o‘sha yombini topib, uni inkishof etishda. Yuzakigina yozilgan “taqriz”dan nima olib bo‘ladi – g‘alvirda suv tutib bo‘lmaydi-ku.
Ana shunga o‘xshash munosabatlar milliy adabiyotni majruh holga keltirib qo‘yadi, bu esa mahdudlikka olib keladi. Shunda yuz yillar oldin yaratilgan mumtoz asarlar yuzga parda qilinadi. Holbuki, hamon maqtab kelinayotgan namunalar jahon adabiyoti durdonalari qarshisida maktab o‘quvchisi yozgan inshodek bo‘lib qoladi. “Geniy” (Teodor Drayzer), “Balzak” (Stefan Sveyg) singari asarlarning tilimizga tarjima qilinishi milliy adabiyotimiz rivojiga mahalliy mezonlardagi o‘nlab klassikadan samarali ta’sir etishi mumkin. Masalaga aniq yondashish kerak-da.
Turgenev zamonida badiiy adabiyotga ijtimoiy ong shakllaridan biri sifatida qaralgan. Ijtimoiy fikr rivojida uning o‘rniga katta ahamiyat berilgan. Qolaversa, u davr ijod olamida “Shoir bo‘lmasliging mumkin, grajdanin bo‘lishing shart” degan estetik tamoyil qat’iy amal qilgan. Yozuvchining kuchiga qanchalik murakkab, tushunarsiz yozganiga qarab emas, murakkab masalalarni qanchalik sodda, xalqona tushuntirib bera olgani, davr muammolarini nechog‘lik aks ettira bilgani, xalq, millat qalbiga yaqinligi, zamondoshlar dunyoqarashiga qay darajada ta’sir qilganiga qarab baho berilgan. Badiiy adabiyotning a’moliga aslida ham shu yozilgan-da. U ko‘ngilxushlik orqali jamiyat fuqarolarini erkinlik sari yetaklay olsa, jonli hayotda borligi bilinadi, katta bozorda mahsulot sifatida sotiladi va sotib olinadi… Turgenev va zamondoshlari asarlarining “xaridorgirligi” ham shunda edi.
Kutilganidek, XIX asrning oxirlarida Rossiyada keskin vaziyat yuzaga keladi. Fikr eski aqidalar qobig‘ini yorib, o‘ziga yo‘l izlaydi. Afsus­ki, uning jilovi agressiv kishilar qo‘lida edi. “Eski uyni yondirib yuborish”ni istaganlar 1881 yil 1 martda imperator Aleksandr II joniga qasd qiladilar. Mamlakatda to‘polon boshlanadi, barcha erkin fikr tarafdorlari quvg‘in qilinadi. Jumladan, taxtga chiqqan Aleksandr III Turgenevning ham Rossiyadan chiqib ketishini talab qiladi. Uning so‘nggi kunlari Parijda, Viardolar oilasida kechadi. Bu millatning buyuk bir vakili uchun og‘ir fojea edi. Taqdir…
Har bir taqdir – bir saboq. Inson umri esa bir-biriga o‘xshamagan, qaytarilmas mo‘jiza. Manzil sari ketayotgan yo‘lovchi o‘ngu so‘liga alang­lab qarab borganidek, ana shu o‘xshashsiz safarda o‘xshash nuqtalarni axtaramiz, hech qurisa manzilni yulduzlarga qarab belgilaymiz. Shunga o‘xshash his bilan kitob muqovalarida ko‘rib yuradiganim soqolli chehrasi samimiy, qarashlari mahzun bir inson hayot bayonnomasiga duch kelib qoldim. Hammasi farahli kunlarning birida Chilonzordagi Farhod bozori biqinida joylashgan eski kitoblar do‘koniga kirishimdan boshlandi. Javonda chang bosib, “JZL” seriyasida nashr etilgan Yuriy Lebedevning “Turgenev” kitobi turardi. Yozuvchining kenja zamondoshi Lev Tolstoyning ijodini milliy kitobxonlar o‘rtasida ommalashtirish maqsadida bir oz sa’y-harakat qilganim uchun o‘sha muhitni to‘laroq tasavvur qilish niyatida kitobni bir six kabob narxida sotib oldim.
Mutolaa jarayonida shunday bir turtki oldimki, ko‘z oldimda boshqa bir dunyo namoyon bo‘ldi. U voqealarni bugungi kunlarimizni bezab turgan manzaralar bilan solishtirdim. Qandaydir mulohazalar tug‘ildi. Ochig‘i, milliy adabiyotimiz tahliliga bag‘ishlangan shu saviyadagi tadqiqot-asar xayolimga kelavermadi. Kitobdan olgan taassurotim ta’sirida uni ashaddiy bir kitobxonga tavsiya qildim, u tanishib chiqqach, hafsalasi pir bo‘lib, “Eski gaplar ekan”, dedi. Bir yozuvchiga shunday kitob bor ekan, desam, “Ularni talabalikda qalpoq qilib kiyib qo‘ygani”ni ma’lum qildi-yu, biroq Turgenevning ism-sharifini ham eslay olmadi. Mening nazarimda esa kitob alohida e’zozga arzirdi. Filologiya fanlar doktori, profesor Yu.V.Lebedev qalamiga mansub, filologiya fanlari doktori N.N.Skatov taqriz qilgan bu asar dalillarga boyligi, tahlilning chuqurligi, tarixiy-falsafiy mushohadalar, maftunkor uslubi bilan kitobxonda chuqur taassurot qoldirdi. Taassurotlarim esa eshitganlarimdan o‘n hissa, yuz hissa boyroq edi. Ishtiyoq bilan ularni qog‘ozga tushirishga jahd qildim, shu bahonada mulohazalarimni izhor etishga ham jur’at etdim.

«Jahon adabiyoti» jurnali, 2018 yil, 11-son