Zahiriddin Muhammad Boburning «Boburnoma»si butun jahonga ma’lum va mashhur. Ehtimolki, buning bir sababini mazkur asarda tasvirlagan jami voqealar muallif shaxsiyati orqali o‘tgani, rivojlangani, shu tariqa o‘z mazmunini to‘la namoyon qilgani, ma’naviyat va abadiyat mulkiga aylangani bilan izohlash mumkindir.
Bu go‘zal asarda, J. Neru ta’biri bilan aytganda, dilbar shaxs bo‘lgan Boburning juda ko‘p fazilatlari bilan bir qatorda, axloqiy va estetik qarashlari ham yorqin bir tarzda ifodasini topgan. U tabiat va jamiyat nafosatini, voqealik nafosatini, shaxs, urf-odatlar va marosimlar, me’morchilik, bog‘, adabiyot va san’at, xullas jami nafosatni chuqur his qiladi va teran tahlil etadi. Muallif asar davomida barkamol, ya’ni axloqiy va estetik mukammal inson sifatida jonlanadi. «Boburnoma» olam bo‘ylab sayohat qilar ekan, Hindiston va O‘rta Osiyo xalqlari estetik tafakkuri uyg‘unlashgan. Yangi sifat o‘zgarishlari kasb etgan holatlarni kuzatish maroqlidir. Qayta qurish va oshkoralik sharoitida o‘tmishning nurli, murakkab siymolari o‘ziga munosib qadr topib borayotganligi ham shundan dalolat berib turibdi. O‘rtoq I. A. Karimov O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining partiya XXII s’ezdiga Siyosiy ma’ruzasida eslatib o‘tganidek: «Yaqindagina o‘zbek adabiyotining klassigi Boburni baholashda tor sinfiy yondoshuv ro‘y berdi. Adib ijodining milliy va umuminsoniy ahamiyati kamsitildi. O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining 1986 yilda bo‘lgan uchinchi plenumida Bobur shaxsi tahqirlanib, u «ma’rifatli» zolim deb tilga olindi.
Xalqimiz Markaziy Komitet va jumhuriyat hukumatining Navoiy, Ulug‘bek, Bobur, Mashrab, Furqat, Qodiriy va xalqimizning boshqa buyuk farzandlari yubileylarini o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorini juda ruhlanib kutib olganligi bejiz emas, deb o‘ylaymiz. Ularning merosi O‘zbekiston xalqlari umuminsoniy qadriyatlarining ravnaqi va boyishiga xizmat qilib kelgan edi va bundan buyon ham xizmat qiladi. Biz ularning bebaho merosini xalqqa, avvalo yoshlarga yetkazish uchun barcha ishlarni qilamiz».
Nazarimizda, bu bebaho merosni xalqqa yetkazish yo‘lida qilinadigan ishlarni avvalida ulug‘ zotlar asarlarining puxta ilmiy-tanqidiy — asl, shak-shubhasiz matnini yaratish turadi. Ana shundagina ularning ijodiy qiyofasini to‘g‘ri tasavvur qilamiz, e’tiqodimiz imoratlarini qum ustiga qurmaymiz. Biz «Guliston» jurnali tavsiyasiga ko‘ra tarjima qilganimiz ushbu maqola Bobur va uning shoh asari, ularning qardoshlik rishtalarini mustahkamlovchi fazilatlari, muallif va asarining g‘aroyib taqdirini yoritishi bilan uzviylikda yana bir muhim masalani — «Boburnoma» ilmiy-tanqidiy matnini yaratish vazifasi kun tartibida turganligini ilmiy asoslaydi. Umid qilamizki, «Boburnoma»ning ilmiy-tanqidiy matnini yaratishdek ezgu ishni jumhuriyatimiz olimlari ro‘yobga chiqaradilar.
Olima G. F. Blagovaning tarjima qilib berilayotgan maqolasi betma-bet berilgan 44 ta izoh bilan ta’minlangan. Tarjima keng omma e’tiboriga mo‘ljallangani uchun biz, qiziqqan o‘rtoqlar bu izohlarni asl manbadan — Moskvadagi «Nauka» nashriyoti 1966 yili chop etgan «Tyurkologicheskiy sbornik»ning 168—176-sahifalaridan o‘qib olishlari mumkin, deb hisobladik.
«Boburnoma»ning to‘yi milliy madaniyatimiz, axloqimiz, nafosatimizning jahoniy ma’naviyat bilan uygunligini yana bir marta namoyish qiladi, degan niyatdamiz.
Tarjimon
O‘rta asr memuar adabiyotining benazir asari «Boburnoma»ga tarixiy manba sifatida qiziqish Sharqda, muallif Zahiriddin Muhammad Bobur hayotlik paytidayoq boshlangan edi va «Boburnoma»ni fors tiliga tarjima qilish ustidagi ish ma’rifatli kishilarning nisbatan kengroq davrasini bu asar bilan tanishtirish yo‘lidagi ayni shu sa’y-harakat samarasi bo‘ldi.
G‘arbga Bobur va uning memuari haqidagi ma’lumotlar XVII asrda yetib bordi, XIX asrning 20-yillari oxiridan boshlab, Ovrupo sharqshunoslari «Boburnoma»ga goh uning G‘arbiy Ovrupo tillariga tarjimasi, goh uning tarix, manbashunoslik, filologiya masalalari bilan bog‘liq tadqiq munosabati bilan, qayta va qayta murojaat qildilar.
Sharqning «Boburnoma»da tasvirlangan tumanlariga qo‘shni Rossiyada, hukumat doiralarining mazkur tumanlarga bo‘lgan, Boburning o‘z davlati Hindiston va Rossiya o‘rtasida savdo va diplomatik munosabatlar bog‘lashga urinishi bilan bog‘liq tarixiy voqealar tufayli ortib borgan doimiy qiziqishi ilmiy davrada o‘zgacha ma’no kasb etdi. I. S. Turgenev «Punin va Baburin» qissasida foydalangan Baburinning kelib chiqishi haqidagi rivoyat Rusda, o‘tmishda Bobur bilan bog‘langan munosabat to‘g‘risidagi afsona hali tirik ekanidan shahodat berar edi; qissada Baburin qiyofasiga xos «sharqiy bichim» alohida uqtiriladi: «boshqa ma’lumotlarga qaraganda, Paramon Semenichning bobokaloni Bobur oq suyak degan hind shohi edi»; shuni ham hisobga olish kerakki, Turgenev N. A. Ostrovskaya bilan suhbatida ayni shu Baburin «bor odamga qarab yaratilgan»ini aytgan edi. Rus shaxsiy onomastikasi — tilshunoslikning atoqli otlar haqidagi bo‘limida Baburin, Baburov, Zababurin, Baburchenok, Babura familiyalari, Baburka laqabi, toponimikada — tilshunoslikning jo‘g‘rofiy nomlari haqidagi bo‘limida esa Nijnee Baburino degan bo‘sh yer, Baburinskiy xutor, Baburino qo‘rg‘onchasi mavjudligi ham ibratlidir; hozirgi vaqtgacha Murom shahri va Kirjach shahri yaqinida Baburino degan qishloqlar bor.
Rusiyaga Tashqi ishlar hay’atida xizmat qilish uchun chaqirilgan (tarjimonlik faoliyati va «yoshlarni sharq tillariga o‘rgatish» uning vazifalaridan hisoblanar edi) Yaqin Sharq tillari (ayniqsa arab tili)ning yirik bilimdoni Georg-Yakob Ker (1692—1740) chig‘atoy tili sohasidagi bilimini mukammallashtirishga intilib, «Boburnoma»ning o‘z bisotida mavjud qo‘lyozmasini ko‘chirish bilan shug‘ullandi va bu ishni 1737 yilda nihoyasiga yetkazdi (mazkur qo‘lyozma haqida ma’lumotlar saqlanmagan). Ker «o‘zi nusxa ko‘chirgan qo‘lyozma xususida biror arzirli fikr bildirmaydi; u 420 varaqdan iboratligini eslatadi xolos; Ker ko‘chirgan nusxa oxiridagi: 1126 yilda (hijriy) — 1714 yilda tugallandi, degan arabiy so‘zlar, aftidan, asos qo‘lyozmaning bitilgan yilini ko‘rsatadi. Shunday bo‘lsa ham, Ker o‘z nusxasida saqlashga harakat qilgan imloviy va ba’zi belgilarga qarab, nusxa Movarounnahrda qalamga olingan, deb hisoblash mumkin».
«Boburnoma»ning ko‘chirilgan matni bir qismini lotin tiliga tarjimasi bilan ta’minlab, G. Ya. Ker keyinchalik bu asarni oxirigacha tarjima qilishni mo‘ljallagan va shu niyatda o‘zi ko‘chirgan nusxaga toza oq varaqlarni yopishtirib qo‘ygan edi. Bu lotinchaga tarjimaning tahliliga asoslanib, N. I. Ilminskiy shunday xulosaga kelgan edi: Ker «chig‘atoy lahjasini noto‘kis biladi. Garchi, hamma joyda boixlos va tirishqoqlik bilan nusxa ko‘targanining alomatlari bilinib tursa ham, Ker ba’zi o‘rinlarda so‘zlarning farqiga bormay, ularning ma’nosini uqa olmay, tusmollab, qandaydir noaniq belgilarni chizishga majbur bo‘lgan edi; uning chig‘atoycha savodga nooshno qalami xato va sahvga yo‘l qo‘ymasligi mumkin emas edi». Lekin aytib o‘tish kerakki, «Boburnoma»ni ko‘chirib yozishi va uning bir qismini tarjima qilishi G. Ya Kerning «chig‘atoy» tili obidalari ustida ishlash sohasidagi birinchi tajribasi emas edi: u 1733 yildayoq «Shajarai turk»dan o‘z qo‘li bilan nusxa ko‘targan, shuningdek, bu asarni nemis tiliga tarjima qilgan edi; «tarjima bevosita tatarcha asl nusxadan qilingan… asl nusxaga juda yaqin, buning ustiga ovrupocha didga uncha o‘tirishmaydigan iboralar aniq berilgan ediki, shuning uchun g‘alati odam deb Kerga ayb ham taqqanlar».
Qariyb 90 yildan keyin «Boburnoma»ga yangidan qiziqish boshlandi. Rus-polyak sharqshunosi, zamondoshlarining shohidlik berishlaricha, turk va arab tillarini juda yaxshi bilgan O. I. Senkovskiy sharqiy turkiy tillarni o‘rganishga kirishib, (1824 yilning may oyida) bir buxorolik savdogar (Nazarboy Turkistoniy — G. B.) qo‘lyozmasidan «Sulton Bobur nomalari» jildini o‘z qo‘li bilan ko‘chirib bitdi, chunki uning asl nusxasini va tarjimasini nashr qilmoqchi bo‘ldi». Ko‘chirib yozish davomida asarning miridan-sirigacha ogoh bo‘lgani tufayli O. I. Senkovskiy «Boburnoma» ma’lumotlaridan erkin foydalana olish darajasiga yetdi. Uning qalamiga mansub «Chig‘atoy tili» maqolasida, masalan, Andijon haqida to‘xtalib: «Eli turkdur. Shahr va bozorisida turki bilmas kishi yo‘qtur. Elining lafzi qalam bila rosttur», deb Bobur shohidlik berib aytgan so‘zlar keltiriladi, shu, mutaxassis bo‘lmagan kitobxonga mo‘ljallangan nashrda asarga ilk marta lo‘ndagina tavsif beriladi. Keyin «Bobur», «Boburnoma» maqolalari orqali o‘sha paytda yosh bo‘lgan V. V. Grigorevning O. I. Senkovskiy rahbarligida yozilgan «Boburiylar» maqolasiga havola mavjud. V. V. Grigorev rus adabiyotida birinchi bo‘lib Bobur tarjimai holini va yurishlari tarixini «Boburnoma» bo‘yicha insho qiladi; ayni paytda bu asarning zamona nuqtai nazaridan qiziqarli qirralari juda batafsil baholanadi.
1857 yili «Boburnoma» matni Ker nusxasi bo‘yicha N. I. Ilminskiy tomonidan nashr etildi, keyinchalik, 1884 yili Imp. Fanlar akademiyasi «o‘zining Osiyo xalqlari tarixi va qadimiyati sohasi bo‘yicha a’zosi unvonini» taklif qildi. «A’lo nusxalar yetishmagan paytda, hech shubhasiz, e’tiborli darajada deb hisoblab bo‘lmasa-da, Ker nusxasi, boshqa qo‘llanmalar bilan birgalikda, «Boburnoma» nashri uchun yaxshi manba bo‘lishi mumkin» deb o‘ylab, noshir o‘z oldiga «Boburnoma» matnini», «tadqiqot davomida (biz ajratib yozdik — G. B) Ker nusxasidagi xato bo‘lib ko‘ringan jamiki narsalardan tozalash»dek qiyin vazifani qo‘ydi. Bu, eng avvalo, Kerning o‘zi yo‘l qo‘ygan xato va sahvlarga taalluqli edi. N. I. Ilminskiy zikr etgan paleografik tadqiqot uchun, eng avvalo, o‘sha nusxaning o‘zi manba bo‘lib xizmat qildi: qaysi bir so‘z, shakl, iboraning to‘g‘ri yozilganiga «ko‘p hollarda ularning shu nusxadagi ishlatilishiga qarab ishonch hosil qildi. Bundan keyin inglizcha tarjimadagi Memoirs of Babur etc., nihoyat, Kalkuttada nashr etilgan chig‘atoy-forsiy va Mir Alisher asarlariga tuzilgan chig‘atoy-turkiy lug‘atlarning nusxalari zaruriy va doimiy qo‘llanma bo‘ldi. Ayni paytda N. I. Ilminskiy juda yaxshi anglar ediki, «mukammal darajada aniq va to‘g‘ri nashrga erishish uchun bu qo‘llanmalar yetarli emas: buning uchun «Boburnoma»ning bir qancha yaxshi mahalliy qo‘lyozmalarini qiyoslab chiqish kerak edi». Ta’kidlab o‘tishimiz joizki, N. I. Ilminskiy «Boburnoma» matnini nashr etganidan to‘rt yil keyin, I. N Berezinning «Boburnoma»dan parchalar va Bobur she’riy asarlaridan namunalar kiritilgan «Turkiy xrestomatiya»si manbalariga asoslanib, muallif nomini o‘qishdagi o‘z nuqtai nazarini ko‘rib chiqadi: Bobir > Bobur.
«Boburnoma»ning bosma matni yuzaga chiqishi munosabati bilan rus sharqshunoslari diqqatini O. I. Senkovskiy qo‘lyozmasi o‘ziga jalb etdi. 1859 yili Imp. Fanlar akademiyasi bosmaxonasida V. V. Velyaminov-Zernov taklifi va rahbarligi ostida «Boburnoma»ning N. I. Ilminskiy nashr etgan chig‘atoycha matniga professor Senkovskiy tomonidan darj qilingan qo‘lyozma varaqalardan olingan «Variantlar» chop etila boshlandi. Bu nashr yetti bosma toboqqa yetkazildi. Imp. Fanlar akademiyasi Tarix-filologiya bo‘limi zaruriy kotibining «Boburnoma» variantlarini nashr etishga doir rasmiy talabiga javob berib, N. I. Ilminskiy «chop etilgan variantlarga qarab» O. I. Senkovskiy nusxasini «Boburnoma»ning boshqa tahriri» sifatida tavsiflaydi, garchi shu yerning o‘zida «har qanday qo‘lyozmada uchrashi muqarrar bo‘lgan kichik o‘zgarishlarni istisno qilganda, mazkur matn Bobur bitiklarining aniq nusxasini tashkil etadi», «Senkovskiyning ko‘p variantlari» Qozon shahrida taqdim etilgan «matnni hech shubhasiz to‘g‘rilaydi», biroq «Boburnoma»ning bosilgan matnini tuzatish haqidagi qat’iy masalani hal qilmaydi, «chunki bu variantlarning hammasi ham to‘g‘ri emas, ba’zilari esa xato bo‘lishi mumkin», deb ham ta’kidlab o‘tadi.
Matnni to‘g‘rilash ishini olg‘a siljitish uchun Ilminskiy (U Radlov tadqiqotlaridan keyin, ilgari nashr etilgan matndagi ko‘p narsalarni tuzatish mumkin, deb hisoblardi) professor Ker qo‘lyozmasi bilan Senkovskiy qo‘lyozmasini yangidan qiyoslab chiqishni taklif etdi. Bo‘lim N. I. Ilminskiy taklifini qabul qildi va bu ishda unga yordam berishga qaror qildi. O. I. Senkovskiy qo‘lyozmasi N. I. Ilminskiyga yuborildi, 1885 yil martida esa (qo‘lyozma bo‘limga) qaytarildi. Tarjimonlik va ma’rifatchilik faoliyati bilan band bo‘lib, N. I. Ilminskiy Ker nusxasi va Senkovskiy qo‘lyozmasini qiyoslash ishini nashr etish uchun davom ettirmadi. O‘sha vaqtlarda, 1882 yili, bosmaxona omborlarida uzoq vaqtlardan buyon saqlanayotgan «Boburnoma variantlari»ga tegishli qaror qabul qilindi: «…chop etilgan bosma toboqlar hisobidan… har biridan 20 nusxadan juzlab taxlansin va Akademiyaning Osiyo muzeyiga saqlash uchun tolshirilsin, qolgan nusxalar esa chiqindiga aylantirilib, yo‘q qilib tashlansin».
1904 yili A. Beverij g‘oyib bo‘lgan qo‘lyozmani yoki «Boburnoma» boshqa har qanday qo‘lyozmasini axtarib topishda o‘ziga yordam berishlarini so‘rab muharririyatga yozgan maktubini e’lon qilib, ZVORAO redaktsiyasi: «Buxoroda ajoyib bir nusxaning mavjudligi haqida anchadan beri ovozalar yuradi, hozir ham yuribdi, lekin uni bironta ovrupolik ko‘rgan emas», deydi. 1911 yildayoq A. N. Samoylovich «Boburnoma» ning A. Beverijga ma’lum nusxalariga yana, shaxsan o‘zi ko‘rgan: «1) yaqinda o‘lgan Xeva xoni kutubxonasidagi (Xeva shahri. Bu nusxa yangi bo‘lib, Ilminskiy nashridan ko‘chirilgan bo‘lishi ehtimol), 2) Buxorodagi rus diplomatik gumashtasi, janob Lyutsh kutubxonasidagi (yangi nusxa), 3) Imp. Xalq kutubxonasidagi (bu ham yangi nusxa: 2-javon, 6-raf (taxta tokcha), 34-raqam, 1862 yil) uchta nusxani qo‘shadi».
O‘zining aytishicha, «Velyaminov-Zernov «Materiallar»ini «kamina tomonidan tayyorlanayotgan Bobur asarlari (tugallanmay qolgan) tadqiqi munosabati bilan tilshunoslik maqsadlari ila o‘rgangan A. N. Samoylovich» bu nashrga (ya’ni A. Beverij tomonidan amalga oshirilgan «Boburnoma» Haydarobod nusxasi nashriga — G. B.) va shu muallifning «Boburnoma»ga tegishli (1900—1908) bir qancha maqolalariga munosabat bildirish bilan bog‘liq — anchadan beri ko‘ngliga tugib yurgan muddaosini ro‘yobga chiqara olmayotganligidan» afsuslanib, A. Beverij («sidirg‘asiga forsiydan tarjima» deb) Ker nusxasi va «Boburnoma»ning Ilminskiy nashriga ishonchsizlarcha bergan bahosini shubha ostiga qo‘ydi. (Aytib o‘tishimiz kerakki, A. Beverijning N. I. Ilminskiy nashriga shubha bilan qarashi nafaqat uning «Boburnoma» turli qo‘lyozmalari ustida olib borgan tadqiqotlari natijalari nuqtai nazaridan, balki bu nashrni, masalan, Pave de Kurtey kabi G‘arbiy Ovrupo sharqshunoslari tomonidan notanqidiy qabul qilinishiga munosabat tarzida ham izohlanadi). Shu bilan birga A. K Samoylovich ayniqsa fassimile, (ya’ni Haydarobod nusxasi nashri — G. B.) va Ker qo‘lyozmasining Qozon nashri matnlarining bir-biriga nihoyatda muvofiqligi»ga e’tiborni qaratgan holda, ayni paytda Ilminskiy nashri ham, Beverij nashri ham «ulug‘ mogol» memuarlarining asl matnini mujassamlashtirmaganligini va qo‘shma tanqidiy nashrini kutayotganligini ta’kidlab o‘tadi.
Bu vazifa hozirgacha bajarilmay qolmoqda. «Boburnoma»ning P. Shamsiyev va S. Mirzayev tomonidan tayyorlangan — N. I. Ilminskiy nashri bilan bir qatorda — A. Beverij nashridagi Haydarobod nusxasidan keng foydalanilgan Toshkent nashri o‘zida shu yo‘nalishdagi ilk qadamlarnigina namoyon qiladi. Ikkinchi, qayta ishlangan nashrda London va Qozon nashrlaridan keltirilgan nomuvofiqliklar hisobiga daliliy izohlar anchagina ko‘paygan; lekin bu yerda sahifa-sahifa berib borilgan tushuntirishlar qo‘l ostimizdagi qo‘lyozmalar yoki hech bo‘lmasa, Ker nusxasi haqida gapirmaganimizda ham — faqatgina London va Qozon nashrlarida kuzatilgan farqlarniyoq butun ko‘lami bilan qamrab ola bilmaydi. P. Shamsiyev mavjud farqlarni misolga keltirish uchun tanlab nashrga tayyorlar ekan, nuqul «ma’no jihatidan muhim farqlar va variantlarni» keltirib, asosan sub’ektiv jihatlarni dastur qilib oladi. Oqibatda, noshirlarning o‘zlari ham e’tirof etganlaridek, ular tomonidan e’lon qilingan matnni ilmiy tayyorlangan, tanqidiy deb hisoblab bo‘lmaydi.
«Boburnoma»ni o‘rganishning boshqa bir — ko‘p olimlar e’tiborini tortgan jihati, bu, asarni rus tiliga tarjima qilishdir. Lekin uzoq vaqt «Boburnoma»ning ma’lum parchalari tarjima etildi, xolos. Faqat 1958 yilga kelib, asarning M. Sale tomonidan amalga oshirilgan to‘liq tarjimasi bosilib chiqdi. Bu tarjima, S. A. Azimjonova «Muqaddima»da ko‘rsatganidek, «ilmiy-filologik maqsadlarni nazarda tutmaydi», unga A. Beverij nashridagi Haydarobod nusxasi asos qilib olingan. 1960 yilda S. Tyulyayev «Boburnoma»ning — hozirda Moskvadagi Sharqiy madaniyat muzeyida saqlanayotgan, o‘tmishda esa, gap maromiga qaraganda, eron shohi kitobxonasida bo‘lgan, shoh Nasriddinning onasi rus elchisi knyaz Dolgorukovga tuhfa aylagan va 1899 yilda S. N. Kologrivov Imp. Moskva Arxeologiya jamiyati Sharq komissiyasiga muhokama uchun taqdim qilgan, — forsiy tarjimasi qo‘lyozmasining butligicha yetib kelmagan varaqlaridagi miniatyuralarni nashr ettirdi.
Keyingi o‘n yilliklarda Leningrad, Moskva, O‘zbekiston olimlarining «Boburnoma»ni o‘rganishga bo‘lgan e’tibori yangidan kuchayishi vatan sharqshunosligi azaliy an’analarini davom ettiradi.
M. Qo‘shmoqov tarjimasi
«Guliston» jurnali, 1990 yil, 12-son