Erkin Vohidov. Tirik xazina yoxud jahongashta so‘z

Har ulfatning o‘z hangomasi bor, deganlaridek, shoir, yozuvchilar yig‘ilib qolsa, bahs-munozara ko‘pincha So‘z ustida ketadi. Negaki, bizni binokor desa g‘ishtimiz, dehqon desa dalamiz, g‘avvos desa ummonimiz, uchuvchi desa osmonimiz — So‘z. Dunyoda qancha ijodkor bo‘lsa, shuncha tafakkur tarzi, shakllangan ko‘zqarash bor. Ayniqsa, So‘zdek rangin, murakkab, serqirra mavzu ustida gap ketganda fikrlarning bir joydan chiqishi qiyin. Har kimda bir nuqtai nazar va har nuqtai nazarda bir haqiqat bo‘ladi.

Yaqinda shunday bahslardan biri mahkama so‘zi haqida bo‘ldi. Bir tomon mahkama hukm chiqariladigan joy, ya’ni sud, eski zamonda qozixona shunday atalgan, desa, ikkinchi tomon, hukm so‘zidan hokimiyat kelib chiqqani, hukumat idorasi mahkama bo‘lishini dalillab e’tiroz bildirdi. Birinchi tomonning mahkamaga berish, mahkamaga tortish kabi dalillariga har ishning o‘z mahkamasi bor, degan ibora qarshi qo‘yilib, bu so‘zning idora ma’nosiga urg‘u berildi. Bu fikr ko‘pchilikka maqbul bo‘ldi.
O‘sha suhbatda men asrning muhokama asri ekani, bahsu muhokamaning esa buyuk hikmat ekanini o‘ylab yayrab o‘tirdim. Asliyatga qaytishning ko‘lamli jarayonida zangin va rangin ona tilimiz faol ishtirok etayotganidan quvondim. Barcha darajadagi mahkamalarning faqat hukm chiqaruvchi dargoh emas, balki muhokama dargohiga, tafakkur va mashvarat maskaniga aylanayotgani haqiqatdir. Zeroki, hokimu hukmu hakamu hukumat muhokamaga o‘zakdosh, hikmat daraxti ham shu ildizdan unib chiqqan.
Ijodkorlar bahsi odatda qizg‘in, qiziqarli kechadi. Turli hangomalar o‘rtaga tushadi. So‘zni telva-teskari ishlatganlarning mazammati, tarjimadagi ba’zi ajabtovurliklar hangomasi bahsga yengil ruh beradi. Talashib tortishsak ham kulib, yayrab qaytamiz. Lekin tilshunos olimlar bilan tortishuv juda mushkul ish. Arab, fors tillarini suv qilib ichib yuborgan tadqiqotchilar so‘zning eng chuqur ildiziga yetib asliyatni mahkam tutib oladilar. Dunyo xatoga to‘lib ketganidan jonfig‘on bo‘ladilar. Rishton emas, Roshidon; Buvayda emas, Bibi Ubayda; arava emas, aroba deb yozish va aytishni talab qiladilar. Ulamolar, fuzalolar deyish savodsizlik, inson huquqlari emas, haqlari deyish kerak, chunki ulamo, fuzalo, huquq olim, fozil, haq so‘zlarining ko‘pligi deb qizishadilar. Ayniqsa, axborotlar so‘zini eshitsalar bormi, sochlari tik bo‘ladi. Haqiqatdan ham xabarning jam’i — axbor. Axborotga aylanib yana bir ko‘plik qo‘shimchasi ortdi. Axborotlar desak endi xabar uchta lardan lorsillagan bo‘ladi.
Azaliy qadriyatlar tiklanayotgan zamonda tilshunos olimlarimizning bu jonbozliklari, ayniqsa, ziyolilarni “qora” xalqqa ergashish emas, balki yo‘lboshchi bo‘lishga chorlashlari adolatli nidodir.
Lekin orzular boshqa-yu, hayot boshqa ekan. Men ham ona tilimizning hazrat Navoiy zamonidagi ko‘rki, bo‘y-bastiga qarab havas qilaman. Qani edi, buyuk shoirning so‘z boyligi shu kunda ham to‘lig‘icha tasarrufimizda istifoda bo‘lsa, deya orzular qilaman. Ne ilojki, jamiyatning ham, tilning ham taraqqiyot qonunlari bizning ixtiyorimizda emas ekan. Og‘izdagi tilga xo‘jayinlik qilishimiz mumkin, lekin jamiyat hodisasi bo‘lgan Tilga hukm o‘tkazish ilojsiz.
Ustoz Abdulla Qahhor dramaturgiyaning bir qonuni ustida so‘zlab, yangi piyesaga kiritish uchun mo‘ljallab yozgan bir daftar juda yorqin va o‘tkir jumlalarni bizga o‘qib bergan va afsus bilan aytgandi:
— Ko‘ngilda ko‘pdan saqlab yurgan bu gaplarimning birortasini piyesaga kiritolmadim. Qaysi qahramonning og‘ziga solsam, tuflab tashladi.
Ulug‘ adibning bu so‘zlarini to‘la asos bilan til qonuniyatlariga ko‘chirish mumkin.
Biz ilmu ijod ahli qancha talashib tortishmaylik, bir fikrda hammamiz yakdilmiz: til yolg‘iz mutaxassislarning mulki, xususiy tomorqasi emas. Uni boyitish, go‘zal qilish, xas-xashaklardan tozalab borish — umumxalq ishidir.
Men ham shu buyuk xazinaning bitta bahramandi sifatida So‘z haqida ko‘ngil so‘zlarimni aytib, siz aziz mushtariylarni bahsga chorlamoqchi bo‘ldim.

Ulg‘aygan so‘zlar

So‘z bamisoli tirik jondek hayot kechirar ekan. Unda ham tug‘ilish, kamol topish, qarib zavolga yuz tutish bor ekan.
Umr davomida inson necha qayta o‘zgaradi. Bolalikda bir, yigitlikda o‘zga, ulug‘ yoshga yetganda yana boshqa qiyofa kasb etadi. Dunyo kezib ba’zan o‘z yurtiga boshqa odam bo‘lib qaytadi. So‘zning ham o‘z qismati, tarjimai holi bo‘larkan. Goh uzoq-yaqin ellarda makon tutib, tamoman boshqa ma’no olib yurtga qaytar ekan.
Tilimizda istak, xohishni anglatuvchi iroda so‘zi bor. Bir piyola suv ichishni iroda qildim, desak aslida xato bo‘lmaydi. Lekin biz shunday demaymiz. Chunki bu so‘z istak ma’nosidan o‘sib qalb qudratini, inson tabiatidagi mustahkamlik, qat’iyatni anglatuvchi atamaga aylanibdi. Irodali inson endi xohish egasi emas, balki o‘z xohishini boshqara olgan, kerak bo‘lsa, ko‘ngilning hoyu-havaslariga qarshi tura oladigan insondir. So‘z asl ma’nosidan uzoqlashmagan holda ulg‘ayib, bo‘yiga bo‘y, ko‘rkiga ko‘rk qo‘shilibdi.
Lekin shunday so‘zlar borki, vaqt ularni tanib bo‘lmas darajada o‘zgartirib yuborgan, asl ma’nodan deyarli nishon qolmagan.

Yod etmas emish kishini g‘urbatda kishi,
Shod etmas emish ko‘ngulni mehnatda kishi.

Bu Mirzo Boburning faryodi. Mehnat so‘ziga e’tibor bering. Aslida azob-uqubatni bildirgan bu so‘zga zamon tamoman ters mazmun bag‘ishladi, baxt-saodat omiliga, shon-sharaf ishiga aylantirdi, qonun bilan huquqiy maqom berdi.

Qaro ko‘zum, kelu mardumlig‘ emdi fan qilg‘il,
Ko‘zum qarosida mardum kibi vatan qilg‘il.

Hazrat Navoiyning mashhuri olam bo‘lgan bu shohbaytidagi har uch o‘zak so‘z — mardum, fan, vatan bizning zamonga kelib ulg‘aygan, kamol topgan, asl ma’no qobig‘larini yorib chiqib, yangi miqyosga ko‘tarilgan atamalardir.
Mardum — inson. Fan qilmoq — ayon qilmoq, namoyon etmoq, bildirmoq. Mardumning yana bir mazmuni ko‘zning gavhari. Baytning ma’nosi — bilsangiz ham yana qaytaray — ey, qora ko‘zligim, kel, bir insoniylik ko‘rsatginu ko‘zim qorasida gavhar bo‘lib joylashgin. Qora ko‘z va ko‘z qorasi, mardumning ikki ma’nosi, shakl va mazmunning go‘zal va olijanobligi baytni she’riyatning arshiga ko‘tarib qo‘ygan.
Mardum so‘zining ko‘z gavhari ma’nosi bugun unut bo‘ldi. Uning inson ma’nosi esa xalq tushunchasiga aylandi. So‘z keng miqyosga chiqdi, jo‘ngina qilib aytadigan bo‘lsak, o‘zidan ko‘paydi.
Fan so‘zining bugungi kamoloti hayratlidir. Uning hunar, san’at ma’nolari ham, fan qilmoq shakli ham endi yo‘q. Fan bugun bilimlar majmuiga, ilmiy tafakkurning umumlashma nomiga aylandi.
Baytning yana bir o‘zak so‘zi — vatan. Bu yerda u joy, maskanni anglatadi.
Hozirda ham uy qurgan, joy sotib olgan odamni biz vatanli bo‘ldi, deymiz. Lekin mening vatanim falon ko‘cha, falon xonadon, deb aytmaymiz. Hovlisini sotgan odam, men vatanimni sotdim, demaydi. Shunday deb ko‘rsin-chi?!
Bugungi inson ongida Vatan muqaddas tushunchaga aylandi. Millat uchun u — mamlakat, insoniyat uchun Kurrai Zamin qadar yuksaldi.
Moskva, Tokio shaharlarida buyuk bobomiz haykallari ochilarkan, o‘sha mo‘tabar izdihomda turib hazratning bu o‘lmas baytlarini xayolda takrorlagan edim. Qarang-ki, ustoz Navoiy o‘zlari o‘zbek xalqi uchun vatan timsoliga aylanibdilar!

Bir pas necha daqiqa?

Bolalikdagi she’riy mashqlarimning birida, shabboda, to‘xta bir pas, deb yozgan ekanman. Devoriy gazeta muharriri, o‘zbek adabiy tilida bir pas degan so‘z yo‘q, bir nafas deyish kerak, deb o‘zi qizil qalam bilan to‘g‘rilab qo‘ygan.
Ko‘p yillar o‘tib Navoiyning “Layli va Majnun”ida shunday baytni ko‘rdim:

Bir pos chu tundin o‘tdi ul xayl,
Tushluq tushi qildi uyqug‘a mayl.

Lug‘atlarga qaradim. Pos — tunning sakkizdan biri, deb sharhlanibdi. Demak, taxminan bir soatga teng tungi muddat — pos, bir soatlik tungi soqchi — posbon, ruscha chasovoy ma’nosidagi atama bo‘lib chiqdi.
Ajabki, o‘z so‘zimiz bo‘lgan pos jahon kezib, yana o‘zimizga post shaklida, qo‘riqlanadigan joy, soqchining o‘rni hamda lavozim ma’nolarini olib qaytibdi.
Pos — o‘zimizning so‘z, deb xato aytmadim. Asli forscha yoki arabcha o‘zakka ega bo‘lgan, asrlar davomida tilimiz tarkibida yashab bizga xizmat qilayotgan so‘zlar ham albatta o‘z so‘zlarimizdir.
Xuddi shunday, rus, mojar, arab, tojik va boshqa tillarda xizmat qilayotgan o‘zbek so‘zlari ham hozirgi egalariga buyursin.
Biz bir pas deb ishlatadigan pos — jaydari so‘zimizning jahon sahnida topgan yuksak martabasi kechagi chopqillab yurgan bo‘z bolaning askar bo‘lib, harbiy kiyimda viqor bilan qaytganini eslatadi.
Demak, o‘zbekning bir pasi bir soat bo‘lar ekan. Gapimni bir pasda tugataman, degan so‘zning ma’nosini o‘zingiz tushunavering.

Fuqarolar deyish to‘g‘rimi?

Bamisoli ulamo, fuzalo olimu fozilning ko‘plik shakli bo‘lganidek, fuqaro ham faqirlar, ya’ni kambag‘allar, yo‘qsillar demakdir. Qoidaga ko‘ra, fuqaroga ham lar qo‘shish xato bo‘ladi.
Ilmiy, mantiqiy nuqtai nazardan ham, shaklu mazmun jihatdan ham bu huquqiy atama ustida turli bahslar yuradi.
Lekin zamon ko‘zi bilan qarasak, fuqaro ham mehnatkash atamasi bilan qismatdosh ekan. Har ikki so‘z majruhlik, tubanlik, baxtsizlik chohidan ozod bo‘lib, qadr-qimmat minbariga yuksalibdilar.
Shunday kamol topgan so‘zlarga duch kelganimda, o‘zbekning so‘zi — o‘zbekning o‘zi, degan fikr ko‘nglimdan o‘tadi.
Qadim zamonlarda Misr sultonlari asirlikka olib o‘z mulkiga aylantirgan, ya’ni mamluk qilgan askarlar vaqt kelib sultonlarni qulatgani, besh yuz yil Misrda hukm surgani tarixdan ma’lum.
Aslida qul ma’nosini anglatuvchi mamluk Mamluklar saltanati bo‘lib, sohiblik maqomini olgan edi.
Kelib chiqishi faqir bo‘lgan fuqaroning bugungi sohiblik maqomi, yurt egasi darajasiga ko‘tarilgani ana shu tarixni eslatadi. Farq shuki, fuqaro hozirgi maqomga qadam-baqadam ko‘tarilgan. Faqirlik — tobelikka, tobelik darajama-daraja yuqorilab, avval xojaning fuqarosi, so‘ng amiru sultonning, bora-bora mamlakatning fuqarosi qadar yetib kelgan.
XIX asr boshlarida Qo‘qonda yashab ijod etgan o‘z zamonining malik ush-shuarosi bo‘lgan Fazliyning: “Senga arz etar fuqarolaring”, — degan so‘zlari bor. Bu g‘azalga shoir Vola bog‘lagan muxammas “Bozurgoniy” kuyiga solib hali hamon aytiladi. Demak, bundan ikki asr avval fuqaro amirlikka tobe inson ma’nosida ishlatilgan va fuqarolar shakli ham mavjud bo‘lgan.
Bugun endi fuqaro so‘zi juldur to‘nini yechib, zamonaviy libosda qad ko‘targan. Bir qo‘li bilan ruscha grajdanin, ikkinchi qo‘l bilan inglizcha sitizen so‘zlarini mahkam ushlab, dunyo sahnida mag‘rur turibdi.
Zotan grajdanin ham, sitizen ham o‘zlarining avvalgi shaharlik degan ma’nolarini allaqachon tark etganlar.

Madina va madaniyat

Madaniyat arabcha madina, ya’ni shahar so‘zidan olinganini bilamiz. Qadim zamonlardan sahroyi arablar badaviy, shaharliklar madaniy bo‘lganlar. O‘zbek tiliga ham ayni ma’noda kirib kelgan. Ayonki, hamma davr, hamma el-elatlarda shaharlar madaniyat o‘chog‘i hisoblangan. Biz bugun qishloq madaniyati deganda ham qishloqning shaharlashuvini tushunamiz.
Madina va madaniyat haqidagi o‘ylar meni madaniyat o‘zi aslida nima, degan savolga ro‘baru qildi.
Madaniyat oq ko‘ylak kiyib, galstuk taqish, tavoze va mulozamatni o‘xshatishdami? Yoki risoladagidek uy tutish, saranjom-sarishtalikmi u?
Zamon shahar va shaharlik atamalariga ham, madaniyat tushunchasiga ham o‘zgacha ma’no berdi.
Avvalo, shahar bilan qishloq o‘rtasidagi tafovut yo‘qolib bormoqda. Qishloqlik endi ilgarigi qishloqi emas. Kiyinishda, muomalada, yurish-turish va ro‘zg‘or tutishda bugungi qishloqda yashovchilar hech bir shaharlikdan kam emaslar.
Qolaversa, madaniyat ham endi shakliy, maishiy ma’nolarini yo‘qotib, estetik-axloqiy tushunchaga aylanib bormoqda. Madaniyat deganda bugun biz ko‘proq ichki madaniyatni ko‘zda tutamiz, yuksak fazilatlar majmuini tushunamiz.
Agar bugun barcha insoniy fazilatlar ichida eng oliy, eng qadrlisi nima, deb so‘rov o‘tkazilsa, ishonamanki, yer yuzi xalqlarining asosiy ko‘pchiligi mehr-shafqatni aytadi. Zotan, bu zamonda odamzot eng muhtoj bo‘lgan, lekin juda kamyob, jadal taraqqiyot barobarida ko‘payish o‘rniga ozayib ketayotgan tuyg‘u — mehr-shafqatdir.
Mabodo so‘rovni davom ettirib, mehr-shafqat qayerda ko‘p va qayerda kam, deya so‘ralsa, hamma barobar shaharda kamroq, qishloqda ko‘proq, deb javob beradi. Xudbinlik va begonalik oshiyoni bo‘lib borayotgan megapolislarda istiqomat qiluvchilar o‘zlari shu so‘zni aytadilar.
Mehr-shafqat insoniy madaniyatning eng oliy darajasi ekan va bu noyob tuyg‘u qishloqlarda makon tutgan ekan, madaniyat so‘zining madinaga egizligi qayoqda qoldi?
Shoirlar qishloqlarda tug‘iladilar, shaharlarda yashab o‘tadilar, degan gap mashhur bo‘lib ketgan. Lekin, aslida, shahardan chiqqan madaniyat o‘z maskanidan bosh olib qishloqqa ko‘chib ketibdi, desak haqiqatga yaqin majoz bo‘lar ekan…

G‘arib, g‘aroyib so‘zlar…

So‘zning boshiga ham yaxshi-yomon kunlar tushar ekan.
Yigit so‘zi Rossiyaga ketib djigit bo‘ldi, bahodir — bogatыr bo‘lib qadr topdi. Lekin polvon — bolvanga, pahlavon — axlamonga aylanib xor-zor, sharmandai sharmisor bo‘ldilar.
Turkiyalik bir do‘stimiz bor. O‘zbek adabiyotining katta bilimdoni, targ‘ibotchisi. Ko‘p kitoblarimizni turkchaga tarjima qilib nashr ettirgan. Ismi nima deng? Yovuz! Yovuz Oqbinor.
Usmonli turk tilida yovuz so‘zi botir, bahodir ma’nosini bildiradi. Turkiya tarixida Yovuz ismli sultonlar o‘tgan.
Qarangki, bizning polvon va pahlavon so‘zlarimizga kelgan ko‘rgilik qardosh tildan o‘tgan yovuz so‘zining ham boshiga tushibdi.
Usta tarjimonlar ko‘pincha qardosh tillardan tarjima qilishni uncha xush ko‘rmaydilar, bu ishdan iloji boricha qochadilar. Yuzaki qarashda oson ko‘ringan bu ish aslida juda murakkab ekan. Negaki tanish so‘zing seni chalg‘itib, uyaltirib qo‘yishi hech gap emas.
Bunday holatga misol qilib o‘zbek muhojirlarining bir ajib sarguzashtini hikoya qiladilar.
Inqilob yillarida Turkistondan quvg‘in bo‘lgan bir guruh vatandoshlarimiz Istanbulda panoh topgan ekanlar. Shahar voliysi ularni huzuriga chorlab hurmat ko‘rsatibdi, qanday istak-orzulari borligini so‘rabdi. Shunda mehmon o‘zbeklarning ulug‘i tavoze bilan bunday debdi: Iltifotingiz uchun tashakkur, janob voliy, har narsamiz yetarli. Faqat bekormiz, bizga korxona kerak.
Bizga ajdod bo‘lgan o‘sha sodda o‘zbek qayerdan bilsin-ki, Turkiyada bekorning ma’nosi bo‘ydoq, korxonaning ma’nosi esa ishratxona, islovotxona…
Ana ko‘ring hangomani! Shunday tabarruk yurtdan kelgan izzatli musofirlar biz bo‘ydoqmiz, ishratxona kerak deb tursa, voliyning ahvolini ko‘z oldingizga keltiring.
Moskvaning Vorovskaya ko‘chasidagi yozuvchilar uyushmasi binosi bir vaqtlar doim gavjum bo‘lar, poytaxtga yo‘li tushgan ijodkorlar qo‘nib o‘tadigan karvonsaroy edi. Hindistonga boradigan toshkentlik avval Moskvaga borib, hujjat rasmiylashtirib, yana uch ming kilometr uchib qaytar, Toshkentga qo‘nib, keyin Hindistonga uchardi-da.
Osiyo — Afrika yozuvchilar birdamlik harakatining kotibiyati joylashgan mo‘jazgina kabinetda bo‘lib o‘tgan bir suhbat hech yodimdan chiqmaydi.
— Men ko‘p ta’na eshitaman, — degandi Chingiz Aytmatov yonida o‘tirgan Mustay Karimga, – qirg‘iz tilida yozmaysan, deb tanqid qilishadi. Ne qilayki, o‘z ona tilimda hatto haqiqat ma’nosini bildiruvchi so‘z yo‘q.
Ulug‘ yozuvchi shunday deb qo‘lidagi gazetani mashhur shoirga uzatdi. Gazetaning nomi “Frunze pravdasi” edi.
— Hasrat qilma, azizim, — dedi Mustay og‘a o‘ziga xos nazokat va madaniyat bilan, — mening boshqird tilim oldida qirg‘iz tilini ulug‘ va qudratli desa bo‘ladi. Yaqinda bir jurnalimizda maqola chiqdi. Nomi shunday: Sovetlar Rossiyasinda krestyanlar polojeniyesi!
Suhbatga Ibroyim Yusupov qo‘shildi:
— Qoraqalpoqning bosh gazetasi yaqin-yaqinlarda ham “Qizil Qoraqalpog‘iston” bo‘lgan.

Tilning joni bor

Ha, tilning joni bor ekan. Bekorga jonli til deb atalmas ekan.
Agar tilni xazina desak, u ko‘mib qo‘yilgan yo sandiqda saqlanadigan xazina emas, balki ipak qurti kabi tirik xazina ekan.
Hozirgi zamonda kichkina disketalarga sig‘ib ketgan yuz ming so‘zlik lug‘atlar menga gugurt qutisiga jo bo‘lgan sonsiz pilla urug‘ini eslatadi.
Xitoydan qadimda bu urug‘ni hassa ichida yashirin olib chiqqan sayyoh angishvonadek teshikchadan olamga bitmas xazina tarqatgan edi. O‘sha sayyoh o‘zbek bo‘lganiga menda shubha yo‘q.
Ajabo, tariqdek urug‘dan jonivor unib chiqib pilla o‘rashi, kapalakka aylanib uchishi biz yuqorida tilga olgan va tilga olmagan ming-ming so‘zlarning zamon va makondagi evrilishlarini eslatmaydimi?
Til — xazina. Ulkan adibimiz Pirimqul Qodirov yozganidek, el ganjinasi. Hech birimiz, men tilshunos yoki yozuvchi emasman, deb o‘zni chetga olmasligimiz kerak. Bu ganj sohiblari ham, posbonlari ham barchamiz.
Bu yil “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinganiga roppa-rosa yigirma yil to‘ladi. Ham bayram, ham sarhisob sanasi bu!
Mustaqillik yillarida ma’naviyatimizning uzviy qismi bo‘lgan ona tilimiz rivoji uchun talay amaliy ishlar qilindi. Besh tomli “Izohli lug‘at” ulkan jamoa mehnatining mahsuli bo‘ldi. Sanoqsiz ilmiy ishlar chop etildi, izdihomlar o‘tkazildi.
Lekin qilinadigan ishlar behisob.
Muhtaram Prezidentimiz Islom Karimovning “Yuksak ma’naviyat — yengilmas kuch” nomli asarida til madaniyati to‘g‘risida aytilgan fikrlar, adolatli tanqidiy mulohazalar bizni o‘ylatmog‘i, safarbar qilmog‘i kerak:
“Biz ajdodlardan avlodlarga o‘tib kelayotgan bebaho boylikning vorislari sifatida ona tilimizni asrab-avaylashimiz, uni boyitish, nufuzini yanada oshirish ustida doimiy ishlashimiz zarur…
Ayni vaqtda jamiyatimizda til madaniyatini oshirish borasida hali ko‘p ish qilishimiz lozimligini ham unutmasligimiz kerak. Ayniqsa, ba’zan rasmiy muloqotlarda ham adabiy til qoidalariga rioya qilmaslik, faqat ma’lum bir hudud doirasida ishlatiladigan sheva elementlarini qo‘shib gapirish holatlari uchrab turishi bu masalalarning hali hanuz dolzarb bo‘lib qolayotganini ko‘rsatadi. Bu haqda so‘z yuritganda, bobomiz Alisher Navoiyning “Tilga e’tiborsiz — elga e’tiborsiz” degan so‘zlarida naqadar chuqur hayotiy haqiqat mujassam ekaniga yana bir bor ishonch hosil qilamiz”.
Bu so‘zlar yolg‘iz tilshunos olimlar yoki qalam ahliga emas, balki barcha ziyolilarga, millatning barcha vakillariga qarata aytilgan murojaatdir.
Darhaqiqat, tilni anglash, So‘zni idrok etish o‘zlikni anglashning uzviy qismi hisoblanadi.
Oldingdan oqqan suvning qadri yo‘q deganday, biz ba’zan o‘z ona tilimiz boyliklari, nazokati, husnu tarovatini teran bilib his etolmaymiz. Og‘zimizdan chiqqan so‘zning tagzaminiga yetmaymiz. Gap ko‘p, ko‘mir oz, deb qo‘yamiz-u, nega shunday deyishimizni chuqur o‘ylab o‘tirmaymiz.
Shunday kitob yozilishini orzu qilaman. Uning nomi So‘zning qismati bo‘lsa. Ona tilimizdagi so‘zlarning uzoq bosib o‘tgan yo‘llari, boshdan kechirganlari, zafar va mag‘lubiyatlari, goh shuhrat topib, goh unut bo‘lishlari, kamolu zavollari tasvir etilsa… Dunyoda bundan qiziq asar bo‘lmasdi.
U kitobning ilmiy nomi ham bor: Etimologik lug‘at. G‘oyat mushkul va murakkab, yuz Suqrotning bilimi, ming Alpomishning kuchini talab qiladigan mehnat.
Ishonamanki, o‘zbekning shunday tafakkur pahlavonlari bor. Saksonda ham tinib tinchimagan, bunday lug‘at tuzish ishiga astoydil bel bog‘lab dastlabki zalvorli qadamni qo‘ygan, “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni sohibi ustoz Shavkat Rahmatullayev, “So‘z haqida so‘z” kitobi allaqachon bibliografik noyoblikka aylangan Alibek Rustamovdek suqrotlar-u alpomishlarimiz, ularning g‘ayratli va iste’dodli shogirdlari bor.
Ona tilimiz mehri va g‘ururi ko‘ngillarga ilhom, tog‘larni talqon qilgudek kuch-quvvat bag‘ishlasa ajab emas.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 9-sonidan olindi.