Dunyoning buyuk romanlari: Murasaki Sikibu. Gendzi – Monogatari

ROMANNING ASOSIY IShTIROKChILARI

Ishtirokchilar bilan tanishtirishdan oldin quyidagi izohlarni qayd etib o‘tishni joiz ko‘rdik. Asarning rus tilidagi nashri (Moskva, “Nauka” nashriyotining sharq adabiyoti Bosh tahririyati, 1991 – 1992 yillar) besh jilddan tashkil topgan bo‘lib, dastlabki 4 jildi 54 bobli asar matnidan, 5-jild esa sharhlardan iborat. Asar bosh qahramon shahzoda Gendzining tug‘ilishidan to vafotigacha, undan keyin avlodlarining hukmronlik yillari to‘g‘risida hikoya qiladi. Asarda ishtirok qiluvchi personajlar soni 300 nafardan oshadi. Ularning unvoni yoki saroydagi darajasi o‘sha davr tamoyiliga binoan ba’zan ishtirokchi nomi bilan bir qatorda, ba’zan ishtirokchilarning nomi o‘rnida ishlatiladi, shunga ko‘ra, xizmat darajasi o‘sgani sayin har bobda personajlarning atalishi ham o‘zgarib turadi. Shular ichida eng asosiylarini keltirib o‘tamiz.

Shahzoda Gendzi – imperator Kiritsubo va Pavloniy gullari xobgohi sohibasining farzandi. Asarda Yosh janob, Tyudzyo, Saysyo-no Tyudzyo, Day-syo, Daynogon, Gon-Daynogon nomlari bilan ishtirok qiladi.

Imperator Kiritsubo – Gendzining otasi, mamlakat hukmdori.

Pavloniy gullari xobgohining sohibasi – Gendzining onasi, Imperatorning joriyasi.

Azeti-no doynagon – uning otasi, imperatorning qaynotasi.

Saxiy mukofotlar qasri sohibasi – O‘ng vazirning qizi, imperatorning joriyasi, bo‘lajak Imperator-ona.

Birinchi shahzoda – Bahorgi xobgoh shahzodasi, bo‘lajak imperator Sudzaku. Imperator Kiritsubo va uning joriyasi Kokidenlarning birinchi farzandi.

To‘rtinchi malika-qiz – Glitsiniy gullari xobgohining malikasi, joriya, bo‘lajak imperator-xonim Fudzitsubo.

Shahzoda Xebukyo – Sikibukyo, Fudzitsuboning akasi.

So‘l vazir – Gendzining qaynotasi.

Aoi – So‘l vazirning qizi, Gendzining rasmiy rafiqasi.

Kurodo-no syosyo – so‘l vazirning o‘g‘li, Aoining akasi.

Rokudzyo-no Miyasudokoro – saroydagi oltinchi qator uyning xonimi, Gendzining mahbubasi.

Dayni – Gendzining enagasi, emizgan onasi.

Koremitsu – enaga Daynining o‘g‘li, Gendzining ko‘kaldoshi va do‘sti.

Rohib Adzari – enaga Daynining o‘g‘li.

Syosi bekach – enaga Daynining qizi.

So‘l vazir uyidagi yosh xonim – Aoi (21 yoshda), so‘l vazirning qizi, Gendzining rasmiy rafiqasi.

“Kechqurungi chehra” gullari ochilgan uyning bekasi – Yugao, 19 yashar, Gendzi sevgan ayol.

Kurodo-no ben – So‘l vazirning o‘g‘li, Aoining ukasi.

Yosikiyo – Gendzining do‘sti.

Monax Sodzu – Murasaki (Gendzi tarbiyalagan qiz)ning buvisining akasi.

Rohiba – Murasakining buvisi, 40 yoshlarda.

Qizaloq – Murasaki, 10 yoshda.

Syonagon – Murasakini emizgan ayol.

Adzeti-no daynogon – Murasakining bobosi.

Omyobu xonim – Fudzitsuboning xizmatkori.

Ben – xizmatkor xodima, Fudzitsuboni emizgan ayolning qizi.

Oomiya xonim – So‘l vazirning rafiqasi.

Inuki – Murasakining xizmatkori.

Kichik shahzoda – bo‘lajak imperator Reydzey, Fudzitsuboning o‘g‘li.

Gen-naysi-no suke – imperator saroyidagi xonim.

Saxiy mukofotlar saroyining qizi – “Xira bulutlar orasidagi oy” (Oboradzukiyo), O‘ng vazirning qizi, joriya Kokidenning singlisi, Gendzining xufyona mahbubasi.

Amaldagi imperator (Sidzaku) – sobiq imperator Kiritsuboning joriya Kokidendan bo‘lgan o‘g‘li.

Imperator-ona – sobiq imperatorning joriyasi, amaldagi imperatorning onasi.

Akikonomu – Ise ibodatxonasi kohini, bo‘lajak imperator-xonim, 13-14 yoshlarda, Rokudzyo bilan shahzoda Dzemboning qizi.

“Tonggi chehra” xonim – Asagao xonim, shahzoda Sikibukyoning qizi.

So‘l vazir uyidagi yosh janob – Yugiri, 1-2 yoshlarda, Gendzi bilan Aoining o‘g‘li.

G‘arbiy qatordagi uyning yosh xonimi – Murasaki, 13-14 yoshlarda, Gendzi tarbiyasidagi qiz, keyinroq borib uning rafiqasi.

Saysyo – shahzoda Yugirining enagasi.

Shahzoda Soti (Xotaru) – sobiq imperator Kiritsuboning o‘g‘li, Gendzining ukasi.

Nyogo Reykeyden – sobiq imperatorning joriyasi.

Gul to‘kilgan bog‘ sohibasi – Xanatirusato, Gendzining yangi mahbubasi.

 

ROMAN VOQEALARI

(I jild)

Imperatorning saroyida chiroyli xonimlar, bekayu kanizaklar ko‘p. Ular ichida bir qiz eng chiroylisi bo‘lib, uning ismi Kiritsubo (“Kiritsubo” – “uyi atrofida gul o‘sgan” degan ma’noda). U o‘zining go‘zalligi, malohati bilan hukmdorni ham hayratga solardi. Imperator uni shu qadar yoqtirar ediki, yonidan bir qadam ham jilmas, hatto davlat ishlariga qayrilib qaramasdi. Bu ahvoldan hasadi qo‘zigan imperatorning boshqa xotinlari va joriyalari Kiritsuboni ko‘rgani ko‘zi yo‘q. Ayniqsa, shohning rasmiy rafiqasi – Shimoliy xobgoh sohibasi Kokiden Nyogo bu qizni o‘lguday yomon ko‘rardi. Taqdirdosh dugonalarining hiyla-nayranglari, raqibasini yo‘qotish uchun qurgan tuzoqlari sababli sohibjamol Kiritsubo ko‘p iztirob chekadi, sog‘lig‘i ham yomonlasha boshlaydi.

Vaqti-soati kelib Kiritsubo osmondagi oyday porloq yuzli bir o‘g‘il farzand tug‘adi va ko‘p o‘tmay qattiq kasalga chalinib, yorug‘ dunyoni tark etadi. Imperator beadoq qayg‘u ichida. Bola 6 yoshga to‘lganda unga Xikaru – porloq (yorqin) deb nom berishadi. Bolaning chiroyidan va aql-farosatidan hamma hayratlanadi.

“Saroyda shoh rasmiy xotini Kokiden Nyogodan tug‘ilgan o‘g‘lini chetlab, Xikaruni valiahd qilib tayinlamoqchi emish”, degan gap tarqaladi. Bu orada imperator sevimli farzandining kelgusidagi taqdiridan tashvishlanib, valiahdlik unvoni uning uchun xavf tug‘dirishini sezadi-da, bu beqiyos norasida go‘dak himoyasiz (kimsasiz-qarindoshsiz) qolmasin uchun, endi unga oddiy odamlarga xos Gendzi degan nom beradi.

Gendzi 11 yoshga to‘lganida Chap vazirning qizi – malika Aoiga uylanadi. Aoi Gendzidan 4 yosh katta, chiroyli, mehribon va qat’iyatli qiz edi. Gendzi onda-sonda bo‘lsayam xotinining yonida bo‘lib, saroyda ko‘proq ko‘ngilochar o‘yinlar bilan vaqt o‘tkazib yuradi.

Saroyda bu paytda yana bir sohibjamol paydo bo‘lgan, u shohning avvalgi mahbubasi Kiritsuboga o‘xshab ketar, ismi esa Fudzitsubo Nyogo edi. Bu joriya asta-sekin qayg‘udagi shohning ko‘nglini rom qila boshlaydi. U saroydagi Kiritsuboning o‘rnini egallaydi va malikai Porloq Quyosh degan nom ham oladi. Onasini juda sog‘inib, ichikib yurgan Gendzi bu kanizakning yonidan ketmay qoladi, doim u bilan birga bo‘lgisi keladi.

Kunlarning birida Gendzi va uning uch do‘sti (ularning ichida Gendzidan ajralmaydigan To-no Tyudzyo ham bor) saroyning xos xonalaridan biriga kirib olib, ayollar haqida suhbatlashadi. Yigitchalarning har biri ayollarga bo‘lgan munosabati, bu boradagi o‘zlarining tajribalari haqida gapirib beradi. Oxiri bu to‘rt yigitcha “xotinlar o‘zi qiziq, ular ichidan umr yo‘ldoshi qilib saylab oladigani saroyda yo‘q, ularning hech biri bunga arzimaydi”, degan xulosaga keladilar. Birovi – yaxshi rafiqayu, ammo erining qo‘lini tishlab olishdan ham toymaydigan rashkchi, ikkinchisi – chiroyli, ammo bevafo, uchinchisi – haddan tashqari kamtarin, indamas, pismiq, to‘rtinchisining esa dardi kitob, faqat kitob o‘qiydi, boshqa ish qilmaydi, emish. Bu suhbatda Gendzi ora-chora gapga qo‘shilib, ko‘pincha esa jim o‘tiradi.

Boshqa bir kuni Gendzi saroydagi chekka bir uylarning birida chiroyli, suluv qizni ko‘rib qoladi – bu qiz Gendzining jonajon do‘sti To-no Tyudzyoning mahbubasi bo‘lib chiqadi. Qizning aytib bergan qayg‘uli muhabbat qissasi Gendzini iztirobga soladi. Tyudzyoning qonuniy xotini bu qizni chiqishtiravermagach, bechora Yugao mana shu chekka bir kulbada yashirinib yashayotgan ekan. Gendzini uning husni, aqli-farosati mahliyo qilib, xonadonga tez-tez keladigan bo‘lib qoladi. Dastlabki kunlarda u yuziga niqob tortib, o‘zini tanitmay, ismini aytmay keladi. Qiz bilan qancha ko‘p suhbatlashgani sayin, Gendzi unga shunchalik bog‘lanib qoladi. Asta-asta ular o‘rtasida kuchli muhabbat paydo bo‘ladi. Gendzi qizga boshqa uy topishni, shunda ular hech bir to‘siqsiz, tez-tez uchrashib turishlari mumkinligini aytadi. Shunday kunlarning birida u tunda uyg‘onib ketib, yonidagi Yugoaning o‘lib yotganini ko‘radi. Bu bechora sohibjamolni Gendzining avvalgi mahbubasining ruhi kelib o‘ldirib ketgan edi (Gendzi Yugaodan avval yirik bir amaldorning bevasi bilan vaqti xushlik qilib yurar, bu xotinning ismi Roxudzyo bo‘lib, u toptalgan nomusi uchun Gendzidan o‘ch olish maqsadida Yugaoga qasd qilgan edi).

Gendzi sarosimada, kasallanib, bir necha kun to‘shak tortib yotib qoladi.

Yugaoning kanizagi (xodimasi) Ukondan Gendzi qizning qismati haqidagi hikoyani eshitadi, Yugao bechora Tyudzyodan bir qiz farzand ham ko‘rgan, so‘ng bu qizaloqni yo‘qotib qo‘ygan ekan.

Yugaoning dafn marosimi o‘tgach, Gendzi o‘z kasalining davosini izlab tog‘ tepasidagi ibodatxonaga chiqib ketadi. Tog‘ning bir yonbag‘ridagi kulbada Gendzi o‘zining o‘gay onasi Fudzitsuboga juda o‘xshab ketadigan bir suluvgina qizaloqni uchratadi. Shahzoda bu qizaloqni o‘zi bilan saroyga olib keladi va saroydan unga xona ajratib, qizni parvarishlab, tarbiyalay boshlaydi, bo‘sh vaqtini shu qizaloqning tarbiyasiga bag‘ishlaydi, qizaloq ham unga juda o‘rganib qoladi.

Kunlarning birida erta bahorda saroyda olcha gullaridan bahra olish bayramida Gendzi Oborodzukiyo (“bulutli tundagi oy”) ismli qiz bilan tanishib qoladi. Oborodzukiyo Kokiden Nyogoning singlisi bo‘lib, valiahd shahzodaga joriya qilib biriktirilgan edi. Gendzining otasi – amaldagi imperator taxtidan voz kechgach, uning o‘rniga o‘g‘li – valiahd shahzoda Sudzaku (imperatorning Kokiden Nyogodan tug‘ilgan o‘g‘li) taxtga chiqadi. Bu marosimda odam gavjum, ko‘chalar ham aravalarga to‘lib ketgan edi. Ko‘chada Aoi va Rokudzyo mingan aravalar tiqilinchda to‘qnashib ketadi va Rokudzyoning haqoratlangan bezovta ruhi Aoiga azob berish qasdiga tushadi. Aoi Gendzidan homilador edi, go‘dak tug‘ilgach, ona dunyodan ko‘z yumadi. Gendzi o‘g‘liga Yugiri deb nom beradi, o‘zi esa rafiqasining vafotidan qattiq iztirobda.

Uzoq vaqt kasallanib qolgan Rokudzyo qizi bilan Ise viloyatidagi ibodatxonaga jo‘nab ketadi. Shu yili Gendzining otasi (sobiq imperator) vafot etadi va Gendzi mansub bo‘lgan qabila shoh muruvvatidan chetda qolib ketadi. Kokiden Nyogo (yangi imperatorning onasi) vaziyatdan foydalanib, Gendzini yo‘qotish payiga tushadi. Gendzi esa bu paytda saroyda xizmat qilayotgan Oborodzukiyo bilan qalin do‘st bo‘lib olgan edi. Bundan xabar topgan shoh onasi Kokiden Nyogo (bosh malika) janjal ko‘taradi. Sobiq imperatorning ikkinchi bevasi Fudzitsubo Nyogo ham o‘zining sirlari fosh bo‘lib qolishidan qo‘rqib, sochini taqir qilib oldiradi va rohibalikka jo‘nab ketadi. Gendzi ham endilikda o‘gay onasidan yaxshilik ko‘rmasligiga ko‘zi yetib, poytaxtni tark etishga va vaqtinchalik Suma orolida yashab turishga ahd qiladi. U jo‘nab ketishi oldidan Aoining ota uyiga borib, o‘g‘li Yugiri bilan uchrashadi. Fudzitsubo yashayotgan ibodatxonaga borib, u bilan ham xayrlashadi.

Sumada Gendzi yolg‘iz va odamovi holda hayot kechiradi, o‘zining behuda umr ko‘rganligi, beqaror xulq-atvoridan o‘kinadi. Fudzitsubo, Rokudzyo, Murasakilar bilan o‘tkazgan suhbatlarini eslaydi, ular bilan xat yozishib-olishadi. Shu tariqa surgunning ikkinchi yilida u tushida otasini ko‘radi. Marhum imperator o‘g‘lini ogohlantirib, bu orolni tezda tark etishni aytadi. Gendzi ertasigayoq orolga kelgan darvish-rohiblar bilan bir kemaga tushib, Akasiga – muqaddas ruhlar manziliga jo‘naydi, shu manzilda yashab, imperator tomonidan chiqariladigan avf qarorini kutib vaqt o‘tkazadi. Bu yerda Gendzi shu hudud hokimining qizi (bu qizning ham ismi Akasi) bilan ilakishib qoladi. Gendzi poytaxtga ketayotib bu qizga koto (yapon musiqa asbobi) sovg‘a qilib ketadi.

Poytaxtda Gendzi zo‘r shodu xurramlik, tantanalar bilan kutib olinadi. Kelasi yili Akasi qiz farzand ko‘radi, bu Gendzining uchinchi farzandi edi. Saroy munajjimlarining bashoratlariga ko‘ra, Gendzining 3 nafar farzandidan 2 nafari imperatorlik sharafiga erishmog‘i kerak. Binobarin Gendzi qizining davlat malikasi darajasiga erishishiga ishonib, Akasida qolgan jigarbandlarini (mahbubasi va qizini) poytaxtga chorlab, qizini Murasakiga tarbiyalash uchun berish harakatida. Shu yo‘l bilan qizini oliy tabaqa zurriyodlari uchun zarur ilmu ma’rifat manbalari, shart-sharoitlar ila siylamoqchi. Ammo Gendzining yuksak martaba, as’asa-yu dabdabalarini uzoqdan ko‘rib, o‘zining past tabaqadan ekanligidan uyalgan ona Akasi qayg‘uga cho‘madi-da, o‘zi va qizini chetga tortib, odamlarga ko‘rinmay qo‘ya qoladi. Bu paytga kelib, Gendzining saroydagi mavqei ancha mustahkamlangan, imperator Sudzaku iste’foga chiqib, uning o‘rniga Gendzining Fudzitsubodan bo‘lgan farzandi Ryodzen taxtga chiqqan edi.

Gendzi baribir Akasida qolib ketgan mahbubasi va qizi uchun qasr qurdiradi, ularni shu yerga – o‘ziga yaqin joyga oldirmoqchi…

 

ShARHLAR

Bundan qariyb 900 yillar muqaddam – XII asrda yaratilgan dastlabki yapon adabiyotshunoslik risolasi “Mumyodzosi” (“Noma’lum bitiklar”) asarida shunday yozuvlar bor: “Odamlar qo‘shiq to‘qiydilar, she’r yaratadilar, ularni yozib bo‘lgach, ostlariga o‘z nomlarini qistirib qo‘yadilar. Shunday qilib yuz yil, ming yil o‘tadi, ushbu bitiklarni boshqa bir odamlar o‘qiydi va shunday tuyg‘uni his qiladilarki, go‘yo o‘sha ijodkorning o‘zi bilan suhbatlashayotganday tuyuladi. Darhaqiqat, mana shuning o‘zi g‘oyat mutaassirona bir holatdir!..” Bu so‘zlarni bundan roppa-rosa ming yil muqaddam yaratilgan “Gendzi-monogatari” asari haqida ham aytish mumkin. Shu o‘rinda “monogatari” turkumidagi asarlar haqida ham gapirib o‘tish joiz. “Monogatari” – yaponcha “qissa”, “nima haqidadir gapirmoq” degan ma’nolarni anglatadi. Adabiy janrda esa bu so‘z har qanday roman yoki epopeyaga nisbatan ishlatilishi mumkin. Binobarin, “Gendzi-monogatari” so‘zi ham “Gendzi haqida qissa”, “Gendzining boshdan kechirganlari” degan ma’nolarni bildiradi.

“Gendzi-monogatari” romani – yapon mumtoz adabiyotining eng yirik, muhtasham obidalaridan biri. Uning dunyoga kelishi X-XI asrlardagi Xeyan madaniyatidagi eng yuksak cho‘qqi-voqealardan hisoblanadi. Asar o‘sha zamonlardayoq saroy a’yonlari orasida, keyinroq esa oddiy halq ichida ham ko‘p o‘qilgan, ko‘p ko‘chirilgan, har bir oila o‘z uyida ham bu asardan bir nusxa bo‘lishi uchun harakat qilgan.

Roman voqealari 70 yillik davrni qamrab oladi. Asar markazida imperatorning farzandi – shahzoda Gendzining hayoti, ishqiy sarguzashtlari o‘rin tutadi. Tug‘ilgan paytidanoq o‘zining go‘zal chehrasi va boshqa ajoyib xislatlari ila ko‘zni quvontirgan Gendzi hammaning ardog‘ida edi. Asar muallifi Murasaki Sikibu xonim bevosita saroyda, imperator rafiqasiga xizmat qiluvchi xodima bo‘lganligi sababli ham, saroy sharoitida o‘tkaziladigan birorta bayram yoki marosimni, urf-odatlarni, voqealarni o‘tkazib yubormay, ularni sinchiklab o‘rgangan va o‘z asarida yoritib bera olgan. Shuning uchun bu asarning yapon davlatchilik tarixida, o‘sha davr xalq hayotini o‘rganishda ahamiyati juda katta. O‘sha zamon yapon xalqi hayotini, saroy ahlining turmush tarzini, qalb kechinmalarini benihoya sergaklik ila, butun ikir-chikirlari bilan batafsil tasvirlab bergan asar, muallifning teran bilimi, eruditsiyasini, aql-zakovatini, iqtidori va salohiyatini dunyoga ko‘z-ko‘zlab kelayotgan muhtasham asar ana shu tariqa yaratildi. Ungacha esa, Yevropa mezonlariga ko‘ra, asar voqealarini yorqin tasvirlagan roman jahon adabiyotida hali dunyoga kelmagan edi.

“Xeyan davrida go‘zallikni idrok qilish an’analari endigina shakllanib kelmoqda edi, – deb yozadi mashhur adib Yasunari Kavabata o‘z tadqiqotlarida. – Bu an’analar undan keyingi sakkiz-to‘qqiz asr mobaynida yaratilgan adabiyot namunalariga ta’sir ko‘rsatibgina qolmay, balki bu adabiyotning mohiyatini, xarakterini ham belgilab berdi”. Kavabataning fikricha, mana shunday milliy tafakkur an’analariga to‘yingan asarning endilikda adabiyot mo‘jizasi sifatida dunyoda tan olinishi bejiz emas edi.

 

MUALLIF HAQIDA

Adibaning haqiqiy ismi noma’lum. Murasaki – adibaning taxallusi, sikibu – uning erining saroydagi unvoni, bu lavozimiy unvon atamasi ko‘pincha shaxs ismiga qo‘shib aytilgan. Murasakining tarjimai holi bayon etilgan ko‘plab biografik yozuvlar bitib qoldirilgan bo‘lishiga qaramay, uning bevosita hayoti bilan bog‘liq ma’lumotlar deyarli yo‘q. Tadqiqotchilar bu muallifning tarjimai holini yoritishda asosan adiba qalamiga mansub asari – “Kundaliklar”iga va uning she’riy asarlari saqlanib qolgan “Murasaki Sikibu-syu” bayoziga suyanadilar. Adibaning eng mashhur va asosiy asari “Gendzi-monogatari” romanidagi muhim g‘oyaviy-estetik, ruhiy vaziyatlarni tahlil va tadqiq qilishda yuqorida tilga olingan asarlarning, ayniqsa, “Kundaliklar”ning ahamiyati juda beqiyosdir.

Murasaki Sikibu taxminan 978 yili tug‘iladi (yaponlarning “Eyga monogatari” –“Tong qissalari” to‘plamida aynan shu sana keltirilgan). Tadqiqotchi Oka Kadzuo bu borada 973 sanasini keltiradi, ammo bulardan boshqa sanalarni keltirgan tadqiqotchilar ham yo‘q emas. Adiba Yaponiya tarixida, siyosatida, davlatchilikning tashkil bo‘lishida juda ulkan o‘rin tutgan aslzoda Fudzivaralar sulolasiga mansub ayoldir. Uning otasi Tametoki faoliyati boshlarida avvaliga poytaxtda turli lavozimlarda xizmat qilib yuradi, keyinchalik esa Etidzen muzofotining, so‘ng shimoldagi Etigo muzofotining hokimi bo‘lib xizmat qiladi. U hokim bo‘lishiga qaramay, adabiyot va falsafa fanlariga juda qiziqqan, hatto xitoy tilini mukammal o‘rgangan, o‘zini atoqli olim va xattot Sugavara Fumitokining (809-981) shogirdi deb bilgan, xitoy tilida she’rlar ham ijod qilgan.

Bo‘lajak adibaning onasi – hukmdorning o‘ng tomon otxonasining boshqaruvchisi Fudzivara Tamenobuning qizi – Murasaki hali juda yosh paytidayoq vafot etadi.

Murasakining tarjimai holi haqida yozgan biograflarning ta’kidlashlaricha, qizaloq adabiyot, ilm-fan muhitida, san’at muhiblari doirasida kamolga yetgan. Bu sulolaning shajaraviy manzarasida ota va ona tomonidan ham bir necha iste’dodli insonlar yetishib chiqqanligini kuzatish mumkin. Murasaki Sikibu ajdodlaridan faqat adabiy iste’dodnigina qabul qilib olmasdan, kitob mutolaa qilish qobiliyatini ham olgan, yapon va xitoy mumtoz adabiyoti namunalaridan ham, buddizm va konfutsiylik ta’limotidan ham a’lo darajada xabardor bo‘lgan, musiqa ta’limi, tasviriy san’atni sevgan, kato asbobini yaxshi chalgan, gullarni joylashtirish (ikebana) san’atini ham puxta egallagan.

Bolaligi o‘tgan muhitni eslar ekan, Murasaki o‘z kundaliklarda shunday bir qiziqarli voqeani yozib qoldirgan: “Akam Nobunori (u hozir O‘ng departamentda xizmat qiladi) hali bola paytlarida, uning xitoy adabiyotini yaxshi bilgan olim bo‘lib yetishishini juda qattiq istagan otam ko‘pincha akam dars tayyorlayotgan paytida ovoz chiqarib o‘qishini eshitish uchun yoniga kelib o‘tirib olardi. Akamning ovoz chiqarib o‘qishini eshitaverib, men xitoy tilini tez o‘zlashtirib oldim-da, endi u qiynalib qolgan paytlarida o‘zim unga yordamlashib yuborardim. Shunda otam afsuslanib : “Eh, sening o‘g‘il bola bo‘lib tug‘ilmaganingni qaraya…” derdi. Ko‘p vaqt o‘tmay, men bu iste’dodimdan afsus cheka boshladim, negaki mening bilag‘onligimdan xavfsiragan odamlar kitob o‘qishga haddan tashqari berilgan qizlar ko‘pam rag‘batlantirilavermasligini aytib, meni vahimaga sola boshladilar. Mendaqa bilag‘on qizlarning ahvoli g‘oyatda mushkul bo‘lib, jamiyatda o‘z o‘rnini topolmas emish. Bunaqa gaplarni eshitavergach, o‘zimning kitobsevarlik iste’dodimni yashiradigan, hatto “bitta iyeroglifni ham o‘qiyolmayman”, deb turib oladigan bo‘ldim”.

996 yilda Murasaki otasi bilan Etigo muzofotiga jo‘naydi. Bu yerda ikki yil yashagach, Kiotoga qaytib keladi va tez orada saroy xodimi – imperator qo‘shinining leytenanti (sarbozi) Fudzivara Nobutaka bilan turmush quradi. Manbalarning birida ularning turmush qurgan yil 999 deb, ikkinchisida 994 – 998 yillar oralig‘i deb ko‘rsatilgan. Tadqiqotchilar Ikeda Kikan va Akiyama Kenlarning fikricha, Murasakining kiborlar olamiga kirib borishiga mana shu nikoh asosiy sabab bo‘lgan. Boshqa bir tadqiqotchilarning yozishicha, erining saroyda egallagan lavozimi otasining lavozimi bilan teng edi (adibaning otasi ham bir paytlar imperator xizmatida bo‘lgan, Tikudzen va Battyu muzofotlarini boshqargan), binobarin Murasakining imperator saroyiga yaqinlashishida eri yoki otasi egallagan lavozimning hech qanaqa roli yo‘q, bularning bari adibaning aql-farosati, zukkoligi, bilimi bilan bog‘liqdir. Shuning uchun ham ko‘pchilik tadqiqotchilar Murasaki o‘zining iste’dodi tufayligina bosh hukmdor – imperatorning iltifotiga sazovor bo‘lgan, deb hisoblaydilar.

Adibaning eri o‘zidan 25 yosh katta bo‘lganligi, ular turmush qurganlarida Murasaki 21 yoshda ekanligi ham manbalarda qayd etiladi. Murasaki Nobutakaning yagona xotini emas edi, lekin tadqiqotchilar adibaning kundaliklaridagi she’riy satrlarga ko‘ra, uning baxtli hayot kechirganliklarini ta’kidlashadi.

1000 yili oilada qiz farzand tug‘iladi, unga Kensi deb nom berishadi. Yapon adabiyotshunoslarining fikricha, Kensi adabiyot tarixida taniqli bo‘lgan “Sagoromo Nikki (monogotari)” kundalik daftar-romanning muallifi bo‘lishi mumkin, biroq keyingi paytlarda bu taxminga shubha bilan qaralmoqda.

Murasaki erta yesir qoladi, eri Nobutaka hayotdan ko‘z yumganda (1001 yil) adiba bor yo‘g‘i 26 yoshlarda edi. Murasakining she’riy asarlaridagi kayfiyat shulardan darak beradiki, yosh ayol bu musibatdan juda qattiq qayg‘uga botadi, hatto sochini taqir qilib qirdirib, rohibalikni ixtiyor qilmoqchi bo‘ladi. U o‘zining “Kundalik”larida erining o‘limidan keyingi hayotini “baxtsiz yillar, behush yillarim” deb ham atagan. Tadqiqotchilardan biri esa (Morris) Murasakining eriga vafodor bo‘lganiga, uning o‘limidan qayg‘uga botganiga ham shubha bilan qaraydi va o‘z taxminlarining isboti sifatida adibaning kundaliklarida eri Nobutakaning ismi biron o‘rinda ham uchramasligini qistirib o‘tadi. Nima bo‘lmasin, Murasaki eri vafotidan keyin ota uyida besh yil mobaynida zohidona umr kechiradi, uning hamrohi faqat kitob edi, bir chetda yapon va xitoy mumtoz shoirlarining asarlarini o‘qib kunni kech qiladi (buni qarangki, eridan juda ko‘p kitob meros bo‘lib qolgan edi) .

Otasi uni o‘zi bilan Etidzen muzofotiga olib ketishga unamaydi, bu esa Murasaki uchun ikkinchi marta tag-tugli aslzoda kuyov topishga mone’lik degan gap edi. Buning o‘rniga, Tametoki (otasi) o‘zining dasti daroz bir qarindoshidan – Fudzivara Mitinagadan iltimos qilib, qizining ishga joylashishida yordam berishini so‘raydi. Fudzivara Mitinaga Murasakini o‘zining qizi Akikoga xodima qilib belgilaydi. Bu vaqtda Akiko payt yetib imperatorga rafiqa (hozirgi til bilan aytganda, mamlakatda birinchi xonim) bo‘lib ketishini kim ham tush ko‘ribdi deysiz?! Mitinaga Taketokiga avvallari ham yordam berib yurgan edi, masalan, Tametoki nomzod bo‘lgan hokimlik lavozimi ba’zi odamlar g‘iybati oqibatida boshqa birovga o‘tib ketay, deb turganda, mana shu Mitinaga oraga tushib, bu lavozimni unga olib bergan edi. Shunday qilib “sabab bilan savat aravaga chiqibdi” deganlariday, 1005 – 1007 yillar oralig‘ida Murasaki Sikibu ham imperator saroyida xodima sifatida ko‘rina boshlaydi. (Bu sanalar ba’zi manbalarda boshqacha berilgan.)

Bu paytda, To Sikibu nomi bilan tanilgan edi. Shundan keyin u imperator Itidzyoning lutfan nomlashiga ko‘ra “Nixongi xonim” deb ham atalib yurgan. Murasaki o‘z kundaliklarida shunday deb yozadi: Imperator “Gendzi-monogatari” asarimni o‘qishni buyurdi, hamma diqqat bilan eshita boshladi. O‘qish tugaganida podshoh “Bu xonim “Nixongi” asarini mutolaa qilgan ekan-da, juda bilimdon ekanligi ko‘rinib turibdi. Haqiqiy iste’dod ekan”, dedi. Bu maqtovlarni aytib bo‘lgach, yonidagi a’yonlariga qarab, yana “noyob iste’dod” deb takrorladi. Shu-shu hamma meni “Nixongi-no mitsubane” deb atay boshladi”. (“Nixongi xonim” asaridan.) “Murasaki” degan taxallus unga ancha keyin – “Gendzi -monogatari” asari juda mashhur bo‘lib ketganidan so‘ng beriladi.

Bo‘lajak adiba saroy qonun-qoidalariga ko‘ra, endi o‘z vaqtini goh imperator saroyida, goh esa Mitinaganing shahar chetidagi qasrida o‘tkaza boshlaydi, bunga sabab malika Akiko edi – Akiko ko‘proq ota uyida bo‘lardi. Akiko 16 yoshlardagi malika-kelin bo‘lib, u haqida Murasaki o‘z “Kundalik”larida shunday yozadi: “Malikani qurshagan xodimalarga ma’lumki, u hech qanday manmanlikni, noz-istig‘noni bilmaydigan kamtar, olijanob qiz edi. Saroyda erkak zoti ko‘ringuday bo‘lsa, malikaning bizlarga munosabati o‘zgarib qolmasligi uchun yaxshisi xonamizga berkinib olar edik… Kiyinishda va yasan-tusanda ham biz o‘ta ehtiyotkor edik, negaki, qay birimiz bu borada salgina ehtiyotsizlik qilsak, shuning o‘zi malikamiz sha’niga hurmatsizlik bo‘lishini yaxshi tushunardik… Agar qaysi birimiz did yoki muomala borasida salgina xatoga yo‘l qo‘ysak, malika (Akiko) shu kundan boshlab aybdor xodimaga xuddi g‘alati bir jonvorga qaraganday qarayverardi.”

Murasaki otasidan, o‘zini imperator ammasining hovlisiga ishga joylashtirmagani uchun o‘pkalanadi. Sababi, imperatorning ammasi malika Sensi o‘z davrining ko‘zga ko‘ringan fozila ayollaridan edi, Kamo ibodatxonasiga qatorasiga 5 marotaba rahbar qilib saylangan, shunga yarasha “buyuk taqvodor” degan mavqeiga ham erishgan edi. Adiba “agar Sensixonim xizmatida bo‘lsam edi, Akiko xizmatidagiday turli ziyofatu marosimlarga ko‘pam chaqirilavermasdim”, deydi. Akikoni esa tez-tez marosimlarga, yig‘inlarga chaqirishar, shuning uchun uning xizmatidagilar tinim bilmas, nuqul “Imperator xonimni oliy hazratlari chorlayaptilar, uni kuzatib borishga tayyorlaninglar!” yoki “Janobi bosh vazir kelyaptilar, kutib olish uchun peshvoz chiqinglar!” kabi buyruqlar tez-tez takrorlanardi. “Sensi xonim xizmatidagilar bizlarga o‘xshab to‘satdan boshlanayotgan tashriflardan, bostirib kelishlardan iztirob chekmaydilar”, deb yozadi Murasaki. Shunisi qiziqki, Murasaki ana shunday armonlar bilan yurgan bir paytda imperator xonim Akiko ham yashirin bir orzu-armonda edi – u xitoy tilini o‘rganish ishtiyoqiga tushib qolgan edi. Mana shu orzu Murasakiga juda o‘ng kelib qoldi, negaki u, avval aytganimizdek, xitoy tilini yaxshi bilardi. Murasaki o‘zining bu boradagi bilimini harchand yashirmasin, haqiqat baribir ochilib qolgan edi. Shunday qilib, 1008 yilning yoz mavsumida Murasaki yosh imperator xonim bilan bir ovloqda, kishi ko‘zi tushmaydigan joyda mashhur xitoy mumtoz shoiri Bo Szyuyining 2 jildlik “Qo‘shiqlar” kitobini mutolaa qila boshlaydi. Murasakining xilvatnishin bo‘lib olishiga sabab ko‘p edi, bular ichida eng dahshatlisi – qarindoshi Mitinaganing hoziru nozirligi, har xil gaplar ayta boshlagani. Mitinaga Fuzivara – malika Akikoning otasi (imperatorning qaynotasi) bu paytda qirchillama 42 yoshida, saltanatda birinchi vazir edi (u bu lavozimda 14 yil faoliyat yuritgan). Shu odam Murasakining yo‘lini to‘sgani-to‘sgan edi. Murasaki o‘z kundalik daftarlarida bu kabi shilqim jazmanlari haqida ham ro‘yi-rost, ham nazokat bilan sha’ma qilib o‘tadi.

Biograflar Murasakining jiddiy, ochiqko‘ngil, ziyrak, kamgap, xayolparastlikka moyil, nozik tabiatli ayol bo‘lganligini, davradoshlarning mug‘ombirliklari, g‘iybatlari borasida ham yengil kinoya bilan yozib o‘tganligini tilga oladilar.

Yapon tadqiqotchisi Oka Kadzuoning fikricha, Murasaki Sikibuning saroydagi xizmatlari 1013 yilda tugaydi. Ammo uning 1025 yilda ham Akikoning yonida xodima bo‘lib ishlagani, shu yili bo‘lajak imperator Go Ryodzenning dunyoga kelishi munosabati bilan marosimda ishtirok etganligi haqida ham ma’lumotlar mavjud. 1011 yilda adibaning otasi Etigo muzofoti hokimi etib tayinlanadi. Otasi bilan akasi Nabunori Etigoga jo‘nab ketadi. Ammo ko‘p o‘tmay Nabunori shu yerda vafot etadi. Akasining vafotidan so‘ng Murasaki Sikibu ham ko‘p yashamaydi. Oka Kadzuo adibaning vafotini 1014 yil deb ko‘rsatadi. Ba’zi taxminlarga ko‘ra esa, Murasaki 1025 – 1031 yillar oralig‘ida vafot etgan bo‘lishi mumkin. Yosano Akiko tadqiqotlariga ko‘ra, Murasaki Sikibu yo 1015 yilning oxirida, yo 1016 yilning boshida vafot etgan bo‘lishi kerak.

“Murasaki Sikibuning ijodiy faoliyati qachon boshlangan?” degan savol ko‘pchilikni, qiziqtirsa kerak. Uning ijodi she’riy mashqlardan boshlanganiga shubha yo‘q. Uning qalamiga mansub she’rlarning asosiy qismi “Murasaki Sikibu-syu” daftarida jamlangan. She’rlarining aksariyati “Gendzi-monogatari” kitobida ham bor. “Kundalik”larida she’rlar nisbatan oz.

“Gendzi-monogatari” romanini Murasaki eri vafotidan so‘ng, ota uyida ayriliq azobini unutish niyatida yoza boshlagan bo‘lishi ehtimolga yaqin. Ko‘pchilik tadqiqotchilar qayd etib o‘tgan taxminga ko‘ra, roman 3 yil ichida (juda borsa 4 yilda) – eri vafotidan so‘ng to malika Akiko xizmatiga borgan vaqt ichida qog‘ozga tushgan. Shu bilan birga, roman saroy xizmatiga kirgan paytdan boshlanib, 1008 yilning qish oylari oralig‘ida yozilgan, degan taxmin ham bor. Xullas, roman qachon yozib tugatilgan bo‘lmasin, Murasaki Sikibu malika Akiko xizmatiga kirganidayoq iste’dodli adiba sifatida dovrug‘ qozongan edi. Malikaga hamrohlik qiluvchi xodima bo‘lib xizmat etarkan, Murasaki Sikibu ham romanni yozishda davom etgan, ham she’rlar bitgan, ham “Kundalik”larini yozgan. Eng so‘nggi taxminlarda 1010 yil ko‘proq tilga olinadi – shu yili adiba “Gendzi”ni ham, “Kundalik”larni ham yozib tugatadi va bu haqdagi o‘zining yozuvlarida saroydagi bayram tomoshalarini, urf-odatlarni, marosimlarni, malika Akiko tevaragidagi xodimalarning fe’l-sajiyalaridagi e’tiborga loyiq jihatlarini ham qayd etib o‘tadi. Ammo adibaning nomini jahon adabiyoti sahifalariga mangu o‘chmas qilib yozgan asari – bu “Gendzi-monogatari” romani bo‘ldi.

Muzaffar Ahmad tayyorladi

“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 5-son