Hasanxon va Husanxon qorilar tartib bergan “Navoiydan chu topqaylar navoye” nomli kitobda bir qator maqbul jihatlarni ko‘rdim. Avvalo, Navoiyning diniy asarlari xos kishilari tomonidan tahlilu talqin qilinayotgani. Buni maqbul deganim shunchaki lutf yoki tuzuvchilar mehnatini qadrlab qo‘yish istagidangina emas, balki ancha chuqurki, muxtasar izoh berish lozim ko‘rinadi.
Bilasiz, hazrat haqida so‘z ketsa, barcha birdek ul zotning serqirra iste’dod ekanini aytib tolmaydi-yu, merosi go‘yo bir adabiyotshunoslarga xatlab berilgandek tushuniladi. Holbuki, adolat yuzasidan qaralsa, Navoiyning ayrim asarlari haqida tarixchining, ayrimlari haqida tilshunosning, yana birlari haqida din ulamosining fikri e’tiborliroq tutilishi lozim. Shu ma’noda, aka-ukalar tuzgan ushbu kitob ilmda, xususan, navoiyshunoslikda adolatni tiklash yo‘lidagi ilk qadamlardan va, inshaalloh, u xayrli bo‘ladi. Sirasini aytganda, adabiyotshunoslik ilmida, garchi ochiq e’tirof etilmagan bo‘lsa-da, din ulamolari yordamiga ehtiyoj allaqachon yetilgan. Bilasiz, istiqlol arafalaridan boshlab mumtoz adabiyotimizni islom dinidan, tasavvufdan ayro holda tugal tushunish va ob’ektiv baholash mumkin emasligi teran anglandi. Uzoq yillar davomida adabiy merosning shu ikki omilni e’tibordan sokit qilgan holda o‘rganilgani chala hukm-xulosalar, biryoqlama yuzaki yoki mutlaqo teskari talqinlarga olib kelgani bugun hech kimga sir emas. Shuningdek, mustaqillik yillari adabiyotshunosligimizda mumtoz adabiyotni islomiy, tasavvufiy nuqtai nazarlarni e’tiborda tutib talqin qilish urfga kirgani ham hammaga ma’lum. Biroq bu yo‘lda amalga oshirilgan ishlar hali qanoatlanarli emas. Sababi, birinchidan, bu ishni amalga oshirayotganlar maqomi adabiyotshunoslikda nechog‘li baland bo‘lmasin, ular diniy ilmlarda diletant; ikkinchidan, Navoiydan farq qilaroq, islom ular uchun hayot va fikrlash tarzini belgilovchi asosga aylanmagan. Ya’niki, ularning Navoiyni anglashlarida shu bilan bog‘liq noqisliklar bo‘lishi tabiiy, yuqorida aytganimiz ehtiyoj esa shunday noqisliklarni bartaraf etish zaruratidan tug‘iladi.
Aytganlarimizni tuzuvchilar “Arba’in” ustida amalga oshirgan ish misolida ko‘rib o‘tamiz. Avvalo shuki, tuzuvchilar matn ustida qunt bilan ishlaganlar: asarning 20 ta qo‘lyozmasi asosida ilmiy-qiyosiy matn tayyorlangan. Ya’ni, agar mumtoz adabiyot namunalarining nashrlarida kuzatiluvchi xatolar yodga olinsa, ular ibrat qilib ko‘rsatishga loyiq yo‘l tutganlar. Shu o‘rinda kaminaga juda ma’qul bo‘lgan bir nuqtani alohida ta’kidlab o‘tgim keladi. Tuzuvchilar avvalgi nashrdagi xatolardan bir-ikkitasiga misol uchungina to‘xtalganlar-u, shuning o‘zidayoq matnshunos sifatidagi layoqat, qobiliyatlarini namoyon eta olganlar. Ta’kidlamoqchi bo‘lganim bu emas, balki, nazarimda, bundan muhimroq: o‘sha xatoning qanday ko‘rsatilayotgani. Qisqa qilsam, bunda bilimdonligini ko‘rsatib qo‘yish, xato qilmishning bir adabini berib qo‘yishga intilish singari ojizlik, maydalik sezilmaydi. Negaki, ular bu ishga non yo shon uchun emas, ko‘ngil amri bilan, xolis Alloh rizosi uchun kirishganlar, bandaga xos ojizliklardan baland tura olmoqning asosi – shu. Hamkasblarimiz ibratlansalar, umumiy ishimiz baror olgan bo‘larmidi, deb o‘yladim…
Tuzuvchilar “Arba’in”ni o‘quvchiga mukammal ko‘rinishda taqdim qilmoqni ko‘zlaganlar va, tan olish kerak, bunga mutlaq erishganlar. Baho oshib ketdi demang, taqdimotning qay tartibda amalga oshirilgani – algoritmini bir qur ko‘zdan kechirsangiz, o‘zingiz ham shunga amin bo‘lasiz. Avvalo, nazmga solingan qirq hadisning manbasi ko‘rsatilgan. Gap shundaki, an’ana shunday edimi yo hadislarni mukammal biluvchilarga mo‘ljallagani uchunmi, hazrat Navoiy hadislar manbasini ko‘rsatgan emas. Aksincha, bugungi kun o‘quvchisining Navoiy yaratgan diniy asarlar nechog‘li saxih – ishonchli ekaniga amin bo‘lmog‘i uchun bu juda muhim. Hadislar arab imlosida va rivoyat qiluvchini keltirgan holda berilgani o‘quvchini ishonchda yanada mustahkam etadi. Ko‘rib turganimizdek, maqsad xayrli, lekin shuning o‘zi yetarli emas: maqsadga to‘g‘ri, halol yo‘l bilan yetishmoq kerak. Tuzuvchilar shunday yo‘ldan borganlarini, masalan, beshinchi hadisga berilgan satr osti izohida ko‘rish mumkin: “Ushbu ma’nodagi hadislar juda ham ko‘p. Hammasi mazmunan bir-birini quvvatlaydi. Ularning ichida muallif keltirgan lafzga eng yaqini yuqorida biz keltirgan matndir. Ammo aynan muallif tanlagan matnni mo‘tabar hadis kitoblaridan topa olmadik. Xulosa qilib aytganda, bu yerda sahih rivoyatlarda kelgan lafzlarning qorishtirilganini ko‘rish mumkin”. Albatta, mazkur izoh yuqorida zikr etilgan maqsadga xizmat qilmaydi, negaki, o‘quvchi ongida “mo‘tabar hadis kitoblaridan topa olmadik” kalimasi tezroq va muqimroq o‘rinlashadi. Shunaqa ekan, buni xaspo‘shlab qo‘yaqolsa bo‘lmasmidi? Yo‘q, bo‘lmasdi, bundagi ibrat ham asli shunda: olim fikri xolis, lafzi halol bo‘lmog‘i shart. Na ko‘zlaganlari yaqin maqsad va na kitobda barq urib turgan Navoiyga mehr tuzuvchilarni chalg‘ita olmaganki, fikrimcha, bu tahsin va ibratga loyiq holdir.
Albatta, kitobda ayrim hali maromiga yetmagan yoki ortiqchadek ko‘rinuvchi o‘rinlar ham yo‘q emas, Xususan, kaminaga Navoiyning hayoti va faoliyati haqida ma’lumot berilishi ortiqcha ko‘rindi: hammaga ma’lum gaplarni takrorlab o‘tirishga zarurat yo‘qdek. To‘g‘ri, bular kitobning yuqorida aytilgan fazilatlariga biroz soya soladi, lekin qimmatini belgilamaydi. Tuzuvchilarga izlanishlarida bardavom, o‘quvchilarga yaxshi kitobdan bahramand bo‘lishni tilab qolamiz.
Dilmurod Quronov
filologiya fanlari doktori, professor