Dilmurod Quronov, Feruza Habibullayeva. “O‘tkan kunlar” tarjimasi: tahlil va tavsiyalar

Islom Karimov fondining feysbukdagi sahifasida quvonchli bir xabar e’lon qilindi. Unda aytilishicha, “Fond O‘zbekistonning ­YuNESKOdagi doimiy vakolatxonasi bilan hamkorlikda atoqli o‘zbek adibi Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romanining ingliz va frantsuz tillariga tarjimasiga bosh-qosh bo‘lmoqda”. Xabarda yana “milliy ma’naviy boylikka” aylangan ushbu roman tarjimasi “xorij o‘quvchisini o‘zbek xalqining ma’naviy olami, yuksak badiiy tafakkuri va umrboqiy qadriyat va an’analariga oshno etadi” degan xayrli niyat ham bayon qilingan (fondning feysbukdagi sahifasidan, 22.08.2017).

Afsuski, mazkur xushxabar quvonchiga jiddiy bir ishtiboh ergashib keladi. U ham bo‘lsa… Yo‘q, bir boshdan aytmasa, hech iloji yo‘q. Ma’lumingiz, Abdulla Qodiriy nomi oqlanganidan so‘ng, adibning o‘lmas asarini egalariga qaytarishga kirishilar ekan, uni birato‘la ikki tilda – o‘zbek va rus tillarida chop etishga qaror qilingan. Ehtimol, bu ham o‘ziga xos ehtiyot chorasi bo‘lgandir. Nima bo‘lganda ham, 1958 yilda roman Ye.Bat va O.Smirnovalar hamkorligidagi tarjimada rus tilida ham nashr qilindi. Albatta, kechagina taqiq ostidagi romanning rus tilida ham e’lon qilingani, rusiyzabon o‘quvchiga ilk romanimiz bilan tanishish imkoni yaratilganining o‘zi, borki kamchiliklaridan qat’i nazar, katta voqea bo‘lganligi shubhasiz. Biroq, sirasini aytganda, o‘zbek o‘quvchisi ko‘ziga surtib – hayajonga ko‘milib o‘qigan, kerak bo‘lsa butun-butun sahifalarini yod olgan romanni rusiyzabon o‘quvchi o‘rtamiyona asar bilan tanishgan kabi ma’lumot uchun qabul qildi, xolos. Balki bu gap kimlargadir malol ham kelar, lekin kasbimiz taqozosi bilan ko‘plab rusiyzabon o‘quvchilardan o‘zimiz kutgan javobni olish ilinjida qayta-qaytalab taassurotini so‘raganmiz-da. Hartugul, biz kabi o‘ylagan bo‘lsa bordir, oradan yarim asr o‘tgach, M.Safarov romanning yangi tarjimasini taqdim etdi. Tarjimani o‘qiganda e’tiborga tushadigan birinchi narsa – asliyatni to‘la va aniq berishga harakat qilinganidir. To‘g‘ri, hamisha ham maqsadga erishilgan emas, shunday bo‘lsa-da, ayni harakatning o‘zi tahsin va ibratga loyiq. Xullas, agar rusiyzabon o‘quvchi ham roman mutolaasi chog‘i ko‘ngildan kechirganimizu mushohada etganimizning loaqal yarimiga oshno bo‘la olsin, desak, hozircha ikkala tarjimaga ham tajriba deb qarashimiz kerak bo‘ladi.

“O‘tkan kunlar” romanini “o‘zbek turmushining qomusi” deb atashga to‘la haqlimiz. Negaki, romanda tasvirlangan hayotiy, maishiy turmush lavhalari, urf-odat, marosim, personajlar xatti-harakatiyu gap-so‘zlari, o‘y-xayollari, o‘zaro munosabatlari – xullas, nimaiki qalamga olingan bo‘lsa bari milliy ruhga yo‘g‘rilgan. Shu bois ham o‘zbek o‘quvchisi romanni o‘qib ko‘z oldiga keltirgan, anglagan, his etgan, zavqlangan holatlarni o‘zga millat vakilining to‘la ko‘z oldiga keltirishi, anglashi, his etishi, zavqlanishi amri maholdir. Zero, milliy ruh avvalo tilda yashaydi, bas, o‘zbek o‘quvchisiga birgina so‘z olam-olam ma’no berishi mumkin, chunki bu holda o‘sha so‘z kontekstda – o‘quvchining shu milliy zaminda shakllangan bilimi, dunyoqarashi, xulq-atvori, fe’l-sa’jiyasi kabilar kontekstida qabul qilinadi.

To‘y sahnalari, xususan, qutidor xonadoniga kuyov kirib kelishi onlari tasviri yodingizda bo‘lsa kerak. Bir jumla-bir jumladan iborat tig‘iz ma’lumotlar o‘quvchi ko‘z o‘ngida nikoh to‘yining jonli manzaralarini gavdalantiradi. Jumladan, qiz uzatayotgan qutidorga ajratilgan tasvir: “Qutidor eshik ostida qo‘l qovishtirib mehmonlarni kutib oladir, yer  ostidan  kuyaviga  ko‘z  qirini  tashlab,  kishiga  sezdirmay  o‘zicha  kulimsirab  qo‘yadir”. O‘zbek o‘quvchisi, ayniqsa, bundan atigi qirq-ellik yillar narida ham aniq izlari saqlangan urf-odatlarimizni unutmagan avlod, qutidorning holatini juda yaxshi tasavvur qiladi. U vaqtlari yangi qaynota-kuyov unashtirishdan so‘ng ma’lum vaqtga qadar bir-biridan “qochib” yurgan, keyin ham bir-birining izzatini joyiga qo‘yganlari holda munosabatlarida ko‘rinmas bir chegara daxlsiz saqlangan. E’tibor bering, qutidor ham kuyovni quchoq ochib kutib olayotgani yo‘q, aksincha, chetroqda turib ko‘z ostidan bir nazar tashlab qo‘ymoqda, xolos. Albatta, qizini har jihatdan munosib joyga uzatayotgani, “xon qiziga loyiq” yigitni kuyov qilayotganidan u mamnun, biroq bu o‘rinda qaynotaning mamnunligini ochiq ifodalashi joiz emas-da! Shuning uchun ham u “kishiga sezdirmay”, “o‘zicha”, “kulimsirab qo‘yadi” – shugina, xolos. E’tibor bering, ketma-ket mamnunlik ifodasining juda ojiz, sezilmas ekani ta’kidlanmoqda. Xuddi shu jumla rus tiliga birinchi tarjimada “U kalitki, vstrechaya gostey, stoyal kutidor so slojennыmi na grudi rukami; ukradkoy oglyadev zyatya, on dovolno ulыbnulsya” shaklida o‘girilgan. Xo‘p, bu o‘rinda ham kuyovga yashirincha (“ukradkoy”) qaralgani aytilgan, lekin “dovolno ulыbnulsya” (asliyatda “mamnunlik” umuman tilga olinmagan) deyilishi bilan mamnunlik ifodasining yashirin, sezilar-sezilmaslik ma’nosi butkul yo‘qolgan. Bundan tashqari, tarjimadagi “oglyadet” fe’li asliyatga butkul zid, chunki narsani boshdan-oyoq, bafurja ko‘rib chiqish ma’nosini bildiradi (Ojegov S. Slovar russkogo yazыka. – M.: Russkiy­ yazыk, 1985. – S.379, 396). Ko‘rib turibmizki, bu o‘rinda asliyatdagi milliy bo‘yoq tussizlangan desak, haqimiz ketadi, u butkul yo‘qolgan.

Ikkinchi tarjimada ayni jumlani asliyatga monand berishga harakat qilingan: “U kalitki, vstrechaya gostey, stoit kutidor so slojennыmi na grudi rukami; ispodlobya, krayem glaza poglyadыvaya na svoyego zyatya, on nezametno dlya okrujayuщix ulыbayetsya”. Bir qarashdayoq bu yerda asliyatga sodiqlik tamoyili yaqqol sezilib turibdi, lekin noto‘g‘ri so‘z qo‘llash aksicha natijaga olib kelgan. Birinchidan, ruscha “ispodlobya” so‘zining “ho‘mrayib”, “qovoq uyub” ma’nolari faol qo‘llanadi, “qosh ostidan” ma’nosi esa o‘ta passiv. Ya’ni bu so‘z “sezdirmay kulimsirash”ga mutlaqo zid, buning ustiga yangi kuyovga “qovoq uyub” qarash ham g‘alati. Ikkinchidan, “poglyadыvaya” fe’l shakli harakat qayta-qayta amalga oshirilganini anglatadi. Holbuki, nafaqat kuyovga, umuman, boshqa odamga qayta-qayta qarayverish ham atrofdagilar e’tiborini tortadi, asliyatda esa qutidor birovlarga sezdirmaslik uchun zo‘rg‘agina “ko‘z qirini tashlab” olgan, xolos. Ko‘ryapmizki, har ikki holda ham noto‘g‘ri so‘z qo‘llash oqibatida milliy o‘ziga xoslik yo‘qotilayotir. Darvoqe, har ikki tarjimada ham “qo‘l qovushtirib”ni “so slojennыmi na grudi rukami” tarzida o‘girilganki, bu ham milliylikka putur yetkazadi. Zero, o‘zbek tilida “qo‘lini ko‘ksiga qo‘ymoq” bilan “qo‘l kovushtirmoq” amallari farqli: ikkinchisida “qo‘lni, besh panjani birin-ustin kesishtirgan holda” kindik barobarida tutmoq nazarda tutiladi. Albatta, biz ko‘rib o‘tayotgan kontekstda ikkisi ham o‘rinli: mehmonlarni qo‘lni qo‘ksiga qo‘yib kutish ham, qo‘lni qovushtirib kutish ham mumkin. Lekin birinchisida hurmat ma’nosi ustun bo‘lsa, ikkinchisida qulluq qilish ma’nosi kuchli, ya’ni qutidorning qo‘l qovushtirishida mehmonlariga xokisorlik bilan xizmatda ekanini bildirish ma’nosi bor. Mehmon atoi xudo deguvchi, ehsonu zakotini qabul qilgan kishidan minnatdor bo‘lishni odat qilgan millat uchun, bizningcha, shu ikkinchi holatda mehmon kutish ko‘proq to‘g‘ri keladi.

Ko‘rib o‘tilgan xatolarning asosiy omili, bizningcha, milliy urf-odatlarimizni yetarli darajada bilmaslikdir. Shuning uchun ham mutarjimlar qutidorning ayni paytdagi holati (mamnunligini yashirishga harakat qilayotgani)ni fahmlamaganlar va, tabiiyki, tarjimada buni qayta yaratish vazifasini ham o‘z oldilariga qo‘ymaganlar. Aytmoqchimizki, biz ko‘rsatgan kamchiliklar hali tarjimaga kirishilmasidan ham oldin, asliyatni o‘qib o‘zlashtirish jarayonidayoq yuzaga kelgan. Ya’ni mutarjim tarjimani bevosita amalga oshirgan bo‘lsa o‘zi, tag­lama asosida bo‘lsa, tabiiyki, o‘sha taglamani tayyorlab beruvchi asliyat mazmun-mohiyatini to‘la anglamagan. Zero, agar asliyat mazmun-mohiyati to‘la anglanganida edi, tarjimada uni rus tili vositasida qayta yaratish maqsadi usutvor bo‘lur edi. Ushbu mulohazalarimizdan tabiiy ravishda kelib chiqadigan “nima qilmoq kerak?” savolini hozircha ochiq qoldiramiz-da, boshqa bir misolga diqqatingizni jalb etamiz.

Domla olti-etti qaytalab beribgina arang javob ololgan “Sizkim Kumushbibi Mirzakarim qizi, o‘zingizni toshkandlik, musulmon Otabek Yusufbek hoji o‘g‘liga bag‘ishlamoq vakolatini amakingiz Muhammadrahim Yo‘ldosh o‘g‘liga topshirdingizmi?” savolining birinchi tarjimada berilishi ham e’tiroz uyg‘otadi: “Vы, Kumyush-bibi, doch Mirzakarima, poruchili li svoyemu dyade Muxammadu Raximu, sыnu Yuldasha, peredat vashu lyubov tashkentskomu jitelyu, musulmaninu Atabeku, sыnu Yusufbeka-xadji”. Ya’ni tarjimada “muhabbatingizni topshirishni amakingiz zimmasiga yukladingizmi” deb so‘ralyapti[1]. Axir Kumush, Ziyo shohichi aytmoqchi, shahardagi obro‘li bir musulmonning “iffat pardasi ostida o‘lturgan qizi” bo‘lsa, savolning bu tarzda berilishi unga nisbatan haqorat bo‘lmaydimi?! To‘g‘ri, sirli ariq bo‘yida uchratgani notanish yigit o‘y-xayolini o‘g‘irlagan, biroq bu uning bir o‘ziyu bir Xudoga ayon. Kumush buni birovga bildirishni xayoliga ham keltira olmaydi, to‘y tadorigi boshlanganidan beri ko‘zining yoshi qurimay kelayotgani shundan, biroq hech kimga yorilmaydi – qiz bu hisni bir umrlik armondek qabul qilgan. Biroq rusiyzabon o‘quvchi bundan bexabar, bas, “Kumushning muhabbatini Otabekka amakisi yetkazishi kerak ekan-da”, deb o‘ylashga haqli, bu holda esa u, albatta, yanglishgan, aniqrog‘i, chalkashtirilgan bo‘lib qoladi. M.Safarov shuni his qilgan, chamasi, tarjimada “muhabbat” so‘zini o‘zgartirgan: “Vы, Kumush-bibi, doch Mirzakarima, poruchili li svoyemu dyade Muxammadu Raximu, sыnu Yuldasha, peredat vashu plot tashkentskomu musulmaninu Atabeku, sыnu Yusufbeka-xadji”. Savol qiz bolaga berilayotgani e’tiborga olinsa, bu o‘zgarishni endi mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydi: “badan (jism)ingizni … Otabekka topshirishni amakingiz zimmasiga yukladingizmi” deyilishi o‘ta qo‘pol jaranglaydi-da, axir. Albatta, “mohiyati shu-ku” deya e’tiroz qilinishi mumkin, lekin milliy muloqot odobida hamisha qo‘polni ham nazokat bilan ifodalash qat’iy qoida emasmi?!

Romanda nikoh marosimi ham izchil va ancha mufassal tavsiflangan. Xususan, kelindan vakolat olinishi, vakillar o‘rtasidagi mahr kelishuvi, mahr hajmi belgilanishi, bunga kuyovning rozilik bildirishi, nihoyat, “Domla xutba boshlaydir. Forsiycha o‘qilgan hamd, salavot va boshqalardan so‘ng xutba eng nozik bir o‘ring‘a”, ya’ni aksariyat o‘quvchilar xotirasida saqlangan “qabul qildingizmi?” savoliga keladi. Bizni shu o‘ringacha bo‘lgan qism tarjimasi qiziqtiradi. Birinchi tarjimada u quyidagicha o‘girilgan: “… mulla pereshel k soversheniyu obryada. On prochital nastavleniye o vernosti i predannosti seme, i, nakonets, zagovoril o samom delikatnom…” Ko‘rib turganimizdek, bu yerda “xutba”ning bir qismi ma’nosini umumlashtirib berish bilan cheklanilgan. Ya’ni davr taqozosi bilan hamd va salavot umuman tushirib qoldirilgan. Shukrki, cheklovlar hozir yo‘q, ikkinchi tarjima bu jihatdan asliyatga yaqin: “…mulla pereshel k soversheniyu obryada “nikox”. On prochital molitvu, vosxvalyayuщuyu boga, i molitvы v chest proroka, “salavatы”, kak eto prinyato v islame, i nakonets, podoshel k samomu delikatnomu voprosu…”  Biroq, afsuski, diniy tushunchalarni ifodalovchi so‘zlar tushirilmagani bilan,  ularning rusiyzabon o‘quvchiga taqdim etilishi e’tiroz uyg‘otadi. Masalan, “hamd” so‘zining ma’nosi izohlangan holda “molitva, vosxvalyayuщaya boga” birikmasining berilishi mantiqqa zid, zero, “molitva” xudoga iltijoni ko‘zda tutadi, bu yerda esa Ollohni maqtash –  “vosxvaleniye Allaxa” haqida gap ketyapti. Asliyatdagi “salavot” so‘zi ham xuddi shu yo‘sinda berilgan bo‘lib, uning “molitvы v chest proroka” deya izohlanishi chala, chunki bu so‘z bilan ifodalanadigan amalda yana “privetstviye, blagosloveniye” ma’nolari ham bor.

Darvoqe, jumlaga tarjimon qo‘shgan “kak prinyato v islame” konstruktsiyasi bu o‘rinda umuman ortiqcha. Chunki, agar asliyat nuqtai nazaridan qarasak, roviy uchun ham, u murojaat etayotgan o‘zbek o‘quvchisi uchun ham gap odatiy narsalar haqida boryapti, baski, bu yerda hech bir izohga zarurat yo‘q. Tarjima nuqtai nazaridan esa u hatto andak zararli ham. Shu ma’nodaki, gap nima haqidaligini anglashga harakat qilayotgan rusiyzabon o‘quvchi bu kalimani o‘qigach, “ha, islomdagi bir narsa ekan” deydi-da, qiziqishi so‘nadi. Holbuki, tarjima bir xalqni ikkinchi xalqqa tanishtirishi, ya’ni uning turmush tarzi, madaniyati, e’tiqodi, inonchlari, urf-odatlari kabilar haqida tasavvur berishi lozim. Albatta, bu vazifaning uddalanishi faqat mutarjim emas, tarjimaning o‘quvchisiga ham bog‘liq. Ya’ni tarjimaning o‘quvchisi bilishni, tanishishni xohlamog‘i kerak, xohishni esa qiziqish paydo qiladi. Shu jihatdan qaralsa, rusiyzabon o‘quvchiga tushunarli bo‘lishi uchun diniy realiyalarni matn ichidayoq izohlab ketish maqsadga muvofiq emas. Aksincha, matnda ularni aslicha qoldirib (o‘quvchida “bu nima ekan?” degan savol uyg‘otib), so‘ng mufassal izohlar bilan ta’minlash samaraliroq bo‘ladigan ko‘rinadi.

“O‘tkan kunlar”da muallif aslo urg‘ulamagan, go‘yo shunchaki zikr etib o‘tayotgan narsa, xatti-harakat, holat kabilar ham o‘zida o‘zbek o‘quvchisi uchun katta informatsiya tashiydi. Masalan, qutidor xonadoniga kuyov kirib kelayotgan payt “Tomda  kuyav  kutib  o‘lturg‘an  xotinlar  ichidan  Oftob  oyimning egachisi oshiqib singlisi yonig‘a tushdi-da: “Oftob, darrav isiriq hozirla, kuyavingni yomon ko‘zdan o‘zi asrasin!” – dedi. Avval ayni jumla yetkazayotgan informatsiyani sanab o‘tsak: 1) ayollar kuyov kelishini tomdan turib tomosha qilishyapti; 2) o‘zbek uylari tomiga loy bosilgan, tekis bo‘lgan; 3) xotin-xalaj to‘ylarda alohida, belgili vaqtda kuzatilgan; 4) tomdagilar kuyovning ko‘rkamligini muhokama qila boshlagan; 5) pichir-pichirlarni eshitgan opa jigarimning kuyoviga ko‘z tegmasaydi deb qo‘rqqan; 6) shuning uchun hovliqib-shoshib isiriq solmoqchi bo‘lyapti. Sanalganlardan faqat birinchisigina matnda aniq aytilgan, qolganlari ang­lashiladi. Xususan, ikkinchi va uchinchi tartibdagi informatsiya mutolaa­ payti o‘quvchi ongidagi bilimlar zaxirasidan chaqiriladi, uni ang­lash uchun xalqining o‘tmishi, turmush tarzi va urf-odatlarini bilish kerak. Keyingi uchta raqam ostidagi informatsiya esa kontekstdan anglashiladi. Deylik, mahalla erkaklari kuyovning ko‘rkamligini e’tirof etib tahsin aytishyapti, xotin-xalajning tomda – bemalol joyda turib muhokama qilishlari tabiiy; buni biroz uzoqroq kontekst – To‘ybekaning mehmon Otabekni ko‘rgach, aytgan gaplari ham quvvatlaydi. Yoki buvi-momolarining fe’l-sajiyasi, tutumlarini unutmagan o‘quvchi uchun egachi xotin-xalajning pichir-pichirini eshitiboq shoshib qolganini tasavvur qilish va tushunish qiyin emas. Holbuki, tarjima o‘quvchisining bularni anglab olishi mahol, demak, u asar jozibasiga oshno bo‘lolmaydi, baski, “O‘tkan kunlar” uning nazdida bizdagicha qiymatga ega bo‘lolmasligi ham tabiiy. Buning ustiga tarjima bilan asliyat orasida mana bu kabi farqlar bo‘lsa: “K Oftob-aim podoshla yeyo starshaya sestra i vzvolnovanno skazala: “Oftob, prigotov-ka poskoree isrыk! Da uberejet allax tvoyego zyatya ot durnogo glaza”. Ko‘rib turganimizdek, tarjimada “tom” ham, “tomda kuyav kutgan xotinlar” ham yo‘q. O‘z-o‘zidan egachi singilning oldiga hovliqib-shoshib tomdan tushib kelmaydi, shunchaki yoniga keladi (“podoshla”)-da, shunga mos xotirjamlik bilan (“podgotov-ka”) isiriq tayyorlashni buyuradi. Xullas, birinchi tarjima o‘quvchisi bu jumladan yuqorida sanalgan ma’nolarning hech birini topmaydi, biroq, afsuski, u komil ishonch bilan Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romanini o‘qiganman, degan xayolda qolaveradi.

Xolisliq haqqi ta’kidlash kerak, ikkinchi tarjima muallifi bu kamchilikni ko‘rgan va bartaraf etishga harakat qilgan: “K Oftob-aim podbejala yeyo starshaya sestra, kotoraya do etogo vmeste s sosedskimi jenщinami nablyudala s krыshi za pribыtiyem jenixa: “Oftob, prigotov-ka poskoree isrыk! Da uberejet Allax tvoyego zyatya ot durnogo glaza”. Ko‘ryapmizki, bunda “tomda kuyov kutib o‘lturg‘an xotinlar” detali qoldirilgan va, albatta, bu yaxshi. Lekin egachining gapi shunga mos o‘zgartirilgan emas, u hamon xotirjam salmoqlab “podgotov-ka” deyishini qo‘ymaydi. Negaki, tarjimada egachi asliyatdagi kabi “oshiqib” singlisi yoniga tushmagan”, balki, hech hovliqmay, yuguribgina (“podbejala”) yoniga kelgan, xolos. Yana sodda gapning qo‘shma gap shaklida berilgani ham, bizningcha, personaj xatti-harakatlari dinamikasini susaytirgan. Shuningdek, asliyatdagi muallif gapida “tomda  kuyav  kutib  o‘lturg‘an  xotinlar  ichidan”ga ma’no urg‘usi tushgan bo‘lsa, tarjimada ergash gapga aylangan ushbu bo‘lak (“kotoraya do etogo vmeste s sosedskimi jenщinami nablyudala s krыshi za pribыtiyem jenixa”) izohlovchi maqomiga tushib, ma’no urg‘usi izohlanayotgan bosh gapga (“K Oftob-aim podbejala yeyo starshaya sestra”) ko‘chgan. Ma’no urg‘usi olgan ikkinchi bo‘lak (“oshiqib”) esa, yuqorida ham aytdik, umuman tushirib qoldirilgan. Xullas, asliyatdagi jumla qurilishining o‘zgarishi tufayli rivoyadagi fikr oqimi, axborotni uzatish tartibi va unga hissiy munosabatning tovlanishlari ham butunlay o‘zgarib ketganki, natijada, uni asliga monand tushunish imkoniyati butkul boy berilgan.

Yuqoridagi misol tahlili ko‘rsatyaptiki, tarixiy mavzudagi asarlarda, xuddi diniy realiyalar masalasida aytganimiz kabi, xalqimizning o‘tmishdagi maishiy turmushi bilan bog‘liq realiyalarni ham mufassal izohlar bilan ta’minlash zarurati bor. Buning uchun esa eng avval mutarjimning o‘zi bir qarashda oddiygina xabar yetkazayotgandek ko‘rinuvchi jumlalar zamirida yotgan milliy o‘ziga xosliklarni ilg‘ay olishi, tushunishi kerak bo‘ladi. Shu jihatdan romandagi yana bir epizod – Hasanalining Ziyo shohichi xonadoniga maslahatga kelishini eslash maqsadga muvofiq. Muhimligi bois asardan uzunroq parchani keltiramiz:

“Hasanali Ziyo shohichining tashqarisig‘a kelib kirdi-da, mehmonxona darichasiga qaradi. Daricha tirqishidan ko‘rilgan yorug‘liq mehmonxonada kishi borliqni bildirar edi. Hasanali tuzatib  oldi  va  ichkariga  kirdi.  Ziyo  shohichi  namoz  o‘qumoqda  bo‘lib,  mehmonxona  chet kishidan xoli edi. Bu tasodufdan Hasanali so‘yindi  va Ziyo akaning namozni bitirishini kutib o‘lturdi. Ziyo shohichi yonig‘a salom berib joynamozdan orqasiga qarab qo‘ydi. Fotihaga qo‘l ko‘tardi. Fotihadan so‘ng kelib Hasanali bilan so‘rashdi”.

Avval Hasanalining kelish vaqtini aniqlab olsak. Hasanali shohichinikiga borish qasdi bilan ko‘chaga chiqqanida “Qosh qorayib, qorong‘u tushayozg‘an edi”. Mehmonining muddaosini tinglab, tashvishlarini ma’qul topgan Ziyo shohichining qutidornikiga “Hozir boramiz” deyishidan, hartugul, Hasanali kelgan paytda u shom namozini ado etayotgan edi, degan fikrga kelamiz. Negaki, agar u xufton namozida bo‘lganida edi, namozdan so‘ng ma’lum muddat Hasanali bilan so‘zlashib o‘tirganini e’tiborga olsak, birovnikiga chaqirib borish juda noqulay bo‘lar, shohichi buning andishasini qilgan bo‘lur edi. Demak, Hasanali kelganida shohichi shom namozida edi. Shunga kelishgan holda, matnni tahlil qilib ko‘ramiz.

Avvalo, Ziyo shohichining tashqarisiga Hasanali hech bir ovoz bermay kirganiga “O‘zbekchilikda birovnikiga kirishda ovoz beriladi-ku?!” deya e’tiroz qilinishi mumkin. Biroq bunda g‘alat yo‘q: birinchidan, u tashqariga kirdi, ikkinchidan, shom vaqti ekanini bilgani uchun ovoz bermadi. Mehmonxonada chiroq yonib turgani, demak, u yerda kimdir bor ekanini bilib ham ovoz bermagani shundan: shom vaqti tig‘iz keladi, bas, ichkaridagi odamning namozda ekanlik ehtimoli ko‘proq. O‘yidagi to‘g‘ri chiqqach, Hasanali bir chetda o‘tirib, namoz tugatilishini kutdi. Ko‘ryapmizki, Hasanalining butun xatti-harakatlari asar yozilgan davr odobiga to‘la muvofiq. Endi Ziyo shohichiga kelamiz. Kelguchi sira ovoz bermasa-da, Ziyo shohichi sharpani fahmlaydi, shu bois “yonig‘a salom berib joynamozdan orqasiga qarab qo‘ydi”. Ya’ni sharpani sezsa ham yuzini qibladan o‘girmadi, faqat “yoniga salom bergach”, ya’ni namozning asosiy qismi tugagach, o‘girilib qarab qo‘ydi: haqiqatan mehmon kelganini bildi. Tezgina yuziga fotiha tortdi (ya’ni kelguchining hurmatidan, yo‘qsa tasbeh, durudu salavot aytib, tilovat qilib, duoga qo‘l ochib tag‘in ma’lum vaqt o‘tirishi mumkin edi), joynamozdan turib kelib mehmon bilan ko‘rishdi. Ko‘rib turganimizdek, Ziyo shohichining xatti-harakatlari ham davr odobiyu ibodat qoidalariga to‘la muvofiq ekan. E’tiboringizni biz bayon qilgan ma’lumotlar aytilmagani, ular faqat matndagi bir-ikki detal (shom vaqti, tashqari, “yoniga salom berib joynamozdan orqaga qarash”) asosida anglab olinishi mumkinligiga qaratamiz. Demak, bu detallar nihoyatda muhim. Xo‘sh, ular tarjimada qanday aks etgan?

Asliyatdagi “Qosh qorayib, qorong‘u tushayozg‘an edi” jumlasi birinchi tarjimada “Poka Xasanali sobralsya i vыshel, uje stemnelo” deb o‘girilgan, ya’ni asliyatda Hasanali ko‘chaga chiqqanida endigina qosh qoraygan (shom vaqti) bo‘lsa, tarjimada “chiqqunicha qorong‘i tushib bo‘lgan” (shom vaqti o‘tib bo‘lgan). Keyingi tafsilotlarning berilishi o‘rinli, biroq “yoniga salom berish” detali tushirib qoldirilgan, Ziyo shohichi birato‘la fotiha qilgachgina kelib ko‘rishadi. Shu ikki detalning tushib qolgani yuqorida sharhlangan  ma’nolarning aksariyati tarjimada yo‘qolganiga dalolat qiladi. Sababi esa, bizningcha, ushbu detallarning matndagi ahamiyatini anglamaslik, ularga yetarli qimmat bermaslik, matn qismlarining mazmuniy bog‘lanishlarini fahmlay olmaslik bilan izohlanishi kerak.

Asliyatga sodiqlik yo‘li tutilgan ikkinchi tarjimada vaqt adekvat berilgan: “Na ulitse  ranniye sumerki postepenno smenyalis temnotoy”. Shuningdek, namoz nihoyasidagi ikki yoniga salom berish tafsilotlar bilan boyitilgani ham ko‘riladi: “Ziya shaxichi, zavershaya molitvu, po ritualu povorachivalsya s molitvennogo kovrika vpravo i vlevo ot sebya i proiznosil – “Assalomu aleykum”. Zatem on vozdel ruki k nebu, skazal zaklyuchitelnыe slova molitvы i posle etogo podoshel k stariku pozdorovatsya”. Biroq, afsuski, rusiyzabon o‘quvchining tushunishi uchun matn­ni kengaytirgani holda asliyatdagi muhim nuqta – “yoniga salom berib joynamozdan orqaga qarash” detali bunda ham tushirib qoldirilgan. Ikkinchidan, asliyatda tafsilotlar berilmagani uchun o‘zbek o‘quvchisi namoz arkonlari risoladagidek bajarilgan degan o‘yda qolaveradi, biroq tarjimani o‘qigan rusiyzabon o‘quvchi namoz arkonlaridan xabardor bo‘lsa, Ziyo shohichining amali noqis degan tasavvur qolishi mumkin. Negaki, birinchidan, “povorachivalsya s molitvennogo kovrika vpravo i vlevo ot sebya” deyilgani salom berish amalini to‘g‘ri tavsiflamaydi: mutarjim aytmoqchi, “po ritualu” – tartibga ko‘ra avval boshni o‘ngga burib salom beriladi, so‘ng boshni chapga burib yana salom beriladiki, bu o‘rinda “povorachivalsya” fe’li o‘rinli emas, “povorachivaya golovu” deyilishi kerak. Ikkinchidan, “yoniga salom berdi” deyilsa, asliyat o‘quvchisi “Assalomu alaykum va rahmatulloh” kalimasini tushunadi, ya’ni tafsilli tasvirlash niyat qilingan ekan, buni oxirigacha qilish kerak, toki rusiyzabon o‘quvchida chala, noto‘g‘ri tasavvur qolmasin.

Umid qilamizki, gapni boshlaboq o‘rtaga tashlagan xulosamizga, ya’ni hozircha romanning rus tiliga qilingan ikkala tarjimasi ham “tajriba” maqomida deganimizga ozmi-ko‘pmi ishontira oldik. Darhaqiqat, agar rusiyzabon o‘quvchi roman mutolaasi chog‘i biz “ko‘rolgan” hayotiy holatlarni ko‘z oldiga keltira olmasa, ko‘ngilda his etganimizni his qilib, mushohada qilolganimizni anglay olmasa – tarjimadan nima naf?! Xo‘sh, nega shunday bo‘ldi? Aslida, tahlillarimiz shu savolga javob edi, ya’ni biz asosiy sababni asliyatdagi milliy bo‘yoqning tarjimada qayta yaratilmasligida deb tushunmoqdamiz.  Zero, milliy hayot shu muhitda yetishgan odam nigohidan o‘tib, milliy tilda aks etgan asarning milliy bo‘yoqlari qayta yaratilmas ekan, tarjimaning adekvatligi haqida og‘iz ochish ham ortiqcha. Shu ma’noda tarjima asliga monandligining bosh sharti – asliyatdagi milliy bo‘yoqlarni qayta yaratishdirki, toki tarjima o‘quvchisi olgan taassurot asliyat o‘quvchisi taassurotiga maksimal darajada yaqin bo‘lsin. To‘g‘ri, bu talabimiz bilan o‘ta maksimalist bo‘lib ko‘rinishimiz mumkin, biroq talab qanchalik baland qo‘yilsa, natija shunga qarab yuksalib borishi ham ayon haqiqatdir. Holbuki, o‘zbek adabiyotidan rus va o‘zga tillarga qilingan tarjimalarda ayni shu talab oqsaganki, oqibat adabiyotimizning nodir namunalari ham rusiyzabon o‘quvchi nazdida o‘ziga munosib qadr topmadi.

O‘z vaqtida, juda ko‘p asarlarimiz rejali tarzda rus tiliga o‘girilgan sho‘ro zamonida, bu xayrli ishga “kun kelib milliy tillaru milliy madaniyatlar yo‘qolib, yagona til va madaniyat shakllanadi” qabilidagi aqida soya solib turdi. Natijada esa asarlarimizning zohiri o‘girildi, ularning ruhi, zamiridagi ma’no tovlanishlariga e’tiborsiz, bepisand qaraldi. “O‘tkan kunlar”ning ilk tarjimasida shuning ta’siri seziladi, desak, xato bo‘lmaydi. Ikkinchi tarjimada aynan milliy o‘ziga xoslikni aks ettirishga harakat borligi ham tayin, biroq unda ham ko‘ngildagidek natijaga kelingan emas. Ya’ni “O‘tkan kunlar”ni rusiyzabon o‘quvchiga tanitish yo‘lida mutarjimlarimiz hali ko‘p izlanishlari kerak…

O‘z-o‘zidan savol tug‘iladi: taqdir taqozosi bilan bir asrdan ziyod vaqt davomida ommaviy tarzda o‘rganib va foydalanib kelayotganimiz rus tiligaki tarjimalar shu ahvolda bo‘lsa, endi-endi ommaviy o‘rganishni boshlaganimiz g‘arb tillariga tarjimalar qanday bo‘larkin? Ular jahon ahliga Qodiriyni, millatimizni asliga monand tanita olarmikin? To‘g‘ri, darajasidan qat’i nazar, tarjima qilinishining o‘zi yutuq – xalqimiz uchun olamshumul ahamiyatga molik voqea bo‘lajak. Biroq, agarki qutlug‘ ishga qo‘l urilayotgan ekan, uning puxta va sifatli amalga oshirilishi ikki karra xayrlidir. Mavjud tajribani o‘zlashtirish, yo‘l qo‘yilgan kamchilik va xatolarni takrorlamaslik, ularni keltirib chiqargan omillarni bartaraf etish choralarini ko‘rish muvaffaqiyat sharti va garovidir. Yuqorida asosiy e’tiborni roman tarjimalaridagi kamchiliklarga qaratganimiz, ularni ancha batafsil sharhlab, sabablarini izohlashga harakat qilganimiz shundan.

Tahlillarimiz tarjima ishi, ayniqsa, “O‘tkan kunlar”dek milliylik ruhi bilan yo‘g‘rilgan asarlarni o‘zga tillarga o‘girish – g‘oyat murakkab va mashaqqatli, bir kishi ko‘ngildagidek amalga oshirishi mumkin bo‘lmagan ish, degan xulosaga olib kelmoqda. Zero, birinchidan, tarjima qilish uchun avval romanni tom ma’noda o‘zlashtirish, matn zamiridagi ma’no tovlanishlarining barini ko‘ra olish darkor. Buning uchun tarjimonga badiiy so‘zni teran his qiladigan filolog, o‘tmishimizni ikir-chikirlarigacha jonli tasavvur eta oladigan tarixchi, urf-odatlarimizdan chuqur xabardor etnograf, diniy arkonlarni biladigan dinshunos kabilarning maslahatlari muntazam kerak bo‘ladi. Ikkinchidan, tarjima tilida original badiiy ijod qilishga qobil va bu borada iqtidorini namoyon eta olgan kishini – professional yozuvchini mutarjim sifatida jalb etish zarur. Zero, faqat shundagina roman o‘zga tilda badiiy asar o‘laroq jarang topishi mumkin. Ayni choqda, ish davomida uning yonida o‘zbek va ingliz tillarini mukammal biladigan maslahatchi bo‘lishi kerak, toki u muallif va adabiyotimiz manfaatlarining himoyachisi o‘laroq turib bersin. Nihoyat, uchinchidan, romanning o‘zga tildagi nashri ancha katta hajmdagi mufassal izoh va sharhlar bilan ta’minlanishi shart, ya’ni tarjimani chop etish xarajatlari ham sezilarli darajada ortishi tabiiy.

Mazkur umumlashma uch shart, avvalo, biz nazarda tutayotgan tarjima jamoaviy ijod mahsuli bo‘lishini ko‘zda tutadi, faqat, bamisoli teatr­dagi kabi, ijodiy jamoa mehnati bitta nigoh – ingliz tilida yozuvchi professional adib nigohida bir fokusga yig‘iladi. Ayonki, bunday tajribaga shaxsiy tashabbus bilan, xususiy tarzda hech kimning qo‘l urmasligi ham tushunarli, chunki uddasidan chiqish mushkul. Ikkinchi tomondan, bunday tarjimani amalga oshirish uchun sarf etiladigan mehnat ham, nashrning o‘zi ham kattagina mablag‘ni talab qiladi, deylik, birgina ingliz tilida yozadigan professional adibni jalb etishning o‘zi bo‘ladimi, axir?! Albatta, bunday tarjimaning amalga oshirilishi, bu ish uchun amaldagi sarflardan bir necha o‘nlab barobar xarajatni talab qiladi. “O‘tkan kunlar” kabi millat yuzini ko‘rsata oladigan asarlar esa bunga har jihatdan arziydiki, fikrimizcha, ularning tarjimasi maxsus dastur asosida amalga oshirilishi maqsadga muvofiq. Xullas, biz tavsiflagan tartibdagi ish badavlat saxovatpesha homiyligida yoki nufuzli tashkilot boshchiligidagina amalga oshishi mumkin. So‘zimiz avvalida zikr etilgan xabardan behad quvonganimizning sababi – shu, shoyad mulohazalarimizning bu qutlug‘ ishga oz bo‘lsa-da nafi tegsa.

«Jahon adabiyoti» jurnali, 2018 yil, 7-son

________________

[1] Ruscha “poruchat” fe’li “poruchitel” (ya’ni o‘zganing mas’uliyatini bajarish zimmasiga yuklangan shaxs) shaxs oti ma’nosini to‘la ifodalamaydi, u ko‘proq “topshiriq bermoq”, “zimmasiga yuklamoq” ma’nolarida qo‘llanadi (mual.).