Jahon adabiyotida buyuk siymolar unchalik ko‘p emas. Agar insoniyat badiiy tarixida o‘tgan chinakam daho so‘z san’atkorlarini birma-bir sanab chiqsak, ikki qo‘limizdagi barmoqlarning ba’zilari ikkinchi marta ochilmaydi. Biroq ana shu san’atkor daholar ichida ham barcha davr kishilarini hayratga soluvchi so‘z daholari undan ham kamroq, ana shunday daholar safida Dante, Navoiy, Shekspirning o‘rni alohida, zero, ular barcha zamonlarning chinakam so‘z daholari bo‘lib qolaveradi. Mazkur san’atkorlarda juda ko‘p mushtarak jihatlar borki, bu jihatlar Navoiy siymosini G‘arbning ulug‘ shoirlari ichida yana ham ulug‘lashtirib qo‘yadi.
Biz bugun bobomiz Navoiyni G‘arbning munozarasiz buyuk daholari sanalmish ikki so‘z san’atkori bilan qiyoslash orqali hazratning ulug‘lar ichida ulug‘ shoir ekanini yana bir bor his etishni istadik.
Dantega ko‘ra, odamning borlig‘i ikkiga ajralib, vujudi odamlar orasida-yu, ruhi do‘zax qiynog‘idaligi, A.Navoiyga ko‘ra esa ikki oshiq qalbning ruhlari birlashib, bir badanga jo bo‘lishi qiziq xulosalarga undaydi.
Muhabbat yo‘q joyda tubanlikka yo‘l ochiq, jaholat sevgi daraxtida emas, adovat butog‘ida yetishadi. Adovat odam borlig‘ini parchalab tashlaydi. Muhabbat oxir-oqibatda hatto xunxor kuchlarni birlashtiradi. Bir-birlarini ko‘rarga ko‘zi yo‘q Layli va Majnun, qabiladoshlari ikki oshiq qalb sadoqati qarshisida lol qolib, nizoni unutadilar. Shunda Arastu so‘zlari esga tushadi: muhabbat birikuv, adovat nifoq sababchisidir.
Dante sotqin odamni tirikligida ikkiga bo‘lib, ruhini do‘zaxda, iblisiy vujudini tiriklar orasida qoldirarkan, go‘yo vujudga aldanmang, ba’zan unda odammas, iblis makon etgan bo‘lishi mumkin deydi. Yana u sotqin o‘zi sotgan odamni yoki haqiqatnimas, avvalambor, o‘zini jazolaydi, yomonlik o‘ziga o‘zi ixtiyoriy jabrdir deb ta’kidlaydi. Inson Olloh ko‘rsatgan yo‘ldan adashgan sayin o‘z vujudini do‘zaxga shunchalik yaqinlashtiradi, uning ruhi tirikligidayoq jahannam azobiga duchor bo‘ladi.
Dantening «Komediyasi»da sharqona falsafa, sharqona ohang, sharqona mushohada kezib yurishining sabablaridan biri, taniqli olimlar Najmiddin Komilov va Fozil Sulaymonov yozganidek, uning ijodi Sharq uyg‘onish va Sharq falsafasi ta’sirida kamol topganidadir. Zero, uning ijodida Ibn Sino falsafasining ta’siri katta bo‘lgani bugun ilm ahliga sir emas. Dante va Navoiy falsafalaridagi o‘xshashliklar, bir tomondan ana shu narsa bilan bog‘liq bo‘lsa, ikkinchi tomondan, ularning dohiyona xayoliy va aqliy qudratlariga bog‘liqdir. Dante o‘z jamiyatining, o‘zi yashagan tuzumning razolat botqog‘iga botganini ko‘rsatar ekan, insoniyatni Navoiy kabi faqat ishq qutqaradi deydi.
«Layli va Majnun» Sharqning qayg‘uli ishq dostoni, «Romeo va Juletta» G‘arbning fojiali muhabbat qissasidir. Bu asarlarning syujet yo‘nalishlari Navoiy va Shekspirdan ancha oldin paydo bo‘lgan esa-da, ikki daho mazkur syujetga yangicha o‘lmas ruh baxsh etdilarki, bu asarlar insoniyatni hamon sehr jozibasida tutib kelmoqda. Mazkur ikki asarni solishtirish juda qiziq va chuqur ilmiy kashfiyot va xulosalarga olib kelishi mumkin. Eng avvalo, bu dostonda Sharq va G‘arb badiiy tafakkuridagi farq – ularning tasvir printsipidagi farq ko‘zga tashlanadi.
Hozircha ikki asarning xulosa qismlarini solishtirish bilan cheklanamiz. «Romeo va Juletta»dagi ko‘p jihatlar 130 yil oldin yozilgan «Layli va Majnun» dostoniga juda o‘xshaydi. Garchi «Layli va Majnun» afsonasi syujeti XVI asrda Yevropaga ma’lum bo‘lgan va shu afsona ta’sirida o‘nlab Yevropa xalqlarining sevgi afsonalari vujudga kelgani haqidagi tadqiqotlar mavjud esa-da, biz ilmga hurmat nuqtai nazaridan Shekspir asari Layli va Majnun afsonasining G‘arbcha varianti, Shekspir Sharq afsonasini yevropalashtirgan degan xulosadan o‘zimizni tiyamiz. Biroq Romeo va Julettadagi nafaqat umumiy syujet liniyasi, balki qahramonlar ham, xarakterlar ham, asar qurilishi ham «Layli va Majnun» asarining aynan o‘zidir. «Layli va Majnun» dostonida Navoiy «Firoqnoma» deb atagan asar so‘ngida Layli jon taslim qiladi. Buni eshitgan Majnun Layli yotgan uyga uchib kirib, uning yonida jon beradi.
«Romeo va Juletta» asarida ham Romeo Julettani o‘ldi deb o‘ylab, u yotgan sag‘ana boshida turgancha zahar ichadi:
Parcha. 168. Romeo monologi.
Alisher Navoiy ham haqiqatning shu jihatini ochadi. Hazratga ko‘ra, agar inson oshiq bo‘lsa, oshiqlik keng ma’noda, ya’ni Yaratganga oshiqlikkacha uning ruhi pok bo‘lib, o‘zi qalbi pok ruhlar bilan topishadi, birlashadi, ya’ni rohatda yashaydi. Nopok vujud esa hatto o‘z ruhini tutib turolmaydi.
Bu borada ham Alisher Navoiy buyuk Dante bilan ham fikr. «Layli va Majnun» dostonida asosiy voqea tugagach «Ey ishq…» deya boshlanuvchi bob mavjudki, uning har bir satri «Ilohiy komediya»ning xotimasini quvvatlab-kuchlantirib turgandek tuyuladi.
Ollohning biz anglagan eng ulug‘ mo‘jizalaridan biri, balki birinchisi – butun koinot tuzilishi bilan odam vujudi va qalbining o‘xshash, mos qilib yaratilganidir. Bu narsa fizik va biologik kashfiyotlarda ham qayd etilgan.
Olamni harakatga keltiruvchi kuch, hazrat Navoiy nazdida, ishqdir. Odam zotiga shunday ulug‘vorlik baxsh etguvchi ishq Dantening sevgi ma’budasi Amur kabi butun koinotni yurgizib tursa ne ajab! Hazrat Navoiy «Layli va Majnun»ning yuqorida tilga olingan bobida ishqi majoziy va ishqi haqiqiy haqida fikr yurita turib muboriz bir xulosaga keladi: «Avvalgisida kishi tozalanib, ikkinchisiga o‘tsa, yo‘q-yo‘q, urug‘ini eksa ham, uni butunlay taroj etib, uning ramziy shaklidan asar qolmasa, ko‘rinadigan joydan ko‘rinmasdan maqsadga singib ketsa, hayot va koinotning yaratilishiga maqsad shudir». Nasriy bayon xulosani hazratning o‘z so‘zlarida keltiraylik.
Maqsad budur, hayotdin bu,
Bil xilqati koinotdin bu.
Ishq buyuk Navoiy talqinida hayot va koinot yaratilishining maqsadi sifatida qo‘yilarkan, xuddi shu nuqtada u buyuk Dante va Shekspir bilan mushtaraklikka erishadi.
Dante, Navoiy va Shekspirning yuksak badiiy tafakkurlari – fazodagi uchrashuv ana shu tarzda voqe bo‘ladi.
Nazar Eshonqul