Navoiy ijodida ijtimoiy fikr va poetik talqinning betakror namunalaridan biri shoir qalamiga mansub o‘ttizdan ortiq vasiyat va vasiyatnomalardir.
“Majolis un-nafois” asaridagi Mir Shohiy, Mavlono Qabuliy, Mavlono Lutfiy to‘g‘risidagi fiqralarda qalam ahli, ijodiy jarayon bilan bog‘liq vasiyatlar qalamga olinsa,”Xamsa” syujetida faqat Layli, Majnun, Farhod, Shirin, Iskandar kabi bosh qahramonlar hayotining muhim jihatlarini ochib beruvchi vasiyat va vasiyatnomalar talqin qilingan.
“Nasoyim ul-muhabbat”da ham o‘nlab vasiyatlarni o‘qishimiz mumkin, ammo hamma uchun ibrat bo‘ladigan vasiyat hamda vasiyatnomalardan biri, bu — Jaloliddin Rumiyning o‘n bir hikmatdan iborat vasiyatidir. Navoiy bu vasiyat bilan bizni tazkiraning “Mavlono Jaloliddin Muhammad Balxiy Rumiy q.s.” zikrida tanishtiradi. Navoiyning mahorati shundaki, shoir aynan bir vasiyat yoki vasiyatnomani mazmunan bir xil, ammo shaklan turli usulda yozishga harakat qilgan. Masalan, lirik va epik tur qonuniyatlari asosida Doroning Iskandarga aytgan uchta vasiyati hamda Iskandarning o‘limi oldidan onasiga yozib qoldirgan mashhur vasiyatnomasi va a’yonlariga vasiyatini “Saddi Iskandariy” dostonida masnaviy shaklida juda ta’sirchan, keng va batafsilroq yozgan bo‘lsa, xuddi shu mavzudagi vasiyat va vasiyatnomalarni ”Tarixi muluki Ajam”da nasriy usulda qisqa va lo‘nda bayon etgan. Bu jarayon Navoiyning betakror uslubini namoyish qiladi. Kuzatishlar shuni ko‘rsatdiki, kitobxonlar ko‘proq an’anaviy, biroq Navoiy o‘zgacha mahorat bilan tasvirlagan Iskandarning o‘limi oldidan onasiga yozib qoldirgan hayot va inson, ona bilan hukmdor o‘g‘il munosabati, jamiyatda inson qanday tabaqaga mansub bo‘lsa ham “xoli ilik”, “shal ilik”, “yalon ilik”(Navoiy iboralari) bilan dunyodan ketishi haqidagi ijtimoiy, falsafiy, didaktik fikrlar mujassam bo‘lgan mashhur maktub shaklidagi vasiyatnoma va vasiyatini biladilar. Chunki navoiyshunoslar ham o‘z tadqiqotlarida mazkur vasiyatnomani vasiyatnoma deb emas, asosan, maktub, noma janrining betakror namunasi sifatida muayyan darajada tadqiq etganlar. Navoiy asarlarini mutolaa qilganimizda, o‘z-o‘zidan ongu shuurimiz, ruhiyatimizda ulug‘ mutafakkir yozib qoldirgan ko‘plab hikmatli misra, baytlarni yoki lirik lavhalarni uning insoniyatga, xususan, bizga yozib qoldirgan vasiyatnomalari deb qabul qilgimiz, go‘yo o‘zimizni shunga ma’naviy haqli deb topgimiz keladi. Qarangki, bu ruhiy, ma’naviy bo‘shliqni sezgan zukko navoiyshunos olima Suyima G‘aniyeva “Hazrat Navoiyning vasiyati” risolasini yozib, ushbu kemtiklikni qisman to‘ldirdi.
“Xamsa”dagi Farhodning toqqa aytgan vasiyati navoiyona uslubning betakror namunasidir. Navoiy Besutun tog‘i, Armaniya tog‘i timsolida ham, umuman, barcha tog‘ timsoli bor poetik tasvirlarda Farhod obrazini mahorat bilan yonma-yon qo‘llagan. Bu “Farhod va Shirin” dostonining 49-bobida Farhodning o‘limi oldidan toqqa aytgan vasiyatida yaqqol ko‘rinadi. Navoiy Farhodning inson yuragini o‘rtaydigan vasiyatini lirik lavhada shunday ifodalaydi:
Boqib qildi vasiyat tog‘ sori,
Dedi: “K-ey, ofarinish burdi bori.
Uluvvi qadring aylab ko‘kka ohang,
Shukuhi hilmdin zoting garonsang,
Etakdin notavonlarg‘a panahsen,
Hajardin xastalarg‘a takyagahsen.
Sanga mendin yetubdur oncha yotlik,
Ki, yuzungdin uyotliqmen, uyotliq.
Gahi bag‘ring bo‘lub tesham g‘ilofi,
Gahi jismingda metinim shigofi.
Yuzung yoshimg‘a xunolud gohe,
Damimdin boshing uzra dud gohe.
Bori jurmumg‘a tig‘i afv surgil,
Borur chog‘imda afv aylab kechurgil.
Bor-yo‘g‘i yetti baytdan iborat ushbu purma’no vasiyatda Navoiy Farhod maskan qilgan tog‘ni barcha tog‘lar singari “notavonlarning panohi”, “xastalarning tak’yagohi”, deb sifatlar ekan, shu bilan birga, kitobxonga bunday umumiy tasvir va ifodadan tashqari insoniyat uchun hamma zamonlarda juda qadrli va qimmatli bo‘lgan qadr, hilm, uyat, afv, kechirimlilik kabi fazilatu sifatlarni eslatadi. Birinchidan, Navoiy bunday sifatu fazilatlar sohibi bo‘lgan Farhod obrazini yana bir bor bizga tanishtirsa; ikkinchidan, g‘am-tashvishi va teshasi, metini bilan toqqa ham jismonan, ham ruhan ozor bergan Farhodning tog‘dan qayta-qayta afv, kechirim so‘rashini namuna qilib ko‘rsatib, kitobxonni hayratga soladi; uchinchidan esa, vasyatnoma matnida uyatliq, afv so‘zlarini takror qo‘llash orqali shoir insonlarga qarata bir-biringizga ozor bermang, jabr qilmang, zulm ko‘rsatmang, mabodo hilmdan chekinib, ozor, jabr, zulmga yo‘l qo‘ysangiz, o‘z vaqtida afv so‘rang va darhol afv qiling, kechirimli bo‘ling, fazilat izlang, deb odamiylik, mardlik, ogohlikka chaqirgandek, savobli ishlarga, elu yurt xizmatiga chorlagandek bo‘ladi.
Navoiy ijodidagi o‘zaro mantiqiylik va izchillikni qarangki, u “Saddi Iskandariy”ning firoq haqidagi bobini go‘yo Farhod vasiyati asosiga qurgandek bo‘ladi. Farhod vasiyatini eshitgan tog‘ning joni endi battar azobda, ertayu kech faqat fig‘on chekadi, chunki endi tog‘ Farhodsiz! Navoiy ayriliq, firoq dardini mubolag‘a, tashxis, intoq san’atlari asosida shunday tasvirlaydi:
Magar tog‘ Farhodsiz jon chekar,
Sadodin nega yo‘qsa afg‘on chekar.
Mutafakkir Navoiy “Majolis un-nafois” asarining Birinchi va Ikkinchi majlisida yozib qoldirgan uchta vasiyat bilan bog‘liq tarixiy tasvirni, birinchidan, shoir hasbi holidan, bag‘ri kengligidan, odamiyligidan xabar beruvchi tarixiy voqealar tasviri, deb izohlasak; ikkinchidan, o‘zaro ijodiy, ma’rifiy muloqotning, ustoz va shogirdlar munosabatining namunasi deyishimiz mumkin. Chunonchi: “Mir Shohiy — sabzavorliqdur. Asli sarbadorlardin bo‘lur. Boysung‘ur Mirzo mulozamatida bo‘lur erdi. Oti Mir Oqmalikdur. Farog‘atdo‘st va xushbosh kishi erdi. Aning she’rini choshin va salosat va yakdastlik va latofatida ta’rif qilmoq hojat ermas. G‘azali agarchi ozdur, ammo barcha xaloyiq qoshida pisandida va mustahsandur. Faqir agarchi ani ko‘rmadim, ammo aning bila faqirni orasida e’lom va irsol voqe’ bo‘ldi. Mulk podshohi (Abulqosim Bobur — B.R.) otamni hukumat rasmi bilan Sabzavorg‘a yuborib erdi va Mir Shohiyni Astrabod hokimi tilab Jurjon mamolikiga eltib erdi. Astrabodda anga qazo yetib na’shin Sabzavorg‘a kelturdilar va obo va ajdodi dahmasida xaloyiqni o‘tru siqorib ani oxirat yeriga dafn qildilar. Astrabodda aytqon ikki matlai tuganmay qolg‘on erdikim, vasiyat qilg‘ondurkim, Xoja Avhad alarni tugatsun deb…
Xoja Avhad ikkalasini tugatti va devonig‘a bitildi va shahr shuarosig‘a marsiya taklifi qildikim, ayttilar…”.
Ko‘rinib turibdiki, tazkirada berilgan ushbu Mir Shohiy haqidagi lavha ham o‘ziga xos zikr bo‘lib, unda faqat Mir Shohiyning ijodi, g‘azal bobidagi mahorati va el nazarida ekanligi, Astrobod hokimi bilan o‘zaro munosabati, hokimning uni Jurjon mulkiga o‘zi bilan olib ketishi, to‘satdan Astrobodda vafot etishi, jasadini esa Sabzavorga keltirib, ota-bobolari qo‘yilgan dahmaga dafn qilishlari, Astrobodda o‘limi oldidan ikki mustaqil matla’sini g‘azal shaklida yakunlash to‘g‘risida aytgan vasiyati haqida bitilishidan tashqari, har bir davr kitobxonlarini, ayniqsa, tadqiqotchilarni dolzarb mavzu bo‘lgan Navoiyning bolalik davri voqealaridan ham voqif etadi. Ya’ni, birinchidan, qisman sarbadorlar, Boysung‘ur Mirzo, Abulqosim Boburning davlat boshqaruv davri, otasi G‘iyosiddin Bahodirning Sabzavorga hokim qilib yuborilishi bilan bog‘liq voqealar izohi; ikkinchidan esa, bola Alisherning Sabzavorda Mir Shohiy haqida eshitgan tarixiy voqealarning tasviri, temuriylar davrining Sabzavor, Astrobod, Jurjon kabi shaharu kentlari haqidagi toponimik bilimlar bilan muayyan darajada tanishish hamdir. Demak, Navoiyning bir shoir zikrida adabiyot, adabiy tanqid, tarix, davlat boshqaruvi tarixi kabi fanlarga doir shuncha qimmatli bilim, ma’lumotlarni yozib qoldirishi ham uning qalami, mahoratiga xos bir namunadir.
Tazkirada berilgan vasiyatlar bilan tanishtirishni davom qilsak: “Mavlono Qabuliy — faqir kishi erdi. Bozori Malikda g‘azlfurushluq(ip) do‘koni bor erdi. Bir saboh ul mahalladin jam’e keldilarkim, o‘tgan kecha Mavlono Qabuliy bizlarni tilab vasiyat qildikim, bu kecha olamdin borurmen, takfin va tajhiz jihatidinkim, hech nima yo‘qtur, saboh devonimni falon kishiga, ya’ni faqir(Navoiy) qoshig‘a eltib niyozimni yetkurib, iltimos qilingkim, meni Sodoti Musrih go‘ristonida dafn qildursun. Saboh xabar tuttuq, ersa o‘tub erdi. Vasiyati dasturi bila devonin sening qoshingg‘a kelturubbiz. Faqir aning vasiyatini bajo kelturub, tadfinidin so‘ngra devonin ochtuq. Ersa bu matla’ keldikim:
Agar qabuli tu yobam Qabuliyam, var na
Ba har du kavn chu man noqabul natvon yoft.
(Mazmuni: Agar senga ma’qul bo‘lsam, Qabuliyman, yo‘q esa: ikki dunyoda mendek nomaqbul topilmas.)
Tazkirada ifodalangan ikkinchi vasiyatni shoir Mavlono Qabuliy zikrida tanishdik. Ip sotib faqirona tirikchiligi o‘tib turgan shoir o‘limi oldidan Navoiyga do‘stlari orqali quyidagicha vasiyat qiladi. Ya’ni vasiyatida bu kecha olamdan o‘tishini, nochor va faqirligi sabab o‘ligini kafanlash va ko‘mish uchun tayyorlashga hech nimasi yo‘qligini, tongda devonini Navoiyga olib borishlarini va muhtojligini aytib, iltimos qilishlarini, Sodoti Musrih qabristoniga dafn qildirishini aytadi. Ne ajabki, vasiyatni eshitgan do‘stlari tongda undan xabar olishsa, u olamdan o‘tgan bo‘ladi. Do‘stlari uning vasiyati bo‘yicha Navoiyning huzuriga kelib, u aytgan vasiyat shartlarini unga so‘zlab berishadi. Ulug‘ Navoiyni qarangki, uning vasiyatini so‘zsiz bajaradi. Bu haqda Navoiyning o‘zi fiqrada “Faqir aning vasyatini bajo kelturib, tadfinidin so‘ngra devonini ochtuq”, deb xabar beradi. “Sohibi azo” Navoiyga bag‘ishlab yozib qoldirilgan Qabuliyning bayti ham alohida diqqatga molik. Insonlarga Olloh roziligi uchun o‘z imkonidan ham baland darajada yordam bergan va qo‘llab-quvvatlagan amir Navoiy o‘zining bunday odamiyligi, insonparvarligi bilan bizni yana bir bora hayratga soladi. “Majolis un-nafois” tazkirasi esa, o‘zida 459 ijodkor haqida ma’lumot beruvchi kitob, shu bilan birga, muallifning noyob fazilatlarini mujassam etgan betakror manba sifatida ham qadrli ekanligini anglaymiz.
Tazkirada keltirilgan o‘ziga xos vasiyatlardan uchinchisi, bu — to‘qson to‘qqiz yoshdagi Lutfiyning vafoti oldidan Abdurahmon Jomiyga aytgan vasiyatidir. Lutfiy o‘z vasiyatida yakunlashiga ko‘zi yetmagan “aftad” radifli g‘azalini Jomiy maromiga yetkazib yakunlab, o‘z devoniga kiritishini vasiyat qiladi. Ushbu tabarruk vasiyat bilan bog‘liq voqeani hazrat Navoiy bizga quyidagicha tanishtiradi: “Mavlono Lutfiy o‘z zamonining malik ul-kalomi erdi, …ammo turkiyda shuhrati ko‘prak erdi va turkiy devoni ham mashhurdur… To‘qson to‘qquz yashadi…
Va o‘tar vaqtida bu g‘azal matla’inkim, tuganmaydur erdi, vasiyat qildikim, hazrati Maxdumiy Nuran tugatib, o‘z devonlarida bitisunlar va ul matla’ budururkim:
Gar kori dili oshiq bo kofiri Chin aftad,
Beh z-onki, ba badxo‘i bemehri chunin aftad.”
(Tarjimasi: Agar oshiqlar dilining ishi Chin kofuriga tushsa, shu singari bemehr, badfe’lga tushgandan ko‘ra yaxshiroqdir.)
Lutfiy haqidagi ma’lumotda bizni qiziqtirgan masala, bu — “Va o‘tar vaqtida bu g‘azal matla’inkim, tuganmaydur erdi, vasiyat qildikim, hazrati Maxdumiy Nuran tugatib, o‘z devonlarida bitisunlar…” degan ma’lumot. Shoir bergan ma’lumot qisqa ifodalangan bo‘lsa-da, noyob va betakror ma’naviy hodisadir, deb aytish mumkin. Lutfiy devonini nashrga tayyorlagan navoiyshunos olim S.Erkinov mazkur vasiyatning ijrosi haqida kitobning “Lutfiy va Jomiyning munosabatlaridan lavhalar” bobida shunday yozadi: “Abdurahmon Jomiy Lutfiy vasiyatiga amal qilib, u qoldirgan matla’ni davom ettirgan. Uni tugal g‘azalga aylantirgan. Abdurahmon Jomiy devonidan o‘rin olgan ikki zabardast ijodkor g‘azali bilan yuzaga kelgan xotira g‘azalning to‘liq matnini keltiramiz”. Ustoz navoiyshunos S.Erkinov g‘ayrat ko‘rsatib, ikki buyuk so‘z ustasining bir-birlariga ko‘rsatgan rag‘bat va tashabbusi bilan yozilgan, yetti baytga aylangan forscha xotira-g‘azal matnini to‘liq keltiradi. Mazkur vasiyat “Nasoyim ul-muhabbat”dan o‘rin olgan “Mavlono Lutfiy zikri”da Navoiy tomonidan alohida mehr va zavq bilan tilga olingan “To‘qson yoshidin tajovuz qilg‘onda, Hazrat Maxdumi n. m. n. otig‘a radifi “Suxan” saj’ qasidaye aytib erdiki, zamon xushgo‘ylari barcha xo‘blukqa musallam tuttilar”, degan jozibali hikoyani yodimizga soladi. Lutfiyning yosh Alisherga “Orazin yopqoch…” deb boshlanuvchi g‘azali uchun 12 ming misra she’rini jo‘shib hadya qilib yuborishi va Abdurahmon Jomiy sharafiga bunday marg‘ub va mahbub qasida baxshida qilishi uning ustoz sifatidagi ajab holati, kengfe’lligidir, deyish mumkin.
Burobiya Rajabova, filologiya fanlari nomzodi
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2015 yil 21-son