Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” asarini dunyo olimlari yakdillik bilan qomusiy asar sifatida baholashgan va shu bilan birga temuriylar Uyg‘onish davri va Bobur mavzuini yoritish bo‘yicha mukammal manba deb bilishgan. Asarning o‘ziga xos muhim jihatlaridan biri unda tarixiy shaxslar, buyuk siymolar, hukmdorlar, muhaddislar, olimlar, ijodkorlar, tarixchilar, san’atkorlar va oddiy insonlar haqida aniq ma’lumotlar, izohlar, tasvirlar, sharhlar, umuman, turli darajadagi tanishtiruv xarakteridagi dalillarning mahorat bilan keltirilganligidir. Masalan, birgina Samarqand tasvirida shahar tarixida iz qoldirgan o‘n nafardan ziyod buyuk shaxslar tilga olingan va ularning faoliyatiga doir ishoralar qilingan.
Markazlashgan davlat asoschisi, buyuk sarkarda va ilm-fan, adabiyot, san’at, madaniyat homiysi, temuriylar Uyg‘onish davri asoschisi Sohibqiron Amir Temur (1336, Kesh shahri yaqinidagi Xoja Ilg‘or qishlog‘i – 1405, O‘tror shahri; Samarqand shahrida dafn etilgan) nomi, hayoti, faoliyati bilan bog‘liq o‘ttizdan ortiq tasvir, lavha, izohlarning berilishi ham nihoyatda muhim. Kuzatishlarimiz shuni ko‘rsatadiki, Bobur o‘z asarida Amir Temur nomini otasi Umarshayx Mirzo bilan bog‘liq bayonlar munosabati bilan tilga olib, to Dehli va Agra shaharlarida kechgan voqealar tasvirigacha u bilan birma-bir tanishtirib borgan. Shunga ko‘ra, Boburni ulug‘ bobokaloni Amur Temurning ilk tadqiqotchi va targ‘ibotchilaridan biri deb baholash mumkin. Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, biz tadqiq va talqin qilayotgan o‘ttizdan ortiq tarixiy ma’lumotlar, lavhayu tasvirlar asosida Amir Temur va Boburning o‘zaro mushtarak tomonlarining ayrim jihatlarini adib X.Sultonov “Bobur”[1] nomli badiasida mahorat bilan yoritib bergan bo‘lsa, “Bobur entsiklopediya”sida berilgan “Amir Temur”[2] maqolada ham “Boburnoma”ning 37a, 162b, 163a, 224b, 291b, 226b sahifalaridagi ma’lumotlar qisman aks etgan. Boburshunos olim Saidbek Hasanov tomonidan Porso Shamsiyev, Sodiq Mirzayev va Eyje Mano nashrlari asosida qayta nashrga tayyorlangan “Boburnoma”ning 2002 yilgi nashrida ilmiy-tanqidiy matn asosida tuzilgan “Kishilar nomlari”[3] ko‘rsatkichida Bobur o‘z asarda Temurbek deb yozganidek, Temurbek nomi bilan o‘ndan ortiq ma’lumot sanab ko‘rsatilgan. Ayni paytda, atoqli olimlarimiz N.M.Mallayev va B.Valixo‘jayevlar “Boburnoma”dagi tarixiy shaxslar ta’rifi va tasviriga bag‘ishlangan tadqiqotlarida mustabid davr taqozosiga ko‘ra Amir Temurni tilga olmaganlarini ham qayd etib o‘tish lozim[4].
Boburning “Boburnoma”da keltirgan Sohibqiron Amir Temurga oid barcha ma’lumotu tanishtiruvlarini mohiyat e’tibori bilan bir maqola doirasida quyidagicha tasnif va talqin qilish mumkin:
- Umarshayx Mirzo, Husayn Boyqaro va boshqa temuriylarning valodat va nasabi bilan bog‘liq lavhalarda sulola va davlat asoschisi sifatida Amir Temur nomi yuksak hurmat bilan tilga olingan tasvirlar. Bobur asar avvalida otasining valodat va nasabiga to‘xtalar ekan, bu fiqrani u o‘zgacha ruh, alohida mehr va sog‘inchu qo‘msash bilan batafsil yozgan, hatto, nechanchi o‘g‘il, kimdan katta, kimdan kichikligi haqida ham izoh va tushuntirish bergan. Umuman, “Boburnoma”ning Amir Temur yodga olingan barcha o‘rinlarida u an’anaviy ravishda sohibqironni Temurbek nomi bilan zikr qilgan. Ammo temuriylar xonadoniga mansub bo‘lgan o‘zining va o‘zi kabi boshqa shahzodalarning temuriyzodalar ekanligini esa tarixiy fonda yorqin va ta’sirli ifodalash maqsadida ba’zi lavhalarda Bobur “naslidin”, “avlodidin”, “zodu budi”, “xonavodamiz” so‘zlarini mahorat bilan qo‘llab, “Temurbek naslidin”, “Temurbek avlodidin” “Temurbekning zodu budi” yoki “Temurbekdek ulug‘ podshoh”, “Temurbekning yurti”, “Temurbek avlodi ilgida”, “bizning xonavodamiz” tarzida ham zikr etgan. Ma’lumki, o‘z asarida Sohibqiron Amir Temurni yurakka yaqin olib Temurbek nomi bilan tilga olinishi Sharafiddin Ali Yazdiy “Zafarnoma”[5]sida, malik ul-kalom Lutfiyning Amir Temurning to‘rtinchi o‘g‘li Shohrux Mirzoga atab o‘zbek tilida yozgan madh qasidasida[6], Alisher Navoiyning “Munshaot”i[7], XVI asrda turkiy tilda yaratilgan O‘tamish Hoji ibn Muhammad Do‘stiyning “O‘tamish Xoji tarixi” asaridagi “Dostoni O‘g‘uzxon zikrida” ham uchraydi[8].
- Ma’lum bir bek, umaro tilga olingan o‘rinlarda. “Boburnoma”da Amir Temurdan tarbiya, muruvvat, yorug‘lik ko‘rgan bek, umaro, amaldorlar to‘g‘risida talaygina qimmatli fikrlar mavjud. Bobur bu kabi fikrlarini ishonarli qilib “Temurbek rioyat qilg‘on” degan gap shaklida ta’kid ohangida ishonarli bayon qilgan. Masalan, otasi Umarshayx Mirzoning “xavotun va sarori” haqidagi ma’lumotda onasi Qutluq Nigorxonimga alohida to‘xtalar ekan, bobosi Yunusxonning ona tomonidan qarindoshligi Shayx Nuriddinbekka borib bog‘lanishi haqida “Yunusxonning onasi turkistonliq qipchoq beklaridin Temurbek rioyat qilg‘on Shayx Nuriddinbekning qizi yo nabirasi bo‘lur”[9], deb yozadi. Sulton Ahmad Mirzoning oltinchi umarosi sifatida ko‘rsatilgan Darveshbek haqida ham xuddi shunday deydi: “Yana bir Darveshbek edi, Temurbek rioyat qilg‘on Egu Temurbekning naslidin edi. Hazrati Xojag‘a irodati bor edi” (46). Qizig‘i shundaki, Boburning Darveshbek to‘g‘risidagi mazkur ta’kidlari Alisher Navoiyning “Majolis un-nafois” tazkirasining ikkinchi majlisida berilgan Darveshbek haqidagi fiqrada “Nasabi xud olam ahlig‘a zohirdur”[10] deb yozgan e’tirofli ma’lumotiga mos keladi.
- Davlat, taxtu toj boshqaruvi bayon qilingan tarixiy voqealarda. “Boburnoma”ning 1495–1496 yil tafsilotlari bayonida Bobur o‘zining davlat boshqaruvi tizimi to‘g‘risida yozar ekan, “Temuriya salotini dasturi” nomli tartib-qoida haqida ma’lumot beradi. U orqali u Amir Temur va temuriylarning taxtda, goh shohona to‘shak (ko‘rpacha) ustida o‘tirib davlat boshqargani, kengash chaqirgani va elchilarni qabul qilgani kabi boshqaruv hamda marosim usullaridan voqif bo‘lamiz. Chunonchi: “Ul fursatlar Temuriya salotini dasturi bila to‘shak ustida o‘lturur erdim. Hamza Sulton bila Mahdiy Sulton va Mamoq Sultonkim keldilar, bu salotinning ta’zimig‘a qo‘pub to‘shakdin tushub, bu sultonlar bila ko‘rushtum. Sultonlarni o‘ng qo‘lda bog‘ishda o‘lturg‘uzdum. Muhammad Hisoriy boshliq borcha mo‘g‘ullar keldilar. Borcha mulozamatni ixtiyor qildilar” (53). Yoki yetakchi sifatida tarix maydoniga chiqqan Bobur “Boburnoma”ning 1507-1508 yil voqealari bayonida, ya’ni Hindiston azimati oldidan o‘zi joriy qilgan bir siyosiy islohoti, ya’ni o‘zini podshoh deb e’lon qilish buyrug‘i, sanasi haqida ilhom bilan to‘xtalar ekan, shu o‘rinda Amir Temurni eslaydi: “Ushbu tarixqacha (913 yil) Temurbekning avlodini bovujudi saltanat mirzo derlar edi, ushbu navbat buyurdumkim, meni podshoh degaylar” (160).
- Kesh, Samarqand, Qorako‘l (viloyat), Dehkat (kent), Xuroson (viloyat), Mo‘lton (navohi), Hirot, Qandahor, Bihira (viloyat), Dehli, Agra kabi shahar, kentu viloyatlar bilan bog‘liq tasvirlar. Tabiiyki, bu holat tarixan Amir Temur ixtiyorida bo‘lib, keyinchalik podshoh Bobur tasarrufiga o‘tgan viloyat, yurt, o‘lka, shahar tasvirlarida ko‘p uchraydi. Shuni mamnuniyat bilan ta’kidlash lozimki, Boburning “Boburnoma”da keltirgan shahar, viloyatlar tasvirida va obodlik, farovonlik yo‘lida amalga oshirgan keng qamrovli faoliyatlari, yetakchilik salohiyatlari bayonida Amir Temur, temuriylar va o‘zining Sharq Uyg‘onish davri madaniyatining ajralmas qismi bo‘lgan shaharsozlik madaniyatiga ko‘rsatgan ta’siridan va ular hukmronligi davrida shaharlarning taraqqiy topganidan yetarlicha xabardor bo‘lamiz. Tarixiy manbalarda Dilkash shahar deb nom olgan Kesh tasviriga diqqat qilsak, tasvir orqali Kesh qadimdan Amir Temurning ajdodlari bilan bog‘liq shahar ekanligi va uning o‘zi tuzishga bel bog‘lagan yirik markazlashgan davlat uchun poytaxt shahar tanlashdagi bilimi, mahorati, to‘xtami, qaroridan ham voqif bo‘lamiz: “Yana Kesh viloyatidur… Bahorlar sahrosi va shahri va bomi va tomi xo‘b sabz bo‘lur uchun Shahrisabz ham derlar. Temurbekning zodu budi Keshdin uchun shahr va poytaxt qilurig‘a ko‘p sa’y va ehtimomlar qildi. … Chun Keshning qobiliyati shahr (poytaxt shahar demoqchi – B.R.) bo‘lmoqqa Samarqandcha emas edi. Oxir poytaxt uchun Temurbek Samarqandni-o‘q ixtiyor qildi” (61). Bobur ushbu ma’lumotini asarda “Samarqandni Iskandar bino qilg‘ondur. Mo‘g‘ul va turk ulusi Samarqand derlar. Temurbek poytaxt qilib erdi. Temurbekdin burun Temurbekdek ulug‘ podshoh Samarqandni poytaxt qilg‘on emas” (59), deb yozgan qimmatli ma’lumoti bilan to‘ldirgan. Bobur ushbu qisqa tasvirida mahorat bilan poytaxt Samarqandni yer yuzining madaniy va ma’rifiy markazlaridan biriga aylantirgan ulug‘ bobokalonining tabarruk nomini qayta-qayta yodga olib, go‘yo botini va zohiridagi g‘uborlardan xalos bo‘lib, u ulug‘ zotga ko‘rsatgan lutfi, cheksiz hurmatiga guvoh bo‘lamiz. Mazkur o‘rinda shuni alohida ta’kidlash kerakki, taniqli matnshunos olim V. Rahmonov Bobur “Boburnoma”da bir necha marta maroq bilan qo‘llagan “zodu budi” iborasini Kesh va Andijon tasviri misolida sharhlar ekan, olim “… Bobur o‘zining tug‘ilib o‘sgan shahri Andijon ekanligini ham shu tarzda ifodalagan”[11], deb alohida qayd qilgan. Yoki muallif Qorako‘l shahri bayonida Amir Temur barpo qildirgan mashhur bog‘laridan biri bilan “Temurbek degandurkim” deya mamnuniyatu e’tirofini yaqqol sezdirib, Sohibqironni shunday tanishtiradi: “Yana Qorakul viloyatidur… Andoq mashhurdurkim, Temurbek degandurkim: mening bir bog‘im borkim, tuli o‘ttuz yig‘achtur” (61).
Bobur “Boburnoma”da Dehli shahrini o‘z tasarrufiga olish, egalik qilish va boshqarish tarixini bitar ekan gapni moziydan, ya’ni Dehli shahrining Amir Temur boshqaruviga o‘tishidan boshlaydi hamda lavhani aniq qilib “Dehli Sulton Alovuddinning iligida edi. Bu tabaqa sayyidtur. Temurbek Dehlini olg‘onda Dehli hukumatini bularning otalarig‘a berib, borib edi” (196) deb xulosalaydi.
- Harbiy taktika va bunyodkorlik ishlarida o‘zining faoliyati bilan bog‘liq qiyosiy tasvirlarda. Bobur o‘zini Husayn Boyqaro yoki boshqa temuriy shahzodalar bilan qiyoslagan tarixiy tasvirlardan biriga murojaat qilsak. “Boburnoma”ning 1503–1504 yil voqealar bayonida, ya’ni Kobulda mustaqil hukumat tuzgan Bobur Mirzoga Sulton Husayn Mirzodan Shayboniyxonga qarshi turishga undovchi xabarlar keladi. Maktublardan birida Husayn Boyqaro Bobur Mirzoga Kohmard va Ajarda harbiy istehkom bilan mustahkam turishi haqida yozib yuboradi. Ammo Husayn Boyqaroning oqibatini o‘ylamay tutgan harbiy taktikasi va rejalari Bobur Mirzoga ma’qul kelmaydi va bu o‘rinda u ogohlik bilan temuriylar davlati asoschisi bo‘lgan mulkgir Amir Temurni yodga oladi. Ya’ni “Sulton Husayn Mirzoning bu xatlari mujibi noumidlik bo‘ldi. Ne uchunkim, Temurbekning yurtida bu tarixda andin ulug‘roq podshoh ham yosh va ham viloyat va ham cherik bila yo‘q edi”. Yana u “Temurbek o‘rnig‘a o‘lturg‘on” deya fikrlarini davom ettirib, g‘alabasi, oqibati ta’minlanmagan harbiy yurishdan qattiq norozi bo‘lganligini yaqqol sezdirib, shunday tushuntiradi: “Sulton Husayn Mirzodek Temurbek o‘rnig‘a o‘lturg‘on ulug‘ podshoh g‘animining ustig‘a yurumakni demay, yer berkitmakni desa, el va ulusqa, ne umidvorliq qolg‘ay?” (103).
“Boburnoma”da keltirilgan bunyodkorlik ishlari bilan bog‘liq bir qiyosiy tasvirga ko‘ra, Bobur Agrada amalga oshirgan bir imoratni bino qilishga jalb qilingan tosh yo‘nuvchi usta, hunarmandlar bilan ulug‘ bobokaloni bunyod qilgan masjid qurilishida qatnashgan sangtaroshlarning soni va ish unumini qiyoslar ekan, o‘zining bu borada ustun jihatlarini hech ikkilanmay “Har ish va har nima uchun jami’ muqarrar va muayindurkim, ota-onalaridin beri ul ish va ul nimani qila kelgandurlar. Nechukkim, “Zafarnoma”da Temurbekning “Masjidi sangin” imoratini qilurda mulla Sharif (Ali Yazdiy – B.R.) mundoq mubolag‘a bila bitibdurkim, Ozarbayjon va Fors va Hindiston va yana o‘zga mamolik sangtaroshlaridin har kunda ikki yuz kishi masjidda ish qilurlar edi. Bir Agrada ushbu Agraning sangtaroshlaridin mening imoratlarimda har kunda olti yuz sakson kishi ish qilurlar edi” (209), deb dadillik bilan yozadi va o‘z farzandlarini ham bu kabi xayrli qurilish ishlariga chorlagandek bo‘ladi. Bu qiyosiy tasvirning biz uchun yana bir muhim jihati bor, ya’ni, birinchidan, Bobur keksa muarrix Sharafiddin Ali Yazdiyning ulug‘ bobokaloni Amir Temur haqida 1424-1425 yillarida yozib tamomlagan mashhur “Zafarnoma” nomli mukammal tarixiy asarining bilimdoni ekanligiga tan bersak, ikkinchidan esa Alisher Navoiy katta umidlar bog‘lagan valiahd Badiuzzamon Mirzoni ham ulug‘ bobokaloni Amir Temur tarixidan saboq, ibrat olish maqsadida va siyosiy hushyorlik uchun “Zafarnoma”ni tez-tez mutolaa qilib turishga undab bitgan didaktik maktubi[12] yodimizga tushadi.
- Samarqand taxtida alohida hukumat surgan va davlat boshqargan temuriylar birma-bir sanab, izohlab ko‘rsatilgan tarixiy va qizg‘in jarayonlar tasvirida. Samarqand taxti va mamlakat boshqaruv tizimi bilan bog‘liq aniq voqealar bayonida Bobur Mirzo Amir Temurning Samarqand taxtiga o‘tirgandan boshlab, to o‘zigacha Samarqand taxtiga o‘tirgan va hukumat surgan Temurbek, Jahongir Mirzo, Muhammad Sulton, Ulug‘bek Mirzo, Abdulatif Mirzo, Abdulla Mirzo , Abusaid Mirzo, Sulton Ahmad Mirzo, Sulton Mahmud Mirzo, Boysunqur Mirzo, Ali Mirzo kabi o‘n ikki nafar temuriy hukmdorlarni nomma-nom, tartib bilan sanab ko‘rsatgan, faqat o‘zinigina kishilik olmoshi “men” bilan “Boysunqur Mirzodin men oldim” deb yozgan. Nimagadir Bobur sulolaning bu kabi tarixiy ma’lumotida Samarqand taxtida besh yil hukmronlik qilgan va qaysidir ma’noda ko‘ngil ishini mulk ishidan ustun qo‘ygan Xalil Sultonni bu silsilada tilga olmagan, ko‘rsatmagan. Bunday tartib bilan ko‘rsatish, birinchidan, Bobur uslubiga xos bo‘lib, ikkinchidan esa u kitobxonni 140 yillik Samarqand taxti, boshqaruv tarixi bilan, ya’ni o‘zi “… yuz qirq yilg‘a yovuq Samarqand poytaxti bizning xonavodada edi…” (80-bet), deb yozgan e’tirofi, izohi bilan qisqa, aniq tarzda tanishtiradi.
- Amir Temur va o‘zi bilan bog‘liq Hindiston tasvirlarida. Asarning Samarqand tasvirida Bobur Hindistondan keltirilgan sangtaroshlar va noma’lum rassom tomonidan Dilkusho bog‘ida qurilgan ko‘shk devorlariga san’atkorona chizilgan surat haqidagi kuzatishlari asosida yozgan qiziqarli ma’lumotga ega bo‘lamiz: “Temurbekning va Ulug‘bek Mirzoning imorati va bog‘oti Samarqand mahallotida ko‘ptur… Yana Ohanin darvozasig‘a yovuq qal’aning ichida bir masjidi jum’a solibtur, sangin, aksar Hindistondin eltgan sangtaroshlar anda ish qilibturlar… Dilkushoda ham ulug‘ ko‘shk soldurubtur, ul ko‘shkta Temurbekning Hindiston urushini tasvir qilibturlar…” (59). Yoki asarda berilgan “Dehkat O‘ratepaning ko‘hpoya kentlaridindur, ulug‘ tog‘ning tubida tushubtur, bu tog‘din o‘tgach, Mascho bo‘lur… Men bir kalontarining uyiga tushtim, qari kishi edi, oltmish-etmishda bor edi, vale onasi hanuz bor edi. Xeyli umr topqan xotun edi, yuz o‘n bir yoshta edi. Temurbek Hindustong‘a kirganda bu xotunning uruq-qayoshidin biri ul cherikka borib ekandur. Ul xotirida bor edi, hikoyat qilur edi” (87), degan. Bobur ma’lumotida o‘zining Dehkatda kechgan sarsonu sargardon kunlari haqida yozar ekan, Amir Temur haqidagi izohni voqea ichida voqea shaklida tilga olgan. Ya’niki, 111 yoshga kirgan onaxon haqidagi hayratomuz fikrlarini bitar ekan, uning xotiralari asosida Amir Temurning Shimoliy Hindistonga qilgan harbiy yurishi va bu yurishda 111 yoshni qarshilagan onaxonning qarindoshlaridan biri askar sifatida qatnashganini alohida maroq va ko‘nglidan kechgan Hindiston saltanati orzusi bilan yozganligini sezish mumkin. Demak, onaxon Amir Temurning Shimoliy Hindistonga uyushtirgan harbiy yurishi haqida aytgan hayotiy hikoyasi bilan oldinni ko‘zlovchi Bobur diqqatini o‘ziga jalb qilgan. “Boburnoma”da berilgan Hindiston tasvirlarida Shimoliy Hindistonni o‘z ixtiyoriga olib, yangi hayot baxsh etgan hukmdor sifatida Amir Temurni tilga oladi: “Temurbek Hindistonga kirib chiqqani(din) beri bu necha viloyatkim, Bhira va Hushob va Chanob va Chinivat bo‘lg‘ay, Temurbekning avlodining tavobi’ va lavohiqi tasarrufida edi” (166). Bobur mazkur ma’lumotida sababsiz “Temurbek avlodining tavobi’ va lavohiqi tasarrufida edi”, deb yozmagan. Chunki bu ma’lumoti bilan u Hindiston saltanatiga nisbatan o‘zining vorisiylik huquqi borligiga dadil ishora qilgan va merosxo‘r temuriy hukmdor sifatida “elchilikka ta’yin qilib bir qarchig‘ay yiborib, qadimiy turkka taalluq viloyatlarni tiladuk”, deb talablarini yozib jo‘natgan rasmiy elchilari haqida ham xabarlar bitib qoldirgan. Ammo ushbu tasvirda Bobur Amir Temurning Hindiston saltanatida o‘zi kabi muqim qolmaganiga ham diqqat qilgan va o‘zining muddaosini matnda ustalik bilan qo‘llagan “kirib chiqqan” (kirdi-chiqdi) juft so‘zlari vositasida ifodalab bergan. P.Qayumov ham o‘zining “Xo‘qand tarixi va adabiyoti” kitobida “Shoir va adib Bobur” fiqrasida uni “Hindistonda temuriylar davlatini ta’sis etdi”[13] deb ta’kidlaydi.
Umuman, Bobur “Boburnoma”da keltirgan Sohibqiron Amir Temurga oid tarixiy ma’lumotlar, tasviru lavhalardan shunday xulosa qilish mumkinki, birinchidan, Bobur Amir Temur bilan faxrlangan va temuriylarning tarixini yaxshi o‘rgangan, bilgan hamda ana shu bilganlarini yorqin va ta’sirli tarzda ifodalagan, ikkinchidan esa davrdagi yaqinlik sabab buyuk shaxslar bir-birlarini ruhan, qalban yaxshi his qilgani kabi shoh va shoir Bobur hamda ulug‘ bobokaloni Amir Temur o‘rtasida yuz yilga yaqin tarixiy masofa bo‘lsa-da, u Amir Temurni har tomonlama to‘la his qilgan hamda u kabi siyosiy hushyor hukmdor bo‘lishga intilgan. Boburning ilmiy ahamiyatga molik bo‘lgan o‘ttizdan ortiq ushbu tarixiy ma’lumotu lavhalari kelajakda Amir Temur hamda o‘zi to‘g‘risida ko‘plab ilmiy tadqiqotlar va ijodiy asarlarning yaratilishiga turtki va zamin bo‘lishi shubhasiz.
____________________________
[1] Zahiriddin Muhammad Bobur entsiklopediyasi. Toshkent: Sharq, 2014. 118–133-betlar.
[2] O‘sha entsiklopediya. 36–40-betlar.
[3] O‘sha entsiklopediya. 289-bet.
[4] M a l l a ye v N. Boburnoma // O‘zbek adabiyoti tarixi. Toshkent: O‘qituvchi, 1976. 593-609-betlar; V a l i x o‘ j a ye v B. Boburning prozaik asarlari // O‘zbek adabiyoti tarixi. Besh jildlik. 3-jild. Toshkent: Fan, 1978. 64-67-betlar.
[5] Sh a r a f i d d i n A l i Ya z d i y. Zafarnoma. Toshkent: Sharq, 1997. 171-bet.
[6] L u t f i y. Devon. Nashrga tayyorlovchi S.Erkinov. Toshkent: G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2012. 18–19-betlar.
[7] R a j a b o v a B. Alisher Navoiy ijodida Amir Temurga oid ma’lumotlar // O‘zbek tili va adabiyoti, 2016, 1-son. 42–48–betlar.
[8] O‘ t a m i sh H o j i i b n M u h a m m a d D o‘ s t i y. O‘tamish Hoji tarixi (nashrga tayyorlovchi va izohlarni tuzuvchi G‘ulom Karim). Toshkent: O‘zbekiston, 2009. 40-41-betlar.
[9] Z a h i r i d d i n M u h a m m a d B o b u r. Toshkent: Sharq, 2002. 39-bet. Bundan keyin mazkur asarga murojaat qilinganda sahifasi qavs ichida ko‘rsatiladi.
[10] A l i sh ye r N a v o i y. Majolis un-nafois // Mukammal asarlar to‘plami. Yigirma jildlik. 13-jild. Toshkent: Fan, 1997. 67-bet.
[11] O‘sha entsiklopediya. 258-259-betlar.
[12] A l i sh ye r N a v o i y. Munshaot // Mukammal asarlar to‘plami. 14-jild. Toshkent: Fan, 1998. 187-bet.
[13] Q a yu m o v P. Qo‘qon tarixi va adabiyoti.Toshkent: Tamaddun, 2011. 44-bet.