Antuan de Sent-Ekzyuperining asarlari allaqachon XX asr frantsuz adabiyoti klassikasiga aylangan. Adibning adabiyotda o‘xshashi kam uchraydigan, romantik ruh, poeziya, nozik lirizm, falsafiy mushohadalar va insonlarga muhabbat ruhi bilan yo‘g‘rilgan asarlari jahonning juda ko‘plab tillariga tarjima qilinib, o‘z o‘quvchilarini topgan.
Antuan de Sent-Ekzyuperi 1900 yilning 29 iyunida Lion shahrida ancha qashshoqlashib qolgan zodagonlar oilasida tug‘ildi. Uning o‘z bolalik yillariga bo‘lgan munosabati kishini hayratga soladi. “Bizning bolalik dunyomiz, so‘zlashuvimiz, o‘yinlarimiz olami menga boshqa narsadan ko‘ra hech qachon tuganmas borliqday tuyuladi,” – deydi u onasiga yozgan maktublaridan birida.
Sent-Ekzyuperi dunyoda, xususan, O‘zbekistonda avvalo “Kichkina shahzoda” naql-ertagining muallifi sifatida ma’lum va mashhur. Hayotdan ko‘z yumganiga 70 yilga yaqin vaqt bo‘lganiga qaramay, uning ijodiy merosi hamon adabiyotshunoslar va o‘quvchilar e’tiborida. Sent-Ekzyuperi asarlarini, uning asosiy kasbi – uchuvchilikdan ayro holda qabul qilish mumkin emas, albatta. U o‘zini hech qachon professional yozuvchi deb hisoblamagan.
Sent-Ekzyuperi o‘n ikki yoshga to‘lganda birinchi bor havoga ko‘tarildi: o‘sha davrning mashhur frantsuz yozuvchisi Vedren uni samolyotida birga olib uchadi. Ana shu lahzadan boshlab parvoz ishqi yosh Antuanning hayotidagi asosiy, bir umrlik maqsadiga aylangan bo‘lishi mumkin.
1921 yili u ko‘ngilli ravishda harbiy xizmatga otlandi. Harbiy qiruvchilar aviapolkida zo‘r ishtiyoq bilan uchuvchilik sirlarini o‘rgandi va frantsuz armiyasining leytenanti unvoniga ega bo‘ldi. U 1927 yildan boshlab Frantsiya janubini Afrika bilan bog‘lovchi pochta yo‘nalishida uchuvchi bo‘lib ishlaydi. Ikkinchi jahon urushi paytida harbiy razvedka qismlarida xizmat qildi va Frantsiya mag‘lubiyatidan so‘ng AQShga ketishga majbur bo‘ldi. Sent-Ekzyuperi tomonidan bildirilgan qat’iy so‘rovlar natijasida u harakatdagi armiya safiga qaytarilgan. 1944 yilning 30 iyunida Frantsiya janubida razvedka ishlarini olib borish uchun AQSh havo kuchlariga qarashli havo kemasida parvoz qilgan Sent-Ekzyuperi samolyoti urib tushirildi. Oltmish yildan so‘ng–2004 yili O‘rtayer dengizida uning somolyoti qoldiqlari topildi.
Sent-Ekzyuperi uchun aviatsiya eng avvalo dunyoni o‘rganish, uni kashf etish, insondagi nodir fazilatlarni tarbiyalash, insonlar va mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikka, birodarlikka yo‘l ochish vositasi edi. Bundan tashqari, samoda parvoz qiluvchi, yuqoridan turib yerni kuzatuvchi inson boshqalarga nisbatan o‘zgacha dunyoqarashga ega bo‘ladi. Bir qarashda sezilavermaydigan, lekin samolyot kabinasida turib nihoyatda nozik va himoyasiz bo‘lib ko‘rinadigan ona zaminimizda insonlar naqadar yolg‘iz, bir-birini tushunishga ojiz ekanliklari uchuvchi Sent-Ekzyuperini hamisha tashvishga solgan. Umrning qisqaligi, insonlar o‘rtasidagi mehr-muhabbat, bir-birlarini tushunib yashashga bo‘lgan intilishlarning tiriklik mazmunini tashkil etishi Ekzyuperi yaratgan deyarli har bir asarning bosh g‘oyasi edi.
Sent-Ekzyuperi aviatsiya mavzusini adabiyotga olib kirib XX asrdagi yangi soha kishilarining faoliyati haqida ilk bor hikoya qildi. Shu bilan birga, u o‘z kasbini tsivilizatsiya, jamiyat kelajagi va insonlar taqdiri haqidagi falsafiy mushohadalar manbaiga aylantira oldi. Natijada, yozuvchi jahon adabiyotida birinchilardan bo‘lib uchuvchilikni ma’naviy-axloqiy hodisa sifatida talqin etdi.
Yozuvchi voqea va hodisalarni hikoya qilishni emas, balki ana shu voqelar tufayli paydo bo‘lgan mulohazalarni bayon etishni muhim deb hisoblagan.
Sent-Ekzyuperi ijodidagi muhim asarlardan biri bo‘lgan va yozuvchi nomini butun dunyoga mashhur qilgan “Kichkina shahzoda” falsafiy ertagi 1942 yilda, yozuvchi Nyu-Yorkda yashagan paytida yozildi. Ushbu asar janr va kompozitsiyasi bilan avvalgilardan farq qiladi. U dunyoning yuzdan ortiq tillariga tarjima qilingan va eng ko‘p nashr etilgan asarlardandir. Adabiyotshunos R.Grachyovning ta’kidlashicha, “Kichkina shahzoda” inson o‘zini poetik jihatdan his qilishining ishonchli tajassumi bo‘lib qoldi. U yozuvchining boshqa asarlariga nur taratib turadi va ularni ushbu ertaksiz anglab yetish mumkin emas.
Asar motivlari, aniqrog‘i, bolakay timsolining paydo bo‘lishi 1927–1929 yillarga borib taqaladi. Bu davrda Kap-Jubi (Marokash) aerodromining boshlig‘i bo‘lgan Sent-Ekzyuperi samolyoti Sahroi-Kabirda avariyaga uchraganligi va shu kuni sahroda tunashga majbur bo‘lgan uchuvchi tushiga qandaydir mitti odam kirgani haqida ma’lumotlar bor. Muallif ancha vaqtgacha ana shu tush taassuroti bilan yurganligini uning tomonidan turli yillarda chizilgan qanotli bolakay suratlari tasdiqlaydi. Ertakning dastlabki chizgilari ana shu voqea ta’sirida paydo bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Lekin ana shu chizgilarning mukammal bir asar tusini olishida asosiy turtki bo‘lgan voqea – Ikkinchi jahon urushi va uning yozuvchi ruhiy olamiga ko‘rsatgan ta’siri hisoblanadi. Yozuvchi 1943 yil mart oyida fashistlarga qarshi harbiy harakatda qatnashish uchun shimoliy Afrikaga keladi. Ertak esa aprel oyida Amerikada bosilib chiqadi. Asardagi Shahzoda ertak nihoyasida o‘zi o‘stirib parvarishlagan atirgulga mas’ul ekanligini his qiladi. Adabiyotshunoslar ana shu Atirgul obrazi ortida yozuvchining umr yo‘ldoshi Konsuelo timsoli nazarda tutilgan bo‘lsa kerak, deb taxmin qiladilar. Bu fikrni inkor etib bo‘lmaydi. Nozik jussali, quvnoq, abjir, yana ajoyib fantaziyachi va kezi kelganda ekstsentrik fe’l-atvorga ega bo‘lgan bu ayolning Sent-Ekzyuperi hayoti va ijodida o‘z o‘rni, ta’siri bor. Ularning hayotidagi nomutanosibliklar va tez-tez bo‘lib turuvchi ayriliq onlari “Kichkina shahzoda”dagi qahramonning nozik va injiq Atirgulni tashlab sayohatga ketishi, keyinchalik fikru-zikri ana shu gulida bo‘lishi, boshqa hech qanday gul o‘zi o‘stirgan Atirgulga o‘xshamasligini his qilishi orqali ifodalangan deyish mumkin.
Hayoti davomida vaqti-vaqti bilan bolalikka qaytib yashashni targ‘ib qilib kelgan Sent-Ekzyuperi “Kichkina shahzoda”ni Frantsiyadagi do‘sti Leon Vertning bolalik damlariga bag‘ishlagani, asarning bosh qahramoni qilib bolani tanlagani ham bejiz bo‘lmasa kerak. Sent-Ekzyuperi “Kichkina shahzoda”dan tashqari “Mahbusga maktub” (1943) asarini ham Leon Vertga (1879–1955) bag‘ishlagan. Yozuvchi va adabiyotshunos bo‘lgan bu inson Sent-Ekzyuperining do‘stigina emas, balki uni tushunuvchi yagona kishi bo‘lgan. Urush tufayli u insonlarda sodir bo‘layotgan tarqoqlik, ma’naviy tubanlashish singari ko‘rinishlar haqida 1939–1944 yillarda do‘stiga yozgan xatlarida juda ko‘p marotaba ta’kidlaydi.
Sent-Ekzyuperi o‘z qahramoniga 5-6 yoshdagi bola ruhiyatiga xos xususiyatlarni ato etgan. Asar davomida bolalik dunyosi kattalar dunyosiga qarama-qarshi qo‘yiladi. Kattalarning hayotni bezab turuvchi romantika va go‘zallikni his qilish kabi tuyg‘ulardan yiroq ekanligi bolani hayratga soladi. Shuning uchun ham kattalar shahzoda chizgan filni tiriklay yutib yuborgan bo‘g‘ma ilon rasmini “shlyapa” deb ataydilar. Bola esa o‘sha kattalar ko‘ra olmaydigan quticha ichidagi qo‘zichoqni ko‘ra oladi. Umuman, shahzoda hali kattalar qadami yetmagan soflik sayyorasining sohibidir. Bosh qahramonning “Kichkina shahzoda” deb atalishi ham shundan.
Shahzoda qiziquvchan va ishonuvchan bo‘lib, barcha jonli mavjudod uni hayratga soladi.
Antuan de Sent-Ekzyuperi hayrat hissini insonga ato etilgan ajoyib ne’matlardan biri deb biladi. Faqat qalbi pok, beg‘ubor kishigina hayot go‘zalliklaridan chinakamiga hayratga tushishi mumkin. Lekin inson ulg‘aygan sari hayot hodisalaridan, go‘zalliklaridan hayratlanish yo‘qolib boradi. Hayrat hissining yo‘qolishi esa insonni dag‘allashishga olib keladi, uni fikrlovchi mexanizmga aylantirib qo‘yadi.
“Kichkina shahzoda”da kattalarning hayotni bezab turuvchi romantika va go‘zallikni his qilish kabi hislardan yiroq ekanligi bolani hayratga soladi. Muallif bolalarga mos kuzatuvchanlik bilan kattalarga baho beradi: “Kattalar raqamlarni juda yaxshi ko‘rishadi. Agar ularga yangi do‘st orttirganingiz xususida aytib qolsangiz, ular hech qachon asosiy narsa haqida so‘ramaydilar. Ular: “Uning ovozi qanaqa? Nechta og‘a-inisi bor? Og‘irligi qancha ekan? Otasi qancha moyana oladi?” –deb so‘ray ketadilar. So‘ng shu tariqa o‘zlaricha odamlarni yaxshi bilib olgan bo‘ladilar”.
“Kichkina shahzoda”ning boshqa asarlariga o‘xshamaydigan yana bir original jihati bor. Bu asarning muallif tomonidan ertak syujetiga chizilgan suratlar bilan berilishidir. Bu suratlar yozuvchi hikoyasiga sharh berish vazifasidan tashqari, so‘zda ifodalab bo‘lmaydigan noziklik, soddalikni ham kitobxonga yetkazib berganki, bu jahon adabiyotida juda kam uchraydigan uslub hisoblanadi.
Sent-Ekzyuperining soflik sayyorasining sohibi bo‘lgan qahramoni allaqachonlar o‘zbek o‘quvchilari qalbini ham zabt etgan. Ertak o‘zbek tilida dastlab 1963 yili nashr etildi (M.Umarov tarjimasida).
Asarning Xayriddin Sultonov tomonidan qilingan tarjima varianti “Yoshlik” jurnalining 1985 yildagi 6-sonida e’lon qilingan. Keyingi yili “Kichkina shahzoda”, “Tungi uchish” (Ahmad A’zam tarjimasida) asarlari va “Bashar sayyorasi” kitobidan parcha (Xayriddin Sultonov tarjimasida) alohida kitob holida bosmadan chiqdi. 2003 yilga kelib, “Kichkina shahzoda” asari lotin yozuvida alohida nashr etildi.
Sent-Ekzyuperining ijodiy merosi “Uchuvchi” novellasi (1926), “Janubiy pochtachi” (1928), “Tungi uchish” (1931), “Bashar sayyorasi”(1939) qissalari, Ispaniyadagi urush haqidagi ocherklari, 1942 yilda chop etilgan “Harbiy uchuvchi” va “Kichkina shahzoda” asarlari hamda 1936 yildan vafotigacha yozib borilgan, lekin yakunlanmagan “Istehkom”asarlaridan iborat. Yozuvchi dastlabki asarlaridanoq o‘ziga xos uslubi bilan shuhrat qozondi. 1931 yili “Tungi uchish” asari uchun nufuzli “Femina” adabiy mukofotiga, 1939 yili esa “Bashar sayyorasi” uchun Frantsiya Akademiyasining roman uchun beriladigan katta mukofotiga sazovor bo‘lgan.
Umuman olganda, Sent-Ekzyuperi asarlari insonlarni doimo yagona maqsad yo‘lida – insoniylikni saqlab qolish uchun birlashishga chaqirishi bilan hech qachon o‘z ahamiyatini va dolzarbligini yo‘qotmaydi.
Abdug‘opir Qosimov, filologiya fanlari doktori
“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 6-son