Bahodir Karimov. “Boburnoma”dan “O‘tkan kunlar”ga

Abdulla Qodiriy romanlarining betakror jozibasi, tilidagi go‘­zallik, obrazlilik, aniqlik, tasviriylik kabi fazilatlar hozirgacha hammani hayratga solib keladi. Adibning badiiy mahoratini, asarlari umrboqiyligini barcha birdek e’tirof etadi. Zero, bunday epik ko‘lamning yuzaga kelish omillari, betakror poetikaning tub ildizi hamda ta’sirlanish asoslarini kuzatish foydalidir. Abdulla Qodiriy dunyo adabiyotini, o‘zbek xalqining milliy ruhini, shevalaridagi lug‘at boyligini yaxshi bilgani, XX asrning 20-yillarida qayta shakllangan zamonaviy o‘zbek adabiy tili uchun beqiyos xizmat qilgani haqiqat. “O‘tkan kunlar” romani boshida tilga olingan “Tohir-Zuhra”, “Chor darvish”, “Farhod va Shirin”, “Bahrom go‘r” kabi ko‘plab mumtoz asarlarni o‘qiganiga ham shubha yo‘q, albatta.

“Boburnoma” o‘qiyotgan Otabek. “O‘tkan kunlar” romanining “Majburiyat” faslida shunday epizod bor: “Kechlik oshni o‘tkazgach, Hasanali o‘z hujrasidan kiyinib chiqdi-da Otabek yonig‘a kirdi. Otabek “Boburnoma” mutolaasi bilan mashg‘ul edi”. Hasanali asil niyatini bildirmay “hammomga borish” uchun ruxsat so‘raydi. Otabek ko‘zini kitobdan uzmay: “Yumishim yo‘q, boraveringiz”, deb javob beradi[1]. Mashhur kitob­lar orqali qahramonni baland maqomga ko‘tarish, ularning ma’naviy olamiga urg‘u berish, aniq detal vositasida obrazga mahobat bag‘ishlash dunyo adabiyotida ham, o‘zbek mumtoz adabiyoti tarixida ham, shuningdek, Abdulla Qodiriy ijodiy biografiyasida ham mavjud adabiy hodisadir. Otabekning “Boburnoma” mutolaasi “O‘tkan kunlar” ildizi ustida fikr­lashga, tasvirdagi ichki manera, so‘zdagi rostlik, xarakter mantig‘i, inson shakli-shamoyili, ayniqsa, romanning poetik nutqi – tili to‘g‘risida ayrim mulohazalar aytishga imkon beradi. Tasavvur ko‘lami “Boburnoma” matnistoni bo‘ylab kengayadi. Adib boshqa asarlarida ham bu muazzam kitob va uning egasini eslaydi. Boburga “fotih” – fath etuvchi sifatini beradi; “Boburnoma”ni: “Boburning keng ruhlik, o‘z zamonig‘a ochuq fikrlik…” kitobi, deydi. Qurdoshlari bilan bahslashgan bir masalada “Boburnoma”dan “dalillar kelturmak”ka chog‘lanadi[2]. Tarixiy manbalardan ma’lumki, qatog‘on – “dapsan” yillari Abdulla Qodiriy ikkinchi marta qamoqqa olinganida kutubxonasidagi yetmishdan ortiq arab imlosida yozilgan mumtoz kitob yig‘ishtiriladi. Shular qatori “Boburnoma”ning olib ketilgani aniq.

Xo‘sh, nega Abdulla Qodiriy va “O‘tkan kunlar” mavzusidagi fikr yo‘li Bobur va “Boburnoma” tarafga burilmoqda? Nima uchun Qodiriy ijodidan, asarlari, tarjimai holi, xotira kitoblari, qodiriyshunoslarning asarlaridan Bobur va “Boburnoma” izlarini izlab qoldik? To‘g‘risi, real voqelik zamirida tug‘ilgan mitti intuitsiya – ichki sezim yangi fikrga zamin hozirlaydi; odam beixtiyor tafakkur oftobida pishib yetilgan bitta mulohazani dalillash va unga boshqalarni ishontirishni istaydi. Adabiyotshunoslik Abdulla Qodiriy romanlarining shuhrati, ta’sir kuchi, tasvir tiniqligi, tilining go‘zalligiga urg‘u berdi. Endi bunday fazilatlar ildizini ham tadqiq etish lozim. Iste’dodli adib o‘zbek, rus va jahon adabiyotidan, xalq og‘zaki ijodi va xalqning jonli tilidan bahramand bo‘ldi. Bunga shubha yo‘q. Fikrimcha, ushbu bahramandlik ildizining bir qirrasi “Boburnoma”ga borib taqaladi. Shuning uchun “Boburnoma” bilan “O‘tkan kunlar” orasidagi poetik bog‘lamni, o‘zaro taqqoslashga zarurat seziladi. Abdulla Qodiriy epik tafakkur tarzi, nasrining badiiy jozibasi, go‘zal tili qup-quruq sahroda o‘z-o‘zidan paydo bo‘lgani yo‘q. Tekis sahroda haybatli tog‘ o‘sib chiqishi uchun o‘sha yer ostida qaynoq vulqon buloqlari bo‘lishi shart. “O‘tkan kunlar” romani uchun “Boburnoma” shunday buloqlardan biri vazifasini o‘tagan bo‘lsa ne ajab?!

“Ko‘ch”ning ko‘lami: Adabiy asar o‘qilib, badiy matnga evrilar ekan, undagi semiotik elementlar – tovush, bo‘g‘in, so‘z kabi uvoq unsurlar poetik g‘oya va mantiq vositasida birlashib muhtasham semantik maydonni bino qiladi. Matn ichida so‘z tiriladi, tovushlar jonlanadi; so‘zning qadr-qiymati ortadi va ma’nosi kengayadi. Turli zamonda yashagan ikki adib qo‘llagan nodir, ochqich-kalit so‘zlarning o‘xshashligi, takrori va ma’no uyg‘unligi tipologik-intuitiv taqqosga asos beradi. “Boburnoma” – ko‘p ma’noli, serqatlam va o‘lmas asar. “Bu muazzam asarning har bir satri haqida bittadan hikoya yozish mumkin”[3]. Darvoqe, “Boburnoma”da qo‘llangan bir qancha nodir so‘zlarni Abdulla Qodiriy “O‘tkan kunlar”da ishlatadi; o‘z o‘rniga tushgan jonso‘z romanga joziba bag‘ishlaydi. Bepoyon stilistik maydondagi bitta so‘zning assotsiativ ta’siri oltin zanjir o‘laroq asrlarni asrlarga, adiblarni adiblarga, asarlarni asarlarga bog‘laydi.

Esga olamiz: Otabekning qutidor eshigidan quvilib, Toshkentda nisbatan uzoq qolib ketgan kunlarining birida Hasanali undan Marg‘ilonga ketmay yurishi sababini so‘raydi. Otabek: “Havsala yo‘q”, degach: “Qayin otangiz ko‘nsa, ko‘chingizni olib kelsangiz ham ma’qul edi qatnab yurg‘andan…” (283-bet), deya taklif aytadi. Bu o‘rinda “ko‘ch” – xotin, oila ma’nosida. O‘zbek oyim Oftob oyim bilan Kumushga qarab: “Axir manim ham o‘zimga yarasha obro‘yim bor. Toshkandda kimsan, Yusufbek hoji deganning ko‘chiman. Xudoyorxon ham bir kun kechasi kelib bizga mehmon bo‘ldilar…”(325-bet), deb gina qiladi.

Aynan “Boburnoma”da ham “ko‘ch” so‘zi “oila, xotin” ma’nosida keladi. Bobur 1497–1498 yil voqealarida yozadi: “Beklar va ichkilar va yigitlarkim, mening bila qolib edilar, aksarining ko‘chlari Andijonda edi”[4]. Boshqa misollarga qaraymiz: “Mening onamni va ulug‘ onamni va ba’zi mening bila qolg‘onlarning ko‘chlari bila Xo‘jandqa mening qoshimg‘a yibordilar” (52-bet); “Mening volidalarim va ko‘ch va ulug‘larim men Andijondin chiqg‘andin so‘ngra yuz tashvish va mashaqqatlar bila O‘ratepa kelib edilar…” (77-bet); “Ushbu kun Mullo Alixonkim, Samarqandg‘a ko‘chini kelturg‘ali borib edi, kelib mulozamat qildi” (218-bet). “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da “ko‘ch” so‘zining “1.ko‘chish payti tashiladigan uy-ro‘zg‘or buyumlaridan iborat yuk” hamda “2.ahli ayoli, xotin (eriga nisbatan)” tarzida izohlangan[5]. Erining uyiga ota uyidan ko‘chib o‘tgani uchun ham o‘tmishda xotin “ko‘ch” deb atalgan.

Buyruq fe’lining “ko‘ch” shaklidan farqli o‘laroq hozirgi o‘zbek adabiy tilining ot so‘z turkumida “ko‘ch” yolg‘iz qo‘llanmaydi. Ko‘pincha juftlashib “ko‘ch-ko‘roni” tarzida “Lug‘at”dagi izohning birinchi ma’nosiga mos ishlatiladi.

Hozirda “ko‘ch” so‘zini “oila, xotin, bola-chaqa” ma’nosida ishlatish og‘zaki nutqda ham, yozma adabiyotda ham kuzatilmaydi. Balki mamlakatning qaysidir hududidagi sheva tarkibida saqlanib qolgandir. Tasavvurimizcha, Abdulla Qodiriy qo‘llagan “ko‘ch”lar “Boburnoma”dagi “ko‘ch”larga semantik jihatdan uyg‘un keladi. Har ikki asarda bor-yo‘g‘i uchta tovushdan tarkib topgan bittagina ixcham “ko‘ch” singari so‘zning ham o‘ziga xos poetik kuchi va o‘rni bor. So‘z so‘zni yetaklab keladi, so‘z izi­dan voqe-hodisalar tizimi yodga tushadi. Adabiy matndagi muayyan ochqich so‘z zamonlarni o‘zaro bog‘laydi.

Shakl-shamoyil tavsifi. Yozuvchilar maqsadi va mahoratlariga ko‘ra turli yo‘sinda qahramonlarining tashqi ko‘rinishi – portretini chizadi. Tashqi qiyofa belgi-chizgilarini obrazlarning ichki olami bilan uyg‘unlashtiradi, ba’zan qarshilantiradi. Abdulla Qodiriy “O‘tkan kunlar” romani boshida Kumush qiyofasini “qop-qora kamon, o‘tib ketgan nafis, qiyiq qoshlari”ni, “to‘lg‘an oydek g‘uborsiz oq yuzi”ni, ya’ni “qiz suratida ko‘ringan malak” siymosini quyuq, nafis ranglar uyg‘unligida (29-bet) nisbatan keng, O‘zbek oyimni “elli besh yoshlar chamaliq, chala-dumbul tabi’atlik” (129-bet) tarzida qisqa tavsiflaydi. Biroq adib boshqa obrazlar portretini bir joyga jamlab, juda tig‘iz bayon etadi. Otabekni “og‘ir tabiatli, ulug‘ gavdali, ko‘rkam va oq yuzli, kelishgan, qora ko‘zli, mutanosib qora qoshli va endigina murti sabz urgan bir yigit” (7-bet), Yusufbek xojini “to‘la ko‘rkam yuzli, katta malla ko‘zli, uzun mosh-guruch soqollik mullanamo bir zot” (82-bet), Zaynabni “o‘n yetti yoshlar chamalik, kulcha yuzlik, oppoqqina, o‘rtacha husnlik” (158-bet), Usta Alimni “qirq yoshlar chamalik, qonsiz yuzlik, siyrakkina soqollik, qo‘y ko‘z, ko‘p vaqt madrasa riyozatini chekkannamo, qotma, uzun bo‘ylik” (186-bet), Hasanalini “oltmish yoshlar chamasida, cho‘ziq yuzlik, do‘nggiroq peshanalik, sariqqa moyil, to‘garak qora ko‘zlik, oppoq uzun soqollik” (8-bet), Homidni “uzun bo‘ylik, qora cho‘tir yuzlik, chag‘ir ko‘zlik, chuvoq soqol, o‘ttuz besh yoshlarda bo‘lg‘an ko‘rimsiz bir kishi” (8-bet), O‘tabboy qushbegini “to‘la yuzlik, o‘siq qoshliq, og‘ir qarag‘uchi ko‘zlik, siyrak soqol, o‘rta bo‘yliq, ustidan kimxob to‘n kiyib, beliga qilich osqan qirq besh yoshlar chamasida bir kishi” (69-bet), Azizbekni “…boshiga oq shohidan salla o‘ragan… siyrak qoshlik, cho‘qqi soqol, bug‘doy ranglik, qirq besh-elli yoshlar chamalik bir kishi”(81-bet), Rayimbek dodxohni “… jin yalagan deganlaridek qoshsiz, qoramtil yuzlik, ikki chakagining ustida bir oz, iyagida bir oz siyrak, ko‘rimsiz qora soqolliq, ko‘zlari ichiga botig‘roq, ammo qon quyilg‘ansumon bir kishi” tarzida (81-82-betlar) qiyofalarni boshqasiga o‘xshatmasdan individual tasvirlaydi. Bu poetik usul romandagi boshqa obrazlarning shakl-shamoyili, xulq-atvori va ruhiyati tavsifida ham kuzatiladi. Erinmasdan uzundan uzoq ko‘chirilgan har bir obraz qiyofasi boshqasini takrorlamaydi. Qolaversa, tashqi shakl-shamoyil tasvirida qo‘llangan so‘zlar ma’no tusidan yozuvchining o‘z qahramonlariga nisbatan mehr-muhabbati va teskari munosabati – simpatiya hamda antipatiyasi seziladi. Qiyofalarning badiiy-estetik ta’siri o‘quvchi ko‘ngliga ko‘chadi. O‘quvchi tasavvur maydonida qiyofalar jamlanib, Abdulla Qodiriy “adabiy mamlakati”ning fuqarolariga aylanadi; romanda turkum obrazlar paydo bo‘ladi. Garchand tarixiy-memuar deb nomlansa ham, bunday qisqa, aniq va lo‘nda poetik tasvir usuli “Boburnoma”ga xos. Bobur otasi – Umarshayx Mirzo to‘g‘risida: “Past bo‘yliq, tegirma soqolliq, qo‘ba ko‘zlik, tanbal kishi edi”, deb yozadi (9-bet). Asardagi ko‘pgina shaxslar “shakl va shamoyili” uchun maxsus o‘rin ajratiladi. Sulton Ahmad mirzoni: “Shakl va shamoyili: baland bo‘yluq, qunqor soqolliq, qizil yuzluk, tanbal kishi edi. Soqoli engakida edi. Ikki yangoqida soqoli yo‘q edi. Bisyor xushmuhovara (gapga chechan – B.K.) kishi erdi” (19-bet), desa, qirq uch yoshida vafot etgan Sulton Mahmud mirzoni past bo‘yluq, suyuq soqolliq, tanbal, sinchisizroq kishi edi”, deb tavsiflaydi (26-bet). Boshqa bir sahifadan “Odiliy” taxallusi bilan ijod etgan va bitgan g‘azallari Samarqanddagi har bir xonadonga borib yetgan Boysung‘ur mirzoning “shakl va shamoyili”ga: “ulug‘ ko‘zluk, qo‘ba yuzluk, o‘rta bo‘yluq, turkman chehralik, malohatliq yigit edi”, deya ta’rif beradi (63-bet). Bobur shakl-shamoyil, tashqi qiyofa xarakteristikasi yonida har bir inson tabiati va ichki olamiga tegishli “pokiza e’tiqodli”, “odmi va faqir kishi erdi”, “ta’bi nazmi bor erdi”, “fosiq kishi erdi”, “muttaqiy kishi erdi”, “zolim va kofirvash kishi erdi”, “kulagach va hazzol kishi erdi” kabi sifatlar bilan ma’naviy xulqini ham ochiq yozadi. “Boburnoma”dek mo‘tabar asarning haqqoniy tasvir uslubi, ehtimol, Abdulla Qodiriyga manzur bo‘lgandir. Qodiriyshunos professor Umarali Normatov “Qodiriy mo‘jizasi” kitobida: “O‘tmishda yaratilgan talay asarlardagi, jumladan, “Boburnoma”dagi realistik xususiyatlarni aslo kamsitmagan holda aytish mumkinki, “O‘tkan kunlar”da o‘zbek xalqi hayoti ilk bor o‘zining to‘laqonli realistik ifodasini topdi”, deb ta’kidlaydi[6].

Jon qadri – umr mazmuni. Har qanday asardagi hayot va o‘lim, ishq-muhabbat, turmush ziddiyatlari, insonlararo to‘qnashuvlarning bayoni hech kimni befarq qoldirmaydi; umr mazmuni, jon qadri, dunyoga kelish va ketishga tegishli hayotiy hikmatlar esa badiiy asarning falsafiy mazmunini boyitadi. “Boburnoma” va “O‘tkan kunlar” sahifalari shunday o‘gitlardan xoli emas. “O‘tkan kunlar” romanida oradan o‘tgan yillar suroniga boqib Mirzakarim qutidor: “Umr – otilg‘an o‘q emish” (15-bet), deydi; aslida umr mazmuni ustida fikrlamaydigan, hayot mohiyatini o‘ylab ko‘rmagan odam kam bo‘ladi. Zero, Vatan, ona, ishq-muhabbat, hayot, o‘lim, sadoqat, do‘stlik, insonning dunyoga qarashi badiiy ijodning dominant mavzulari sanaladi. Rus adibi Lev Tolstoyning: “Agar inson fikrlashni o‘rgangan bo‘lsa, nimani o‘ylashidan qat’iy nazar – u hamisha o‘lim to‘g‘risida fikr yuritadi”[7], mazmunli gapi bor. Jon qadrini, sinovli dunyo o‘tkinchiligini, imtihonni, o‘limni eslash – o‘zi va o‘zligini ang­lagan orif insonga xos fazilat. Boburning boshiga turli ko‘rgiliklar yog‘ilib, omad undan yuz o‘girgan va dushmani Ahmad Tanbal odamlari izi­ga tushib ta’qib etgan, shoir o‘z ta’biri bilan aytganda “ish tadbirdan o‘tgan” kunlarning birida u: “Olamda jon vahmidin yomonroq nima bo‘lmas emish”, deb yozadi (107-bet). Boburning “Boburnoma” asaridagi iqrorlari, haqgo‘yligi, tipirchilab turgan yuragini qo‘shqo‘llab o‘quvchiga tutqazishiga doir realistik tasvirlari dunyo adabiyotidagi juda ko‘p asarlardan benihoya yuqori turadi. Bobur o‘zini, yuragini, yuzini, a’molini, so‘zini, amalini, ko‘zini pardalamaydi. Ikkilanishini, andishasi, g‘azabini, ko‘ngil g‘ulg‘ulasi va bezovtaligini ochiq yozadi. Shar’an qaralganda, kundalik namoz ibodatlari bilan ma’jun iste’moli, odamning aql-xushini oladigan chog‘ir, may ichishning bir inson fitratida jamlanishi maqtaladigan ijobiy xislat emas. Bobur bu shar’iy hukmni har kimdan yaxshi biladi. Shuning uchun yonidagi sheriklarini chog‘irga ham, ma’junga ham majburlamaydi; na ortiqcha dag‘dag‘a, na da’vat qiladi. Holbuki u o‘zining chog‘ir majlislariyu ma’junxo‘rligini ham, tonglasi sabuhiy qilishlarini ham bemalol sir tutishi mumkin edi. Uni taftish qilishga, qalami qitirlatib yozayotgan “Vaqoye”ni kuzatib turishga guvohlarning yuragi betlamas edi. Bobur Yaratguvchining “samiun basir”, “kulli shayun qodir”ligiga, barcha ishlarni “kiromin kotibin” maloikalar amal daftariga allaqachon yozib qo‘yganiga inonchi bois haq so‘zlarni bitadi. Butun aybu gunohini, bor ezguligu odamiyligini, barcha tavbayu tazarrularini bor holicha bayon etadi. To‘g‘risi, qiyosning ikkinchi egasi mavlono Abdulla Qodiriyning o‘z qo‘li bilan yozgan bunday tarixiy iqrornomalari, kundaliklari yoki o‘z tabiatiga oid e’tiroflari yo‘q hisobi. Adibning “Suddagi nutqi”, zamondoshlarining xotiralari, Habibulla Qodiriyning “Otam haqida”, Mas’ud Abdullayevning “O‘tganlar yodi” kitoblarida bu xususdagi ayrim ma’lumotlar uchraydi, xolos.

Biroq tasavvurimizcha, Bobur bilan Qodiriyning tabiatida, poetik tafakkur tarzida, adabiy-estetik tushunchalari, odamiyligi va borliqni ko‘rishida qandaydir yaqinlik bor. “O‘tkan kunlar”da yozuvchi: “Darhaqiqat, bizning qarshimizg‘a yo‘lbars chiqsa, biz qattiq qo‘rqamiz, chunki bizni o‘lum kutadir, inson uchun dunyoda o‘lumdan qo‘rqunch narsa yo‘q” (320-bet), deydi. Adib kelgusi voqealarni o‘quvchiga oldindan sezdirishning maxsus adabiy usulini qo‘llabmi yoki ichki bir tuyg‘u da’vati bilanmi, hartugul, Kumush oxirgi maktubida onasiga: “Manim bo‘lsa nima uchundir yuragimda bir qo‘rquv bor…”, deb yozadi (363-bet). Voqealar rivojidan qo‘rquv siri ochiladi, zaharlagan Kumush “jomga o‘qchib qusar edi”. Aybdor Zaynab Yusufbek hoji hovlisidan haydaladi, akalari uni kishanlab qo‘yishadi. Jinnirgani qozi va tabiblar tomonidan tasdiqlangach, jinoyati uchun jazolanish hukmi uning ustidan ko‘tariladi. Zaharlanish hodisasi podshoh Bobur hayotida ham yuz beradi. Hind oshpazlari qo‘lidan zaharli osh yegach, uning ko‘ngli behuzur bo‘ladi. Bu to‘g‘rida: “Obxonag‘a borguncha yo‘lda bir navbat qusayozdim. Yana bir navbat qusayozdim. Obxonag‘a borib, qalin qustum. Hargiz oshdin so‘ng qusmas edim, balki ichganda ham qusmas edim” (281-bet), deb yozadi u. Aybdorlar jinoyatiga yarasha jazo oladi: birining terisi tiriklayin shilinadi; yana bir aybdor filning oyoqlari ostiga tashlanadi (282-bet). Bir o‘limdan qolgan Bobur go‘yo onadan qayta tug‘ilgandek bo‘ladi. “Tengri menga boshin jon berdi”, deya shukrona aytadi u. Jon xalqumga kelib ketgan bunday vaziyatlarda inson uchun joni aziz ko‘rinadi. Shunda umr mazmuni, tiriklik ne’mati ustida o‘ylaydi. Bobur iqroran yozadi: “Jon mundoq aziz nima emish, muncha bilmas edim, ul misra’ borkim: Kim o‘lar holatqa yetsa, ul bilur jon qadrini…” (282-bet). Aslida inson hayoti ijtimoiy-ma’naviy, ruhiy-moddiy va boshqa ziddiyatlar hamda murakkab holatlar asosiga quriladi; o‘zini va o‘zligini anglaganlar fursatni g‘animat bilib, oxirat kuni uchun ozuqa jamlaydi; savol-javobga hozirlik ko‘radi. Chunki Bobur ta’biricha,“har kimki hayot majlisig‘a kiribtur, oqibat ajal paymonasidin ichkusidur va har kishikim, tiriklik manzilig‘a ketibtur, oxir dunyo g‘amxonasidin kechgusidur” (289-bet). Tiriklik va o‘limga oid “hayot majlisig‘a” kelib-ketishning hikmatona ifodasi juda tig‘iz va qarshilash usulida beriladi. Shu gap davomidan Bobur barchaga mashhur “…dahr aro qoldi falondin yaxshilig‘” misralariga moslab juda muhim va mardona hayotiy bir gapni yozadi: “Yomon ot bila tirilgandin yaxshi ot bila o‘lgan yaxshiroq”. Bunda “yaxshi-yomon”, “tirilgan-o‘lgan” tazodlari ifoda ta’sirini oshiradi. “O‘tkan kunlar”da o‘zining hayoti mazmunini o‘ylayotgan Yusufbek hoji deydiki: “Men ko‘b umrimni shu yurtning tinchlig‘i va fuqaroning osoyishi uchun sarf qilib, o‘zimga azobdan boshqa hech bir qanoat hosil qilolmadim… Bobolarning muqaddas gavdasi madfun Turkistonimizni oyoq osti qilishg‘a hozirlang‘an biz itlar yaratguchining qahriga albatta yo‘liqarmiz! Temur Ko‘ragon kabi dohiylarning, Mirzo Bobur kabi fotihlarning, Forobiy, Ulug‘bek va Ali Sino kabi olimlarning o‘sib-ungan va nash’u namo qilg‘anlari bir o‘lkani halokat chuqurig‘a qarab sudrag‘uchi albatta tang­rining qahrig‘a sazovordir” (294-295-betlar). Hoji besh kunlik umrida “dunyo mojarolaridan etak silkib go‘sha’i oxirat tadoriki”ni ko‘rishga o‘zida rag‘bat va zarurat sezadi. Darvoqe, Abdulla Qodiriy tirik mahalida o‘z Vatani va millatiga bo‘lgan sevgisi, haq gapi, ezgu amali va bebaho asarlari evaziga hojiga o‘xshab o‘ziga azob-uqubatlar, tuhmatu bo‘htonlar ortib oldi. Ammo adibning favqulodda jasorat egasi ekani ham, bu mardona fazilat qahramonlari tabiatiga ko‘chgani ham bor gap. Shu o‘rinda uch dushmani bilan bir o‘zi olishgan Otabekni yoki dor ostida o‘limga tik qarab turgan Anvarning o‘tkir ko‘zlarini eslash o‘rinli, albatta. “Haqiqat, ochib so‘zlashdadir” hikmati hayotiy dasturi bo‘lgan adib “Suddagi nutqi”da o‘sha mustabid davrning “odil sud”iga qarata: “Men to‘g‘rilik orqasida bosh ketsa, “ix” deydigan yigit emasman… Ko‘nglida shamsi g‘uboroti, teskarichilik maqsadi bo‘lmagan sodda, go‘l, vijdonlik bir yigitga bu qadar xo‘rlikdan o‘lim tansiqroqdir. Bir necha shaxslarning orzusicha, ma’naviy o‘lim bilan o‘ldirildim. Endi jismoniy o‘lim menga qo‘rqinch emasdir”[8], deb aytadi. Keyingi hibs tergovida: “Menga qo‘yilgan ayblarni boshdan-oyoq rad etaman. Haqiqat yo‘lida har qanday, hech qanday jazodan, qiynoqdan qo‘rqmayman. Agar otmoqchi bo‘lsalaring, ko‘kragimni kerib turaman…”[9], deb mardona so‘zlaydi. Xuddi shunday mardona tuyg‘u, haqqoniyat, favqulodda jasorat, ulkan shijoat Bobur umriga, “Boburnoma” matniga nur bag‘ishlaydi. Uning fotihligi, elobodchiligi, bag‘rikengligi, do‘stu dushmanlariga ko‘rsatgan muruvvati, ayniqsa, farzandidan jonini ham ayamagani uzoq moziyning o‘chmas haqiqati. O‘g‘li Humoyunning dardiga hakimi hoziqlar “…yaxshi nimarsalarni tasadduq qilmoq kerak” deb tashxis qo‘yishadi. Bobur “Humoyunning mendin o‘zga yaxshiroq nimarsasi yo‘q”, fikriga keladi va uch marta o‘g‘lining tegrasida aylanib aytadiki: “…men ko‘rtardim har ne darding bor”. O‘shal zamon men og‘ir bo‘ldum, ul yengil bo‘ldi. Ul sihat bo‘lib qo‘pti. Men noxush bo‘lub yiqildim” (355-bet). Bunday vaziyatda Haq bilan avliyosifat inson orasidagi pardalar ko‘tariladi. Toza yurakli otaning chin duosi Tangri huzuriga o‘qday boradi va ijobat bo‘ladi. Bobur o‘limni mardona bo‘yniga oladi. Bobur nasrida ifoda yo‘sini juda qisqa, kam so‘zga ko‘p ma’no yuklanadi.

E’joz maqomi. Kam so‘zda ko‘p fikr bayoni mumtoz poetikada “e’joz” deyiladi. “Boburnoma” – shoirning nasri, podshohning nazari; unda inson umri, tarix voqeligi, geografik ma’lumotlar yo‘l-yo‘lakay quruqdan-quruq bayon qilinmaydi. Deylik: “Ko‘ngullar gul yanglig‘ ochilib, ko‘zlar chirog‘dek yorudi” (354-bet) kabi qisqa, o‘xshatishli va toza turkiy ifoda Bobur uslubigagina xosdir. Boburning nasri ta’sirli, ohangli, she’rli, mahobatli, sajli, tavze’li, latofatli, o‘xshatishli; unda tavsif bilan tasvir uyg‘unlashadi. Ora-orada lirik pafos bilan bezatilgan, ayni damda tragizm bilan sug‘orilgan “Boburnoma” o‘zbek mumtoz nasrining fasohat va balog‘at namunasi, e’joz maqomidagi betakror asar. So‘zi kam, ma’nosi o‘ktam; fikr va tushunchalar to‘qnashadi, so‘z so‘zga urinadi, so‘zdan so‘z unib chiqadi. O‘qiymiz: “Na uchunkim, alar asru qalin, biz ko‘p oz, o‘zga bu qaviylik bila alar arkta va bu zaifliq bila biz tosh qo‘rg‘onda” (101-bet). O‘zaro qarama-qarshi qutbda turgan “alar – biz”, “qalin – ko‘p oz”, “qaviylik-zaifliq”, “ark – tosh qo‘rg‘on” kabi juft va zid so‘zlar orasida bir dunyo tushunchalar jamlanadi. Boshqa bir misol: “Viloyat orasi, tong yovuq va maqsad yiroq” (105-bet). Qarshilantirishdan ifoda tiniqlashib go‘zallashadi. Boshqa bir sahifaga nazar solamiz. Bobur alg‘ov-dalg‘ovli kunlarning birida Banda Ali degan sherigini kutib o‘tiribdi. Kutganda kun cho‘ziladi, soniyalar immillaydi; vaqt yurmaydi, go‘yo to‘xtab qoladi: “Subh uzlab keladur, bu hech kelmaydur” (105-bet). Bunday bayon tarzi faqat holat ifodasi, ma’lumot berish jarayonida emas, balki turli tarixiy voqealar tafsiloti yoki tarixiy shaxslar tabiati yoritilgan sahifalarni ham tez-tez uchraydi. “Boburnoma”da voqelik, fikr va tuyg‘u noo‘rin tafsilotlarsiz yoziladi. To‘g‘risi, kengqamrovli, adabiy-tarixiy nasrning universal uslubida yozilgan “Boburnoma”dek muazzam va betakror asar o‘zidan keyingi turli janrdagi o‘nlab-yuzlab badiiy asarlar uchun tayanch, ildiz, manba bo‘lib xizmat qilgani ayni haqiqatdir.

So‘zning e’joz maqomi Abdulla Qodiriy nasri poetikasiga, qah­ramonlari nutqiga ham xos. Otabekni ikkinchi marta uylantirish havasida yurgan O‘zbek oyim bir kuni Hasanali bilan gap talashib aytadiki: “Sandek soqoli uzun, aqli qisqadan kengash so‘rab o‘lturg‘an men ham ahmoq!” (163-bet). Shokirbekning Otabekka evrilish sahnasi ostonasida Usta Alim: “…yomonning janozasidan yaxshining hikoyasi foydalik”, deb some’likka hozirlanadi (254-bet). Bunday nutqda “sen” – “men”, “uzun” – “qisqa”, “yaxshi” bilan “yomon”, “janoza” bilan “hikoya” so‘zlari zidlanadi. Yusufbek hoji bir yig‘ilishda: “Bu soqol shu el qayg‘usida oqardi. Bu ko‘ngil shu manfaatparastlar ta’sirida qoraydi” (318-bet), degan gaplari semantikasi qarshilidir. Yusufbek hojining o‘z nafsiga nazari, malomati va e’tirofidagi soqolining oqarishi yoki ko‘nglining qorayishi tasavvurni toza bir inson umrining yo‘llari tomon yo‘llaydi. Aslida vaziyat, xarakterning kontrastli-qiyosli tasvirini romanning dastlabki sahifalarida, ya’ni karvonsaroyda Otabek tushgan hujra yoki Otabek bilan Homid xarakteri bayonidayoq ko‘rinadi. Adib bu badiiy san’atdan romanda juda ko‘p va o‘rinli foydalanadi. Ba’zan kundoshlarning ma’naviyati, sajiyasi har jihatdan taqqoslanadi. O‘z maqsadi yo‘lida yangi qahramonlarni sahnaga olib chiqish jarayoni romani oxirlab qolganida ham davom etadi. Adib romanning “Xushro‘ybibi va Zaynab” faslidagi: “Xushro‘y uzun bo‘yli, qotmaroq va zarcha tanlik edi. Zaynab qisqa bo‘y, go‘shtdor va oq tanlik edi. Xushro‘yning harakati yengil va lavzi tez edi, Zaynab loppos va o‘nta so‘zga arang bitta javob qaytaradirg‘an edi” (353-bet), degan opa-singillar tabiatining qiyosidan tasavvur to‘lishadi.

E’joz maqomidagi bunday misollarda Bobur Mirzo ham, Abdulla Qodiriy ham chin ma’nodagi o‘z eli va tilining bilimdoni, o‘z davri adabiy tilining bunyodkori hamda o‘zbek tilining barcha imkoniyatlaridan to‘la foydalangan adabiy shaxslar sifatida ko‘rinadi. Bu ikki muazzam adabiy siymo turkiy-o‘zbek adabiy tilining ifoda salohiyati va qamrovini o‘zlarining amaliy xizmatlari bilan isbotladi, shuningdek, zukko tilshunos sifatida ba’zan nazariy qarashlarini ham bayon qilishdi.

Ikki tilchi. Abdulla Qodiriy o‘zining betakror badiiy asarlari bilan o‘zbek adabiy tilining boyligini isbot etdi; o‘rni kelganida sheva so‘zlaridan unumli foydalandi. Adib xalq tilida qo‘llanadigan “chip” so‘zi uchun “g‘ov, barrikada ma’nosida”, boshqa bir sahifadagi dialogda kelgan “eshik” so‘zini “Farg‘onada hovlini eshik deydilar” deb izohlaydi. Homid Jannat opaga “…guzardan chiqib bir chorak et keltirib, sho‘rba qilib bersangiz” deydi. Yozuvchi “bir chorak”ni “uch yarim-to‘rt qadoq chamasi toshdir” deb izohlaydi. Bugungi o‘quvchi uchun bir qadoqning 409,512 grammga teng og‘irlik o‘lchov birligi ekanini eslatishga zarurat bor. Boshqa bir epizodda uzoq ayriliqdan keyin qayta uchrashgan Kumush Otabekka “Siz endi qirchillabsiz!” deb aytadi. Adib “qirchillash” so‘ziga: “Qirchillash – odatda qorga aytiladir. Masalan, qattig‘ sovuqda yoqg‘an qor qirchillaydir. Shundan olib, ayni yetilgan yigitlarni qirchillama yigit, deydilar” tarzida romanning asosiy kontekstidan tashqarida izoh yozdi.

Adib o‘zbek tilining tabiiy xususiyatlarini, jamiki fazilatlarini qadrlash ustida bosh qotirgan; shuning uchun ham tildagi bunday muammoli fonetik hodisaga maxsus to‘xtaladi.

Bobur o‘zining mashhur: 

“Yod etmas emish kishini mehnatta kishi,
Shod etmas emish ko‘ngulni g‘urbatta kishi.
Ko‘nglum bu g‘aribliqta shod o‘lmadi hech,
G‘urbatta sevunmas emish, albatta, kishi”,[10]

ruboiysidan keyin turkiy tilning tovushlar uyg‘unligiga doir mulohaza yozadi: “So‘ngra ma’lum bo‘ldikim, turk lafzida mahal iqtizosi bila “to” va “dol” yana “g‘ayn” va “qof” va “kof” bir birlari bila mubaddal bo‘larlar emish” (90-bet). O‘rniga qarab “t” bilan “d” undoshining, “g‘”, “q” va “k” tovushlarining o‘rni almashib kelishini, ularning o‘zaro moslashuv tabiatini tushuntiradi. Boburning yigirma sakkizta harfdan tarkib topgan alohida alifbo – “Xatti Boburiy”ga tartib bergani, shu xatda farzandlariga maktublar, hatto zamonasining xattotlariga “Mushaf”ni ko‘chirtirib Makkai Mukarramaga yuborgani ma’lum[11]. Bobur “Boburnoma”da joy nomlari, turli tarixiy shaxslar, mamlakat, shahar va qishloqlarning tavsifi, turfa urf-odat, udumlar, hayvonot, nabotot olami munosabati bilan ko‘p so‘zlarga izoh yozadi. Masalan: “Yana hind eli adadni ham xo‘b tayin qilibturlar: yuz mingni “lak” derlar, yuz lakni “kurur” derlar. Yuz kururni “arb” derlar. Yuz arbni “karb”, yuz karbni “nil”, yuz nilni “padam”, yuz padamni “song”. Bu adadlarning tayini Hinduston molining ko‘plugining dalilidur” (266-bet) “Boburnoma” asari tilini tadqiq qilgan tilshunos olimlar Bobur ko‘plab so‘zlarning kelib chiqish tarixga e’tibor berib, ko‘pgina so‘zlarga izohlar ham beradi.

Bobur o‘g‘li Humoyunga yozgan javob maktubida nabirasi ismining ma’nosiga, xatida yo‘l qo‘ygan imlo xatolarigacha e’tibor beradi. Eng asosiysi uslubiga nisbatan: “Bundin nari betakalluf va ravshan va pok alfoz bila biti: ham sanga tashvish ozroq bo‘lur va ham o‘qug‘uchig‘a” (321-bet), deb o‘zi qo‘llagan usullardan qimmatli o‘git beradi. Bunday mulohazalar barcha davr farzandlari uchun otalar aytgan umriboqiy nasihatdir. Bobur bilan Abdulla Qodiriyning asar, bitik, maktub, inshoni aniq va tiniq yozish xususidagi fikrlari o‘zaro uyg‘un. Qodiriy fikricha, yozganlariga “yozuvchining o‘zigina tushunib boshqalarning tushunmasligi katta ayb”, “fikrning ifodasi xizmatiga yaramagan so‘z va jumlalarga yozuvda aslo o‘rin bermaslik lozim”. Yosh yozuvchilar o‘z asarlariga birovning so‘ngso‘z yoki so‘zboshisi bilan tumor taqqandan yoki nash­riyot muharrirlarga ortiqcha ish qoldigandan ko‘ra o‘z so‘zlarida sobit turib, “bir soatda emas o‘n soatda yozishlari” va yozganlarini “bir qayta emas, o‘n qayta tuzatishlari kishining yordamiga termulishga qaraganda ham foydalik, ham umidlikdir”[12]. Nazarimda, har ikki alloma adibning asarlari, yozish malakasi va tajribasidan o‘tgan adabiy-nazariy o‘gitlari barcha davrning yosh ijodkorlari uchun muazzam dorilfunun saboqlari o‘rnini bosadi.

Zamon o‘lchovi.Tarixiy-biografik asarlarda zamon va makon chegaralari tanlangan tarixiy shaxsning hayotiga ko‘pincha mos keladi. Bu tabiiy hol. Ammo adabiyot olamidagi tarixiy asarlar turli asoslar ustiga quriladi. Inson aqli bilan chegaralangan zamon – eralar, asrlar, yillar, fasllar, oylar, haftalar, kunlar, soatlar… kabi ko‘lamli astronomik tizimni tashkil etadi. Ijod ahli yuz bergan voqelik tasvirida – vaqt ifodasida astronomik tizim unsurlaridan turlicha foydalanadi. To‘g‘risi, badiiy asarda zamon – vaqt fizikaviy mazmundan adabiy-falsafiy mohiyatiga ko‘chadi. Zamon tushunchasining aniq bo‘lagini kun va tun – yigirma to‘rt soat tashkil etadi. Bu hisob uchun quyosh harakati, aniqrog‘i, Yerning o‘z o‘qi tegrasida aylanishi asos sanaladi. Ijodkor zamon tasvirida quyoshning chiqishi, botishi yoki soat millarining chopishiga e’tibor beradi. Abdulla Qodiriy romanlarida kunlik vaqtning “quyosh botgan”, “sahar payti” yoki “bu kun soat o‘n ikkida…”, “hozir soat kechki yettilar bo‘lib qolgan…”, “kechki soat to‘rtlarda…” tarzidagi ifodasi onda-sonda kuzatiladi. Goho shu tarzdagi ifoda davomidan maxsus izoh qo‘shiladi: “… quyosh botqan, tevarakdan shom azoni eshitiladir”, “sahar vaqti turib choy ichdilar. Subh namozini o‘qub, arava qo‘shildi”, “Kechki soat to‘rtlar, asrdan bir oz ertaroq hukumat askari bilan xalq orasida urush boshlandi…”. Vaqtning ifodasi uchun “shom azoni” (shom vaqti), “subh namozi” (bomdod vaqti), “asrdan bir oz ertaroq” (asr vaqti) tarzidagi izoh, ya’ni kunda farz o‘laroq besh mahal ado qilinadigan namoz vaqti Abdulla Qodiriy romanlarida individual ma’no va poetik-kategorial mohiyat kasb etadi; adib kunlik vaqt qismlari uchun namoz atamalarini tanlaydi.

Abdulla Qodiriy qalamiga bunday tasvir yo‘sini o‘z ajdodlarining adabiy tafakkuridan o‘tgani, ayni damda, “Boburnoma” bulog‘idan suv ichgani tabiiy ko‘rinadi. Chunki “Boburnoma”da hodisa bo‘lgan yil, oy, hafta, kun va hatto ko‘pincha o‘sha kunning aniq mahaligacha tiniq bitiladi. Masalan Bobur: “Axsidin namozi jum’a vaqtida chiqib, Bandi Solor yo‘li bila namozi shom bila namozi xuftan orasida Andijong‘a keldim” (32-bet) deb zamonni namoz vaqtiga bog‘lab yozadi. “Boburnoma”ning har bir sahifasida, yuzlab o‘rinlarda “namozi bomdodni o‘tab”, “namozi peshindin so‘ng”, “namozi digargacha”, “namozi digarga yovuq”, “namozi digarda”, “namozi digar bila namozi shom orasida”, “namozi shomg‘acha”, “namozi shomg‘a yaqin”, “namozi shomda”, “namozi shom bila namozi xuftan orasida”, “namozi xuftang‘acha”, “namozi xuftanda”, “namozi xuftandin kechroq” kabi ta’birlar uchraydi. Ba’zan Bobur falon kuni “sabohi”, “oftob bir nayza bo‘yi chiqib”, “oftob chiqqanda”, “oftob o‘lturur mahal” deganicha quyoshning harakati va boshqa vaqtlarga ham diqqat qaratadi. “Boburonoma”da ulkan vaqt butunligi, uning qismlari hamda kunlik vaqt o‘lchami muayyan tizimga solingan, albatta.

Qiyoslanayotgan asarlardagi bunday o‘rinlarga har ikki adib shuuridagi tabiiy sezim va tuyg‘ular ifodasi, imon-e’tiqodli qalam egalarining bayon usuli sifatida qarash o‘rinlidir. Qolaversa, zamonga mos o‘lchamlar izmida qahramonlarning harakat qilishi hamda ularning tafakkur va tasavvuriga uyg‘un ifodalanishi ham har qanday asarning qadr-qiymatini oshiradi.

Kitob – badiiy vosita. Yaxshi kitob – inson umrining ziynati. Bobur va Abdulla Qodiriydek allomalar yozgan kitoblar esa insoniyatning ma’naviy mulki. Odamlarning madaniy-ilmiy, ma’naviy-ma’rifiy darajasini ular o‘qigan kitoblar belgilaydi. Taqdir Alisher Navoiyni 6-7 yoshida “Zafarnoma” muallifi Ali Yazdiyga ro‘baro‘ qiladi. Mo‘ysafid tarixchi bilan bola Alisher o‘rtasida savol-javob bo‘lib o‘tadi. Shunda mo‘ysafid alloma boladan o‘qigan kitoblarini so‘raydi. Navoiy “Mulk”kacha ta’lim olganini aytadi. Yoshligida “Mantiqut tayr”ni yod bilgani barchaga ma’lum. Tabiiyki, tarixiy kitoblardagi bunday ma’lumotlar tarixiy shaxslar ma’naviy dunyosini ko‘rsatadi; ular qiyofasiga mahobat bag‘ishlaydi. “Boburnoma”da o‘z davrining mashhur akobirlariga baho berilar ekan, ular yozgan yoki o‘qigan kitoblarni esga oladi. Alisher Navoiy ajratilgan betlarda alloma shoir “Xamsa”, “Lison ut-tayr”, “G‘aroyib us-sig‘ar”, “Navodir ush-shabob”, “Badoye’ ul-vasat”, “Favoyid ul-kibar”, “Mezon ul-avzon” kabi barcha asarlarini sanab o‘tiladi. Bobur “Boburnoma”da Alisher Navoiydan boshqa biror shaxs ta’rifida bunday “ko‘b va xo‘b” – keng ko‘lamli to‘xtalgan emas.

Otasi Umarshayx Mirzoni ta’riflar ekan yozadi: “Ravon savodi bor edi. “Xamsatayn” va masnaviy kitoblarini va tarixlarni o‘qur edi. Aksar “Shohnoma” o‘qur edi. Tab’i nazmi bor edi, vale she’rg‘a parvo qilmas edi” (10-bet). Zamondoshlaridan ba’zilariga “Hamisha Mushaf kitobat qilur edi” deb ham ta’rif beradi. Umuman olganda zarurat yuzasidan qaysi bir mashhur ulamo yoki tarixiy joy ta’rifi jarayonida “Sahihi Buxoriy”, “Hidoya”, “Temurnoma”, “Fathnoma”, “Zafarnoma”, “Iskandarnoma”, “Shohnoma” kabi mo‘tabar kitoblar esga olinadi. Buning natijasida o‘sha inson yoki makonning ta’rif-tavsifi teranlashib, ularga tegishli tasavvur oydinlashadi. Memuar asarda tarixiy ma’lumot sifatida bunday unsurlarning mavjud bo‘lishi tabiiy. Biroq dunyo adabiyotidagi badiiy asarlar tarkibida eslanadigan mashhur kitoblar muayyan badiiy funktsiyani bajaradi. Otabekning “Boburnoma” o‘qishi bejiz emas. Abdulla Qodiriyning boshqa qahramonlarini ham ma’lum va mashhur kitoblardan nasibador qiladi. Deylik, Yusufbek hojiga Qur’oni karim va “Daloyil- ul xayrot”ni, oshiqlarga Fuzuliyning “Devon”ini o‘qitadi. Ra’nosi esa Navoiy, Fuzuliy, o‘zlariga zamondosh shoirlardan Amiriy bilan Fazliy Namongoniyni o‘qigan. Qodiriyning ikkinchi romani “Chayonning namoyishi” faslida masjiddagi hujralardan biri tasviri keladi. Hujra tokchasiga arab tili grammatikasi “Kofiya”ni sharhlagan Abdurahmon Jomiyning “Sharh mulla Jomiy” asari, hoshiyasida diniy hukmlar izohlangan “Aqoidi ma’alhavoshiy”, mantiqqa doir “Hikmatul ayn”, Marg‘inoniyning “Alviqoya”, Rasululloh (s.a.v.) hayotini yoritgan “Siyari sharif” kabi mo‘tabar kitoblar taxlab qo‘yiladi. Kalonshoh mirzo, Shahodat mufti, Abdurahmon domla shu kitoblarni o‘qiganmi – o‘qigan emasmi? Adib ularning qo‘llariga bu kitoblarni tutqazmaydi. Takror aytaman – tokchaga taxlab qo‘yadi. O‘qilmagan kitob ochilmagan tilsim. O‘qiganlar bilan o‘qimaganlar hech qachon bir-birlari bilan teng kelmaydi. O‘qiganlar olim, ulamo bo‘ladi, o‘qimaganlar ko‘ngliga shayton oralaydi, g‘iybatu g‘urbatlar bilan mashg‘ul bo‘lishadi.

Sarlavha. Adib romani uchun nom tanlashi xususida ham bir fikr bor. Mutaxassislar orasida “O‘tkan kunlar”ni Abdulla Qodiriy tatar adibi Olimjon Ibrohimovning “Bizning kunlar” romani nomiga uyqash qo‘ygan, degan gap bor. Holbuki, matnda aniq bitilgan bir juft so‘z, “Boburnoma” mutolaasi tufayli adib shuuriga muhrlanib qolmaganmikin, degan fikr keladi. Sarson-sargardon kezgan 1502–1503 yillar voqealari oxirida Bobur shunday yozadi: “O‘shal zamon otlanib, Andijon tarafig‘a yuruy berduk. Ikki kun bo‘lub erdikim, hech taom yemaydur edim. Namozi peshin bo‘lub edikim, bir qo‘yni topib kelib, bir yerda tushub, o‘lturub, kabob qildilar. O‘shal kabobdin to‘yg‘uncha yedim. Andin so‘ngra otlanib besh kunluk yo‘lni ikki kecha va kunduz ilg‘or qilib kelib, Andijong‘a kirib, ulug‘ xon dodam va kichik xon dodamni ko‘runush qildim va o‘tkan kunlarni tamom bayon qildim” (108-bet). Roman mavzuini “yaqin o‘tkan kunlar”dan tanlagan Abdulla Qodiriy ham Turkiston o‘tmishini, qutidor eshigidan quvilgan Otabekni xayolan o‘tkan kunlariga qaytaradi; so‘ngra adib o‘z qahramoniga uning “o‘tkan kunlarini zahar bilan bulg‘ab kelgan” mudhish dushmanlarini tanitadi va manzarani tiniqlashtirib voqelikni imkoni boricha batamom rostlik rutbasida bayon qiladi.

Tuganchi: Har ikki adib asarlarida bundan boshqa ham qiyoslashga munosib o‘rinlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Deylik “Boburnoma” matnida ba’zan biror voqelik yonida oyat va hadislardan parchalar keladi. Abdulla Qodiriy mumtoz epik an’anaga mos ravishda o‘z asarlarining ayrim sahifalarida zamona hazmi ko‘targuncha “Har bir narsa o‘z asliga qaytadi”, “Alloh sabr qilguvchilar bilan birgadir”, “Agar bir qavmning ishi noahil odamg‘a topshirilg‘an bo‘lsa, bas, o‘shal qavmning qiyomatini yaqin bil”, “Har ishning o‘rtachasi yaxshi”, “Qanoatli aziz, ta’mali kishi xordir” kabi ayrim oyat va hadislarni qo‘llaydi.

Xullas, Abdulla Qodiriy ruhiyati, adabiy-estetik kontseptsiyasi, odam va olam xususidagi qarashlari Zahiriddin Muhammad Bobur ruhiga yaqin turadi. Har ikki adib fitratidagi mardlik, jasorat, to‘g‘rilik, haqgo‘ylik, mahorat, iste’dod kabi fazilatlar o‘zaro uyg‘un keladi. Tarixning juda olis qa’ri va yaqin o‘tmishdagi dili, maslagi, tili, yuragi bir bo‘lgan adabiy siymolar ma’naviyat maydonidan yonma-yon turishadi. Dunyo va borliqqa doir qarashlari yaqin ijodkorlar oradagi masofa qanchalik uzoq bo‘lmasin, so‘z san’atining poetik xususiyati va metaforik tabiatiga ko‘ra ular adabiyot tilida bemalol gurunglasha oladi. Zero, ularning moziydagi g‘oyibona o‘zaro adabiy suhbatlari, ma’naviy robita va ruhiy bog‘ichlari juda tabiiy tuyuladi.

«Jahon adabiyoti» jurnali, 2019 yil, 4-son

________________

[1] Abdulla Qodiriy. Ro‘monlar. O‘tkan kunlar. Mehrobdan chayon. –T.: G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti. 1994. 38-39-betlar (Keyingi ko‘chirmalar shu manbadan olinadi va sahifa raqami ko‘rsatiladi – B.K.).

[2] Abdulla Qodiriy. Diyor bakir. –T.: “Yangi asr avlodi” . 2007. 106-bet.

[3] Xayriddin Sultonov. Boburning tushlari. –T.: G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti. 1993. 230-bet.

[4] Zahiriddin Muhammad Bobur. “Boburnoma”. -T.: ”Yulduzcha” nashriyoti. 1989. 52-bet (Keyingi ko‘chirmalar shu manbadan olinadi va sahifa raqami ko‘rsatiladi). Rus tiliga ham “ko‘ch” so‘zi “oila” (sem’ya), “oila a’zolari” (domochadtsы) deb tarjima qilinadi: “Semi bolshinstva ostavshixsya pri mne bekov, vnutrinnix priblijennыx i yigitov naxodilis v Andidjane”. “Baburname”.-T. 1993. Str.78.

[5] O‘zbek tilining izohli lug‘ati. 5 jildlik. –T.: “O‘zbekiston Milliy entsiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti. 2-jild. 2006. 476-bet.

[6] Normatov U. Qodiriy mo‘jizasi. –Toshkent.“O‘zbekiston” nashriyoti. 2010. 195-196-bet.

[7] Gorkiy M. Portretы. “JZL”. 1967. Str. 123.

[8] Qodiriy A. Suddagi nutq // “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi. 1989. 1 dekabr.

[9] Qodiriyni qo‘msab. –T:. Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti. 1994. 6-bet.

[10] Mazkur ruboiy “Boburnoma” tarkibida ayni shaklda keladi. Ammo shu kungacha bosilgan Bobur she’riy majmualarida bu ruboiyning adabiyotshunoslar qiyosan aniqlik kiritishi lozim bo‘lgan:
 “Yod etmas emish kishini g‘urbatta kishi,
Shod etmas emish ko‘ngulni mehnatta kishi.
Ko‘nglum bu g‘aribliqta shod o‘lmadi, oh,
G‘urbatta sevunmas emish, albatta, kishi” nusxasi ham keng ommalashgan.

[11] Bu haqda qarang: O‘ktam Sultonov. “Xatti Boburiy”. “Moziydan sado” jurnali, 2003. 3-4-son. 90-92- betlar.

[12] Abdulla Qodiriy. Diyori bakr. –T.: “Yangi asr avlodi” nashriyoti. 2007. 230- bet.