Amir Temur shaxsiyati barcha davrlarning ijodkorlarini qiziqtirgani uchun sohibqiron yashab o‘tgan zamonlardan to bugunga qadar u to‘g‘rida son-sanoqsiz asarlar yaratilgan. Uyg‘onish davrining vakili ingliz shoir va dramaturgi Kristofer Marlodan tortib, Temur shaxsiyati g‘arb ijodkorlarining e’tiborini ham qayta-qayta o‘ziga tortib kelmoqda. Marloning 1587-90 yillarda yozilgan ikki qismdan iborat “Buyuk Temurlang” tarixiy fojiasi botishliklar uchun ulug‘ jahongir siymosini badiiy tadqiq etish sari qo‘yilgan ilk qadam bo‘ldi. Fojiada Temur timsoliga bir qadar erkin yondashilgan bo‘lsa-da, muallifning bosh qahramonga o‘tli muhabbati, uning shaxsiyatiga doir ma’lumotlarni imkon qadar puxta o‘rganib chiqqani sezilib turadi. XVII asrda frantsuz Lui de Gevaroning “Buyuk Temur”, shu davrda Drezdenda noma’lum muallifning “Temurlang”, XVIII asrda Buyuk Britaniyada Nikola Povaning “Temurlang”, XIX asrda frantsuz Nikola Pradoning “Temurlang yoki Boyazidning o‘limi” dramalari yaratilib, sahnalashtirildi.
Frantsuz ma’rifatchiligining otasi Volter esselaridan birini Amir Temurga bag‘ishlagani sohibqiron siymosining g‘arbda katta e’tiborga egaligidan dalolatdir. 1710 yilda Vena teatrida kompozitor Gaspirining “Temur” operasi sahnalashtirildi. 1722 yilda esa Neapol teatrida bastakor Leoning “Temurlang” operasi qo‘yildi. Manbalarda shu davrda yashab o‘tgan italyan bastakori, virtuoz skripkachi Antonio Vivaldining ham Amir Temur to‘g‘risida opera yaratgani qayd etiladi. “Injil”dagi rivoyatlar syujetlari asosida ko‘plab musiqiy asarlar yaratgan buyuk nemis bastakori Georg F. Gendel (1685-1759)ning “Temurlang” operasida jahongir bag‘rikeng inson, tadbirkor hukmdor, jasur va omadli sarkarda sifatida ulkan muhabbat bilan tasvirlanadi. Muhimi shundaki, Kunbotish mualliflari sohibqiron shaxsini xaloskor sarkarda, adolatli hukmdor, oqil odam sifatida aks ettirganlar.
Birovlarning ko‘nglida shuncha mehru muhabbat uyg‘otgan shaxsning o‘z yurtdoshlari orasida cheksiz obro‘-e’tiborga ega bo‘lishi va bu munosabat qator ilmiy, tarixiy hamda badiiy asarlarda o‘z aksini topishi ajablanarli emas, albatta. Temur to‘g‘risida ko‘plab folklor asarlari yaratilgan, buyuk sohibqiron yashab o‘tgan davrdan boshlab to oktyabr to‘ntarishigacha bo‘lgan oraliqda dunyoga kelgan deyarli barcha ilmiy-tarixiy va badiiy asarlarda jahongir siymosiga qayta-qayta murojaat qilingan. Qizig‘i shundaki, Temur shaxsiyati borasida qalam surgan ijodkorlar qaysi turkiy etnosga mansub ekanligidan qat’i nazar, jahongirni o‘ziniki deb bilgan.
Shunga o‘xshash yondashuv dunyoga mashhur ozar shoiri va dramaturgi Husayn Jovidga ham xosdir. Iste’dodining ko‘lami, shaxsiyatining yirikligi, idealining yuksakligi bilan butun turkiy dunyoga tegishli ijodkor bo‘lmish Husayn Jovidning Amir Temur siymosiga murojaat qilishi tasodifiy emas. U Temurda o‘zining odam to‘g‘risidagi idealini, u qurgan saltanatda esa, turkiy xalqlar o‘tmishinigina emas, balki kelajagining maketini ham ko‘rdi. 1925 yilda yaratilib, taniqli o‘zbek shoiri Usmon Qo‘chqor tomonidan o‘girilgan “Amir Temur” dramasida bu jihatlar yaqqol ko‘zga tashlanadi.
Ma’lumki, sahnalashtirilgan drama badiiy hodisani hayot hodisasiga aylantirib, tomoshabinning sezgi a’zolariga bevosita ta’sir etish qudratiga ega bo‘lgan yagona adabiy turdir. Drama janrining shu imkoniyatga egaligini hisobga olgan Husayn Jovid asarida Temur obrazini turkiy millatlarning shonli o‘tmishi tarzidagina emas, balki bu millat vakillarini yorqin kelajak yaratishga undovchi shaxs sifatida ham tasvirlashga urindi. Dramaturg ayni kunlarda turli bosqinchilar zulmi ostida ezilayotgan turkiy uluslar bir zamonlar bashariyatning taqdirini hal qilganliklarini shunday mahorat bilan tasvirlaydiki, o‘qirman va tomoshabin ko‘nglida bunday ulug‘ millat yana yuksalajak degan ishonch uyg‘onadi.
Ayrim tadqiqotchilar H. Jovid dramaturgiyasida romantik pafos yetakchilik qiladi, u olam va odamni asldan ko‘ra ko‘tarinkiroq, yorqinroq, bo‘yoqdorroq ko‘rsatishga moyil deb hisoblaydilar. “Amir Temur” asarida dramaturg realist ijodkor sifatida tasvirga olingan shaxsiyat va voqea-hodisalarning sirtqi qirralarini emas, balki ichki mazmunini, tashqaridan ko‘rinib turadigan jihatlarini emas, balki asl botiniy mohiyatini teran ilg‘aydi. Shu holat asarga umidbaxsh ko‘tarinkilik bag‘ishlaydi. Ba’zi ijodkorlar odamni voqeada ko‘radilar. Husayn Jovid esa voqeani odam orqali idrok etadi. San’atkor voqeani fon, odamni esa badiiy maqsad hisoblaydi. Shuning uchun ham buyuk Temurning qanday jang qilganini, qaysi yo‘l bilan g‘alaba qozonganini emas, balki boshidan o‘tgan o‘ylarni, ko‘nglidan kechgan sezimlarni, sohibqironning odam, hukmdor, lashkarboshi, tashkilotchi sifatidagi xususiyatlarini tasvirlashga birlamchi e’tibor qaratadi.
Dramaturg Temurni turli rakurslarda, turli-tuman shaxslar, do‘stu dushmanlar nigohi bilan ko‘rsatadi. Aslida buyuk Temurga ham, uni o‘rab turgan muhitga ham mutlaqo begona, faqat navkar O‘rxonga bo‘lgan tiyiqsiz muhabbati tufayligina turkiylarga bog‘lanib turgan Olga tilidan urushga otlanayotgan Temur holatining:
“…uning yuzida hech qanday shiddat va hayajon izi yo‘q. Har doimgidek viqorli va jiddiy, har doimgidek xotirjam…”, – tarzida chizilishi hali sahnaga kirib kelmagan Temur timsoli haqida o‘quvchida ilk yoqimli tasavvur uyg‘otadi.
Muallif bosh qahramonni bevosita harakatda ko‘rsatadi. Dramaturg Temurni aytgan gaplari, o‘ylari, qilgan xatti-harakatlari, ko‘nglidan kechirgan tuyg‘ulari vositasida ichdan tasvirlashga erishgan. Mamayxon degan zolim hokimning xalqqa zulm qilayotgani haqidagi xabarni eshitgan Amir Temurning: “Ul anglamaydirki, raiyatni ranjitgan hokim o‘z inini buzgan hayvon kabi befarosatdir”, – degan so‘zlarida uning oqil odam va adolatpesha hukmdorligi namoyon bo‘ladi. U shunchaki rahmdil, olijanob odamgina emas, balki saltanat tinchi uchun birinchi navbatda xalqni rozi qilish lozimligini yaxshi biladigan donishmand hukmdor sifatida tasvirlanadi.
Muallif Temurning shoir Kirmoniyga qarata aytgan: “Sizlar (san’atkorlar – Q.Y, M.Y.) ko‘rshapalaklar o‘lkasinda, ko‘rlar mamlakatinda porlagan bir quyoshsiz. Afsuski, inson nomi ila yurgan ikki oyoqli hasharot juda qabih va razil bir narsadir… Hayhotkim, shu qabih hasharotni tartibga solmoq uchun, ularning qurum bosgan chirkin vijdonlarini tozalamoq uchun faqat Temur qilichi lozim”, – so‘zlari orqali uni san’atkorlarning jamiyat hayotidagi yuksak o‘rnini tan olib, ularga xayrixohlik bilan qaraydigan va chin hukmdorning tarixiy vazifasini teran anglagan sulton sifatida ko‘rsatadi. Asarda Temur qalamravidagi yerlarni kengaytirishga intiluvchi qanoatsiz bosqinchi emas, balki o‘z zimmasida ulkan tarixiy vazifa borligini yaxshi anglagan ulug‘ shaxs tarzida namoyon bo‘ladi. Temurning: “Savdogar va san’atkorga juda katta e’tibor, izzat-hurmat ko‘rsatmoq lozim. Chunki jahon faqat tijorat va san’at soyasidagina yuksaklikka erishgay”, – degan so‘zlari orqali dramaturg jahongir shaxsiyatiga xos yuksak ma’naviy sifatlarni tasvirlaydi.
Mamlakatni tijorat va san’atgina yuksaltirishi mumkinligini teran anglagan, yurtini eng porloq maorif va madaniyat o‘chog‘iga, eng nafis san’at va tijorat markaziga aylantirishni niyat qilgan buyuk jahongirning faoliyat kishisi ekani, tinimsiz harakatdagi odam esa ba’zan xatolar qilishi quyidagi tasvirlarda ko‘zga tashlanadi. Devonbegining: “…har ikkingiz Turon olamining ikki qutbidirsiz. Shul ikki qutb bir-biri bilan chopishsa, o‘rtada falokatli bir o‘pqon paydo bo‘lgay. Va bu nifoqdan foydalanish ilinjida yurgan atrofdagi ajnabiy davlatlarga turk dunyosini zabt etmoq uchun imkon tug‘iladir”, – tarzidagi ogohlantirishiga quloq solmasligi sohibqiron tabiatidagi o‘sha jihatlarni haqqoniy ko‘rsatishga qaratilgani bilan muhimdir.
Muallifning mahorati tufayli, “Amir Temur” asari kishini tarixiy voqelardan xabardor qilibgina qolmay, unga shu tarixni yashab o‘tish imkonini berish asnosida davlatni boshqarish rohat emas, og‘ir qismat ekanligini anglatadi. Asarda Amir Temur umri og‘ir sinovlarda o‘tayotgan, shaxsiyatida hamisha hukmdorlik bilan insoniylik o‘rtasida kurash boradigan kishi sifatida ko‘rsatilgan. Asarda sohibqironning tarixiy yurishlaridan ko‘ra, uning kuchli tuyg‘ularini tasvirlashga ko‘proq e’tibor qaratilgan. Dramada Amir Temurning hodisa va odamlar haqidagi qarashlari tasviriga alohida urg‘u berilgan. Adibning tarixiy voqealardan ko‘ra, ularni yaratgan shaxsga e’tibor qaratishi o‘qirmanni Amir Temurga yanada yaqinlashtiradi. Saltanatni ulug‘ qiluvchi narsa uning tepasida turgan shaxsning buyukligi ekani, shu buyuklik Amir Temur shuhratining boqiyligini ta’minlagani asarda ishonarli ko‘rsatilgan. O‘zini tahqirlab maktub bitgan, elchilarini qatl ettirgan Yildirim Boyazidga urush chiqishiga yo‘l qo‘ymaslikning so‘nggi imkonni berishga uringani sohibqironning nafaqat harbiy qo‘mondon, balki nozik diplomat ham bo‘lganini ko‘rsatadi: “Darhol Yildirimga bir sulh maktubi yoz! Subutoy olib borgay. Faqat Yildirimning maktubi qanchalar qabohatli bo‘lsa, bizniki shuncha nazokatli bo‘lsin”.
Amir Temur asarda faqat el tinchligi, mamlakat yaxlitligi, adolat va haqiqat tantanasini o‘ylaydigan arbobgina emas, shaxsiy hayoti ham bor hamda shu haqda bosh qotirishga mahkum oddiy bir odam sifatida tasvirlanadi. Xalq taqdiri oldidagi majburiyatlari tufayli o‘z ko‘ngil istagidan yuz o‘girib keta olishi bu oddiy odamga oddiy bo‘lmagan fazilat ato etadi.
Dramaturg Amir Temurni tengsiz sarkarda, usta siyosatchi, xolis va odil hukmdor kabi sifatlarga ega lider tarzidagina ko‘rsatib qolmay, uning murakkab hamda serqirra ruhiyati jilvalarini aks ettirib, ko‘pchiliknikidan farqli o‘z Temurini yaratdi. Bunda adib na atay jo‘nlashtirish, na sun’iy ulug‘lash yo‘lidan bordi, balki sohibqiron ham xom sut emgan, ammo buyuk banda ekanini, shu bois u qilayotgan ishlar, qabul qilayotgan qarorlar, ko‘nglidan kechayotgan tuyg‘ular ham oddiy odamlarnikidan keskin farq qilishini ko‘rsata bildi. Jahongirni ideallashtirmagani holda uning tarix oldidagi xizmatlarini, tarixning esa Temur oldidagi qarzlarini ishonarli aks ettirdi: “…mamlakatimiz arslonlar yurti, burgutlar maskani bo‘lib qolmog‘i lozim. Turk avlodi faqat bosib-qirmoqdan emas, yashamoq va yashnatmoqdan ham zavq olur, yolg‘iz yoqib-yiqmoqnigina emas, balki tiklab-yaratmoqni ham bilur… Yolg‘iz besh-o‘n shahar emas, butun mamlakat taraqqiyot va go‘zalliklar uchun namuna bo‘lmog‘i lozim” singari qarashlar Temur shaxsiyatining asl mag‘zini ko‘rsatishi jihatidan muhimdir. Sohibqiron bosib olish uchun emas, adolat o‘rnatish istagida, buzish uchun emas, obod qilish ilinjida ot suradi. Lekin uning davrida ham tili bilan dili boshqa, nafsidan bo‘lak sig‘inadigan ilohi yo‘q yoxud burnining tagidan uzoqni ko‘rolmaydigan kimsalar ko‘p bo‘lganini, bu hol Temurning egardan tushmay yashashiga asl sabab ekani asarda juda ta’sirli ko‘rsatib beriladi.
Muallif bosh qahramonda sarkarda yoki jahongirni emas, odamni ko‘radi. Temurda odamiylik ustuvor bo‘lgani uchun ham boshqalarni tushunadi, ularning ojiz va qudratli ekanliklari sababini aniq biladi. Birovni tushungani va bilgani uchun odam tanlashda kam adashadi. Asarda Amir Temur o‘ziga Yaratgan tomonidan berilgan beqiyos dahoni shunchaki isrof qilib yubormaydigan, har bir qadamini o‘lchab va o‘ylab bosadigan yirik shaxs ekanini ishonarli aks ettiriladi. Unga tabiat tomonidan berilgan ulug‘ aqliy va jismoniy imkoniyatlar ulkan mehnatkashlik, buyuk intizom, adoqsiz fidoyilik bilan uyg‘unlashgani ta’sirli ifodalangan.
Husayn Jovid o‘quvchiga aql o‘rgatib, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatmaydi, balki unda tuyg‘u qo‘zg‘ashga urinadi. Asardagi har bir qahramonga kishini iztirobga soladigan, quvontiradigan, umuman, bezovta qiladigan qandaydir bir jihatni taqdim etadi. Shu bois ham dramadagi timsollarning ko‘pchiligi hech kimga o‘xshamagan, betakror tiplar sifatida tasvirlangan.
Husayn Jovid asarda Temurdan faqat fazilat qidirib, uni nuqul yorqin bo‘yoqlarda ko‘rsatish yo‘lidan bormaydi. Uning inson sifatidagi xatolari ham dramada ta’sirli ko‘rsatilgan. “Amir Temur” boshqa asarlardan xolisligi, muallifning personajlarga bo‘lgan shaxsiy munosabati ochiq sezilmasligi, xulosa chiqarish o‘qirmanning o‘ziga qoldirilgani bilan ajralib turadi. Temurning suyukli ayoli Dilshodga aytgan: “Siyosatda marhamat yo‘q”, – tarzidagi sokingina gapi davlat ishlarining hissiyot izmida bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaydigan sovuqqon arbobga xos jihatni namoyon qiladi. Ishongan navkari O‘rxonni Boyazid huzuriga ayg‘oqchi qilib jo‘natmoqchi bo‘lar ekan, uni xiyonatda ayblab orqavorotdan o‘limga hukm qiyalganida, Boyazid yengilib, o‘sha “xiyonatkor” askar qo‘lga olingach, sohibqironga tortiq etilgan Olgani so‘rovsiz olib qochgani sababli yasoqqa torttirmoqchi bo‘lganida qanchalik qat’iyatli, so‘zidan qaytmas, qahrli hukmdor sifatida gavdalantirilsa, O‘rxonni nafaqat o‘ldirish, balki unga adoqsiz mehr ko‘rsatishida inson sifatidagi buyukligi yaqqol ko‘zga tashlanadi.
Dramaturg buyuk Temurga nisbatan bo‘lgan tuyg‘ularini asar oxiriga qadar ham yaqqol ko‘rsatmaydi. Muallif masxaraboz Jo‘ja singari sohibqironning buyukligini bilgan va e’tirof etgani holda unga yotsirab qaraydimi yoki O‘rxon kabi o‘zidan kechar darajada e’tiqod qo‘yganmi yoxud Temirqoya yanglig‘ sadoqat ko‘rsatadimi ekanini anglash og‘ir kechadi. Bu holat o‘qirmanga xayol qilish erkini, so‘nggi gapni aytish imkonini beradi. Muhimi, dramada Amir Temur murakkab va betakror shaxs sifatida talqin etilgan. U asarda jonkuyar sarkarda, go‘zallikni his qilish tuyg‘usiga ega erkak, qo‘l ostidagilarni jiddiy sinovlarga ro‘para qila oladigan siyosatchi tarzida ko‘rsatilgan. Adib kitobxonni Amir Temurning ichki olamiga olib kirib, sohibqironning hamma kabi g‘azab, quvonch, zavq va hayrat tuyg‘ularga ega, ushalmagan orzulari, yechilmagan muammolari bor inson ekanini ko‘rsatishga erishgan.
Ma’lumki, dramatik asarlarda voqea ham, tuyg‘u ham emas, balki shaxs xarakteri asosiy o‘rin tutadi. Dramani boshdan-oyoq xarakterlar to‘qnashuvi tutib turadi. Chunki dramatik asar ichki dramatizmga – personajlardagi ruhiy xavotir shiddatidan kelib chiqadigan kolliziya asosiga qurilgan bo‘ladi. Busiz konflikt yuzaga kelmaydi. Dramatik asar har doim qahramonlar uchun hayot-mamot ahamiyatiga ega bo‘lgan qandaydir narsalarning qo‘ldan berilishi yoki amalga oshmay qolishi xavfi asosiga qurilgan bo‘lishi kerak. Personajlar hadigu xavotir og‘ushida harakatlansagina dramatizm yuzaga chiqadi. Bu jihatdan “Amir Temur”ni bekamu ko‘st ishlangan asar deyish mumkin. Dramaturg piyesada ishtirok etgan har bir obrazni o‘ziga yarasha hadigu xavotir bilan ta’minlay olgan.
Dramadagi har bitta timsol o‘ziga yarasha badiiy-estetik yuk bilan ta’minlangan. Muallif Temurning bosh vaziri Devonbegi obraziga ham kerakli badiiy yuk orta bilgan. U − sohibqironga dono maslahatlar berguvchi ayongina emas, dramadagi ziddiyat chiziqlaridan birini harakatga keltiruvchi personajlardan bo‘lmish Olmosning otasi, yovqur O‘rxonning qaynotasi, ya’ni voqealar qozonida bevosita qaynashi kerak bo‘lgan shaxs. Sog‘lom va beg‘araz fikrlay olgani uchun ham ochun miqyosidagi voqealar rivojining oqibati qanday bo‘lishini to‘g‘ri tasavvur qila oladi.
Husayn Jovid turkiy dunyo yaxlitligini yaqqol his etgan va hamisha unga intilgan oydin shaxs bo‘lgani bois Temurga Turkistonningina hukmdori sifatida qaramaydi. U sohibqironni butun turkiylarni birlashtirgan va ularga farovonlik bergan, millat sha’niga munosib tirikchilik manbai bilan ta’minlagan, demakki, ularni boshqarishga haqli bo‘lgan saltanat egasi sanaydi. Bu hol dramada Devonbegining amir Temur bilan suhbati sahnasida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Suhbatda ozarbayjonlarning Qoraqo‘yin amiri Qora Yusuf ta’sirida Mironshohga qarshi isyon ko‘tarishlari munosabati bilan Devonbegi: “Ozarbayjon xalqi begonalarning soyasi bo‘lmoqlikdan nihoyatda zavqlanadir va xorijiylar ta’siriga juda qattiq beriladir”, – deydi. O‘z ko‘nglidagi fikrni Devonbegi tili bilan aytgan muallif Temurni o‘ziniki sanaydi, ozarbayjonlarning o‘zgalar ta’siriga berilishidan esa norozi bo‘ladi.
Yildirim Boyazidning masxarabozi Jo‘ja – o‘zida asar pafosini aks ettirib, muallif idealini tashiydigan timsol. Lekin u – shunchaki rupor emas, balki betakror o‘ziga xoslikka ega tirik odam. U imperator Boyazid va uning atrofidagi barcha kimsalarning kirdikorlarini yaxshi biladi hamda ularni ayamay masxara qiladi. Jo‘ja kulgi to‘niga o‘ralgan achchiq istehzolari bilan kaltabin siyosat yurgizayotgan Boyazidni, saltanatni halokat sari boshlayotgan saroy a’yonlarini chaqib oladi, ularning ko‘zini ochishga urinadi. Shu bois u Temur qiyofasida chiqar ekan, uning qanchalik olijanob va yuksak shaxsligini anglatib, Boyazidga namuna qilib ko‘rsatadi. O‘zining asl qiyofasida namoyon bo‘lganda esa, Boyazidning a’yonlar va ayollar qo‘lida qo‘g‘irchoq bo‘lib qolgan kimsa ekaniga bot-bot ishora qiladi. Dramaturg Jo‘jani shunchaki masxaraboz emas, balki hukmdorlari umumiy yov o‘rniga shaxsiy istaklari uchun kurashib, o‘z-o‘zini g‘orat qilayotgan turkiy ochunning taqdiriga achingan yurtsevar odam sifatida tasvirlaydi.
Muallif kaltabinlik xiyonatga yo‘l ochishini, Boyazid kabi kibrli va maqtovsuyar hukmdor oxir-oqibat tilyog‘lama sotqin kimsalar qo‘lida o‘yinchoq bo‘lib qolishini Ali posho, Melicha kabi personajlar orqali aks ettiradi. Saltanatga egalikni javobgarlik emas, aysh-ishrat vositasi deb hisoblagani uchun ham Boyazidning atrofini o‘zi singari huzuridan boshqa narsani o‘ylamaydigan, nafsiga sajda qiladigan mayda kimsalar o‘rab olgani asarda ishonarli tasvirlanadi.
Dramadagi shayx Buxoriy timsoli hukmdorga haqiqatni aytguvchi va uni ezgulikka yo‘llovchi kishi sifatida namoyon bo‘ladi. Shayxning Boyazidga qarata: “Temur bilan urushmoqdin ko‘ra o‘z nafsingga qarshi jang e’lon etgil. Jur’atim uchun meni ma’zur tut! Ammo imkoni qadar raqqosalarga o‘ralashib qolmagil! Serbiston malikasining nufuziga uchmagil! Va sarxush vazirlarning ermagi bo‘lib qolmagil!” – deyishi uning naqadar yurakli va halol odam ekanini ko‘rsatadi.
H. Jovidning mahorati shundaki, Yildirim Boyazidni ham faqat johil, to‘g‘ri gapga quloq osmaydigan o‘jar va nodon kimsa qilib emas, balki o‘ziga xos insoniy jozibaga ega shaxs sifatida ko‘rsatadi. Buni Buxoriyning achchiq gaplariga javoban: “Achchiq bo‘lsa-da, so‘zlaringda haqiqat bor. Lekin Temurga qarshi jim turmak qo‘limdan kelmaydir”, – tarzidagi iqroridan, Temurdan yengilib, unga asir tushgach, xatosini mardona tan olib aytgan gaplaridan bilish mumkin.
Dramatik asarda qahramon nutqi hal qiluvchi o‘rin tutadi. Negaki, muallifda na bayon qilish, na munosabat bildirish, na tasvirlash imkoni bo‘lib, faqat ko‘rsatishigina mumkin bo‘lgan ushbu adabiy turda nutq deyarli barcha badiiy tasviriy vazifalarni o‘z zimmasiga oladi. Monolog shakli bilan tomoshabinlarga, dialog va polilog tarzida sahnadosh sheriklarga murojaat qilish voqealar rivojining, dramatik xarakterlar ochilishining vositasi bo‘ladi. Shuning uchun ham dramada nutq alohida badiiy quvvatga egadir. Dramatik nutqqa doir yana bir jihat shundaki, sahna asarining tili, albatta, bir qadar ko‘tarinki, jarangdor, aniq eshitiladigan bo‘lishi lozim. Sahnadan turli masofada o‘tirgan tomoshabinlarga birday eshitilishi uchun qo‘llaniladigan so‘zlarning akustik jihatdan ham jarangdorligi talab etiladi. Ko‘pchilik dramatik qahramonlarning bir qadar sun’iyroq ko‘tarinki tilda so‘zlashining bosh sababi shunda. Drama qahramonlari quyuq tuyg‘ular, kuchli hissiyotlar bo‘roni og‘ushida yashab, ayovsiz to‘qnashuvlarni boshdan kechiradilar, otashin va jarangdor ovozda so‘zlashadilar, har qanday voqea-hodisaga kutilmagan keskinlik bilan munosabat bildirishga moyil bo‘ladilar.
Shu xususiyat “Amir Temur” asarida bosh vazir − Devonbegining qizi, sohibqironning xos jangchisining ayoli Olmos, uning raqibasi Olga, metinday mustahkam, o‘limni pisand qilmaydigan, ammo suluv Olga qoshida irodasidan mahrum bo‘ladigan hissiyotli oshiq, xotini shaddod Olmos oldida mas’uliyatli er bo‘lgan O‘rxon, xayolparast shoir Kirmoniy kabi personajlar nutqida ayricha bo‘rtib ko‘rinadi.
Jangu jadal, o‘limu qon to‘kishlarni oddiy bir kundalik yumush tarzida qabul etadigan O‘rxonning: “Biz turklar chodirlarda tug‘ilib, bepoyon sahrolarda, qonli janglarda halok bo‘lurmiz”, – shaklidagi iqrorida muallif dramatik nutq unsurlaridan mahorat bilan foydalangani ko‘rinadi. Asardagi har bir obraz o‘ziga xos qiyofaga ega qilib tasvirlangan. Hatto, butun drama davomida ikki o‘rindagina ko‘rinadigan, xo‘jasi O‘rxonga o‘ta sodiq, o‘limdan qo‘rqishni tasavvuriga ham keltirolmaydigan, xo‘jasining buyrug‘idan boshqa narsani tan olmaydigan kamo‘y Temirqoya ham, saroydagi ayollarni bir-biriga tezlab rohatlanadigan o‘shakchi Qoraqush ham, birgina sahnada ko‘rinadigan Temur o‘tovining ikki nafar qo‘riqchisi ham faqat o‘zlariga maxsus bo‘lgan tabiatga ega holda tasvirlanganki, bu dramaturgning tengsiz mahoratidan dalolat beradi.
Ijodiy umrining ilk davridayoq “Mening Tangrim go‘zallikdir, sevgidir”, – so‘zlarini ulgu qilib olgan Husayn Jovid “Amir Temur” dramasida ham o‘z kredosiga sodiq qolib, shoir Kirmoniy tilidan eskirmas bir haqiqatni bayon etadi: “Muhabbat! Muhabbat! Zotan, butun bashariyatni xalos etadigan yagona narsa muhabbatdir… Agar dunyoning shonli yurishlari, qonli urushlari oqibat-natijada bir muhabbat, bashariy bir muhabbat tug‘dirmasa… butun hayotga, butun koinotga nafratlar bo‘lsin!” Shu tarzda tiriklikning mazmun-mohiyatini go‘zallik va sevgida ko‘rgan yozuvchi dramada ayollar timsolini ishlashga alohida e’tibor berishi tabiiy edi. Garchi, umri savashlarda o‘tgan jahongir hayotini ko‘rsatishga bag‘ishlangan bo‘lsa-da, “Amir Temur” dramasida ayollar obrazi hal qiluvchi o‘rin tutadi. Dramada dastlab umr yo‘ldosh, ma’shuqa, ona, farzand bo‘libgina gavdalantirilgan ayollar bora-bora ziddiyatlarga to‘la ijtimoiy turmushning faol ishtirokchilari sifatida tasvirlanadi. Ammo har qanday holatda ham xotin-qizlar obrazi o‘z serqirraligi va betakrorligini yo‘qotmagan: ba’zilari jangari tabiatli, yovvoyi, isyonkor; ayrimlari muloyim, mehribon, kechirguvchi, keng fe’lli ayol sifatida tasvirlangan, ba’zisida birvarakayiga bir necha xil fe’l-atvor aralash namoyon bo‘ladi.
Dramada Temurning ayollarga hurmatu e’tibor bilan qarashi, ayni vaqtda siyosat ishlariga ularni aralashtiravermasligi ham katta mahorat bilan ko‘rsatilgan. Asarda Temurning rafiqasi Dilshod xonim xo‘jasini mayda-chuyda tashvishlar bilan bezovta qilmaslik, uni davlat ishlaridan chalg‘itmaslik ma’qulligini savqi tabiiysi bilan his etishi tasvirlanadi. Shu bois u bir ayol kabi Qoraqushning qutqulariga ishongani holda Olgaga nisbatan chora ko‘rishga oshiqmaydi. Chinakam aslzoda ayol sifatida o‘zini sohibqiron bilan rus go‘zali o‘rtasidagi munosabatdan bexabarday tuta biladi. Saroy intrigalarida tajriba orttirmagan tezob Olmos esa Qoraqushning kichik bir hiylasi bilan o‘zini o‘tga-cho‘qqa urib, dramadagi voqealar yo‘nalishiga faol ta’sir ko‘rsatgan obrazga aylanadi. Rashk o‘tida yonganidan qat’iyatli, shiddatli, tuyg‘ulari tizginsiz Olmos jahonni titratgan sohibqirondan cho‘chimay, unga: “Yo‘q, yo‘q! Sen bunday qilolmaysan! Ha, juda buyuksan, butun dunyoga hukmronlik qila olursan, biroq zinhor O‘rxonning qalbiga emas!” – deya oladi. Ayol erini jonidan ortiq ko‘rgani uchun o‘zining sevimli yor ekanini his qilmagani bois ko‘ngli yorishmaydi. Hayoti to‘kis bo‘lgani holda yolg‘iz qolgan, eng yaqin kishisi tomonidan tashlab ketilgan ayolning shijoati, tap tortmasligi tasviri kishini o‘ziga rom qiladi.
Asardagi Qoraqush obrazi ham kishini o‘ylatadi: uning aslzoda ayollar orasiga nifoq solishdan maqsadi nima edi? Uning O‘rxon yoki Temurdan qanday ilinji yoki Olga, Olmos yoxud Dilshod xonimda qanday xusumati bo‘lishi mumkin ediki, Temur saroyida fitna qo‘zg‘ashga jur’at topdi? Bu timsol alamzada ayol ichki dunyosining naqadar xunuk, qahrli bo‘lishini ko‘rsatishga xizmat qiladi. Qoraqush go‘yo odamlarda qolib ketgan haqi borday ulardan norozi va alamzada, atrofdagilarning asabiga tegib, biror zaif, og‘riqli nuqtasini bilib olib azoblashni, o‘zidan balandroq ayolni pastga tushirishga urinishni kasb qilib olgan kinchi kimsa sifatida ta’sirli tasvirlangan. Bular Qoraqush ichki dunyosidagi ma’naviy bo‘shliq, ezgulikka undaydigan a’molning yo‘qligi tufayli yuz beradi. Qoraqush Olganing mavqei o‘zinkidan pastroq bo‘lishi lozim deb hisoblaydi. Saltanat ustunlari bu sanamning atrofida parvona ekanligi esa unda hasad uyg‘otadi. Qoraqushning urinishlari oqibatida paydo bo‘lgan tarang vaziyat Temurning bosiq va sermulohazaligi tufayli o‘t olib ketmaydi. Bu hol sohibqironning Olga va Olmos bilan uchrashuvi tasvirida yaqqol ko‘rinadi:
Husayn Jovid dramasida ayollar adabiyot ahli necha ming yillardan buyon ko‘nikkan latofatli, nazokatli jihatlari bilangina namoyon bo‘lmaydi, balki juda dadil, jasur, qaytmas, makkor, maqsadi yo‘lida og‘ishmay harakatlanadigan shaxslar tarzida ko‘rsatiladi. Yozuvchi ayollar obrazini ortiqcha tarashlab, silliqlamay, ularning asl mohiyatini ko‘rsatishga intiladi. Olmos, Olga, Qoraqush obrazlari tabiatlaridan kelib chiqqan holda xilma-xil bo‘yoqlarda tasvirlangan. Ayolni ko‘klarga olib chiquvchi ham, tuban ketkazuvchi ham, qudrat baxsh etuvchi ham, ojizlashtiruvchi ham mehr va e’tibor ekanligi dramada ishonarli aks etgan. Temurning go‘yo O‘rxonni o‘ldirmoqchi ekanini eshitgan Olmosning holati asarda juda ishonarli berilgan.
Asarda Olmos, Dilshod xonim, Olga timsollari ayollarga xos mayda maishiy muammolar fonidan balandda tasvirlangan. Ularning intilishlari maishiy tirikchilik uchun bevosita kerak bo‘lmaydigan narsalarga qaratilgani ularning chinakam shaxslar ekanini ko‘rsatadi.
Odam − yaralishidan taqdirga bandi. Shuning uchun ham u banda ataladi. Taqdir ishiga aralashmoq, uni o‘zgartirmoq inson ixtiyoridagi yumush emas. Buni har bir Chiqish kishisi singari Husayn Jovid qahramonlari ham chuqur anglashadi. Ammo tabiatan faqat beshik tebratishga qobilday ko‘ringuvchi ayol olamni tebratishi, hech narsani da’vo qilmagani holda tarix o‘zanini burib yuborishi mumkinligi asarda juda ishonarli aks ettirilgan. Serb qirolining singlisi Melicha Yildirim Boyazid inqiroziga sabab bo‘lgani, Olganing O‘rxonni Amir Temur buyrug‘iga bo‘ysunmaslikka majbur qilgani, Olmosning raqibasiga xanjar bilan urg‘ochi arslonday tashlangani, Qoraqushning voqealar rivojiga ta’sir ko‘rsatgani kabi tasvirlar “Amir Temur” dramasida ayollar timsoli juda teran ishlanganidan dalolat beradi.
Ulkan san’atkorning teran nazari va sehrli qalami “Amir Temur” dramasida uzoq o‘tmishda yashab o‘tgan shaxsiyatlarni badiiy aurada jonlantirib, ularning buyukligini avlodlarga ko‘rsatib, ulardan saboq olishga undabgina qolmay, shunday bobolarning avlodlari yanada erkin yashashi, ular qadimiy sha’nlarigamunosib bo‘ladilar, degan ezgu qarashlari bilan ma’naviyatimizga xizmat qiladi.
Qozoqboy Yo‘ldosh, O‘zMU professori,
Muhayyo Yo‘ldosheva, O‘zMU dotsenti
“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 4-son