Har bir xalqning tili o‘ziga tegishli so‘zlar bilan birga boshqa tillardan o‘zlashgan so‘zlarga ham egadir. Lekin biz “o‘zlashma so‘z” deb ataydigan so‘zlar kelib chiqishi — etimologiyasi jihatidan o‘z tilimizdagi so‘z bo‘lib, boshqa tillarga o‘zlashgan.
Mana, bir misol. Mashhur tilshunos, german va turkiy tillar bilimdoni V.D.Arakinning (1904 — 1983) yozishicha, rus tiliga turkiy tillardan o‘tgan “dostakan” so‘zi “Igor jangnomasi” asarida qo‘llangan va “tostakan/tustugan” shaklida “suv ichiladigan yog‘och idish”ni ifodalagan. Keyincha bu so‘zdagi birinchi bo‘g‘in -do tushib qolib, u “stakan” shaklini olgan. Yana bir misol: shish — “pufak” so‘zi turkiy tillarning aksariyatida mavjud. Lekin XIV asrdan boshlab bu so‘z rus tilida “hech nima, hech narsa” ma’nosida “shish poluchish” iborasida qo‘llanib kelinmoqda.
Rus tilidagi ko‘pgina so‘zlar turkiy tillardan o‘zlashgan. Misol: kazna — turkiy “g‘azna”, arabcha “xazina”dan olingan. M.Fasmer tuzgan rus tilining etimologik lug‘atida bu so‘z turkcha xazna, qrim-tatar tilida xazna, deb berilgan. Kaznachey – kaznachы/kaznatsы – “g‘aznachi” ham shu so‘z asosida yaratilgan. Yoki rus tilida bash (“bosh”) so‘zi “boshqa” shaklida ham qo‘llanadi. Shu so‘z asosida “boshma bosh” – “bash na bash” so‘z birikmasi yasalgan. Slavyan tillarida, xususan, rus tilida surguch (“so‘rg‘ich” so‘zidan), ochag (“o‘choq” so‘zidan), taz (“tos” so‘zidan), injir (“anjir” so‘zidan), izyum (“uzum” so‘zidan), chalma (“salla” so‘zidan), kaurdak (“qovurdoq” so‘zidan), kurjun (“xurjun” so‘zidan), sharovar (“sharvar” so‘zidan), kamыsh (“qamish”so‘zidan), kirpich (“g‘isht” so‘zidan) kabi yuzlab so‘zlar qo‘llanib kelmoqda.
A.V.Mirtov tuzgan “Donskoy slovar”da don kazaklari shevalarida qo‘llanadigan turkizmlardan kaymak (“qaymoq”), chiganok (“chig‘anoq”), malik (“xo‘jayin”), kavun (qovun), balik (“baliq”; bu so‘zdan balыchnik – baliqchi so‘zi yasalgan), kurgan (“qal’a”) kabilar ko‘rsatilgan.
E.N. Shipova tuzgan “Slovar tyurkizmov v russkom yazыke” kitobiga besh mingga yaqin so‘z kiritilgan. Bu lug‘atda chak-chak, kayf, kinjal, kolbasa, kuraga kabi so‘zlar o‘zbek tilidan o‘zlashgan, deb ko‘rsatilgan. “Kuraga” so‘zi o‘zbek tilidan rus tiliga o‘zlashgani N.M.Shanskiy va boshqalar tuzgan “Etimologicheskiy slovar russkogo yazыka” kitobida ham tasdiqlangan.
Yarlik — “yarlыg” shaklida qadimiy uyg‘ur yodgorliklarida uchraydi, deb ko‘rsatadi S.E.Malov. Bu so‘z qadimgi mo‘g‘ul tilida “djarlik”, hozirgi mo‘g‘ul tilida “zarlыk” shakllarida uchraydi va rus tilida ko‘p qo‘llanadi. Baskak so‘zining o‘zagi “bas” deb ta’kidlaydi mashhur nemis tilshunosi G.Dyorfer. “Bas” asosiga -gak (kak) affiksi qo‘shilgan. “Baskak” so‘zini M.Fasmer o‘z lug‘atida chig‘atoycha muhrdor (muhr bosuvchi) ma’nosida qo‘llanishini yozgan. Mashhur turkiyshunos olim N.A.Baskakov o‘zining ism-sharifi turkiy so‘zdan olinganini faxrlanib aytardi.
Orda, o‘rda — “xon to‘xtaydigan joy”, “saroy” ma’nosini ifodalaydi. Bu so‘z rus tilidan tashqari mo‘g‘ul tilida “ord (on)” va buryat tilida “ordon” shakllarida uchraydi.
Alыy – “ola”, kaurыy/kourыy — “qo‘ng‘ir” so‘zlari asosida hosil bo‘lgan va ular rus hamda boshqa slavyan tillarida faol qo‘llanib kelmoqda. Bihi/behi aslida bigh o‘zagidan hosil bo‘lib, eramizdan avvalgi IV — VI asrlarda skif va sarmatlar tomonidan qo‘llangan. Keyincha “b” tovushi “p”ga o‘tgan, pigy shaklida turkiy tillarida qo‘llangan va fors tilida pihi — behiga aylangan.
Atoqli o‘zbek tilshunosi professor Ayub G‘ulomovning merosi qiziqarli g‘oya va ma’lumotlarga juda boydir. Uning “O‘zbek tilida —mon affiksi” nomli maqolasida -mon o‘zbek adabiy tilida maxsus so‘z yasovchi affiks ekani ko‘rsatilgan. Turk tilshunosi B.Atalay shu affiks haqidagi asarida uning qadimda “odam” ma’nosidagi mustaqil so‘z bo‘lgani va u “manjur (mandjur)” so‘zi tarkibida borligi, ingliz tilidagi man (men — ko‘plik shakli) — odam so‘zining bunga aloqasi borligini yozgan.
Bu fikrdan xabardor bo‘lgan professor Ayub G‘ulomov shunday savolni o‘rtaga tashlagan: “Bu fikrning N.Ya.Marrning ayrim asarlarida uchraydigan fantastik xarakterdagi etimologik yoritishlarga juda ham yaqinligi sezilib turadi: turkiy -man affiksi bilan inglizcha “man” so‘zining genetik aloqasi borligiga ishonib bo‘larmikin?”.
Taniqli o‘zbek tilshunosi professor Jamoliddin Bo‘ronov “Qadimiy ingliz tilida -man yarim suffiksi” mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasida “man” so‘zi boshqa so‘zlar tarkibida o‘z mustaqil ma’nosini biroz yo‘qotib, odam va odamlarning jinsini, kasbini ko‘rsatuvchi yarim suffiksga aylangan, deb yozadi: human (odam), woman/women (ayollar), salesman (erkak sotuvchi), saleswoman (ayol sotuvchi), fisherman (qassob) va hokazo. Jahon tillarida mustaqil so‘zlar affikslarga aylanishiga oid misollar ko‘p.
Professor Ayub G‘ulomov yuqoridagi savolida akademik N.Ya.Marrning barcha tillardagi so‘zlar to‘rt elementdan yuzaga kelgan, degan fantastik farazini nazarda tutgan. Albatta, bu noto‘g‘ri va noilmiy fikr. Lekin hozirgi davrda jahondagi barcha tillarni oltita oilaga birlashtiruvchi va ularni bir-biriga aloqador hisoblovchi tilshunoslik nazariyasi taxminicha man/men mon shaklida hind-evropa tillaridan, xususan, fors, tojik, dari, pushtu tillari orqali german tillaridan turkiy tillarga o‘zlashgan bo‘lishi mumkin.
Abduzuhur Abduazizov,
professor
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 26-sonidan olindi.