Umr va vaqt

Hayotni sevasanmi? Sevsang, vaqtni boy berma, chunki vaqtdan hayot degan mato yaraladi.
B. FRANKLIN

Tezkor vaqt, qaytib kelmaydigan vaqt insonning eng qimmatbaho boyligidir, binobarin, uni yelga sovurmoq borib turgan talon-torojlikdir.
S.MOEM

Odamzod hayoti tejalgan vaqtga qarab uzayadi.
F. KOLLIER

Vaqt bizning eng arzon va ayni vaqtda eng qimmatbaho mulkimizdir, chunki vaqt tufayli biz hamma narsaga erishamiz.
Ya. RAYNIS

Vaqt mavjud vositalarning eng qimmatlisidir.
TEOFRAST

Vaqt eng ulug‘vor novatordir.
F. BEKON

Qo‘limizdan keladigan barcha uddaburonliklar chidam va vaqtning aralashmasidan boshqa narsa emas.
O.BALZAK

Pul aziz, inson hayoti undan ham aziz, vaqt esa hamma narsadan azizdir.
A. V. SUVOROV

Modomiki vaqt eng qimmatbaho mulk ekan, unda vaqtni talon-toroj qilish eng og‘ir gunohdir.
B. FRANKLIN

Inson boshiga tushishi mumkin bo‘lgan eng og‘ir yo‘qotish vaqtni boy berishdir.
TEOFRAST

Zoye ketgan har bir diqiqa boy berilgan ish, boy berilgan foydadir.
F. ChESTERFILD

Eng og‘ir yo‘qotishlardan biri — vaqtni yo‘qotish.
J. BUFFON

Soatlarning har bir daqiqasini ham qadrla.
B. FRANKLIN

Odam tabiatan qiziq yaratilgan — boyligini yo‘qotsa xafa bo‘ladiyu umri zoye ketayotganiga esa parvo qilmaydi.
ABUL FAROJ

O‘z vaqtining loaqal bir soatini behudaga o‘tkazmoqchi bo‘lgan kishini hayotning butun qadr-qimmatini hali tushunib yetish darajasiga bormagan desa bo‘ladi.
Ch. DARVIN

Ayniqsa vaqtni boy berish bilimdon odam uchun qimmatga tushadi.
I. GYoTE

Vaqtini boy berayotganida xunob bo‘ladigan odam eng dono odamdir.
DANTE

Arzimagan va befoyda narsalarga keragidan ortiqcha vaqt sarflash dono odam uchun nihoyatda og‘irdir va bu uni mislsiz tashvishga soladi.
AFLOTUN

Vaqt — aqliy mehnat kishisining sarmoyasi.
O. BALZAK

Vaqt qobiliyatlarni o‘stirish uchun zarur bo‘lgan kenglikdir…
K. MARKS

Vaqt aqlliroq, yaxshiroq, yetukroq va mukammalroq bo‘lib yetishishimiz uchun bizga in’om etilgan qimmatbaho sovg‘adir.
T. MANN

Vaqt — ulug‘ murabbiy.
E. BERK

Vaqtning qadriga yetmagan kishiga shon-sharaf nasib bo‘lmaydi.
L. VOVENARG

Har bir kunni o‘lcha, sarflagan har bir daqiqangni hisobga ol! Faqat vaqt masalasidagina xasislik qilish mumkin.
T. MANN

Uzing va o‘zgalarniig vaqtini tejay bilmaslik — o‘taketgan madaniyatsizlikdir.
N. K. KRUPSKAYa

Biz uchun vaqtni tejash besh qo‘lday aniq narsadir.
F. E. DZERJINSKIY

Har qanday tejamkorlik oxir-oqibatda vaqtni tejashdan iboratdir.
K. MARKS

Vaqtni oqilona taqsimlash — ish poydevori.
Ya. KOMENSKIY

Tuban niyatlarni oliy niyatlarga qurbon qila borar ekansan, ma’lum vaqt uchun, yil uchun, oy uchun, hafta uchun, kun va soatlar, lahzalar uchun, bus-butun hayot uchun maqsading bo‘lsin.
L. N. TOLSTOY

O‘z iste’dodlari bilan dong taratgan kishilar vaqtlarini o‘zlari va avlodlariga hurmat keltiradigan qilib sarflashlari kerak. Agar avlodlarga hech narsa qoldirmasak, ular biz haqimizda nima deb o‘ylashlari mumkin.
D. DIDRO

O‘z vaqtini qo‘lida mahkam ushlagan odamgina rasmana buyukdir.
GESIOD

Kimki bo‘sh vaqtini oqilona o‘tkaza olsa, shaxsiy madaniyati oliy darajadagi kishidir.
B. RASSEL

Vaqt orom nimaligini bilmaydigan nihoyasiz harakatdir — uni boshqacha tushunish mumkin emas.
L. N. TOLSTOY

Vaqt va suv toshqini hech qachon kutib turmaydi.
V. SKOTT

Vaqt hamma narsaga o‘z ta’sirini o‘tkazadi; yillarning poyonsiz halqasi nomni ham, qiyofani ham, fe’l-avtorni, hatto taqdirni ham o‘zgartira oladi.
AFLOTUN

O‘rtamiyona odam vaqtni tez o‘tkazish payida bo‘ladi, iste’dod sohibi esa undan foydalanib qolishga urinadi.
A. ShOPENGAUER

Vaqtni boy berish boqiylikka zarar keltirishdan boshqa narsa emas!
G. TORO

Vaqtni boy berish o‘z-o‘zini qatl etish bilan barobar.
J. PEKK

Biror kun ham o‘z niyatingdan og‘ishma, vaqtni uzaytirishning vositasi shudir, boz ustiga, garchand undan foydalanish mushkul bo‘lsa-da, juda to‘g‘ri vosita ham shudir.
G. LIXTENBERG

Har doim vaqtim yo‘q deguvchilar aslida hech narsa qilmaydilar.
G. LIXTENBERG

O‘z vaqtidan oqilona foydalana olmaydigan odam hammadan burun vaqt yetmasligidan noliydi: u kunlarni kiyinishga, ovqatlanishga, uxlashga, oldi-qochdi gaplarga, nima qilish kerak, degan xayollarga, hech nima qilmaslikka sarflaydi.
J. LABRUER

Agar yaxshi tasarruf qilinsa, hamisha yetarlicha vaqt topish mumkin.
I. GYoTE

Biron ish bilan mashg‘ul bo‘lmagan onimni sira tasavvur etolmaydi.
F. M. DOSTOEVSKIY

Dam olishga ham vaqtim qolsin desang, vaqtni behuda o‘tkazma.
B. FRANKLIN

Vaqting kam bo‘lishini istasang, hech nima qilma.
A. P. ChEXOV

Vaqtdan oqilona foydalanish uning qimmatini yanada oshiradi.
J.J. RUSSO

Behuda o‘tkazilgan vaqt to‘g‘risida armon qiladigan kishilarga qolgan vaqtdan oqilona foydalanish ham muyassar bo‘lmaydi.
J. LABRUER

Inson xarakteri hammadan ham ko‘proq unga qay tarzda dam olish ma’qul va o‘ng‘ay ekanligi bilan belgilanadi.
N. G. ChERNIShEVSKIY

Men hamisha bo‘sh paytimda ko‘proq band bo‘laman.
SISERON

Qarta o‘yini aqliy inqirozning yaqqol nishonasidir. Odamlar fikr almashishga qurblari yetmasa, qarta tashlashadi.
A. ShOPENGAUER

Kollektsiya yig‘ishga ishqibozlik — aqldan ozishning birinchi bosqichi.
O.BALZAK

Baliq oviga qiziqish mansabdorlarga idora xizmatini eslatadi.
O.BALZAK

Ayni vaqtini bilish — vaqtni avaylash demakdir, vaqtida qilinmagan ish esa behuda qilingan ishdir.
F. BEKON

Hech bir ishni ertaga qo‘yma — vaqtning qadriga yetadiganlarning ustunligi ham, siri ham shunda.
E. LABULE

Hech bir ishni orqaga surma, chunki u ish sendan keyin osonlashib qolmaydi.
JAN POL

Bugungi bir soat ertangi ikki soatga aylanadi.
T. FULLER

Bittagina bugun ikkita ertaga arziydi.
B. FRANKLIN

«Ertaga» «bugun»ning zo‘r dushmanidir; «ertaga» bizni bor-budimizdan ayiradi, faolsizlikda ushlab, oxir-oqibat notavon qiladi.
E. LABULE

«Ertaga» so‘zi qat’iyatsiz kishilar va bolalar uchun o‘ylab topilgan.
I. S. TURGENEV

Muddatni cho‘zish vaqtni o‘g‘irlash demakdir.
E. YuNG

Tezkorlik kerak, shoshqaloqlik esa zarar.
A. V. SUVOROV

Agar sen shoshmasang, hamma narsani aniq va ravshan ko‘rasan, kishi shoshqaloqlikda ko‘r-ko‘rona va shuursiz harakat qiladi.
TIT LIVIY

O‘ylab ol ishingni va olisga boq.
O‘ylab ul ishingni, keyinga surma.
A. ShUKUR

Bu kungi yumushni ertaga qo‘ymoq margub emas,
Tongla ne hol ro‘y berurin kajraftor aytib bermas.
FIRDAVSIY

Ulug‘ yo‘l kutayotgan bo‘lsa, sustkashlik jinoyatdir.
Sh. RUSTAVELI

Hadeb o‘ylayvergan odam hamisha ham to‘g‘ri qarorga kelavermaydi.
I. GYoTE

Hayotdagi muhim ishlarga har doim shunday shoshilish kerakki, go‘yo bir daqiqa boy berilsa, hamma narsa barbod bo‘ladiganday tuyulsin.
V. G. BELINSKIY

Ba’zan osoyishta vaqtlarda foydali ko‘ringan sustkashlik sinov soatlarida halokatli bo‘lishi ham mumkin.
A. LAMARTIN

Sustakashlik oson ishni ham mushkillashtiradi, qiyin ishni esa chorasiz bir ahvolga olib keladi.
J. LORIMER

Sustkash odamning umri omadsizlik bilan olishuvga ketadi.
GESIOD

Ba’zan sustkashlik o‘limga teng bo‘ladi.
M.V.LOMONOSOV