Hindiston milliy ozodlik harakatining rahnamolaridan biri Mohandas Karamchand (Mahatma) Gandi 1869 yil 2 oktyabrda Gujarat knyazligining Porbandar shahrida tug‘ilgan. Angliyada yuridik ta’lim olgach, 1893 yilgacha Bombeyda (hozirgi Mumbayda) advokatlik qiladi, 1893 — 1914-yillarda Janubiy Afrikada Gujarat savdo firmasining yuriskonsulti vazifasida ishlaydi.
1915 yilda Hindistonga qaytib, Hindiston milliy kongressi (HMK) partiyasi bilan yaqinlashadi, 1921 yildan partiyaga rahbarlik qiladi, biroq ozodlik kurashini olib borish usullari borasida HMKning boshqa yetakchilari bilan kelisholmasdan 1934 yilda partiyani tark etadi. 1948 yil 30 yanvarda Dehlidagi ibodat marosimida mutaassib hind tomonidan o‘ldirilgan.
1916 yil 4 fevralda Banorasdagi Hind universitetining ochilish marosimida so‘zlangan ushbu nutq Gandining hindlar o‘z taqdiri va o‘z yurtining egasi bo‘lishi kerak degan printsipini aks ettiradi.
Mahatma Gandi tomonidan yaratilgan kuch ishlatmasdan kurashish falsafasi — satyagraha (sanskritcha «haqiqatga intilish» degani) Hindistonni mustamlakachilar zulmidan ozod qilishda ulkan rol o‘ynabgina qolmay, butun dunyoda inson huquqlari uchun kurashga juda katta ta’sir ko‘rsatdi.
Ushbu falsafa zamirida kuch ishlatishdan tiyilish va jabr-zulmni sabr bilan yengish yo‘li bilan dushmanning vijdonini uyg‘otishga intilish yotadi.
* * *
1916 yil 4 fevralda, Banoras shahridagi Hind universitetining ochilish marosimida so‘zlangan nutq
…Shu muqaddas shaharda, ushbu yirik universitet qoshida bu oqshom o‘z millatdoshlarimga chet tilida murojaat qilishga majbur bo‘lganim hammamiz uchun ham haqoratli bir holdir.
…Dekabr oyida men kongressning sessiyalarida qatnashdim. Zalda bu yerdagidan ham ko‘p odam bor edi, sizga faqat hind tilida so‘zlangan nutqlargina ularning qalbini junbushga keltirdi desam ishonasizmi? Hamma hindchani biladigan Banorasda emas, Bombeyda (hozirgi Mumbay shahri 1995 yilgacha Bombey deb atalgan) shunday bo‘lgan edi.
Ammo hind tili va Bombey prezidentligi shevalari o‘rtasida hind va ingliz tillari o‘rtasidagichalik katta farq yo‘q, shu bois kongress majlislarida kim hind tilida gapirgan bo‘lsa ishtirokchilar uni to‘liq tushunishdi. Universitet bu yerga keluvchi yoshlarga ularning o‘z ona tilida bilim berish choralarini ko‘radi deb umid qilaman.
Tilimizda o‘zimiz aks etamiz, shunday ekan, agar siz nozik fikrlarni aniq ifodalash uchun tilimiz nihoyatda kambag‘allik qiladi deydigan bo‘lsangiz, ochig‘ini ayting: bundan ko‘ra hammamiz bitta qolmay qirilib ketganimiz yaxshi emasmi?
Oramizda ingliz tili Hindistonning milliy tili bo‘lishini xohlaydigan biron kishi bormi? Xalqimizga bunday qiyinchilikning nima keragi bor? Bir on bo‘lsa ham o‘ylab ko‘ring, bizning yoshlarimiz bilan ingliz yoshlarining sharoiti barobarmi?
…Bizni uddaburon emassizlar deb ayblashadi. Umrimizning qimmatli yillarini yot tilni o‘rganishga sarflashga majbur bo‘lganimizdan keyin qanday uddaburon bo‘laylik?
…Biz faqat inglizcha ta’lim olamiz. Albatta, buning ta’siri sezilib turadi. Tasavvur qiling, oxirgi ellik yil mobaynida biz o‘z ona tilimizda ta’lim olganimizda nimalarga erishgan bo‘lur edik?
Bugun ozod Hindistonda yashayotgan bo‘lur edik, odamlar ma’rifatli bo‘lur edi, ammo o‘z uyidagi begonalardek ko‘rinmas, aytgan gaplari ham xalqning yuragiga yetib borar edi.
Ular kambag‘alu qashshoqlarning orasida mehnat qilgan bo‘lur edi va ushbu ellik yil ichida ular erishgan hamma narsa millat boyligiga aylanar edi. Biroq hozir hatto ahli ayollarimiz ham bizning eng yaxshi, ilg‘or g‘oyalarimizni tushunishdan ojizdirlar…
…Men umumiy ahvoldan gapirdim, modomiki kaminaga ehtirom ko‘rsatib sizga murojaat qilish imkonini bergan ekansiz, to‘g‘risini aytaman. Albatta, biz avtonomiya talab qilishimiz va shu asnoda ushbu masalalarni yaxshilab tushunib olishimiz kerak.
Sizga boshqa bir holatni aytib beray. Bizning kechagi munozaramizga rahbarlik qilgan maxaraja janobi oliylari hind xalqining qashshoqligi haqida gapirdi. Boshqa notiqlar ham shuni ta’kidlashdi. Lekin vitse-qirol universitetning tamal toshini qo‘ygan pandalda (pandal — hindcha ulkan chodir, bostirma) biz nimaning guvohi bo‘ldik?
Shubhasiz, ajoyib tomosha bo‘ldi: dabdabali ziyofat, naq parijlik eng yaxshi zargar shaxsan o‘zi kelib ko‘rishi kerak bo‘lgan taqinchoqlar ko‘rgazmasi deysiz. Azizlar, men bashang kiyingan oqsuyaklar va millionlab qashshoqlarni solishtirayapmanu zodagonlarga qarata: «Siz vatandoshlaringizning ahvolini o‘nglash uchun o‘z taqinchoqlaringizni yulib olib ularga bermaguningizcha Hindiston balolardan xalos bo‘lolmaydi», — degim keladi.
Bir narsaga aminman, qirolga ham, lord Hardingga (Charlz Harding 1910 yil 23 noyabrdan 1916 yil 4 aprelgacha Hindiston general-gubernatori bo‘lgan) ham ul zotlarga bo‘lgan benihoya hurmatimizni ko‘rsatish uchun boshdan oyoq qimmatbaho taqinchoqlarga burkanishimizning hech keragi yo‘q. Sizga shaxsan qirol Georgning (Georg beshinchi 1910 yil 6 maydan 1936 yil 20 yanvargacha hozirgi Buyukbritaniya va Shimoliy Irlandiya birlashgan qirolligi qiroli bo‘lgan. 1922 yil 6 dekabrgacha bu davlat Buyukbritaniya va Irlandiya birlashgan qirolligi deb atalgan) fikrini yetkazib qo‘ymoqchiman: unga bunday izhori sadoqat kerak emas.
Katta hind shaharlaridan birida — Britaniya Hindistonidami yo bizning oqsuyak dohiylarimiz boshqaradigan Hindistondami, farqi yo‘q — ulkan saroy qurilayotganini eshitsam menga alam qilib ketadi va «Dehqonlar mehnati bilan topilgan pullar mana nimalarga sarflanayotgan ekan» deb o‘yga tolaman.
Mamlakatimiz aholisining to‘rtdan uch qismidan ko‘prog‘i dehqonlar axir, ushbu zahmatkashlar haqida janob Xigginbotam kechagina o‘z ona tilida «bir boshoq o‘rniga ikki boshoq yetishtiradigan odamlar bular» degan edi.
Agar biz dehqonlarni ko‘kartirmasak, topgan-tutganining deyarli barchasini olib qo‘ysak yoki kimlardir tortib olishiga indamay qarab tursak, qalbimizda mustaqillik ruhidan asar ham qolmagani shu emasmi? Dehqonlar bizning najotkorlarimizdir. Najotni bizga yuristlar ham, vrachlar ham, boy zamindorlar ham berolmaydi.
Hasan Karvonli tarjimasi