Xitoylik faylasuf Lao tszi Chu podshohligining fuqarosi bo‘lib, asl ismi Li Er edi. Lao tszi «ustoz Lao» degan ma’noni anglatadi. Lao esa laqab bo‘lib, «qariya» deganidir.
Lao tszi Chjou saroyida arxiv xodimi bo‘lib xizmat qilgan. Konfutsiy bilan uchrashgan. Lao tszi Chjou saltanatining inqirozga yuz tutganini ko‘rib, «iste’foga» chiqadi va tarki dunyo qilib, g‘arbga qarab yo‘l oladi. Chegaraga yetib kelganda chegara boshlig‘i undan o‘z vataniga nimadir qoldirib ketishni so‘raydi. Li Er chegara boshlig‘iga 5000 belgidan iborat qo‘lyozmani topshiradi. Bu tarixda «Daodetszin» («Ezgulik yo‘li yoki Kuch va harakat haqidagi kitob») nomi bilan mashhur kitob edi. Bu kitobda Dao ta’limotining mohiyati haqida so‘z boradi. Dao iyeroglifi ikki qism: «Shou» — bosh va «Szou» — bormoq degan so‘zdan iborat. Bu «odamlar yuradigan yo‘l», degan ma’noni bildiradi. Hozirga kelib «Dao» qonuniyat, qonun degan ko‘chma ma’noni anglatadi.
* * *
Dao zamin va osmonning ildizidir. Dao hamma narsaning onasi, olamning asosidir.
* * *
Daoning na siyrati, na ovozi, na shakli bor. Unga qaraysan, ammo ko‘rmaysan. Quloq tutasan-u, eshitmaysan. Quvlaysan-u, tutolmaysan.
* * *
Osmon ostidagi hamma narsa omonatdir.
* * *
Mustahkam va kuchli narsalar o‘lim xizmatkorlaridir.
* * *
Oh, baxtsizlik! U baxtning tayanchidir. Oh, baxtiyorlik! Unda baxtsizlik yashirin.
* * *
Buyuk ishlar, albatta, mayda ishlardan boshlanadi.
* * *
Mo‘rt va ojiz narsalar mustahkam va kuchli narsalar ustidan g‘alaba qozonadi. Yer yuzida suvdan yumshoqroq va zaifroq hech narsa yo‘q. Ammo u mustahkam va kuchli narsalarga hujum qiladi. Hech qanday kuch uni yengolmaydi.
* * *
Bilguvchi so‘zlamaydi, so‘zlaguvchi bilmaydi.
* * *
Nafratga yaxshilik bilan javob qaytarmoq kerak.
* * *
G‘animni to‘g‘ri baholay bilmaslikdan ko‘ra og‘irroq kulfat yo‘q.
* * *
Meni qancha kam bilsalar, shuncha qadrliman. Shy tufayli donolikda komil odamlar qalin, dag‘al liboslarga burkanib, qo‘ynida yashma toshni yashirgan odamga o‘xshaydilar.
* * *
Odamlar ortingdan ergashishini istasang, ularning ortidan yur.
* * *
O‘z xohish-istaklarining chegarasini bilmaslikdan ortiq baxtsizlik bo‘lmaydi.
* * *
Fikrlaringizga ehtiyot bo‘ling — ular qilmishlaringiz ibtidosidir.
* * *
Buyuk to‘g‘rilik egrilikka, buyuk zakovat ahmoqlikka o‘xshaydi.
* * *
Odamlar go‘zallikni anglagan ondan boshlab xunuklik paydo bo‘ladi.
Bani bashar ezgulik neligini anglagan lahzalarda esa yovuzlik ham mavjudligini tushundi. Demak, borlik yo‘qlikni, mushkulot yengillikni yuzaga keltiradi. Yuksaklik va tubanlik bir-biriga qayishadi, uzunlik va qisqalik birini-biri to‘ldiradi. Tovushlar o‘zaro qo‘shilib uyg‘unlikni hosil qiladi. O‘tmish va kelajak o‘zaro o‘rin almashadi. Shu bois dono odam faoliyatsizlikni afzal ko‘rib, sukutda mutolaa bilan mashg‘ul bo‘ladi.
* * *
Inson ilk bor dunyo yuzini ko‘rganda — nozik va zaif, o‘limi oldidan esa sabotli va kuchlidir. Barcha tirik mavjudotlar va o‘simliklar mavjudlikning ilk pallasida nozik va zaif, o‘lim lahzalarida esa quruq va chirkindir. Demak, bardoshlilik va kuchlilik o‘lim nishonasi, noziklik va nimjonlik esa hayot belgisidir. Shu bois qudratli qo‘shin zafar qucholmaydi va baquvvat daraxt nobud bo‘ladi. Demak, noziklik va zaiflik doim kuch-quvvatdan ustundir
* * *
Buyuk donishmandlar hukmronlik qilgan yurtda fuqarolar ularning borligini sezishmaydi. Qayerdaki buyuk bo‘lmagan donishmandlar hokim bo‘lsa, omma ularga qattiq bog‘langan bo‘ladi va ularni sharaflaydi. Qayerdaki pastroq donishmandlar hukumronlik qilishsa, xalq ulardan qo‘rqadi. Yanada zaifroq donishlar hokim bo‘lgan joyda esa xalq ulardan hazar qiladi.