Yunon donishmandi Buqrot Kichik Osiyodagi Efes shahrida tug‘ildi. U podshoh xonadoniga mansub bo‘lib, akasining foydasiga shohlik martabasidan voz kechgan.
U «kosmos» so‘zini birinchi bo‘lib qo‘llagan yunon faylasufi edi. («Kosmos» so‘zi «tartib» degan ma’noni anglatadi. Bu so‘z dastlab davlat tizimi va hatto ayollarni «tartib»ga keltiruvchi pardoz-andoz anjomlariga nisbatan ham qo‘llanilgan. «Kosmetika» so‘zi shundan kelib chiqqan).
Buqrot janjalkashligi tufayli vatandoshlari bilan chiqishmagan. U tarki dunyo qilib, umrining oxirini tog‘u toshlarda o‘tkazgan. Bizgacha uning «Tabiat haqida»gi dostonidan 130 ta parcha yetib kelgan.
* * *
Hamma narsa o‘tkinchi va o‘zgaruvchandir. Buqrotning bu fikrida Pittakning: «Yaxshi inson bo‘lish mushkuldir», degan aqidasi o‘z ifodasini topgan. Olimlarning aytishicha: «Hamma narsa o‘tkinchi va o‘zgaruvchan» iborasida asosiy urg‘u «hamma narsa» so‘ziga berilishi lozim. Zero «o‘tkinchi» so‘zi hamma narsaga, butun borliqqa xos sifatdir. Buqrot o‘zining bu fikri orqali: «Borliq harakatsiz va sokin emas, aksincha, u o‘zining bo‘laklarga ajralishi bilan bir butunlikni tashkil etadi va o‘zgaruvchanligi bilan doimiydir», qabilidagi fikrni ilgari surmoqchi bo‘lgan, deb taxmin qiladilar.
Ba’zi manbalarga ko‘ra, Buqrot bu iborani «Hamma narsa ilgarilama harakat qiladi» tarzida ifoda etgan ekan.
* * *
Donishmandlik, — deydi Buqrot, — haqiqatni so‘zlamoq va tabiatga quloq tutib, unga bo‘ysunmoqlikdan iboratdir.
* * *
O‘zini anglash va fikrlash hamma odamlarga xosdir.
* * *
G‘azab bilan kurashish mushkul: uning istaklari uchun hayoting qurbon bo‘ladi. Lazzat bilan kurashish esa undan ham qiyin.
* * *
Tabiat yasharishni sevadi.
* * *
Ko‘z quloqqa nisbatan ishonchliroq guvohdir.
* * *
Toki biz tirik ekanmiz, ruhimiz o‘likdir. O‘lganimizdan keyin ular tiriladi.
* * *
Agar so‘qir kishidan «ko‘rish nima?» deb so‘raganlarida u, «so‘qirlik» deb javob qaytargan bo‘lardi.
* * *
Falsafa bilan shug‘ullanuvchilar ko‘p narsalardan yaxshi xabardor bo‘lishlari kerak.
* * *
Buqrot doimo: «Tashrifda o‘rin almashish, o‘zgarishda doimiylik, yangilanishda bir xillik, paydo bo‘lishda me’yor, ikkiga bo‘linishda birlik, o‘tkinchilikda mangulik zohirdir», — deya ta’kidlagan.
* * *
Oltin tovarlarga, tovarlar oltinga almashtirilganidek, hamma narsa olovga, olov esa hamma narsaga almashtiriladi.
* * *
m.a. V asrning ikkinchi yarmida yashab o‘tgan yunon faylasufi Kratil shunday degandi:
«Buqrot aytganidek, oqayotgan suvga ikki marta emas, hatto bir marta ham sho‘ng‘ib bo‘lmaydi. Chunki nima haqda gapirmaylik, biz tugal fikr aytib ulgurmasimizdan uzluksiz o‘tkinchilik qonuniga bo‘ysunuvchi har qanday voqelikning mohiyati o‘zgarib ketadi».