Italiyalik qomusiy olim: riyoziyotchi, falakiyotshunos, faylasuf, tabiiyotshunos alloma Galileo Galiley Piza shahrida dunyoga keldi.
U obro‘li, biroq kambag‘allashgan aslzoda oilaga mansub edi. Otasi Galileyning hakim bo‘lishini orzu qilardi. Shu bois u Piza dorilfununining tibbiyot kulliyotiga o‘qishga kirdi. Lekin Galileydagi riyoziyotga bo‘lgan qiziqish ustunlik qildi.
Galiley avval ibodatxona maktabida, keyin dorilfununda o‘qidi. U Arximedni o‘ziga ustoz deb bilgan.
1589 yilda Galiley Piza dorilfununida professor ilmiy unvonini oldi. U dorilfununda dars berish bilan bir vaqtda mexanika va falakiyotshunoslikka oid qator tadqiqot ishlarini olib borib, jismlarning tushishi, ularning qiyalik sirtdagi harakati qonunlarini o‘rgandi. Shuningdek, osmon jismlarining harakatini kuzatdi.
Galileo Galiley o‘z tadqiqotlariga tayangan holda Arastuning Koinot tuzilishi va mexanik holatiga doir ta’limoti xato ekanini ma’lum qildi. Dorilfunun o‘qituvchilari va din peshvolari uning bu fikriga qarshi chiqishdi. Oqibatda olim Pizani tark etishga majbur bo‘ldi.
Galiley 1592-1610 yillarda Paduan dorilfununining riyoziyot kafedrasida ishladi.
Olim 1609 yilda teleskopni ixtiro qildi. Bu ilk teleskop orqali osmon jismlarini 30 baravar kattalikda ko‘rish mumkin edi.
Olim 1610 yildan Florentsiya gertsogi saroyida xizmat qila boshladi.
Galiley Oydagi kraterlar va tog‘ tizmalarini aniqladi. Mushtariyning yo‘ldoshi, Quyoshdagi dog‘lar, Zuhra sayyorasi fazalari, Zuhalning halqalarini kashf etdi.
1633 yilda ruhoniylar Galileyning «Olamning ikki tizimi haqidagi suhbatlar» nomli asarini muhokama qilib, unda ilgari surilgan ilmiy fikrlarni (Erning Quyosh atrofida aylanishi, Quyoshning esa tinch turishi) rad etdilar. Rim papasi Galiley ustidan sud olib borish to‘g‘risida ko‘rsatma berdi. Yoshi 70 ni qoralab qolgan xasta Galileyni Rimga keltirib, zo‘rlik bilan sayyoralar olamiga oid fikrlaridan voz kechishga majbur qiladilar.
Sud tugagandan keyin Galiley Florentsiyaga qaytadi va reaktsion ruhoniylarning ta’qibiga qaramay, ilmiy tadqiqotlarini davom ettiradi.
Olim 1642 yili shogirdlari Viviani va Torricheli qo‘lida jon beradi. Katolik cherkovi 1971 yilga kelibgina Galiley ustidan chiqarilgan ayblov hukmini bekor qildi.
* * *
Koinotning chegarasi bor-yo‘qligi masalasi hanuzgacha yechilmay qolayapti. Menimcha, insoniyat hech qachon buning tagiga yetolmaydi.
* * *
Men katta masalalar xususida uzoq bahslashib, hech narsaga erisholmagandan ko‘ra, arzimas narsalarga oid kichik bir haqiqatni kashf etishni afzal ko‘raman.