Frensis Bekon (Lord Verulamskiy) (1561-1626)

Ingliz faylasufi Frensis Bekon 1561 yilning 21 yanvarida Londonda tug‘ildi. U Angliyaning siyosiy hayotida ko‘zga ko‘rinarli o‘rin egallagan dvoryan oilasiga mansub bo‘lib, otasi Nikolas Bekon qirolicha Yelizavetaning birinchi vaziri va muhrdori edi.

 

Bekonning onasi – Anna Kuk qirol Eduard VI ning tarbiyachisi bo‘lib xizmat qilgan.

 

1573 yilning bahorida 12 yoshli Bekonni Kembrijdagi Triniti kollejiga tahsil olish uchun jo‘natadilar.

 

Frensis Bekon 16 yoshdan boshlab ingliz diplomatlari tarkibida bir necha yil Farangistonda xizmat qiladi. U yerda Farangiston madaniyati, ilm-fanining taniqli namoyandalari bilan tanishadi.

 

Bekon 18 yoshida otasidan ayriladi. 23 yoshida qirolicha Yelizavetaning nufuzli a’yonlaridan sanalgan amakisi lord Berli ko‘magida mamlakat parlamentiga saylanadi.

 

F.Bekon Angliyaga qaytgach, huquq ilmini o‘rganishga kirishadi.

 

U huquqshunoslik uyushmasining rahbari lavozimiga tayinlanadi. Bekon keng miqyosdagi sud amaliyotlarini olib boradi va huquqshunoslik masalalariga doir asarlar yozadi. Bekonning sud jarayonidagi yuksak mahorati hamda sud hakamlari yig‘ilishidagi so‘zamolligi va aql-farosati barchani hayratga solgan. Hech kim uningchalik aniq, qisqa, zalvorli, ayni damda o‘ta ma’nodor gapirolmagan. U so‘zlayotganda tinglovchilar har bir so‘zni jon quloqlari bilan tinglab, kiprik qoqmay o‘tirishgan.

 

Bekon 52 yoshida Angliyaning bosh prokurori etib saylanadi.

 

1617 yildan esa qirol Yakov I ning muhrdori bo‘lib xizmat qiladi. Keyinroq lord-kantslerlik martabasiga ko‘tariladi.

 

1621 yilda Bekon parlament tomonidan fitnachilik va poraxo‘rlikda ayblanib sud qilinadi. Sud Bekonga 40 ming funt-sterling jarima solish va Tauer qal’asiga bandi etish haqida hukm chiqaradi. To‘g‘ri, ikki kundan so‘ng bu hukmning ayrim bandlari bekor qilingan bo‘lsa-da, ammo Bekonning davlat arbobi sifatidagi faoliyati butkul barham topadi. Lordlar palatasining hukmiga muvofiq u qirol saroyiga yaqinlashmaslik va 12 mil uzoqlikda yashashga mahkum etiladi.

 

Faylasuf hayotining so‘nggi yillarini betoblik va qashshoqlikda o‘tkazadi. 1626 yilning bahorida u tovuq go‘shti qor ostida qanday saqlanishini sinab ko‘rish uchun uni qo‘llari bilan qorga ko‘madi va shu bahona bo‘lib, qattiq shamollaydi. Bir necha hafta xastalanib yotgach, vafot etadi.

* * *

Yuzaki faylasuflik inson aqlini xudosizlik sari yetaklaydi. Falsafani chuqur o‘rganish esa odamlar idrokini dinga yo‘naltiradi.

* * *

Men odamlarni ilm-fanning asl maqsadini yodda saqlashga chaqiraman. Toki ular ilm-fan bilan o‘z mansablari, ilmiy bahslar, o‘zgalarni mensimaslik, shon-shuhrat, shaxsiy manfaatlari yoki boshqa tuban maqsadlar uchun emas, balki bu bilimlardan hayotga foyda va manfaat yetishi uchun shug‘ullansinlar.

* * *

Xudoni inkor etuvchi odam inson zotidagi ezgulikni ham inkor etadi.

* * *

Garchi biz yerda yashab, samoga ko‘z tiksak-da, ruhimiz jism qo‘rg‘oniga bandidir. Shu bois bandi ruh hisobsiz aldamchi va yolg‘on timsollarni qabul qilishga mahkum.

* * *

Empiriklar (hissiy idrokni, tajribani bilimning birdan-bir manbai deb biladigan falsafiy ta’limot namoyandalari) chumoliga o‘xshab faqat manba to‘plash bilan ovora bo‘ladilar va shu to‘plamlardan foydalanadilar. Aqidaparastlarning (mohiyati tekshirilmay-netmay qabul qilinaveradigan qoidalarga ko‘r-ko‘rona ishonuvchilarning) harakati esa o‘rgimchakni eslatadi. Ular o‘zlari uchun to‘r yasaydilar. Asalari esa boshqacha yo‘l tanlaydi. U bog‘ va dalalardagi gullardan bol yig‘adi. To‘plagan bolini u uquvi va maqsadiga moslab qayta ishlaydi. Haqiqiy falsafaning mohiyati ham shunday bo‘lmog‘i darkor.

* * *

Tabiatni faqat uning qonunlariga bo‘ysunish yo‘li bilangina yengish mumkin.

* * *

Bir narsaning asl mohiyatini bilish uning sababini bilish demakdir.

* * *

Inson – tabiatning xizmatkori va sharhlovchisi.

* * *

Moddiyat tinim bilmaydi, u mangu harakatdadir.

* * *

Tasodif ba’zan kashfiyotlarni maydonga keltiradi. Ammo shu tasodifning yuzaga chiqishi yillarni emas, hatto asrlarni talab etadi.

* * *

Fikr olamning chegarasi va nihoyasini qamrab olishdan ojiz bo‘lsa-da, lekin doimo zaruriyat tug‘ilganda juda uzoqni ko‘ra oladi.

* * *

Ohanraboning sehrli xossasi yordamida tafakkurning mohiyatini ochib berish mumkin. Ohanrabo behisob ignalarni o‘ziga tortib oladi-yu, sira kuchi kamaymaydi.

* * *

Tajriba – haqiqat garovi.

* * *

Odatda mayda va arzimas narsalar katta narsalar haqida ko‘proq bilim beradi. Yirik narsalar esa aksincha, kichik narsalar haqida tasavvur berishga ojizlik qilib qoladi.

* * *

Ko‘nglini yoruvchi do‘sti bo‘lmagan odam o‘z yuragining kushandasidir.

* * *

Faqat nafrat va qo‘rquvgina zo‘ravonlik qilishga majbur etadi.

* * *

Qo‘rquvning o‘zidan ko‘ra qo‘rqinchliroq narsa yo‘q.

* * *

Tabiat ustidan hukmronlikni mo‘jiza deb ataymiz. Ammo bu «mo‘jiza» odatda boshimizga faqat kulfat yog‘diradi.

* * *

Inson tafakkuriga qanot emas, balki uni qaltis sakrash va parvozdan asrovchi qo‘rg‘oshin bog‘lamoq joiz.

* * *

Makkor odamlar ilmni nazar-pisand etmaydilar, soddadil odamlar undan hayratga tushadilar, donolar esa ilmdan foydalana biladilar.

* * *

Bilimsizlik kuchaygani sayin shubha-gumon orta boradi.

* * *

Mutolaa insonni bilimdonlik sari, suhbat topqirlik sari yetaklaydi. Yozish esa aniqlikni ta’minlaydi.

* * *

Avval shaxsan o‘zi yovuzlikning barcha sir-asrorlarini tadqiq etmagan sofdil va batartib odam hech qachon vijdonsiz va nodon odamlarni qayta tarbiyalay olmaydi. Chunki tuban va vijdonsiz kishilar sofdillik va batartiblikni odamlarning tajribasizligi hamda go‘lligi oqibati deb tushunadilar.

* * *

Odamlar biror yangilik yaratishdan avval vaqtdan o‘rnak olishsa, yaxshi bo‘lardi. Chunki vaqt eng buyuk o‘zgarishlarni ham asta-sekin, sezdirmay amalga oshiradi. Aks holda, har qanday yangilik kutilmagan tasodifga aylanib qoladi. Yana shuni aytish joizki, har qanday yangilik doimo kimgadir baxt, kimgadir kulfat keltiradi.

* * *

Zo‘ravonlik yo‘g‘rilgan choralar zamirida yovuzlik yotadi.

* * *

Barcha ezgu fazilatlar insonni illatlar iskanjasidan xalos etadi, lekin faqat jasurlik fazilatigina insonni taqdir hukmidan asrab qolishga qodir.

* * *

Insonning asl tabiatini yolg‘iz qolganda aniqlash oson. Chunki ayni shu damlarda u o‘zidagi yasama xo‘jako‘rsinlik niqobini olib tashlaydi. Insonni yana g‘azab otiga minganda yaxshi bilib olasiz. Chunki u bu onlarda o‘z qoidalarini unutib qo‘yadi. Insonning asliyatini yangi sharoitga tushib qolganda bilib olsa ham bo‘ladi, chunki bunday damlarda uning odatlari o‘z kuchini yo‘qotadi.

* * *

Baxtdan lazzatlanish – buyuk saodat. Baxtni o‘zgalarga tuhfa etish esa undan ham buyukroq ezgulikdir.

* * *

Davlati kamayishini istamaydiganlarning xarajati daromadining yarmidan, davlati ko‘payishini istovchilarning xarajati esa daromadining uchdan bir qismidan oshmasligi kerak.

* * *

Inson o‘zi afzal ko‘rgan narsalarning haqiqatligiga ko‘proq ishonadi.