• Har kuni bitta bo‘lsa-da yaxshi so‘z eshitish lozim. Aks holda quloq eshakniki kabi o‘sib qoladi.
• Sher birovdan qolganini yemaydi.
• Dunyoning to‘rt tarafi bor. Uchtasi yopiq bo‘lsa, bittasi doim ochiq turadi.
• Dushmanning boshog‘i ham nayzadek sanchiladi.
• Agar ikki kishi birlashsa qoyani ham ag‘daradi.
• Agar uch marta maqtasang, eshakning axlati ham sakrab yuboradi.
• Ona ― uyning tayanchi.
• Balodan qo‘rq, ofat kelsa mard bo‘l.
• Olam ― shamol tegirmoni, charchamasdan aylanaveradi.
• Qunduzning bolasi suzishni bilmaydigan bo‘lmaydi.
• Chopon va qiyiq kiygan har erkak qahramon bo‘lavermaydi.
• Xipchin bilan savalashdan oldin otga qara.
• Odamning qandayligini bilguncha bir pud tuz yeb, daryo suvini ichib yuborasan.
• Qoshiq bilan dengizni to‘latolmaysan.
• Vataning ― ona, o‘zga yurt ― o‘gay.
• Qoya qulasa bir ustun chang ko‘tariladi.
• Hakka o‘zini burgut deb o‘ylaydi, bo‘tqa ― osh deb.
• Manmanlik qadr-qimmatni o‘ldiradi.
• Baxtni qilich bilan sindirib bo‘lmaydi, kuchni ― tanbeh bilan.
• Chin dildan achingangina achchiq so‘z aytadi.
• Yolg‘onchining bir oyog‘i olovli, yana biri ― mumli.
• Haddan tashqari sog‘lik ― kasallik.
• Boyisang ― o‘zingdan ketma, kambag‘allashsang ― kuyinma.
• Kasallik katta savat bilan kirib, ignadek teshikdan chiqib ketadi.
• Og‘riqni his qilgan ― kasal.
• Tez oqar daryo dengizgacha borolmaydi.
• Sichqonni otgan ovchi sherni otolmaydi.
• O‘zing ichgan buloqqa tosh tashlama.
• Qo‘lida chiroq ushlab olov qidiradi.
• Mushuk yo‘q joyda sichqonlarga bayram.
• Ko‘z bilan ko‘rgan quloq bilan eshitgandan afzal.
• Moli o‘g‘irlangan hammadan gumon qiladi.
• Qarg‘a cho‘milsa ham oqarib qolmaydi.
• Dushman kulishga majbur qiladi, do‘st ― yig‘lashga.
• Dushman oyoqqa qaraydi, do‘st ― ko‘zga.
• Sutni sog‘ish oson, uni qaytarib quyib ko‘r-chi?
• Birga qarshi ikki kishi ― qo‘shin.
• O‘rmondan uzoq daraxt o‘rmon tomonga egiladi.
• Yaxshi so‘z po‘latni kesadi.
• Buqadek o‘sibdi-yu, buzoqdek aqli yo‘q.
• Agar gapirayotgan ahmoq bo‘lsa, eshituvchi aqlli bo‘lmog‘i kerak.
• Agar ko‘p yesang, asal ham achchiqqa o‘xshaydi.
• Agar ilonning boshini majaqlamasang, dumidan tutishdan naf yo‘q.
• O‘zingnikilar seni hurmat qilmasa, boshqalardan hurmat kutma.
• Qalb xohishi ― badanga malham.
• Ot bo‘lganda otxona yo‘q, otxona bo‘lganda ― ot.
• Bo‘sh dasturxonga duo o‘qilmaydi.
• Qiyinchilik ortidan yengillik keladi.
• Tilla tanga doim kichik.
• Bitta yog‘ochdan ko‘mish uchun kurak ham yasaydilar, asal uchun qoshiq ham.
• Otxonaga qancha ot kirgan bo‘lsa, shuncha ot undan chiqadi.
• Har bir qush o‘z uyasini sevadi.
• Daryoga tashlangan tosh unga oyoq qo‘yish uchun kerak bo‘lib qoladi.
• O‘lim kelib qolganda chumolining ham qanoti o‘sadi.
• Oz bilan kelisholmagan ko‘p bilan ham kelisholmaydi.
• Mushukning to‘yi ― sichqonga kulgi.
• Mushukka to‘y ― sichqonga o‘lim.
• Sevimli go‘zalmi, go‘zal sevimlimi?
• Gapga chechan otda, ot egasi piyoda.
• Sababsiz urishgan kelishuvsiz yarashadi.
• Ko‘p ko‘rgan ko‘p biladi.
• O‘zini maqtagan ― ahmoq, o‘z bolasini maqtagan ― toza ahmoq.
• Ona qanday bo‘lsa, qizi ham shunday.
• Qaldirg‘och kunni boshlaydi, bulbul yakunlaydi.
• Muz yupqa joyidan yoriladi, teri ― chirigan joyidan.
• Yaproq to‘kiladi, daraxt yashaydi.
• Bo‘ri bilan echki do‘st bo‘lolmaydi.
• Daydi it ichgani bilan dengizning suvi iflos bo‘lib qolmaydi.
• Agar taklif qilishganida olmasang, so‘ng so‘rashga to‘g‘ri keladi.
• Hamma mo‘ylovdor ham erkak emas; mo‘ylov mushukda ham bor, soqol takada ham bor.
• Uzumni ye ― bog‘ini so‘rama.
• Yomonni ko‘rmay yaxshiga baho berolmaysan.
• Kemaning ichida suzma, kema sarboni bilan tortishma.
• Hech kim o‘lmaslik suvini ichgan emas.
• Ko‘kka o‘rlagan yong‘in tez so‘nadi.
• Xonlikni bir kishi boshqarolmaydi.
• Katta boylikdan ko‘ra dononing birgina so‘zi qadrli.
• Eshak chang ko‘p joyda o‘tlaydi.
• Quruq so‘z bilan o‘t ko‘karib qolmaydi.
• Yomon kun yaxshilik bilan yakun topadi, ammo yomon odamni to‘g‘rilab bo‘lmaydi.
• Onasini ko‘rib qizini ol, biyani ko‘rib ― toychoqni.
• Yaxshi so‘z yarani davolaydi.
• Ovulingning qadriga o‘zga yurtda yetasan.
• Asal haqida gapirgan og‘iz shirin bo‘lib qolmaydi.
• Faqatgina uyda yonayotgan chiroq yorug‘lik beradi.
• Mehrsiz oila ― ildizsiz daraxt.
• Buloqda o‘tirib suv ichmasdan bo‘lmaydi.
• Aytilgan so‘z ― oq kumush, sukut ― qizil oltin.
• So‘z ko‘chada qoladi, mulk ― uyda.
• Qo‘shnining tovug‘i g‘ozdek ko‘rinadi.
• Qarib qolgan bo‘ri chigirtka yeydi.
• Tig‘ bilan erisholmaganingga yaxshi so‘z bilan erish.
• Yolg‘onning oyog‘i uzun.
• Qo‘rquvda uyat bo‘lmaydi, kuchda ― haqiqat.
• Ish bitsa ― xo‘jayin tufayli, bitmasa xizmatkor aybdor.
• Sarimsoq Makkaga borib kelsa ham shirin bo‘lib qolmaydi.
• Daryoning qanchalik chuqurligini bilish uchun unga tosh otadilar.
• Begona qo‘l bilan chayono‘tni yulish oson.
Davronbek Tojialiyev tarjima qildi.
Laklar — Rossiya Federatsiyasida yashovchi xalq (156 ming kishi, 2002), Dog‘istonning tub xalqlaridan biri (138 ming kishi). Kavkaz til oilasining dog‘iston guruhiga kiruvchi lak tilida so‘zlashadi. Lak tilining kumux, vitsxin, shadnin, vixlin, arakul, bartkip, ashtikulin shevalari mavjud. Dindorlari — musulmon-sunniylar.