• Itlar yo‘q joyda mushuklar huriydi.
• Eshakdan: “Sening nechta xotining bor?”, — deb so‘rashdi. U butun podani ko‘rsatdi.
• Tarbiyasiz otga minib Xudoni esdan chiqaradi, otdan tushib — otni.
• Aroq bilan salomlashib, aql bilan xayrlash.
• Ko‘rlar orasida bir ko‘zli ham qo‘mondon.
• Odam yig‘lab tug‘ilib, ingrab o‘ladi.
• Odamning tug‘ilishi — birinchi kun, uylanishi — ikkinchi kun, o‘lim — uchinchi kun.
• Bitta taqa topib olgan aytarmish: “Bitta ot va uchta taqa yetishmayapti, xolos”.
• To‘q yashab cho‘chqaga aylangandan nochor yashab odam bo‘lgan afzal.
• Sherni qarilik yengganda uni eshak ham tepadi.
• Bukrini go‘r to‘g‘rilaydi, ba’zida u ham foyda bermaydi.
• Quddusda it hurimaydimi?
• Qochuvchi va quvuvchi — ikkalasi ham xudoga duo qiladi.
• Kambag‘al kuniga o‘n marta o‘ladi.
• Sendan omad ketsa — quvib yet, yomonlik yetsa — qoch.
• Qopag‘on itni qayerda o‘ldirsalar o‘sha yerga ko‘madilar.
• Boylik — xudo oldida gunoh, kambag‘allik — odamlar oldida.
• Boylikning ko‘zi ko‘r, u pashshaga o‘xshaydi: goh tezakka qo‘nadi, goh gulga.
• Boy o‘lganga yig‘laydi, kambag‘al — harajatga.
• Boy to‘q bo‘lmaydi, haqiqatgo‘y — och.
• Barmoq og‘risa yurak biladi, yurak og‘risa — hech kim.
• Bemor tuzalsa — tabibni yomon ko‘rib qoladi.
• Katta yelkanni faqatgina kuchli shamol qo‘zg‘ata oladi.
• Katta daraxt kuchli shamolni sevadi.
• So‘rab-so‘rab Quddusga yetasan.
• Urushqoq buqa shoxsiz qoladi.
• Agar asal bo‘lganda pashshalar Bag‘doddan kelardi.
• Suvda daraxt ildizi qurib qolmaydi.
• Suvga tushsang quruq chiqmaysan.
• Dengizdan omon qolgan tomchiga cho‘kib ketdi.
• Sichqonning iniga sherni to‘yga taklif qilishibdi.
• Yarim kechasi ayiq quyoshga sig‘inadi.
• Ayollar yo‘q yurtda urg‘ochi eshakni Quyoshxon deb erkalatishadi.
• Begona dalada begona echki qo‘shiq aytadi.
• Tuyadan so‘rashdi: “Senga arab ohusi yoqadimi?”. “Agar bukri bo‘lganida yanada yaxshi bo‘lardi”, dedi u.
• Tuyaga aytishdi: “Sening bo‘yning qiyshiq”. U dedi: “Mening qayerim qiyshiq emas?”
• Arqon uzun bo‘lsa yaxshi, gap — qisqa bo‘lsa.
• Novda yoshligida egiladi, o‘sib qolsa egolmaysan.
• Sharob ham aqldan, ham xayrdan ayiradi.
• Sharob kattalarga, suv kichiklarga.
• Suv bilan vijdondan boshqa hamma narsa yuviladi.
• Suvni qancha silkisang ham suvligicha qoladi.
• Suv oqar, qumlar qolar.
• Bo‘ri bo‘rining terisni yirtmaydi.
• Meni tegmagan bo‘ri ko‘p yashasin.
• Bo‘ri cho‘pon bo‘lolmaydi, o‘g‘ri — avliyo.
• Bo‘ri o‘lsa, mingta bo‘rivachcha qoladi.
• Bo‘ri itga aytar ekan: “Jasurlik mening yugurishimda va men orqaga qarasam sening dumingni ko‘rsatmasligingda”.
• Bo‘rini bo‘rilardek kutib ol, tulkini — tulkilardek.
• Bo‘rini oyog‘i boqadi.
• Bo‘riga aytishdi: “Seni qo‘ylarga jo‘natamiz, bolangni — qo‘zichoqlarga”. U javob berdi: “Qo‘zichoqqayam, qo‘yga ham o‘zim boraman”.
• O‘g‘ri qora tunni orzu qiladi.
• O‘g‘ri oilasini boy qilolmaydi, boshqaning oilasini buzadi.
• O‘g‘ri o‘g‘rini tunadi.
• O‘g‘rini vodiy uch kun yashirdi, tog‘lar — uch yuz kun, baribir topib olishdi.
• Qarg‘ani qum bilan artsang ham oqarmaydi.
• Qarg‘a go‘ng ustida o‘tirib, dumini axlatdan asrarkan.
• Qarg‘a hakkadan tortib oldi, hakka — kurka tovuqdan, bechora jo‘ja qiynalib qoldi.
• Qarg‘ani aslzoda etib tarbiyalashdi, lekin u qag‘illashini qo‘ymadi.
• Dushmanimning dushmani — mening do‘stim.
• Oldingda turuvchi dushman orqada turuvchi do‘stdan afzal.
• Dushmanga — qilich, savdogarga — pul, tegirmonga — suv, omochga — buqa.
• Ezgu ishdan o‘zga hamma narsa o‘tkinchi.
• Mehmonxonaga kirish — mehmonning iznida, chiqish — mezbonning.
• Sevgi yo‘q joyda quvonch ham yo‘q.
• Qo‘yning boshi siqqan teshikka gavdasi ham sig‘adi.
• Qilich kor qilmagan joyda til ham kuchsiz.
• Qayerda chiroyli gullar bo‘lsa, asalari ham o‘sha yerga uchadi.
• Qirg‘iy tuxum qo‘ygan joyda bedana bo‘lmaydi.
• Odamning ko‘zini faqat tuproq to‘ydiradi.
• Ahmoq bosh kal ham bo‘lmaydi, oqarmaydi ham.
• Ahmoqqa yaxshi so‘z aytish — kunduzi chiroq yoqish.
• Chirigan taxta mixni ushlamaydi.
• Chirigan tish bilan yong‘oq chaqolmaysan.
• Bir yil o‘ylab, bir lahzada amalga oshir.
• Bir yoshlik xo‘roz yuz yoshlik tovuqdan afzal.
• Boshimni ko‘tarsam osmonni, egsam yerni ko‘raman.
• Yalangoyoqni yuzta qaroqchi ham o‘g‘irlolmadi.
• Och qolgan it egasini ham qopadi.
• Ochdan so‘rashdi: “Dunyodagi eng og‘ir narsa nima?”. U javob qildi: “Bo‘sh oshqozon”.
• Mehmon mehmonni chaqirdi, mezbon ikkisini ham haydadi.
• Mezbonning uyidagi mehmon eshakka o‘xshaydi: uni qayerga bog‘lamoqchi bo‘lishsa, rozi bo‘lishi kerak.
• Tasqara suyakni ochlikdan emas, baxillikdan yutadi.
• Yuki bor eshakka qamchi urmaydilar.
• Suv toshqinidan, yong‘indan va ayol makridan Xudo asrasin.
• Shaytonga barmog‘ingni tutsang, butun qo‘lingni changallaydi.
• Hadya hadyani talab qiladi. Hadya bilan sirka ham shakardan shirin.
• Bersalar — ol, so‘rasalar — ber.
• “O‘n ikkita bo‘tani tarbiyaladi, lekin o‘z yukidan qutulmadi”, — dedi tuya.
• It itga buyurdi, it — quyrug‘iga.
• Quyoshsiz kun tunga o‘xshaydi.
• Daraxt ildizi bilan kuchli, odam — do‘stlari bilan.
• Haqiqat daraxtini toshga eksang ham so‘lib qolmaydi.
• Bitta saltanatda ikki shoh yasholmaydi.
• Yog‘siz go‘shtdan yog‘li sardak chiqmaydi.
• Temir yurak uchun yog‘och hanjar ham yaxshi.
• Dangasaga goh qor yog‘ib qoladi, goh yomg‘ir.
• Omochga ortiqcha ho‘kiz zarar qilmaydi, bulutga — ortiqcha suv.
• Yaxshi xotin yaxshi do‘st va akadan afzal.
• Yaxshi so‘z temir eshikni ochadi.
• Yaxshi qo‘shni chiqayotan Quyoshdan afzal.
• Qarz tirqishdan uyga kirib, o‘sadi-da, so‘ng eshikdan ham chiqolmay qoladi.
• Qarz tushda ham ko‘payadi.
• Qarz ovoz ham chiqarmaydi, uxlashga ham qo‘ymaydi.
• Uzoq ikkilanish qo‘rquvga olib keladi.
• Do‘stning yuziga soladilar, dushmanning — ko‘ziga.
• Ahmoq yo‘qotadi, dono topadi.
• Ahmoqni o‘rgatish — o‘likni davolash.
• Ahmoqqa ish buyur, orqasidan o‘zing yur.
• Seni o‘stirgan shaytonni men tarbiyalaganman.
• Arava o‘tin olib kelmasa, o‘zi o‘tin bo‘ladi.
• Agar bo‘ridan qo‘rqmaganida echki Dog‘istongacha borardi.
• Dunyo yonsa, sen unga kerosin sepasan.
• Agar qichqiriq va eshakning qadri bo‘lganida rus shohi undan boj olardi.
• Agar kal dorisini bilganida avval o‘z boshini davolardi.
• Agar suv sen tomon kelmasa, sen suv tomon bor.
• Agar dushman mendan qochib ketsa — oltin ko‘prikni ko‘rsataman.
• Ko‘zing bilan ko‘rmagan bo‘lsang, yugurma.
• Agar ikki kishi seni “ko‘r” desa — ko‘zingni yum.
• Ikki begona bilgan sirni cho‘chqa ham biladi.
• Bo‘ta biyaning gapini olmasa, bo‘riga yem bo‘ladi.
• Agar xiyonatkor polga o‘tirsa, o‘sha joyni kesib tashla.
• Agar mushuk epchil bo‘lsa, sichqon ham — chaqqon.
• Keraksiz narsani sotib olsang, tez orada kerakli narsani ham sotasan.
• Odamni xonavayron qilmoqchi bo‘lsang, unga har kuni olov berma.
• Agar oyna bo‘lmasa, dunyo oyna bo‘lib xizmat qiladi.
• Yiqilsang ham eshakdan emas, otdan yiqil.
• Agar it aravaning orqasidan yugursa, chananing ham orqasidan yuguradi.
• Agar itlar qatiqni ichib qo‘yishgan bo‘lsa, idishi qayerda qoldi?
• Sening da’vogaring qozi bo‘lsa, senga xudo ham yordam bermaydi.
• Sen yoy bilan bo‘lsang, men qalqon bilanman.
• Mezbon xursand bo‘lmasa, mehmonga ham zerikarli.
• Yomon qo‘shnidan qutulmoqchi bo‘lsang, unga qarz ber.
• Oqsuyakni ko‘rmoqchi bo‘lsang, avval uning darvozabonini ko‘r.
• So‘z aytishdan avval uni kim eshitishini tekshirib ko‘r.
• Temir olovda toblanadi, inson — muhtojlikda.
• Sariq oltin qora kunga.
• Xotin, sharob va ot ko‘pchilik uchun hayot bilan teng turadi.
• Cho‘ponning xotini shohning jazmanidan afzal.
• Ayol kishi soyaga o‘xshaydi: uni quvisang — qochadi, undan qochsang — quviydi.
• Ayol aytarkan: “Mening erimdan qo‘rqmagan — haqiqiy erkak”.
• Ayol aqllidan kamchilik qidiradi, nodondan — fazilat.
• Tirik it o‘lik sherdan afzal.
• Johilning hayoti o‘limdan yomon.
• Hayot olovga o‘xshaydi: uning boshlanishi — alanga, tugashi — kul.
• Tavakkal qilib yashash yashamaslik bilan teng.
• Turna osmonda, yerda unga six tayyorlashadi.
• Hasadchining guli tikanli.
• Hasadchi o‘ladi, lekin suq qoladi.
• Quyonni sixga tiqishdi, u esa haliyam men bilan hazillashishyapti deb o‘ylaydi.
• Botayotgan quyosh chiqayotgan oyga qiyshiq qararkan.
• Yashil bodring o‘zini o‘zi maqtaydi.
• Yaxshilikni faqat o‘ziga qiladigan odam ham yomon bilan barobar.
• Ilon po‘stini tashlasa-da, ilon yurakligicha qoladi.
• Ilm puldan qimmat, o‘tkir qilich to‘pdan kuchli.
• Tilloning qo‘li yo‘q, lekin hamma narsani amalga oshiradi.
• Tish og‘risa sug‘urib qutulasan, qo‘shning yomon bo‘lsa — ko‘chib.
• Tish tish bilan urishdi, og‘iz eshikni ochdi.
• Tishlar — tilning qulfi.
• Hatto bazm ham insonni zeriktiradi.
• Bo‘ri ham och qoladi, oqsuyak ham sinadi.
• Qarg‘a ham bolalaridan mag‘rurlanadi.
• Daraxtning ham vatani bor.
• Belkurakni ham, ketmonni ham bir yog‘ochdan yasaydilar.
• So‘zning ham o‘lchovi bor.
• It ham non-tuzni unutmaydi.
• Oldinda yuruvchi — orqada yuruvchi uchun ko‘prik.
• Uzun soqoli bilan echki o‘zini pop deb o‘ylabdi.
• Qarg‘aning tuxumidan qarg‘a chiqadi.
• Ortiqcha buyuklik Yunonistonni barbod qilibdi.
• Biznikiga kelsang sharob ichasan, senikiga borsak ko‘zingni yumasan.
• Begonaga muhtojlikda yordam berishga shoshil, lekin begonaning bazmiga shoshilma.
• Hamma tulki o‘z dumidan faxrlanadi.
• Hamma qush o‘z inini biladi.
• Hamma it o‘z darvozasida botir.
• Har bir soat bizga dard olib keladi, oxirgisi — o‘lim.
• Sen qanday qarsak chalsang, senga shunday o‘ynab beraman.
• Eshakning dumidek: qisqa ham, uzun ham qilolmaysan.
• Qanday joy solsang, shunday orom olasan.
• O‘rmon qanday bo‘lsa, hayvonlari ham shunday.
• Toshni tosh bilan maydalaydilar, temirni temir bilan charxlaydilar.
• Tosh o‘z joyida turganda og‘ir bo‘ladi, jildirsang — yengillashadi.
• Qatiq so‘rasam ayron olib keladi.
• O‘g‘ri tovuqni o‘g‘irlab, orqasiga yashirdi, tovuqning dumi tashqarida qoldi.
• Bo‘ri podaga hujum qilsa, qo‘yi bitta odamga kulfat.
• O‘g‘riga o‘g‘irlashga hech nima qolmaganida o‘z qalpog‘ini o‘g‘irlar ekan.
• Qiz bola turmushga chiqmoqchi bo‘lsa, uyidagilari bilan urushib qoladi.
• Daraxt qulasa, boltali ham, boltasiz ham unga yuguradi.
• Daryoning chuqurligini bilmagan qayiqchi qayiq ostida qoladi.
• Asal borligida yalab ol.
• Xo‘roz qanotini yozdimi, qichqiradi.
• Ochlik kelganda uyat oradan yo‘qoladi.
• Quyosh hammaga birdek nur sochadi.
• Sen o‘qishga borganingda, men o‘qib bo‘lib, qaytayotgan edim.
• Aql berishganida u yo‘q edi.
• Achchiq dard ko‘rmagan achchiq ko‘z yoshlarni ham to‘kmaydi.
• Kimnidir odam deyishadi, kimnidir — odamcha.
• To‘ygan echki bo‘ri bilan olishuvga borarmish.
• Echkining orqasidan o‘t, otning oldidan o‘t, odamning — ikki tarafidan.
• Echkini sotib oldim, so‘ng sotdim, foyda ko‘rmadim.
• Qayiqqa o‘tirib qayiqchi bilan tortishma.
• Mabodo qarg‘a atirgulni topsa, o‘zini bulbul deb o‘ylaydi.
• Bolta gunoh qilsa, sopi ham gunoh qiladi.
• Senga tayoq ko‘targanni sen ham ur.
• Zimistonni ko‘rmagan ziyoning qadriga yetmaydi.
• Ona yo‘q bo‘lsa, o‘gay ona ham yaxshi.
• Qalampir yemagan bo‘lsang, nega og‘zing achiyapti?
• Xudo bersa ikki qo‘llab beradi, olsa ham ikki qo‘llab oladi.
• Otlar ketsa, dala eshaklarga qoladi.
• Oti yo‘g‘-u, egarni orzu qiladi.
• Bir kun boqib, yuz yil minnat qiladilar.
• Sigirni tuz bilan aldaydilar, odamni — til bilan.
• Mushuk o‘ynaydi — sichqonning yuragi tushadi.
• Mushukning boshiga qazi tushib ketdi, “Xudoyim, doim boshimga shunaqa do‘l yog‘dir”, dedi u.
• Mushukni shunday tutki, tirnog‘i bilan seni tilmasin.
• Dehqon zotli sigir qidiradi, oqsuyak zotli qiz qidiradi.
• Qonni qon bilan yuvib bo‘lmaydi.
• Osmonga axlat otsang, yuzingga yopishadi.
• Kim ko‘zingni maqtasa — u shaytonning elchisi.
• Yoshligida ko‘p yegan, qarilikda ochlikdan o‘ladi.
• Kalamush bo‘rini tutganini kim ko‘ribdi?
• Qal’aning egasi, dalani ham boshqaradi.
• Vaqtida ekkan vaqtida o‘radi.
• Kim qayerda o‘ssa, o‘sha yer unga — Bag‘dod.
• Yo‘lni bilgan qoqinib ketmaydi.
• Kim qalampir yegan bo‘lsa, uning og‘zi achchiq bo‘ladi.
• O‘tishni xohlagan toshli qirg‘oqdan ham, chaqirtoshdan ham qo‘rqmaydi.
• Nuqsonsiz do‘st qidirgan yolg‘iz qoladi.
• Ko‘p o‘tin yoqqan, o‘rmonga ko‘p boradi.
• Shamolga qarshi tupursang, betingga yopishadi.
• Qo‘shnisiga ishongan kechki ovqatsiz qoladi.
• Boshini bilmagan oxirini ham tushunmaydi.
• O‘z sirlarini saqlashni bilmagan sardor bo‘lolmaydi.
• Haqiqatni yo‘qotgan umrini ham yo‘qotadi.
• Baliq yeyishni xohlagan oyog‘ini ho‘llaydi.
• Otdan tushgan eshakka o‘tirmaydi.
• Oldinda bo‘lgan ertaga orqada bo‘ladi, orqada bo‘lgan ertaga oldinda bo‘ladi.
• Sabr qilgan hamma narsaga erishadi.
• O‘g‘irlangan molni saqlagan — o‘g‘ridan battar gunohkor.
• Birovning baxtiga hasad qilgan o‘z baxtini ko‘rmaydi.
• Shovqinga chidamagan temirchi ustaxonasiga bormaydi.
• Ayronni sevgan ayronni o‘ylaydi, pishloqni sevgan — pishloqni.
• Ko‘za maqtangan ekan: “Otda yurmagan bo‘lsam ham, hech qachon piyoda ham yurmaganman”.
• Temirchi — pichoqsiz, tikuvchi — ko‘ylaksiz.
• Suvsar ovga ketib mo‘ynasiz qaytdi.
• Olish-sotish qarindoshlar orasida ham bo‘ladi.
• Tovuq biznikida kurka bo‘lib, tuxumni boshqanikiga qo‘yadi.
• Aql kaltaligi — oyoqqa og‘irlik.
• Bitta chaqaloqlidan ko‘ra, o‘n beshta otliqni mehmon qilgan oson.
• Davlatni boshqarish xotinni boshqarishdan oson.
• Dorini kasal bo‘lgandan so‘ra.
• Dangasaga har kun — bayram.
• Dangasa ish yo‘qligidan qo‘liga bigiz sanchadi.
• Dangasalik — kambag‘allik kaliti.
• Dangasalik — yomonliklar onasi.
• Yozda ilondan qo‘rqqan qishda adyoldan cho‘chadi.
• Tulki tushida tovuq ko‘rarkan.
• Tulki va shoqol bitta yo‘ldan yuradi.
• Yuzidan — pop, ishidan — bo‘ri.
• Bo‘ri ov qiladi, bo‘rini ham ovlashadi.
• Chaqqonlikda chivin sherni yutadi.
• Ovqat yemay uxla, qarzsiz uyg‘onasan.
• Yolg‘onning oyog‘i qisqa.
• Uyingda dushmaning bo‘lganidan sher bilan olishganing afzal.
• Yomon xotindan qopag‘on it afzal.
• Hasad qilgandan taqlid qilgan afzal.
• Sharafni yo‘qotgandan boshni yo‘qotgan afzal.
• Urfni yo‘qotgandan urug‘ni yo‘qotgan afzal.
• Nodon bilan bazm qilgandan dono bilan urushgan afzal.
• Birovning minnatli oshidan ochdan o‘lgan afzal.
• Yaxshi aka dushmaningda bo‘lsa ham o‘lmasin!
• Tishsiz mehmonni sevaman.
• Sevgi, olov va yo‘talni yashirib bo‘lmaydi.
• Sevgi gulni qidiradi, rashk — tikanni.
• Sevgi uyat bilmaydi.
• Onasini sevib, bolasini erkalatadi.
• Quymoqni suyib, qozonni yalaydilar.
• Tepish eshakka uyat emas.
• May yomg‘iri — oltin, iyunniki — kumush, iyulniki — olov.
• Qo‘rqoq — ahmoqning sherigi.
• Ayiq ayiqni begona uzumzorga mehmonga chaqirdi.
• Ayiq uxlab qoldi, sichqonlar esa unga go‘r qazishni boshladilar.
• Ayiqni uzumzorga qo‘riqchilikka qo‘ydilar: hech kimni u yerga qo‘ymadi, u yerdan hech nimani ham qoldirmadi.
• Ayiqni ko‘rdilar, lekin izini qidiryaptilar.
• Ayiqni o‘z yog‘i bezovta qiladi.
• Asal yaxshi, ammo uning ham qatroni bor.
• O‘lik o‘likdan qabrgacha kuzatib qo‘yishni iltimos qildi.
• Yosh bolani va esipastni muhokama qilmaydilar.
• Mening dushmanim — vijdonim.
• Ho‘l til nimalarni gapirmaydi.
• Yoshlikni yangi ko‘ylakni asaragandek asrash kerak.
• Dengiz bo‘tqaga aylansa, omadsizga qoshiq topilmaydi.
• Er — ishchi, xotin — quruvchi, er g‘isht tashiydi — xotin quradi.
• Erkak uy qurdi — ayol buzdi, ayol qurdi — uni shayton ham buza olmadi.
• Pashshalar asal oqqan tomonda yig‘iladilar.
• Sichqon omborda ochlikdan o‘lmaydi.
• Sichqon iniga kiryapti, dumiga oshqovoq boylab olgan.
• Sichqon kemirib-kemirib mushukkacha boradi.
• Urushda qo‘lga tushgan har qanday qurol — eng yaxshi qurol.
• Chirigan arqon bilan chuqurga tusha olmaysan.
• Ayol kishiga it ham hurimaydi.
• Katta hayvonga katta itlar ovga chiqadi.
• Axlatxonada qo‘ziqorin katta o‘sadi, lekin tez to‘kiladi.
• Begona xotindan umid qilib o‘rin yozma.
• Bu dunyoda faqat bir narsa tilsiz gapiradi — to‘g‘rilik.
• Qo‘rqqan it o‘n yil daraxtga huriydi.
• Xalq qochsa sen ham yugur, to‘xtasa sen ham to‘xta.
• Majburan tortib oladilar, lekin majburan bermaydilar.
• Tortilgan arqon tez uziladi.
• Qilichning qisqaligi kulfat emas, ozroq oldinga yursang dushmanga yetadi.
• Ninachi burgutning tuxumini olib qochganiga hech kim ishonmaydi.
• O‘z akangga ham ishonma, lekin qiyshiq bo‘lsa ham o‘z ko‘zingga ishon.
• Eshakka yuklangan hamma narsani ham unga beravermaydilar.
• Ko‘zada har doim ham suv tashilmaydi.
• Hamma quloq ham sirlarni eshitavermaydi.
• Bolaga va’da berma, mabodo va’da bersang, albatta uni bajar.
• Tez turgiziladigan joyga o‘tirma.
• Bozorda sham qimmatligini muhokama qilish ko‘rlarga emas.
• Pishmagan mevani uzma, pishsa o‘zi to‘kiladi.
• Eshak oyog‘ini sindirishidan qo‘rqsa, temirni tepmaydi.
• Tarbiyasiz ustozini yomon ko‘radi.
• Qalliq kuylaydi, kelin yig‘laydi.
• Kelinga bulutli kun ham tongga o‘xshaydi.
• Kasallik ko‘p, davo bitta.
• Chaqirilmagan mehmon — vabodan yomon.
• Bexos chiqib qolgan kunda aravani to‘ntaradi.
• Akang bo‘lmasa, qardosh qidir.
• Odam bo‘lmasa o‘choq bilan gaplash.
• Tulki kunduzi nimani o‘ylasa, kechasi o‘sha tushiga kiradi.
• Bo‘tqadan kuygan ayronni ham puflab ichadi.
• Kuyganning ustiga qaynoq suv quyadilar.
• Kesilgan qanot bilan burgut ham ucha olmaydi.
• O‘tni shunday o‘chirki, tutuni chiqmasin.
• Bitta ahmoq olmosni dengizga tashlasa mingta dono ham topib berolmaydi.
• Bitta sog‘lom ko‘z ikkita qiyshiq ko‘zdan afzal.
• Bitta barmoqni yoqsang hammasi yonadi.
• Bitta boychechak bilan bahor kelib qolmaydi.
• Birinchi uchrashuv — tanishuv, ikkinchisi — do‘stlashuv.
• Qo‘ldagi bitta qushcha daraxtda o‘tirgan uchta qushdan afzal.
• Bitta sakrash bilan bedanani tutolmaysan.
• Daraxtda bitta olma, u ham chirigan.
• Bitta qo‘l bilan qarsak chalolmaysan.
• Ayiq seni yengsa — uni “otam” de.
• Eshak yukni xohlasa bulutga qaraydi.
• Eshak yemga ketib, egarsiz aytdi.
• Eshakni to‘yga aytib, unda suv tashidilar.
• Eshakka eshak egari mos tushadi.
• Katta daraxtdan katta yaproqlar tushadi.
• Ituzumdan uzum kutma.
• Kulfatdan qochib, azobga tutildi.
• Uchqundan katta daraxtlar yonadi.
• Chayono‘t ildizidan chayono‘t o‘sadi.
• Ko‘p so‘zlashdan bosh og‘riydi, ko‘p yeyishdan — oshqozon.
• Tepkidan og‘riq yo‘q, uyat bor.
• Haqiqatdan o‘lik ham cho‘qinadi.
• Itdan qo‘zichoq kutma.
• Ota la’natlasa — soqoli tasdiqlaydi, ona la’natlasa — ko‘kragi qaytaradi.
• Ota o‘g‘liga uzumzorni hadya qildi, o‘g‘il otaga bir shingil ham bermadi.
• O‘smirning o‘qishdan aqli kiradi, temir olovda yumshaydi.
• Bedana zo‘rg‘a bir marta daraxtga qo‘ngandi, daraxtning shoxi uzilib tushdi.
• Yig‘i va qichqiriq dushmanni qo‘rqitmaydi.
• Yomon baliqchi suvni loyqalatadi.
• Rangi — yoqut, ta’mi — suv.
• G‘olib g‘olibni doim ta’qib qiladi.
• Qishdagi quyoshdan atirgul o‘smaydi.
• Aqlli o‘ylaguncha, nodon tog‘dan oshadi.
• Haqiqatgo‘y o‘lmaguncha uning ishlari ko‘rinmaydi.
• Dala ko‘zsiz emas, devor quloqsiz emas.
• Itni eslasang qo‘lingga tayoq ol.
• Chumolini oyog‘ingga qo‘y, u boshinggacha boradi.
• Biyaga qarab, toyni sotib ol.
• Rost so‘z doim yomon, yaxshisi esa doim ham rost bo‘lavermaydi.
• Kirishdan avval chiqishni o‘yla.
• Bitta ho‘kizni boshqalari orasiga qo‘ysang, yo rangi o‘zgaradi, yo qilig‘i.
• Bo‘ri seni mehmonga chaqirsa — bor, faqat iting bilan birga bor.
• Yangi do‘stlar top, lekin eskisini unutma.
• Tog‘ haqida cho‘pondan so‘ra, vodiy haqida — qo‘shchidan.
• Uzoqdagi qirg‘oqni so‘rasang, yaqindagisini olasan.
• Qush qayerga xohlasa o‘sha yerga in quradi.
• Qush qanoti bilan faxrlanadi, ayol — eri bilan.
• Qush qanoti bilan go‘zal, ayol — sochi bilan.
• Bo‘sh boshoq tepaga qaraydi, to‘la boshoq — pastga.
• Mayli meni tergasinlar, lekin achinmasinlar.
• Qul bo‘lish oson, odam bo‘lish qiyin.
• Buzish oson, o‘zing qurib ko‘r-chi.
• Daryo o‘zanini yo‘qotmaydi.
• Ota-ona — bola uchun, bolalar — o‘zi uchun.
• Bir marta tug‘ilgan bir marta o‘ladi.
• Atirgul axlatxonada ham o‘saveradi.
• Atirgulni ter, tikanini yoqib yubor.
• Shudring yomg‘ir emas, lekin foydali.
• Bo‘yi osmongacha, boshi shamoldek.
• Qo‘l qo‘lni yuvadi, ikkalasi — yuzni.
• Qarmoqdan qutulgan baliq kattadek tuyuladi.
• Baliqqa daryoda baho berib bo‘lmaydi.
• Baliqni dumidan ushlab bo‘lmaydi.
• Burganing terisini shilib, yog‘ini oladilar.
• O‘g‘ri bilan yursang, seni ham o‘g‘ri deyishadi.
• Otni boshqarolmay, egarni sindirdi.
• Yaxshi so‘z bilan tog‘ echkisini ham sog‘sa bo‘ladi.
• Yuvilmagan yuz bilan singilni ham akaga ko‘rsatma.
• Olov bilan hazillashib bo‘lmaydi, suvga ishonib bo‘lmaydi.
• It bilan do‘stlash, ammo tayoqni tashlama.
• Salatni shunday tayyorlaydilar: saxiy yog‘ quyadi, ziqna sirka qo‘shadi, aqlli tuz soladi, nodon aralashtiradi.
• O‘zi bichganni o‘zi tikadi.
• Inson uchun eng qiyin narsa — o‘zini bilish.
• Eng uzun yo‘lni ham qadamba-qadam bosib o‘tsa bo‘ladi, eng katta toshni ham oz-ozdan maydalasa bo‘ladi.
• Janjalkash ayol itni bog‘lab qo‘yib, o‘zi hurishni boshladi.
• Ustidan — ola, ostidan — yalang‘och.
• Sham o‘zini yoritmaydi.
• O‘zingning qirchang‘i oting birovning arg‘umog‘idan afzal.
• Yaxshilik qilsang, uni tuzlab ham ber (ya’ni, yaxshilikni oxirigacha qil).
• Egar topilganda — ot yo‘q, ot topilganda — egar yo‘q.
• Inson o‘ziga qilgan yomonlikni yetti shayton birlashib ham qilolmaydi.
• Dononing yuragi yig‘i bor joyda, johilning yuragi qichqiriq bor joyda.
• Yurakda — Rustam, ishda — shilliqurt.
• Opa ukasi uchun o‘ladi, uka opasi uchun emas.
• Eshakka o‘tirish uyat, undan yiqilish — undan-da uyatli.
• Kuch keldi — haqiqat eshikdan chiqdi.
• So‘na otning ham, eshakning ham birdek dumi ostiga qo‘nadi.
• Ko‘r ko‘zi ochiqni aldab ketdi.
• So‘z — o‘q: otsang — qaytib kelmaydi.
• O‘lim uyatdan afzal, u ikkisi — do‘zax.
• Sharafli o‘lim — mardning orzusi.
• Bug‘doy yonsa, poxolga kulgi.
• Mahorat kuchdan afzal, agar vaqtida ishlatilsa.
• It oqsoqlikdan o‘lmaydi.
• It shoshilib, ko‘r kuchuklar tug‘di.
• It itning terisini yirtmaydi.
• It bizniki, lekin boshqaning bo‘yinbog‘ida.
• Tishlamaydigan it uzoqdan huriydi.
• “Meni tuta oladigan itni bir nigohidan bilaman”, — dedi bo‘ri.
• Itning dumi yetti yil quvurda turdi, lekin tekis bo‘lmadi.
• Vijdon tishsiz, lekin tishlaydi.
• Rozilik devordan qattiq.
• Quyosh bitta, lekin hammani har xil isitadi.
• Tuzni eshakda tashib, unga yalash uchun bermadilar.
• Qo‘shni qo‘shniga — bo‘ri.
• Uxlayotganni ilon ham chaqmaydi.
• Qari xotira bilan yashaydi, yosh — kutish bilan.
• Qari buqani bo‘yinturuqqa o‘rgatgandan ko‘ra so‘yish osonroq.
• Eski do‘st va eski yo‘l tez yo‘qotiladi.
• Qarilik Rustamni ham yengdi.
• Yuz marta ur, lekin bir marta tingla.
• Turgan suv sasib qoladi.
• Gunoh qilishni bildingmi, tavba qilishni ham bil.
• Baxt uch marta eshik qoqadi, agar ochmasang boshqasiga ketadi.
• O‘g‘il otasini raqsga o‘rgatdi.
• O‘g‘il meniki, aqli esa o‘ziniki.
• To‘q pop och bo‘ridan yomon.
• To‘q qirg‘iy qo‘lga qo‘nmaydi.
• Sir — ikki kishi orasida, uchinchi odam bilsa butun dunyo biladi.
• It egasini tanimaydi.
• Shunday savat to‘qinglarki, sizlarning bolalaringizga ham kerak bo‘lsin. (Bir joyda shunday odat bor ekan: odam qarisa, uni savatga o‘tqizib, qoyadan tashlab yuborisharkan. Bir ko‘r qariyaning ham bolalari otalariga savat to‘qishni boshlashibdi. Ularning gaplarini eshitgan qariya so‘rabdi: “Nima qilyapsizlar?”. — “Savat to‘qiyapmiz”, — deyishibdi ular. “Kimga to‘qiyotganingizni bilaman. Shunday savat to‘qinglarki, u sizning bolalaringizga ham kerak bo‘lsin”, — debdi qariya. Buni eshitib bolalari qora niyatlaridan qaytishgan ekan).
• Sabr — jannat kaliti.
• Bolta kichkina bo‘lsa-da katta daraxtlarni yiqitadi.
• Qilgan gapirmaydi, qilmagan ko‘p gapiradi.
• Katta kemani yasagan usta kosibning qanday qilib oyoq kiyim tikishiga lol qolar ekan.
• Kechasi bilan yer haydagan ham o‘ldi.
• Baxtsizlikda chidamsiz bo‘lgan odam — baxtsiz.
• Dunyodagi eng qiyin narsa — yaxshi nom qozonish.
• Quvnoq davraga shoshilma, muhtojlik bor joyga shoshil.
• Boyning xo‘rozi ham tug‘adi.
• Novvoyning xizmatkori va iti doim och.
• Enaga ikkita bo‘lsa chaqaloq ochdan o‘ladi.
• Nodon qo‘shnidan olov ham so‘rama.
• Asali bor qo‘lini yalaydi.
• Qo‘yi yo‘qning pichog‘i o‘tmas.
• Chumolining ko‘zi yo‘q edi, u kipriklari bilan ibodat qilardi.
• Johilning aqli boshida emas, ko‘zida.
• To‘ymasning xizmatkori va iti och.
• Burgutning ikkitadan ortiq jo‘jasi bo‘lmaydi.
• Eshakning shoxi o‘smadi — u o‘zini hamon ho‘tikcha hisoblaydi.
• Asalarining boshi asalda, lekin hamon asal qidiradi.
• Omadlining xotini kuladi, omadsizning buqasi o‘ladi.
• Yaxshi ovchining quroli zanglamaydi.
• Zarar qalampirdan achchiq.
• Tulkini ko‘rsang — ot, tutsang — terisini shil.
• So‘lib qolgan atirgul ham chayono‘tdan afzal.
• Nasihat puldan qimmat.
• Vijdon azobi qamchidan kuchli.
• Tuyani o‘g‘irlagan ham, ignani o‘g‘irlagan ham — o‘g‘ri.
• Qo‘shningning aqlini qarzga ololmaysan.
• Nodon do‘stdan aqlli dushman afzal.
• Xirmonni kutadilar.
• Cho‘kkan yana suvga tushibdi.
• O‘rganish boylikdan afzal.
• O‘rganish — bilimning urug‘i, bilim — baxtning urug‘i.
• Maqtanchoqlik — qo‘rqoqning odati.
• Yaxshi otga arpa qo‘shadilar, yomon otga — qamchi.
• Yaxshi shogird — ustaning quvonchi.
• Bo‘rining yetti terisini shilib olsang ham bo‘riligicha qoladi.
• Botir jangda jasorat bilan o‘ladi, qo‘rqoq — otxonada uchrashuv kutib.
• Qoralamoq maqtamoqdan oson.
• Vaqtlar boshqaradi, shohlar emas.
• Shoh g‘azablansa — xalqqa bor, xalq g‘azablansa — qoch.
• Boylikning qadrini uni topganda bilasan, do‘stning qadrini — yo‘qotganda.
• Odam yuragi bilan kuchli, daraxt — ildizi bilan.
• Odam odatlaridan emas, iymonidan tez ayriladi.
• Odam odamga intiladi, hayvon — o‘rmonga.
• Go‘ngni qancha kovlasang, shuncha sasiydi.
• Gap qancha ko‘p bo‘lsa, ish shuncha oz bo‘ladi.
• Sarimsoqning hidi sirkada uch yil saqlanadi.
• Chinor baland o‘sgani bilan meva bermaydi.
• Yozda g‘amlaganing qishda kerak bo‘ladi.
• Boshqalar qilsa yuragim og‘riydi, o‘zim qilsam — belim.
• Kabobni shunday qilki, siz ham, kabob ham kuymasin.
• Zararkunanda mushuk qo‘lda tayoq ko‘rsa — devorga yuguradi.
• “Men va bo‘ri tuyani yiqitdik”, — debdi tulki.
• Til suyaksiz, so‘z bojsiz.
• Karning tilini onasi tushunadi.
• Odamning tili sharaf ham, uyat ham keltiradi.
• Oxur sigirga bormaydi.
Davronbek Tojialiyev tarjima qildi.
Gruzinlar (o‘zlarini kartveli deb ataydilar) — Kavkazdagi xalq, Gruziyaning asosiy aholisi (3663 ming kishi, 2002). Rossiya Federatsiyasida 197,9 ming kishi (2002). Umumiy soni 4,2 mln. kishi. Shuningdek, Ozarbayjon, Ukraina, Qozog‘iston, Turkiya, Eron va boshqa mamlakatlarda ham yashaydi. 17 ta subetnik guruhga bo‘lingan: ajarlar, guriylar, imeretinlar, kartlilar, kaxetinlar, xevsurlar, megrellar, svanlar, javaxlar va b. Gruzin tilida so‘zlashadi. Dindorlari — asosan pravoslavlar, bir qismi (ajarlar, mesxilar guruhi) — musulmon-sunniylar.