• Ikki marta o‘ylab, bir marta so‘zla.
• Tuzdan ham sho‘r bo‘lma, asaldan ham shirin bo‘lma.
• Qush adashsa tuzoqqa tushadi, erkak adashsa erkini yo‘qotadi.
• O‘ttiz ikki tish orasidan chiqqan so‘z o‘ttiz ikki quloqqa yetib boradi.
• Sovuq so‘z yurakka yetib bormasdan muzga aylanadi.
• Bilmaslik ayb emas, bilishni istamaslik ― ayb.
• Peshona terlamasa qozon qaynamaydi.
• Ochga ― non, to‘qqa injiqlik.
• O‘nqir-cho‘nqir yo‘l ham yo‘lsizlikdan afzal.
• Adashib qolsang, to‘g‘riga qara.
• Javdar nonni ham ishtaha bilan ye.
• Gavdaga yarasha soya.
• Otni qamchi choptiradi, yigitni ― vijdon.
• Sut ichgan omon qoldi, idish yalagan tutildi.
• Bir marta sinalganni ming marta sinov qilma.
• Ko‘p bilganni dard ham urmaydi, o‘lat ham.
• Ayiqdan qo‘rqib, bo‘riga duch keldi, dushmandan qo‘rqib o‘limni kutdi.
• Birovning chanasiga o‘tirma, o‘tirgan bo‘lsang achinma.
• Aytilmagan so‘z uchun ― o‘zing xo‘jayin, aytilgan so‘z ― hammaning mulki.
• Do‘stingning pichog‘i bilan shoxni kessang ham mayli, dushmanning pichog‘i bilan namat kes xolos.
• Bitta barmoq bilan chimchilolmaysan.
• Qamishsiz ko‘l bo‘lmaydi, g‘ussasiz ― qalb.
• Kuchli odam emas, kek saqlovchi odam xavfli.
• Qashshoq ko‘chmanchidan xiroj so‘rama.
• O‘zingni katta olma, boshqalarni pastga urma.
• Erta sayragan kakkuning boshi og‘riydi.
• Ishbilarmon odam yuzidan ma’lum.
• Donoga aytsang kifoya, nodonga tayoq kerak.
• Shamolsiz daraxt tebranmaydi.
• Do‘stingni xafa qilishdan va dushmanning siridan qo‘rq.
• Bosh omon bo‘lsa qalpoq topiladi.
• Uchqir otga qamchi urishning hojati yo‘q, aqlli odamga ― o‘rgatishning.
• Bir yurakka ikki sevgini sig‘maydi.
• Xursandchilikning o‘lchovli ekanini bil, kulfat paytida iymoningni yo‘qotma.
• Oldinga bir marta qara, orqaga besh marta qara.
• Vaqtni qo‘l bilan to‘xtatolmaysan.
• Aytilgan so‘z ― uchayotgan qush.
• O‘q o‘tmagan joyga qilich ham solma.
• Chuqur daryo tinch oqadi.
• Daraxtni niholligida egib ol.
• Tog‘ni tosh go‘zal qiladi, odamni ― bosh.
• Bir sigirning iflos dumi yuz sigirni bulg‘aydi.
• Yaxshiga maslahat bersang rahmat aytadi, yomon esa kalaka qiladi.
• Daraxt yaprog‘i bilan go‘zal, odam ― kiyimi bilan.
• Do‘st ruhingni ko‘taradi.
• Boshqalarni eshit, o‘z bilganingdan qolma.
• “Asal” degan bilan og‘zing shirin bo‘lib qolmaydi.
• Ko‘p bilsang ham kam gapir.
• Kichkina ishni ham kattasiday uddala.
• Qanday o‘ylasang, shunday ko‘rasan.
• Qalb keng bo‘lsa, muruvvat topiladi.
• Egri qayin qorni ko‘tarolmaydi, yomon odam so‘zida turmaydi.
• Kim ko‘p tanlasa, unga o‘ynoqi xotin nasib qiladi.
• Kasal bo‘lmagan sog‘likning qadriga yetmaydi.
• O‘z aybi bilan yiqilgan hech qachon yig‘lamaydi.
• Shirin so‘z bilan toshni yorsa bo‘ladi.
• Dangasa bir ishni ikki marta qiladi.
• Yaproqni shamol adashtiradi, odamni ― so‘z.
• Onaning ko‘ngli bolada, bolaning ko‘ngli dashtda.
• Kam gapirib, ko‘p tingla.
• Bitta g‘ildirak bilan manzilga yetolmaysan.
• Haqiqiy erkak maqsadiga erishadi.
• Qo‘rqoqni yo‘ldosh qilma, soqovni xorga olma.
• Dushmanning tabassumiga ishonma.
• Achchiqni totmay turib shirinni yeyolmaysan.
• Kuchingga emas, aqlingga tayan.
• Suvga sakramasdan suzishni o‘rganolmaysan.
• Qiyinchilik ko‘rmasdan non tishlolmaysan.
• Qo‘l kuchi bilan emas, qalb amri bilan hukm qil.
• Raqsni bilmaydigan musiqani ham sevmaydi.
• Yurishni bilmagan yo‘lni rasvo qiladi, gapirishni bilmagan ― so‘zni.
• Yoqmaydigan narsa doim ortiqcha.
• Yig‘lamagan chaqaloqni emizmaydilar.
• Bir qo‘l bilan qarsak chalib bo‘lmaydi.
• Kiyikning shoxiga pashsha o‘tirmaydi.
• Barmoq barmoq bilan, odam odam bilan barobar emas.
• Toshga o‘yilganni o‘chirib bo‘lmaydi.
• Yomon ot egasini qaritadi, yomon xotin ― erini.
• Adyolga qarab oyoq uzat.
• Ko‘pga erishaman deb ozdan qolma.
• Harakat qilmay Xudodan umid qilgan och qoladi.
• Janjaldan keyin qo‘l ko‘taradi.
• Hanjar yarasi bitadi, til yarasi aslo bitmaydi.
• Baliq chuqur joyni sevadi, mulla ― badavlat joyni.
• Qalbdan aytilgan so‘z yurakka yetib boradi.
• Kuchli bittasini yengadi, aqlli ― mingtasini.
• Aytilgan so‘z ― otilgan o‘q.
• So‘z ― kumush, sukut ― oltin.
• Chaqqonlik ― baxtning yarmi.
• It o‘z uyasida kuchli.
• Dono bilan ham, nodon bilan ham maslahatlash.
• Indamas it hurimaydi, lekin tishlaydi.
• Sekin yurgan manzilga yetdi, shoshilgan yo‘ldan adashdi.
• Aqlli yuzidan ma’lum, nodon ― so‘zidan.
• Aqlliga gapirma ― o‘zi bilib oladi, saxiydan so‘rama ― o‘zi beradi.
• Egri o‘tirsang ham to‘g‘ri gapir.
• Tuyaday bo‘ydan ko‘ra, tugmaday aql afzal.
• Birovning aqli bilan boyigandan o‘z aqling bilan kambag‘al yashaganing afzal.
• Pul yo‘q deb qayg‘urma, ish yo‘q deb qayg‘ur.
• Dono o‘zini ayblaydi, ahmoq do‘stini ayblaydi.
Davronbek Tojialiyev tarjima qildi.
Boshqirdlar (o‘zlarini bashkort deb ataydilar) — Rossiya Federatsiyasidagi turkiy xalq. Boshqirdistonning asosiy aholisi (1,221 mln). Rossiya Federatsiyasida jami 1,678 mln. (2002). Markaziy Osiyo respublikalarida ham yashaydilar. Yevropeoid irqiga mansub. Boshqird tilida gaplashadi. Boshqirdlar islom dinining sunniy mazhabiga e’tiqod qiladilar.