Bir zolim podshoh bo‘lib, u doimo mast-alast yurar, nihoyatda behayo, bosqinchi va qonxo‘r edi. Harom nafsi uni har xil yomon ishlarga buyurar, u esa hech bir bo‘yin tovlamay, ularni bekamu ko‘st bajarardi.
Bir kuni u aysh jomidan no‘sh etayotib, ko‘chadan o‘tib borayotgan janda kiygan ikkita darvishni ko‘rdi. Ular bir-birlariga ham do‘st, ham o‘rtoq, ham hamdam, ham sirdosh, ham g‘amxo‘r va shafqatli edilar. Shoh ulardan birini o‘z yoniga chorlab, sherigi to‘g‘risida shunday savol berdi:
— Ayt-chi, sening o‘rtog‘ingga bo‘lgan munosabating nimadan iborat?
Darvish shohga shunday javob qildi:
— Bizning o‘rtamizdagi munosabat bir-birimizga do‘stlik, hamdamlik ko‘rsatish va hamfe’l bo‘lib, o‘zaro hamkorlik qilmoqdan iboratdir.
G‘ofillikdan mast bo‘lgan podsho yana shunday savol berdi:
— Ey yo‘l sohibi! Aytgin-chi, men yaxshimanmi yoki sening o‘rtog‘ingmi?
— Menga ikkingizning holingiz haqida nimaiki ayon bo‘lsa, o‘shani bayon qilaman. Har ikkalasidan xabardor bo‘lgach, ey toj egasi, ulardan o‘zing hukm chiqarasan.
Garchi sen bir xalqqa shoh bo‘lsang-da, lekin haq yo‘lida gumrohsan. Haq nima buyursa, sen unga xilof ish qilib, kechayu kunduz umringni g‘aflatda o‘tkazmoqdasan.
Sherigim esa garchi darvish va gado bo‘lsa ham, Haq amrini joyida bajo keltiradi. U biror marta to‘g‘ri yo‘ldan tashqari qadam qo‘ymagan. Vaqtini haq amrini bajarish bilan o‘tkazadi.
Sen shohsan-u, ammo nafsingga magiub va xorsan, u gado bo‘lsa ham, nafsini o‘ziga asir etgan. To tirik ekansiz, har ikkingizning holingiz shunday kechadi. U gado va sen shohning yashash tarzingiz shundaydir. Oiganingizdan keyin esa u – shoh, sen esa – gado bo‘lasan. Chunki sen mast eding, u esa to‘g‘ri yo‘ldan boruvchidir.
Yo‘l piri bu so‘zlarni aytgach, shoh seskanib, uyqusidan uyg‘ondi. U avval mast bo‘lgan bo‘lsa, endi unga hushyorlik yetishdi, uyqusi bedorlik bilan almashdi. Shundan so‘ng u shohlikning zarbof kiyimlaridan or qilib, ularni yechib tashladi va o‘rniga janda kiydi. Haqdan ko‘ngliga ogohlik yetib, darvishlik aslida shohlik ekanini anglab yetdi.
Alisher Navoiyning “Lisonut-tayr” asaridan.