Yolg‘iz darvesh

Odamlar va ularning yomonliklaridan yiroq yurgan, qalbi Alloh ishqi bilan limmo-lim bir darvesh bor edi. U o‘ta qanoatkor edi. Mol-mulk va izzatga hech ahamiyat bermas; birgina xirqa bilan ozgina luqmani idora qilgan edi. Bir kuni u o‘z xayoli bilan o‘tirar ekan, yonidan shu mamlakatning podshohi o‘tib qoldi. Ammo, darvesh haliyam boshini ko‘tarmay, ishqiy xayollaridan sarxush holda o‘tirardi. Izzat-ikrom kutgan podshoh, darveshning bu harakatidan g‘azabga keldi. Va darveshga qarab ming‘illadi:
–Zotan, bu xirqalilar hayvon kabidirlar. Insonlik nimaligini bilmaslar.
Podshoh bir-ikki odim oldinga tashlaganidan so‘ng, vazir kelib darveshga:
–Ey, darvesh! Yer yuzining podshohi yoningdan o‘tdi hozir. Nega turib hurmat ko‘rsatmading? – dedi. Darvesh shunday javob qaytardi:
–Podshohingga ayt, kim o‘zidan umid qilsa, hurmatni undan kutsin! Shuni ham bilsinki, podshohlar xalqni qo‘riqlash uchundir. Har qancha davlat va qudrat uning qo‘lida bo‘lsa ham, podshoh yo‘qsilning qo‘riqchisidir. Qo‘y cho‘pon uchun emas, cho‘pon uning xizmati uchundir.
Podshoh uzoqroqda tursa ham bu suhbatni befarq o‘tkazib yuborolmadi. Darveshning gaplarini eshitib, uning yoniga keldi va:
–Tila, tilagingni ey, darvesh, – dedi.
–Tilagim shuki, bir lahza oromimni buzma! –deb javob berdi darvesh. Podshoh bu jasur va keskin zakoli darveshga tan berib:
–U holda menga nasihat qil, – dedi. Darvesh:
–Hozir qo‘lingda ne’mat ko‘pligida firk yurit. Bu davlat ham, saltanat ham qo‘ldan qo‘lga o‘tib ketadi. Yozilgan qadar kelib yig‘ilarkan, shoh va gadoning bir-biridan farqi qolmaydi.

Hikmat

Hech bir vaziyat bardavom emas. Har qanday farovonchilikning ham oxiri bor. Boylar qashshoqlashib qolishi mumkin, mansabdagilar pastga tushishi va yoshlar keksayib qolishi mumkin. Hamma ham bir kuni bu foniy dunyoni tark etadi. Har bir narsa biz uchun ibratdir. Undan vaqtida xulosa chiqarish lozim.

“Guliston”dan
Kavsar Shodiyeva tarjimasi