“Eng go‘zal hikoyatlar-2” tanloviga
U ilmni to nasibasini olgunigacha izladi. Shayx unga va uni do‘stlariga: “Insonlardan balandda bo‘lmanglar, albatta olim modomiki qo‘lini dunyo matohlariga cho‘zar ekan, unda yaxshilik yo‘qdir. Hammangiz boring va otangizni kasbi bilan shug‘ullaning, bunda Allohdan taqvo qiling”, dedi.
O‘sha yigitlardan biri onasini yoniga borib otasi qaysi kasb bilan shug‘ullangani haqida so‘radi. Onasi ajablandi va: “Otang Allohning huzuriga ketgan bo‘lsa uni kasbini so‘rab nima qilasan. Borib boshqa kasb top, otangning ishini qo‘y”, dedi. Bolasi majburlayvergach, otasining kasbi o‘g‘rilik bo‘lganini xohlamaygina aytdi.
O‘g‘li unga: “Shayximiz bizni otamiz qilgan barcha ishni qilishga va bunda Allohdan taqvo qilishga buyurdilar”, dedi. Onasi oh tortib yubordi va o‘g‘rida qanday qilib taqvo bo‘lishi mumkinligi aytib o‘kindi. Bola g‘aflatda edi va: “Shayxim shunday degan”, dedi.
So‘ng ketdi va o‘g‘rilar o‘g‘rilik qilishda qo‘llaydigan usullar va o‘g‘rilik yo‘llarini o‘rgandi. Va ilk o‘g‘riligiga kirishdi, hufton namozini o‘qidi va insonlarni uyquga ketishlarini kutdi. Va otasini kasbini shayxi aytganidek taqvo bilan qilish uchun chiqdi. Yon qo‘shnisidan boshladi, birdan shayxining taqvo bilan qiling, degan gapi yodiga tushdi va qo‘shniga ozor berish taqvodan emas deb, keying uyga o‘tdi va o‘ziga o‘zi aytdi: “Bu yetimlarning uyi bo‘lsa, Alloh ularni mollaridan yeyishni man etgan”.
Yo‘lida davom etdi, boy tijoratchining uyiga borib to‘xtadi. Boyning bittagina qizi bo‘lib, odamlar uni hojatidan ortiq mollari ko‘pligini bilar edi. Va shu uyga kirishga qaror qildi. Eshikni ochdi va ichkariga kirib keng uylarni, ko‘p xonalarni ko‘rdi, mollar turadigan joyni topguncha uyda aylandi. U yerdagi oltinlar va kumushlarga to‘la sandiqni ochdi. Endi olmoqchi bo‘lib turganda shayxining gapi yodiga tushdi va bu tijoratchi hali zakotini ado qilib ulgurmagan bo‘lsa-chi, degan xayolga bordi. Boyning daftarini olib o‘zi bilan olib ketgan kichik fonarni yoqdi va hisoblay boshladi. U hisobga juda mohir edi. Hisoblab bo‘lgach, zakot uchun ajratilgan pullarni bir chetga olib qo‘ydi, hisoblashga shunchalik kirishib ketganidan vaqt o‘tganini sezmay qoldi. Qarasa, bomdod vaqti bo‘libdi.
Taqvo qilib avval namoz o‘qiyman, deb hovliga chiqib tahorat qildi va namozga iqoma ayta boshladi. Uy egasi uni eshitib chiqdi, hayratda lol qoldi. Fonar yoqiqligi uchun sandiq ochilganini ko‘rdi va: “Sen kimsan?”, dedi. O‘g‘ri esa: Avval namoz keyin kalom, dedi. Tahorat qilib kel birga namoz o‘qib olaylik, uy egasi imomlik qilishi kerak”, dedi. Uy egasi unda qurol bo‘lsa-chi degan hadikda aytganini qildi. Alloh biladi qanday namoz o‘qiganini.
Namoz tugagandan so‘ng o‘g‘ridan kimligini va nima qilayotganini aytishini so‘radi. U o‘g‘riligini aytdi. Boy esa daftarini nima qilganini so‘radi. O‘g‘ri unga olti yildan buyon chiqarmagan zakotini hisoblaganini va joyiga qo‘yish uchun ajratib qo‘yganini aytdi. Tijoratchi esidan ayrilay deb: “Bu nima deganing, jinni bo‘lganmisan?”, dedi. O‘g‘ri hammasini aytib berdi.
Tijoratchi uning gaplarini eshitib bo‘lgach unga yaxshilab nazar soldi va uni chiroyli va aqlli ekanini ko‘rdi. Xotini yoniga borib bo‘lgan voqeani aytib, qaytib o‘g‘rini oldiga keldi va: “Senga qizimni nikohlab bersam, o‘zingni esa shaxsiy hisobchim qilib olsam, nima deysan? Onang biz bilan shu yerda yashaydi, dedi. O‘g‘ri rozi bo‘ldi, tong otgach guvohlar chaqirildi va nikoh aqdi bog‘landi.
Manba: Ali Tantoviyning “ اللص التقي ” nomli hikoyasi.
Arabchadan Robiya Mannobjonova tarjimasi