Sa’diy, qishning o‘rtasida bir savdogarni uchratdi. Uning yuz ellik tuya moli, qirqta quli va xizmatchilari bor edi. Savdogar bir kecha Sa’diyni uyiga taklif qildi. U butun kecha davomida u yoq bu yoqdan gapirib turdi:
–Falon tanishim Turkistondadir. Falon mollarim Hindistondadir. Bu qog‘oz falon yerning jasoratidir. Falon narsagan falon kafildir…
Kurakda turmaydigan loflarning keti uzilmadi. Havosi xush bo‘lganligi uchun yaqinda Iskandariyaga ketmoqchi ekanligini aytib ortidan:
–Yo‘q, yo‘q… Hozir Oq dengiz qo‘shilgan, – deya boshqa loflarni qo‘shib yubordi. Gapining o‘rtasida, savdogar:
–Sa’diy! –dedi. –Bir safarim bor, haligacha o‘ylayman, shu ishlarimni hal qilsam, keyin bir chetga borib umrimni qolgan qismini o‘sha yerda o‘tkazaman.
Sa’diy so‘radi:
–Bu qanday safar ekan?
Savdogar:
–Bars oltingugurtini Chinga olib boryapman. U yerda bahosi juda yuqori deb eshitdim. Onado‘li ipagini Hindistonga, Hind po‘latini Halabga, Halab shishasini Yamanga, Yaman olchasini Barsga olib kelaman. Undan so‘ng bu xil yurishlarni yig‘ishtirib, bir do‘konga o‘tiraman.
Savdogar bunga o‘xshash ming xil tijoriy xayollaridan lof urdiki, ortiq gapirishga kuchi qolmagach, Sa’diyga qarab:
–Sa’diy! – dedi. – Sen ham ko‘rgan-kechirganlaringdan biron nima desang-chi…
Sa’diy javob qildi:
–Sen cho‘lda tevasidan tushgan bir karvon sohibining, “Boyning ko‘zini yo qanoat to‘ydiradi yoki mozor tuprog‘i!” – deganini eshitmaganmiding?
Hikmat
Tamakorning ko‘zini tuproq to‘ydiradi:
Shunday insonlar borki, to‘yganini bilmaydilar;
Ko‘zlari ochdir, shunga binoan mol-mulk oz ko‘rinadi ularga. Bu tama’dan faqat o‘libgina qutuladilar.
“Guliston”dan
Kavsar Shodiyeva tarjimasi