Tamagir

Qadim zamonda saxiyligi bilan nom chiqargan bir podshoh o‘zining kishilaridan biriga:
— Men bir kishiga ming tanga bermoqchiman, sen nima maslahat berasan?—dedi.
— Buncha ko‘p pulni bir kishiga berib bo‘lmaydi,— deb maslahat berdi u kishi.
— Yarmisini bir kishiga bersam bo‘ladimi?
— Ko‘plik qiladi.
— Uchdan birini bersamchi?
— Ko‘plik qiladi.
— To‘rtdan biriga maslahat berasanmi?
— Bu ham ko‘p.
Shundan keyin podshohning u yaqin odami bir kishiga faqat yuz tanga berishga maslahat aytib:
— Bir kishiga yuz tanga berish ko‘p bo‘lsa ham mayli, yuz tanga bera qoling,— dedi. Podshoh uning qarorini eshitib:
— Qanday baxtsiz odam ekansan? Men bu ming tangani senga bermoqchi edim. Bergan maslahating soyasida ming tangadan o‘zingni mahrum qilding va meni saxovatdan man aylading,— dedi.
U kishi podshohning so‘zini eshitib pushaymonlik o‘tida yondi:
— Men xato ish qildim, mendan marhamatingizni darig‘ tutmang,— dedi. Podshoh uning yalinib-yolvorishiga iltifot qilmay:
— Sen azob-uqubatga loyiq bo‘lgan, ehsonga qobil bo‘lmagan himmatsiz, pastkash odam ekansan. O‘zingga ham, menga ham ziyon yetkazding. Mening ziyonim agar o‘sha ming tangani bir kishiga bersaydim, saxiylik bilan mashhur bo‘lardim, muruvvatim ovozasi boqiy qolardi. Shuncha puldan mahrum bo‘lish bilan sen ziyon tortding. Endi o‘z qaroring bo‘yicha senga yuz tanga beraman, mana ol, bundan keyin mening majlisimda aslo pastkashlik qilmagil,— dedi. U yaqin kishisiga yuz tanga berib, huzuridan chiqarib yubordi.

Bayt:
Bu jahon ichra qora yuz sifladur,
Uni ko‘rsang, shavqat qilmay rosa ur.