Podshohning yana ozgina umri qoldi. Ammo, uning ortidan qoladigan merosxo‘ri yo‘q edi. Bu mavzu shohning o‘limi oldidan ko‘p muhokama qilinar edi. “U bo‘ladimi, yoki bunisimi?” – deya bosh qotirardi a’yonlar. Podshohning salomatlik paytida ham katta tortishuvlar bo‘lib turardi. Hukmdor, “O‘limimdan so‘ng, amaldorlar g‘alayon qilib, o‘lka falokatga yuz tutadi”, degan xavotirda darhol vasiyatnoma yozdirib qo‘ydi. Vasiyatda shunday yozilgan edi:
“Hukmdorlik tojini ertalabdan shahar darvozasidan kirgan ilk insonning boshiga kiygizing va mamlakatni unga topshiring”. Oxiri, shohning vaqti-soati yetib qazo qildi. Shahar ahli, ertasi kun qal’alar bilan o‘ralgan darvozadan birinchi bo‘lib ichkariga kiradigan kishini kuta boshladilar. Nihoyat, kimnidir qorasi ko‘rindi. Qiziqqon qarashlar ortida bir kishi kelib ichkariga kirdi. Hech narsadan xabari yo‘q bu odam, butun umri yo‘qsillik ichida kechgan, yamoq ustiga yamoq urgan, bir luqma uchun darbadar yurgan tilanchi edi.
Saroy ahli, davlat arboblari uning kimligiga qaramay, vasiyatga amal qilishdi. Tilanchini yurta shoh qilib ko‘tardilar; xazinaning kalitlarini uning ixtiyoriga topshirdilar. Aqliga sig‘mas ishlardan shoshib qolgan tilanchi bir muddat hovurini bosib olgach, mamlakatni boshqarishni qo‘lga oldi. Dastlab u juda yaxshi boshqardi, ammo keyinchalik ba’zi amaldorlar unga itoat qilmay qo‘ydilar. Mamlakatda katta-kichik noroziliklar, g‘alayonlar kelib chiqa boshladi. Askarlar va xalq nima qilishni bilmay qolishdi. O‘zaro tortishmalar, janjallar avj ola boshladi. Bulardan juda charchab ketgan podshoh qattiq choralar ko‘rib xalqni tinchlantirishga urindi. Shunda ham shaharning ba’zi hududlarini izmida ushlab tura olmadi. Shunday kunlarning birida, yo‘qsillik ichra yurgan bir do‘sti uning shahriga kelib qoldi. Do‘sti uni podshoh bo‘lganini ko‘rib:
–Yakkayu yagona Allohga shukrlar bo‘lsinki, Baxt senga kulibdi. Porloq kelajak tikanzor ichra bir gul ochib, shu martaga erishibsan, – dedi.– Albatta, har qanday balandlikning bir kuni pastga tushishi ham bordir.
Podshoh do‘stining gaplarini eshitib:
– Do‘stim! – dedi. –Qutloving o‘rinli emas. Meni yupat… Seni tanigan paytim va tilanchilik qilib yurganimda faqat birgina ovqatning g‘amini yerdim. Bugun esa jahonning qayg‘usi, yuki mening bo‘ynimda.
Hikmat
Dard, uni tortganga qarab o‘lchanadi. Birov uchun ulkan tuyulgan dard, boshqa bir kimsa uchun kichikdir. Balki hech qanday dard emasdir.
“Guliston”dan
Kavsar Shodiyeva tarjimasi