“Eng ibratli hayotiy hikoyalar” tanloviga
Kamina yozg‘uvchingiz o‘zimni bugungi o‘zbeklarning bir ziyolisi, yoshligidan harf tanib, oq-qorani ajratishga o‘rgangan odam, deb o‘ylab yurar edim. Lekin bugun anglab yetishimcha, men bilgan qoralarning hammasi ham qora emas ekan. Oq deb taniganlarimning barisini ham oq deb aytish xato bo‘larkan.
Taassuflarim boisi shulki, kamina muallifingiz aqlini tanigan jamiyatda xudoni inkor qilgan sho‘rolar tuzumi hukmron edi va bizni Allohni tanishdan boshqa hamma narsaga o‘rgatdilar, lekin yoshim ellikdan o‘tganda tushunib yetdimki, Allohni tanimay bilganlarimning barisi sarob ekan. Dunyoni o‘rganishga intilibmiz-u, lekin dunyoning egasini bilmay turib biron samaraga muyassar bo‘lish mumkin emasligini anglamabmiz.
Ko‘p narsa yodimdan ko‘tarilib ketgan, lekin bola chog‘im bir kuni onaizorimning qoshiga kelib, savol so‘raganim hamon yodimda:
– Ena (men tug‘ilib o‘sgan yurtda onani shunday chaqirishardi), maktabda malim (muallimni shunday atar edik) xudo yo‘q dedi.
Onam rahmatli yigirib o‘tirgan urchug‘ini kafti bilan to‘xtatib, tizzasi ustiga qo‘ydi, yonidagi bir tutam toza paxtani changallab, to‘satdan uni qayerga qo‘yishni bilmaganday kalovlandi. Keyin mening hali almashtirishga ulgurmagan maktab kiyimlarimning yo‘q changini qoqdi.
– Maliming bekorlarning beshtasini aytibdi, – dedi onam zarda bilan. – Xudo yo‘q bo‘lsa, bu dunyoni kim yaratgan, deb so‘ramadinglarmi?
– So‘ramadik.
– Ertaga yana xudo yo‘q deb aytsa, so‘ranglar.
Ertasigami, indinigami, sal keyinroqmi, muallimimiz yana xudo yo‘q, deb aytdi. Men tirsaklarimni partadan uzmay, odobligina bola bo‘lib qo‘l ko‘tardim.
– Ha, savoling bormi? – dedi muallim.
– Enam, maliming yana xudo yo‘q desa, bu dunyoni kim yaratgan deb so‘ra dedi, – dedim har bir so‘zni dona-dona qilib.
Hozir yodimda yo‘q, o‘shanda uchinchi sinfda o‘qirmidim, yo to‘rtinchidami, lekin tilim anchagina burro edi. O‘sha muallim bizga qo‘shni bo‘lgani uchun undan unchalik cho‘chimasdim ham. Maktabga qora kostyum kiyib, yaltiroq qizil bo‘yinbog‘ taqib keladigan, doim terlab-pishib yuradigan muallimimizni har kuni uyda yo‘l-yo‘l tik ishton, oq yaktak yo olabayroq to‘n kiygan holida ko‘rganim uchunmi, o‘zimga allaqanday yaqin ham olardim. Sinfdoshlarim mening yaxshi o‘qishimga g‘ayirlik qilmasdi-yu, lekin malim hamsoyang, shunga senga nuqul besh baho qo‘yadi, deb aytishardi. Men bahoni malimning yordami bilan emas, o‘zimning kuchim bilan olayotganimni isbotlashga o‘lib-tirilardim. Onam rahmatli aytgan savolning mag‘ziga yetib bormagan bo‘lsam ham, shu savolni bersam, sinfdoshlarim rosa qoyil qoladi, deb o‘ylagan bo‘lsam kerak, ehtimol. Yana kim biladi deysiz. Balkim, bugun o‘sha olis bolalikda qolib ketgan xotiralarimni yozib qo‘yishim uchun ham o‘sha paytda o‘sha savol tilimga kelgandir…
Muallim biroz esankiradi, aniqrog‘i, men hozir u kishini o‘sha paytda biroz esankiragan bo‘lsa kerak, deb o‘ylayapman. Axir, esankirash nima ekanini o‘sha paytlar o‘zim tushunmas edim-da. Harholda, xuddi videotasvir kabi aniq yodimda qolib ketgani shuki, muallim qo‘lidagi uzun chizg‘ich bilan old qatordagi partani bir-ikki bor shartillatib urdi, qisib turgan bo‘yinbog‘ini biroz bo‘shatdi, terdan yaltirab turgan yuz-bo‘ynini kir dastro‘moli bilan artdi. Keyin negadir eshik tomon yurdi. Uni ochdi. Biroq tashqariga chiqmadi, uyoqda biron kishi bormi, deb qarab ham ko‘rmadi. Yana yopdi. Ortiga burilib, stoli yoniga keldi va shunday dedi:
– Si(z)lar endi katta-matta bo‘lib qoldilaring, bir gapni aytsa, tushunasi(z)lar. Bizga tepadan, – muallim ko‘rsatkich barmog‘i bilan shiftga ishora qildi. Hammamiz shiftga qaradik. Hech narsa yo‘q. Muallim bu qilig‘imizdan kuldi. U bunaqa majoziy tushunchalar bizning bola tafakkurimizga sig‘masligini tushundi, shekilli, yana muallimning og‘ziga tikilgan biz bolalarga anglatdi. – Rayonda (bugun o‘ylashimcha, o‘shanda muallim tuman firqa va sho‘rolar idorasini nazarda tutgan) bizga “bolalarga xudo yo‘q deb aytinglar”, deb tayinlashgan. Biz shuni aytamiz. Lekin uyoqqa, – muallim yana qo‘li bilan shiftga ishora qildi. Biz yana shiftga qaradik. Yana hech kim yo hech narsani ko‘rmadik. Muallim bu qilig‘imizdan tag‘in iljaydi. – Uyoqqa hech kim borib kelmagan. Yo‘q, deb aytayotganlar ham borib kelmagan. Balkim xudo bordir. Lekin menam ba’zan enang aytgan savolni o‘ylab qolaman. Xudo yo‘q bo‘lsa, dunyoni kim yaratgan?..
Men o‘shanda muallimning gapidan biron narsani tushungan yo tushunmaganimni bugun eslolmayman. Eslaganim, enam aytgan savolga muallimning javob berolmaganidan andak g‘ururlanganim.
Onam rahmatli besavod ayol edilar. Yoshligi ikkinchi jahon urushidan oldingi qiyinchilik zamonlariga to‘g‘ri kelgani tufayli maktabga ham goh chiqib, goh chiqolmaganini hikoya qilib bersa, men xuddi ertak tinglaganday o‘tirar edim. Qolaversa, birinchi sinfda lotin alifbosini o‘rganib, uchinchimi-to‘rtinchi sinfdan kirillchada o‘qishni davom ettirgani to‘g‘risida aytardi. Keyin ikkinchi jahon urushi boshlanib, non arzandaga aylangan zamonlarda maktabga chiqishni bas qilgan, alqissa, besavod bo‘lib qolgan ekan. Lekin mening nazarimda eng oqila, eng donishmand, dunyodagi hamma narsani biladigan ayol edilar. Asli, hammamiz onamiz haqida shunday o‘ylaymiz. Hammaga o‘zining onasi aziz. Alloh rahmatiga olgan bo‘lsin onamni. Bu dunyoni juda erta tark etdilar.
Islomda xudoning zoti va sifati haqida fikr yuritishdan qaytarilgan. Chunki borliq bilish mumkin bo‘lgan va mumkin bo‘lmagan olamlardan – ko‘rib turganimiz moddiy olamdan va aql emas ko‘ngil sezadigan g‘ayb dunyosidan iborat. Aqlning bilmagan narsa haqida fikr yuritishi alal-oxir adashishga olib kelishi mumkin. Hozir shunga yana bir misol aytay.
Talabalik chog‘larimiz edi. Bir kuni hamsaboqlar xalfana qilib bir cho‘qim osh damladik. Avval kundalik mojarolar borasida boshlangan g‘iybatga o‘xshash suhbatimiz asta-sekinlik bilan hammamizni o‘ylantirib turgan mavzularga burildi.
– Falonchi domla (men bu domlaning atay ismini yozmayapman – muallif), otasi o‘lganda janozasiga bormagan ekan, – dedi hamsaboqlardan birovimiz.
Oshni katta-katta oshayotgan yana birovimiz kaftida qolgan guruch donalarini tili bilan terib olarkan, beparvo gap qotdi:
– Shuniyam bilmaysanmi, u kishi kommunist, janozaga borsa, partiyadan o‘chadi, ishdanam ketadi.
– Otasining arvohi chirqillab qolmaydimi? – deb so‘radi haligi hamsabog‘imiz.
– O‘lgan o‘ldi, ketdi, – dedi oshxo‘r hamsaboq. – Uning kasriga buyoqdagilar qiynalishi kerak emas-ku!
– Lekin shu domla bir safar mardlik qilib, otasining janozasiga borsa edi, bizga mazza bo‘lardi, – dedi negadir tizzasiga shappatilatib kulgan yana bir hamsabog‘imiz.
Gap mavzusi bo‘lgan domla anchayin qattiqqo‘lligi bilan mashhur edi. Ayrim talabalar shu domladan imtihon topshira olmay, qiynalib yurishi haqida eshitgan edik. Tanish-bilishga ham yo‘l bermas ekan. Dimog‘i baland odam edi. O‘rtaga tanish tiqmoqchi bo‘lsang, mendan balandroq odam yonimga kelsin, lekin O‘zbekistonda mendan zo‘ri yo‘q, demak, tanishlaring o‘tmaydi, degan edi bir safar.
– Bekorga xursand bo‘lyapsiz, bizga buning sirayam issiq-sovug‘i yo‘q – deya men ham gapga qo‘shildim. – Men so‘rab bildim: shu fandan imtihon payti domla Toshkentda bo‘lmasakan. Yordamchisiga topshiramiz.
O‘sha kuni, adashmasam, suhbatimizning avvalida xudoning bor-yo‘qligi borasida bahs qo‘zg‘algan, har kim har xil fikr aytgan, hatto, ichimizda xudoga ishonmaydigan dahriylar ham bor ekan va biz kursdoshlar ularga nisbatan o‘zimizda zarracha begonalik tuyg‘usini sezmagan edik. Nihoyat, ancha tortishuvdan keyin, mabodo, xudo bo‘lmasa ham, cheksiz koinotda Oliy Bir Kuch borligi, yanayam aniqrog‘i, shunday kuchga ehtiyoj borligi haqida to‘xtamga keldik. Dunyo o‘z-o‘zidan yaralgan, bu ishda xudoning zarracha ishtiroki yo‘q, deb ta’kidlagan allaqaysi domlamizga e’tirozan o‘zimizcha Oliy Mohiyat borligi haqida gapirdik. Bu Oliy Mohiyatni dindorlar xudo, dinsizlar Oliy Ong deb aytadi, deb xulosaladik. Har kim o‘z fikrida qolsa, zarra ziyoni yo‘q, shunchaki, hammamiz boshqa-boshqa so‘zlar bilan yagona narsa to‘g‘risida gapirayotirmiz, deb o‘yladik ko‘pchiligimiz.
Oshxo‘rlik so‘nggidagi gurung shu suhbatning izovasi edi. O‘zak masala borasida emas, endi uning atrofidagi g‘iybatlarni boshlagan paytimiz edi. Jumladan, mashhur domlaning ota janozasiga bormagani haqidagi gap ham shu g‘iybatning davomi bo‘ldi.
Men bu suhbatga unchalik qo‘shilmay, aniqrog‘i, qo‘shilolmay o‘tirardim. Chunki men o‘zimga xudo aniq bor deb ta’kidlasam-da, yonverimdagi do‘stlarimning Oliy Mohiyat borasidagi fikrlari ham jo‘yali bo‘lib tuyulardi. O‘ylagan sari xayolim chuvalib, oxirida ko‘z oldimga onamning urchug‘i keldi. Urchuq pirillab aylanib, onamning baland ko‘tarilgan qo‘lidagi ip chiyrilib, mustahkamlanib borardi. Keyin onam rahmatlining muallimdan so‘rashim uchun tayinlagan so‘rog‘i yodimga tushdi: “Xudo yo‘q bo‘lsa, dunyoni kim yaratgan?”
Qolaversa, taxminan shu kunlari bir tush ko‘rgan edim. Tushimda ko‘hna bir shaharda yurgan emishman va moviy gumbazlar tagida irfoniy suhbatga guvoh bo‘libman. Sokingina suhbatlashib turgan kishilarning ikki jumla gapi hamon miyamda mixlanib turibdi: “Odamzot haq yo‘lidan yurishga tabiatan moyil, lekin shayton bizlarni yo‘ldan ozdirib turadi”, dedi soqolini kalta kuzab, boshiga kichikkina salla o‘ragan bittasi. “Agar shayton yo‘q bo‘lsa, uni o‘ylab topishga to‘g‘ri kelardi, – dedi yarashiqli soqol-murt qo‘ygan ikkinchi kishi. – Chunki yomonga timsol kerak, shusiz biz haq va botilni bir-birovidan ajratolmay qolamiz”.
Hozirlar o‘ylab ko‘rsam, o‘shanda Eronda islomiy inqilob amalga oshirilgan va barcha matbuot vositalari faqat shu haqida yozardi. Amerikani yomon ko‘radigan sho‘rolar davlati matbuoti Eronda amerikaparast shoh hukumatining ag‘darib tashlanganini olqishlar edi-yu, lekin inqilob islom bayrog‘i ostida amalga oshirilganini hazm qilolmasdi. Shu bois bu inqilobning mohiyati haqida xabarlar berilmasdi. Biz bilmagan voqeamiz haqida taxmin va tasavvur qilishga majbur bo‘lardik.
O‘zimcha ta’bir qidirib, Freyd degan g‘arb faylasufining kitobidan o‘rganganlarimni qo‘llab, tushdagi makonni bir qadar tasavvur qildim.
Lekin shayton mavzui xayolimga qanday kelganini hozirgacha tushunib yetolmayman. Hozirgacha, har safar shu tushimni eslasam, foniy va boqiy dunyolar orasida uzilmas bog‘lanish bor, lekin aql uni idrok etishga qodir emas, shu bois, bunday masalalarda ruhning bilimiga tayanish lozim, degan xulosamni o‘zimga takrorlayman.
Mening aqlim o‘z-o‘zidan yaralgan dunyo haqidagi ta’limotni o‘sha talabalik chog‘larimda ham qabul qilolmasdi. Oliy Mohiyat haqidagi gaplarni esa Gegelni o‘qiganmi yo Gegel haqida o‘qiganmi, ishqilib, aqlli bir jo‘ramiz topib kelgan edi. Gegel falsafasi ko‘pchilik qatori menga ham yoqib tushgandi, chunki unga amal qilsak, ya’ni, ishonsak, har kim o‘z fikrida qolishi mumkinday edi. Xudo bor deydiganlarga ham, yo‘q deydiganlarga ham mos falsafa edi bu. Lekin keyinroq bilsam, oramizda xudoni qat’iyan inkor qiladigan jangari dahriylar ham yo‘q emas ekan.
Ha, bir gap, men, baribir, Gegelni keyin ham sira o‘qimadim. Oradan ancha yillar o‘tgach, olimlikka da’vogar bir tanishim Gegelni o‘qimaganim haqidagi e’tirofimdan ajablandi. Siz uni albatta o‘qishingiz lozim, bugungi zamonaviy dunyoqarashning asosida shu falsafa yotadi, desam, ehtimol, xato aytarman, lekin Gegelning zamonaviy inson tafakkuriga juda katta ta’sir ko‘rsatgani shaksiz, dedi u. To‘g‘risi, Gegelni o‘qimaganimdan o‘shanda biroz uyaldim. Biroq darrov javob ham topdim. Aytdimki, men ilmda avtoritetlarni tan olish tamoyiliga amal qilaman, lekin ilm ummoni cheksiz, uning hamma puchmog‘ini birma-bir kezib chiqish imkonsiz. Xususan, mening Gegelni o‘qishim dunyoqarashimga ijobiy ta’sir ko‘rsatishiga shubha qilaman. O‘qib-o‘rganishim kerak bo‘lgan kitoblar shundoq ham juda ko‘p…
Xo‘sh, xayr, avvalgi suhbatimiz mavzusiga qaytsak.
Gurungga oshxo‘r hamsaboq nuqta qo‘ydi.
– Ey, bu masalada tortishmanglar, hech kim uyoqqa borib kelmagan, – dedi u va ko‘rsatkich barmog‘i bilan shiftga ishora qildi. Biz, endi ancha katta bo‘lib qolgan yigitlar, barmoqning qayoqqa ishora qilayotganini yaxshi tushunardik. – Ya’ni, buyoqdagilar uyoq haqida aniq xabarga egamas. Toza yasha, halol yasha, o‘shanda o‘lsangu, u dunyo bor bo‘lsa, albatta, jannatga tushasan, mabodo, yo‘q bo‘lsa, xotirjam o‘lasan, halol yashadim deb o‘zingga taskin berasan…
Shu suhbatdan ancha keyin, Yaratgan va yaralmish borasida o‘zimning mustahkam fikrim qaror topgan chog‘larda, fizika fakultetida o‘qiydigan shoir do‘stim dunyoning yaralishi borasida gapirib, bundan necha milliard yildir avval koinotda ulkan portlash yuz bergani va shundan keyin yulduzlar changidan bugun biz ko‘rib turgan olam paydo bo‘lgani xususida va’z o‘qigan edi. Men o‘shanda ham onamning urchug‘ini esladim va “O‘sha portlashdan avval nima bor edi?” deb so‘radim.
U aytdiki, undan avval hech narsa yo‘q edi.
Hech narsadan bir narsa yaralishi mumkinmi, deb yana so‘radim.
Fizik tanishim gapga chechan inson edi. Dovdirab qolmadi: “Yo‘qlikdan borlikni yaratishga faqat Xudo qodir”, dedi u.
Shu javobdan ko‘nglim taskin topdi. Chunki xudo dunyoni mukammal qonun bilan yaratgan. Faqat, tabiatshunos olimlarimiz buni dunyoning o‘z qonunlari deb aytadi, xolos. Bu qonunlarda tabiat va kishilik dunyosining muayyan tarzda takomil topib borishi ham azaldan belgilab, tayin etib qo‘yilgan. Qur’oni Karimda odamning yo‘qdan bor etilgani haqida necha bor aytiladi…
Mana, o‘sha voqealardan buyon ham oradan 35-40 yil vaqt o‘tdi. Alhamdulilloh, imonimizdagi ko‘p kamchiliklar barham topdi. Islomimiz ham asta-sekin izga tushyapti. Musulmonchilik asta-asta, degan gapning ham ma’nosini chaqqanday bo‘lyapman. Biroq…
Biroq bugungi zamonda ayrim amri-ma’ruf davralarida ishtirok etishga to‘g‘ri kelsa, ko‘p hollarda faqat nafsning yomonligidan, nafsga qarshi kurash haqida va’z o‘qiladi. Bilgan odamlar ham shu mavzuda o‘zaro bahs qiladilar.
Holbuki, muslimning imoniga faqat nafs emas, aql ham zarar yetkazishi borasida deyarli o‘ylamaymiz.
Bundan yigirma yilcha burun, imom Buxoriyning “Sahihi Buxoriy” asari o‘zbek tiliga tarjima qilinib, ko‘pming nusxada chop etildi. Buni yurtimizda zaiflashgan dinimizga quvvat bo‘ladi, deb tushundik.
Lekin yaqinda do‘stlarimizdan biri g‘alati fikr aytib qoldi:
– Bilasizmi, mana shu kitobning nashr qilinishi dinimizga foydadan ko‘proq ziyon keltirdi, – dedi u va stoli ustidagi to‘rt jildlik “Sahihi Buxoriy”ni ko‘rsatdi.
Men unga ajablanib, savol nazari bilan tikildim. Imoni mustahkam, diniga mahkam bu do‘stimizdan shunday g‘alat bir gapni eshitaman, deb sira o‘ylamovdim.
– Yo‘q, yo‘q, siz meni noto‘g‘ri tushunmang, – dedi u shoshib. – Men kitobning o‘zi haqida emas, uning vaqtidan avvalroq chop etilgani to‘g‘risida gapiryapman. Nazarimda, ulamolarimiz xalqimizga avval din va imonni tushuntirishi, halol va haromni ajratib ko‘rsatishi, har bir musulmon kishi bilishi lozim bo‘lgan tushunchalar va qilishi lozim bo‘lgan amallarni o‘rgatishi shartmidi, deyman-da! Aqidani bilmay turib, shariatdan bahs yuritguvchilar ko‘payib ketgan hozir. – Do‘stimiz bir nafas rostlab, keyin fikrida davom etdi. – Hozir shu kitobni o‘qigan chalamullalar og‘zingga darrov uradi: “Sahihi Buxoriy”da mana bundoq deyilgan, demak, shundoq qilishimiz lozim deb. Axir, deyman men, ey, musulmon, bu kitobdagi hadislarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri amalga qo‘llab bo‘lmaydi. Zamonlar o‘zgarib ketdi. Olimlardan fatvo bo‘lmasa, o‘zimizcha xulosa aytishga haqqimiz yo‘q. Lekin ular mening gapimni eshitishmaydi.
– Payg‘ambarimiz (SAV)dan keyingi zamonlarda ayrim masalalar bo‘yicha sahobalardan fatvo so‘ralsa, ular ming bir gapni bahona qilib, fatvo berishdan qochar ekan, – dedim men do‘stimizning keyingi gapini ma’qullab. Uning aytgan asosiy fikri esa hamon men uchun yangilik edi. Darrov bir qarorga kelishim qiyin kechayotgandi. Shunga gapni aylantirayotgan edim. – Holbuki, ular din ta’limini hazrati payg‘ambarimiz (SAV)ning o‘zidan olgan edi. Ko‘pchiligining salohiyati har qanday masalada fatvo berish uchun kifoya qilardi. Shunday bo‘lsa ham, ular tag‘in xato qilib qo‘ymaylik, degan istihola bilan fatvo berishdan qochgan. Savol so‘raguvchini o‘zidan ko‘ra olimroq, salohiyatliroq deb o‘ylagan boshqa sahobaga yo‘llagan. Hozirgi chalamulla “olim”lar esa eshitgan bir rivoyatini bayroq qilib, davrama-davra ko‘tarib chopadi. O‘rni kelsa ham, kelmasa ham o‘zinikini ma’qul qiladi…
– Shunisiga kuyaman-da, – dedi do‘stimiz. – Ilm olimning qo‘lida qolib, shariat nomidan hukm o‘qish maqomi johilga o‘tib ketsa, sho‘ro zamonida ko‘rganlarimiz ham holva bo‘lib qolmasmikin?! Bugun paydo bo‘lib qolayotgan mutaassib-jangarilar dinimizni dunyoning ko‘ziga yomon ko‘rsatsa, ehtimol, bunga chidarmiz, lekin bolalarimizning aqlini, dilini dinimizdan chalg‘itsa, fikrini chetga burib yuborsa nima qilamiz? Xudoning oldiga borganda nima deymiz? Ko‘rib, indamay turgan edik deymizmi?
Mening bu savollarga javobim yo‘q edi. Do‘stimizning ham javobi yo‘q ekani tayin. Lekin keyinroq o‘ylab ko‘rsam va o‘zim dunyoviy ilm-fanda tan olingan bir uslubni qo‘llasam, savolning qo‘yilgani – masalaning yarmi yechilgani ekan. O‘zi ilmdan uzoqroq yursa ham, ilmlilarni sevadigan bu do‘stimiz qo‘ygan savollar jamiyatimizning bugungi eng muhim muammolaridan biri ekan. Xayriyatki, muammoni ilg‘adik, endi, inshaalloh, uning yechimini ham toparmiz.
Musulmon Namoz