Roja dedi: – O‘ylamasdan ish qilgan va oqibatda pushaymon bo‘lib, afsus-nadomat daryosiga g‘arq bo‘lgan odam to‘g‘risidagi hikoyatni eshitdim. Endi shunday bir voqeani aytib berki, unda har tomondan o‘rab olgan dushmanlar hujumiga duchor bo‘lib, o‘lim, jar yoqasida qolgan va o‘zini qutqarish uchun dushmanlarning biri bilan do‘stlashgan, u bilan ahd-paymon tuzib, o‘z jonini qutqarib qolgan kishi tasvir etilgan bo‘lsin. Yana dushmani bilan qanday yarashganligi, bunga qanday yo‘llar bilan erishilganligini bayon qilib ber.
Brahman dedi: – Ko‘pincha do‘stlik va dushmanlik uzoqqa cho‘zilmaydi. Ular bo‘layotgan hodisalarning jarayoniga va zamon g‘ildiragining aylanishiga qarab o‘zgaradilar.
Ular xotinlarning vafosi, tentaklarning muloyimligi, bolalarning go‘zalligiga o‘xshaydi. Uzoq vaqt davom etgan sof do‘stlikka ham ba’zan ko‘z tegishi, tezda nafrat va adovatga aylanishi mumkin. Shuningdek, qadimdan mavjud bo‘lgan dushmanlik ham bir baxtli tasodif tufayli do‘stlikka almashinishi mumkin. Shuning uchun aqlli odam har ikki holda sabrli bo‘ladi va dushmanning bir vaqt kelib do‘st bo‘lishi mumkinligiga umid bog‘lab, u bilan xushmuomala qilishni tark etmaydi, ham do‘stlari bilan yaxshi munosabatda bo‘lib, ayni zamonda, bu do‘stlikning abadiy bo‘lmasligini esdan chiqarmaydi. Uzoqni ko‘radigan kishi dushman bilan sulh tuzib, u bilan do‘stlashmoqni g‘animat biladi, chunki shunday qilinganda xatar bartaraf bo‘lib, foyda qo‘lga kiradi. Kimki aytilib o‘tilganlarga amal qilsa, mushuk bilan kalamush kabi o‘z maqsadlariga erishadi.
Roja so‘radi: – Ular qanday qilib maqsadlariga erishibdilar?
Hikoyat: Brahman dedi: – Falon mamlakatdagi o‘rmonlardan birida bir katta daraxt bo‘lib, ostida bir kalamushning ini bor edi. Uning yaqinida bir mushuk yashardi. Bu yerlarga ovchilar tez-tez kelib turishardi. Kunlardan bir kun bir ovchi daraxt yaqiniga dom qo‘yib, uchiga bir parcha go‘sht ilib ketdi. Mushuk kelib, domga ilindi. Shu orada kalamush ham ovqat izlab kelib qoldi va mushukni tuzoqda ko‘rib juda quvonib ketdi. Nogoh ko‘zi uni tutishga payt poylab turgan latchaga tushdi, daraxtga qarasa, bir boyqush ham hujumga rostlanib turganini ko‘rdi. U qo‘rqib ketib, o‘ziga-o‘zi dedi: Agar orqaga qaytsam, latcha meni parchalab tashlaydi, turgan joyimda qolsam, boyqush ustimga o‘zini otadi, oldinga yursam, mushukka yo‘liqaman. Balo dengizi tug‘yonga kelib, falokat to‘foni hujumga tayyor turibdi; shunga qaramay, men noumid bo‘lmasligim, o‘z hayotimni qutqarishim kerak. Bu holda menga aqldan yaxshiroq madadkor yo‘qdir. Aqlli kimsa hech vaqt sarosimaga tushmasligi, qalbini dahshat va tashvish chulg‘ab olmasligi kerak. Endi men uchun yagona najot yo‘li balo zanjirida talpinib yotgan va mening yordamimga muhtoj bo‘lgan mushuk bilan kelishib do‘stlashmoqdir. Balki u o‘z vaziyatini nazarda tutib, mening so‘zlarimga quloq osar va dushmanlikdan voz kechib, xalos bo‘lish uchun maslahatlarimni qabul etar. Shunday qilib, har ikkimiz balodan omon qolamiz”.
Kalamush mushukka yaqinlashib hol so‘radi: – Qani, xo‘sh, hol-ahvoling qalay?
Mushuk hazin ovoz bilan javob berdi: – Bunday balo domiga tushib, aziyat chekkanlarning ahvoli qanday bo‘lar edi?
Kalamush dedi: – Shu vaqtga qadar hech kim mening yolg‘on gapirganimni eshitmagan. Sen g‘amnok bo‘lsang, hamisha men shod bo‘lar, muvaffaqiyatsizligingdan quvonar edim. Hozir esa ikkovimizning ham boshimiz xatarda qoldi. Bu balodan qutilish uchun sendan najot kutaman, shuning uchun do‘stlashmoqchiman. Agar diqqat qilib atrofga qarasang, latchaning meni ta’qib etayotganini va boyqushning fursat poylab o‘tirganini ko‘rishing mumkin. Har ikkisi ham meni halok qilish fikridadirlar. Ular ikkovimizning ham dushmanimizdir. Agar sen meni o‘z panohingga olsang, ular mendan umid uzadilar.
Agar menga tegmasang, yoningga borib maqsadimga erishaman – bandlaringni kesib, seni ham ozod qilaman. Yana qaytarib aytaman, bu so‘zlarimga ishon. Xayrixoh ekanimga shubha qilma. Hech kimga ishonmaydigan va hikmat egalarining so‘zlariga quloq solmaydigan kishi baxtli hayot kechirolmaydi.
Ikkilanmay mening bu lutf-marhamatimni qabul et, aqlli odamlar katta va mas’uliyatli ishlarda taraddudga tushib, fursatni qo‘ldan bermaydilar. Kema kemachining sa’y-harakati bilan sohilga yetib borgani kabi, xalos topishimiz ikkovimizning harakatimizga bog‘liqdir.
Mushuk kalamushning gapini eshitib xursand bo‘lib ketdi va dedi: – Sening gaping aqlga muvofiqdir. Bu maslahatingni bajonidil qabul etaman va o‘lgunimcha sendan minnatdor bo‘laman. Debdurlarki, dushman sen bilan sulh tuzishni istasa, uning uzatgan qo‘lini qaytarma.
Kalamush dedi: – Oldingga borganimda sen meni mehribon do‘st kabi kutib ol, dushmanlar inoqlashganimizni ko‘rib, jo‘nab qolsinlar, shunda men tuzoq iplarini qirqishga kirishaman.
Mushuk uning gapiga ko‘ndi. Kalamush tuzoq iplarini qirqa boshladi. Mushuk nazarida kalamush imillab ishlayotganga o‘xshab ko‘rindi.
Mushukning toqati toq bo‘lib dedi: – Men sening ahdingga ishongan edim. Endi maqsadingga erishganingdan keyin bergan so‘zingdan qaytmoqchimisan? Lekin bilib qo‘yki, va’daga vafo, ahdning buzilmasligi og‘ir kunlarda sinaladi… Meni kechir deb yolvorishlarga qaramay, zulmdan qo‘l torta olmagan, afv etish qo‘lidan kelmagan odam yaxshi nom qozonish ne’matidan mahrum va mard odamlar orasida yuzi qora bo‘ladi. Ammo xiyonat qilganlar va yolg‘ondan qasam ichganlar to‘xtovsiz jazoga mustahiqdirlar.
Kalamush dedi: – Bilib qo‘y, do‘stlar ikki xil bo‘ladilar: birinchilari – o‘z ixtiyorlari bilan samimiy do‘st bo‘lganlar; ikkinchilari – majburiyat va zaruriyat yuzasidan ahdu paymon bog‘laganlar. Bularning maqsadi foyda ko‘rmoq va zarardan qochmoqdir. Lekin samimiyat va sadoqatga asoslangan do‘stlik hamisha, har yerda va har sharoitda ishonchli bo‘ladi; zaruriyat va majburiyat natijasida paydo bo‘lgan do‘stlik esa unday bo‘lmaydi. U daryo kabi goh toshib atrofni bosadi, goh qurib suvi ozayib qoladi. Men bergan so‘zimning ustidan chiqaman, lekin o‘z jonimni saqlashni undan afzalroq, deb bilaman. Chunki men garchi dushmanlarning hujumidan sening yordaming tufayli qutilib qolgan va shuning uchun sen bilan kelishishga majbur bo‘lgan bo‘lsam-da, lekin sen dushmanlardan ham xavflisan. Men tahlikani daf etib, xatarli ishlarning oldini olish uchun sen bilan murosa qilyapman, bu – vaqt va zamon taqozosi bilan qilingan bir tadbirdir. Har ishning o‘z yeri, har soatning o‘z hukmi bordir. Vaqtni o‘tkazib, mavqeini qo‘ldan bergan odamni uzoqni ko‘radigan odam deb bo‘ladimi?! Men albatta bandlaringni kesaman, lekin bir asosiy bandni jonimning garovi sifatida saqlab turaman. Uni menga hujum qilishdan muhimroq ish bilan bo‘lib, o‘z joning g‘amini yeb qolganingdagina kesaman. Ana shunda sen banddan ozod bo‘lasan, men ham sendan qutilaman.
Kalamush aytganini qildi – hamma bandlarni qirqib, bittasini qoldirdi. Tong otib, ufqdan quyosh bosh ko‘tara boshladi. Birozdan keyin uzoqdan ovchining kelayotgani ko‘rindi.
Kalamush dedi: – Endi oxirgi bandni kesmoq, va’da ustidan chiqmoq vaqti keldi.
Mushukning ko‘zi ovchiga tushishi bilanoq o‘lim vahmiga tushdi, kalamush uning yodidan ko‘tarilib ketdi. Shu vaqtda kalamush oxirgi bandni kesdi. Mushuk sapchib, bir daraxtning ustiga chiqib oldi, kalamush esa bir teshikka kirib g‘oyib bo‘ldi. Ovchi titilgan-kesilgan to‘rini ko‘tarib orqasiga qaytdi.
Ertasi kuni kalamush inidan mo‘ralab turgan edi, mushukni ko‘rib qoldi. Lekin uning yoniga borishga jur’at qila olmadi.
Mushuk baland ovoz bilan qichqirib dedi: – Ey do‘stim, nega mendan xavfsiraysan? Qo‘lga kiritilgan eng yaxshi noyob narsani – do‘stligimizni saqlab qolish kerak. Yaqinroq kel, men yaxshiligingni qaytaray, muruvvat qilib, mardligim va saxiyligimni ko‘rsatay.
Kalamush uning taklifini qabul etmay joyida turaverdi.
Mushuk dedi: – Diydoringni mendan yashirma va do‘stligimizni barbod etma… Men sen tufayli tirik qoldim, bundan buyon hayotimni senga bag‘ishlayman, umrimning oxirigacha yaxshiligingni unutmayman va imkon tug‘ilishi bilan sening yaxshiligingni qaytarishga harakat qilaman.
Mushuk ko‘p yolvordi, ko‘p yalindi, lekin so‘zlari kalamushga kor qilmadi.
Kalamush javob berdi: – Zoti dushman bo‘lib do‘stlikdan lof urganlarga, dilida g‘anim, tilida do‘st bo‘lganlarga ishonib bo‘lmaydi. Ikkimizning o‘rtamizda hamjinslik yo‘q. Kimki o‘z jinsidan bo‘lmaganga qo‘shilsa, qurbaqadek baloga yo‘liqadi.
Mushuk so‘radi: – Qurbaqaga nima bo‘lgan ekan?
Hikoyat: Kalamush dedi: – Bir sichqon o‘rmon chetida yashar edi. Shu atrofdagi buloqda bir qurbaqa umr o‘tkazar edi. U goh-goh buloq chetiga chiqib havo olib o‘tirar va o‘zini bulbul fahmlab, yoqimsiz ovoz bilan sayrar va xushovozli qushlarning ensasini qotirar edi…
Bir kuni sichqon o‘z inida bir ish bilan mashg‘ul edi. Qurbaqaning nosoz ovozini eshitib hayron bo‘ldi, xonandaning yuzini ko‘rmoqchi bo‘lib tashqariga chiqdi va uning xunuk basharasi-yu, bema’ni ashulasidan taajjublanib qo‘llarini bir-biriga urib, boshini qimirlata boshladi. Qurbaqa bu holni ko‘rib, u menga tahsin qilayotir, deb xursand bo‘ldi va sichqon bilan oshno bo‘lish orzusiga tushdi. Xullas, sichqon bilan qalin og‘ayni bo‘lib oldi. Ular bir-birlariga ajoyib hikoyatlar aytib berib, vaqtlarini chog‘ etar edilar.
Bir kuni sichqon qurbaqaga dedi: – Necha vaqtdan beri sen bilan suhbatlashgim kelib, buloq yoniga kelsam, sen suv ostida bo‘lasan, qanchalik baland ovoz bilan chaqirsam ham eshitmaysan.
Qurbaqa dedi: – To‘g‘ri aytasan, men ham ko‘pdan beri shuni o‘ylayman. Ba’zan men qirg‘oqqa chiqib seni topolmayman, sen boshqa teshikdan chiqib ketgan bo‘lasan. Men anchagacha muntazir bo‘lib o‘tiraman. Endi bu ishning tadbirini ham o‘zing ko‘rib, muammoni o‘zing hal etasan.
Sichqon dedi: – Eng yaxshi tadbir shuki, men bir uzun ip topaman, uning bir uchini sening oyog‘ingga, ikkinchi uchini o‘zimning oyog‘imga bog‘layman. Har vaqt suvning labiga kelib, ipni qimirlatsam, darhol chiqasan. Agar sen ham mening yonimga kelmoqchi bo‘lsang, ipni tortib meni xabardor qilasan.
Ikkovlari ham bu tadbirni ma’qul topib, ko‘p vaqtgacha shu usul bilan bir-birlaridan xabardor bo‘lib, ko‘rishib yurdilar. Bir kuni sichqon suv yoqasiga keldi, qurbaqani chaqirib suhbat qilay deb turgan edi, nogoh bir qarg‘a balo-qazodek havodan tushib, sichqonni ko‘tarib uchdi. Oyog‘idan ipga bog‘langan qurbaqa ham u bilan havoga ko‘tarildi. Sichqon qarg‘a tumshug‘ida, qurbaqa esa pastroqda osilgan holda uchib borar edilar. Bu holni ko‘rgan odamlar hayron bo‘lib der edilar: – Ajab holat, qarg‘a o‘z odatiga xilof ravishda qurbaqani olib ketyapti, axir, hech vaqt qurbaqa qarg‘aga ov emas edi-ku. Sichqon bilan do‘stligining kasofatidan qurbaqa bu baloga mubtalo bo‘libdi. Kimki nojinsga qo‘shilsa, jazosi mana shunday bo‘ladi.
Mushuk dedi: – Suhbat qilishga rag‘bating yo‘q ekan, nima uchun avval mendan do‘stlik talab qilding?
Kalamush dedi: – U mahalda shunga muhtoj edim. Aqlli odam og‘ir ahvolga tushsa-yu, dushmanning yordami bilan falokatdan qutilmog‘i mumkin bo‘lsa, dushman bilan yaqinlashib, uning ko‘magidan foydalanadi. Shuningdek, do‘stdan ziyon ko‘rsa, undan uzoqlashadi. Hayvon bolalari ham sut emadigan vaqtlarida onalari bilan birga yuradilar. Sutdan ayrilgach esa, hech narsa bo‘lmagandek, ulardan uzoqlashib ketadilar. Aqlli odam buni dushmanlik demaydi. Aql egalari hamisha o‘z ishlarini zamonaning taqozosi va hayot talabini hisobga olib qiladilar; zamon va makonni nazarga olib tadbir ko‘radilar, do‘st-oshno bilan, raqib-dushman bilan qanday muomala qilishni, vaqtida mehribonlik ko‘rsatib, vaqtida qattiqqo‘l bo‘lishni biladilar. O‘zing bilasanki, sen bilan bizning asl zotimiz va tabiatimiz bir-biriga tamomila qarama-qarshidir, bir-birimizga dushmanmiz. Zaruriyat yuzasidan paydo bo‘lgan do‘stligimizga ishonib bo‘lmaydi, zaruriyat o‘rtadan ko‘tarilgan zamon do‘stlik adovatga aylanishi muqarrar. Axir, kalamush jinsi uchun mushukdan ko‘ra dahshatli dushman yo‘qdir. Har ikkimiz o‘limdan xalos bo‘lmoq uchun majburan sulhga kelgan edik. Endi esa zarurat yo‘qoldi, demak, yana qadimiy xusumat paydo bo‘ldi. Men seni o‘zimga do‘st deb hisoblamayman, endi sening yaqinlashishingdan ko‘zlagan maqsading mening lazzatli go‘shtimni yeyishdir. Lekin men qurbon bo‘lishni xohlamayman. Kuchsiz kuchlidan, zaif quvvatlidan uzoq bo‘lishi kerak. Kel, gapni qisqa qilaylik, ikkimiz ikki yoqqa qarab ketaylik.
Mushuk xafa bo‘lib, ko‘ziga yosh oldi…
Shunday qilib, mushuk kalamush bilan abadiy vidolashdi.
Zaruriyat natijasida dushman bilan do‘stlashib, fursatni qo‘ldan bermagan va o‘z maqsadiga yetgandan so‘ng ehtiyotli bo‘lib, o‘z jonini salomat saqlab qolgan aqlli kalamush haqidagi hikoyat shundan iboratdir.
Fors tilidan Suyima G‘aniyeva tarjimasi
“Sharq yulduzi” jurnali, 2015 yil, 3-son