Ahli Layli, ya’ni uning qabilasi, qavm-qarindoshlari Majnunning kelishiga yo‘l bermadilar. Shu atrofda, sahroda bir cho‘pon qo‘y boqib o‘tirgan edi. Majnun cho‘ponning qoshiga kelib, ostiga to‘shab o‘tirgan po‘stagini berib turishini so‘rab, yalindi. Cho‘pon bu qo‘rimsiz, juldur po‘stakni nima qilasan, dedi. Majnun aytdi:
– Ey bag‘ri keng, yaxshi odam, shu po‘stakni menga bersang, men uni yopinib, qo‘ylaring galasiga qo‘shilib, Laylining mahallasiga boraman, o‘zini topmasam, bir muddatdo‘stimning bo‘yi, xush hididan bahramand bo‘laman.
Ey darigo, dardga mardona bo‘laylik. Mardlar kabi dardlarga to‘laylik. Oqibat, Majnun cho‘ponning eski po‘stagini olib, unga yashirinib, qo‘ylarga qo‘shilib, do‘stining mahallasiga yo‘l oldi. Laylining qavmiga yaqinlashgach, Majnun o‘rnidan turib, zavq-shavq bilan uni chaqirdi. So‘ng hayajon zo‘ridan hushini yo‘qotdi, lekin ishq sharbatini totdi.
Majnunning ortidan qo‘ylarini haydab kelgan cho‘pon uning mastu xarob, tuproqqa hushsiz yotganini qo‘rdi. Yuziga suv sepib, hushiga keltirdi. Ishq otashida yonayotgan bu labtashna oldida bir bor o‘tirdi.
Ertasiga Majnun sahronishin qavmlar — sahroyilar orasiga qo‘shildi, bu qavm bilan bir tan, bir jon bo‘lib ketdi. Sahroyidan biri Majnunga dedi:
– Ey sarfaroz, olijanob! Bu sahroda jamoasiz, yalangoch qolibsan, do‘stlik haqqi, senga kiyim-bosh beraylik, mayli desang, o‘tovimdan tez kiyim keltiray.
Majnun aytdi:
— Do‘stga har qanday kiyim loyiq emas, hech bir libos shu po‘stak kabi aziz emas. Shu qo‘y po‘stagi meni yomon ko‘zdan va quyoshning kuydirishidan asraydi. Bu po‘st (po‘stak) do‘stimning hidi — bo‘yini olgani uchun menga o‘z po‘stim (terim)day ko‘nglimga yaqin bo‘lib qoldi. Dil bu po‘stdan do‘st rozini (sirini) topadi, o‘z ichida mag‘zini asramasa, po‘stning qadri bo‘larmidi?
Ishqda odam o‘zligidan kechishi, faqat dil sifatlaridan o‘zgani mahv etib (yo‘qotib), xatolar xiraligini tark etishi kerak. Agar ishqda kuyib-yonmasang, jonbozlik ko‘rgizmasang, bu sarafroz olamga»qadam bosmaganing yaxshi.
Fariduddin Attorning “Mantiqut-tayr”idan.