Naql qilishlaricha, bir guruh ko‘rlar to‘dasi bir sabab bilan: musofirlik yoki asirlik tufayli Hindistonga borib qolishibdi. So‘ngra falakning gardishi bilan ular yana o‘z yurtiga qaytib kelishibdi. Bu yerda ulardan bir kishi: “Filni ko‘rdilaringizmi?” — deb so‘rabdi. Ular “Ha”,-deb javob beribdilar. “Ko‘rganbo‘lsangiz, dalil keltiring”,— debdi boyagi kishi.
Ular aslida filni ko‘rmagan, u haqda hatto yaxshi so‘rab ham olmagan edilar. Har biri filning bir a’zosini paypaslab, undan bilim hosil qilib olgan edi. Shu sababli filning qo‘llarini ushlagan kishi fil sutunga o‘xshar ekan, desa, qornini paypaslagan, yo‘q, u besutun, dedi. Xartumini ushlagan, fil ajdahoga o‘xshash bir narsa ekan, desa, tishlarini bayon qiluvchi kishi esa, fil ikkita suyakdan iborat, dedi. Quyrug‘idan xabar bergan kishi filni osilib turgan ilonga qiyos etdi. Qo‘li bilan Filning boshini paypaslagan kishi uni bir qoyaning tumshug‘i deb sharh qildi. Filning qulog‘iga qo‘l tegizgan kishi uni qimirlatib turgan ikki yelpug‘ich ekan, dedi.
Ularning barchasi shu tariqa ko‘rlik yuzasidan turli so‘zlar aytdilar. Garchi ular aytgan so‘zlarning barchasi to‘g‘ri bo‘lsa-da, ularning hammasi nuqsonli edi, ularda tartib mavjud emas edi.
Shuning uchun ham filbonlik sohasida ustod hisoblangan yetuk faylasuf, o‘zi hind naslidan bo‘lgan kishi ular aytgan so‘zlarni tinglab, naql qilganlarga ta’na so‘z aytmadi va shunday dedi:
– Har bir kishi fil haqida o‘zi bilganini aytib, u haqda nishon berdi. Ular bir-birlariga zid fikrlarni aytgan bo‘lsalar-da, kechirarlidir. Chunki ulaming har birio‘z bilganicha so‘z aytdi, ammo ulardan hech birifilni ko‘rgan emas edi. Lekin ular aytgan bu sifatlarning barchasi bir yerga jam qilinsa, ulardan fil haqida muayyan tasavvur hosil bo‘ladi.
Uzoqni ko‘ruvchi kishiga bu aniq bo‘lgani uchun u hech bir ikkilanmasdan ko‘rlar aytgan barcha so‘zlarni chin deb baholadi.
Alisher Navoiyning “Lisonut-tayr” asaridan.