Maryam o‘g‘li Iso yarim g‘ishtni boshi ostiga qo‘yib uxlab yotardi. Iso uyg‘onib ko‘zini ochsa, la’in Iblis boshi ustida turardi. Dedi:
– Ey mal’un, nega bu yerda turibsan?
Iblis dedi:
– G‘ishtimni boshingning ostiga qo‘yibsan. Dunyoning barchasi mening yerlarim, demak, bu g‘isht ham meniki ekanligi aniq. Sen bu ishing bilan mening mulkimga tajovuz qilmoqdasan, o‘zingni mening qatorimga qo‘shayapsan.
Iso g‘ishtni boshining ostidan olib tashladi, yuzini tuproqqa qo‘yib uyquga ketdi. Iso yarimta g‘ishtni tashlab yuborgach, Iblis Isoga dedi:
– Men endi ketdim, yaxshi uxlagin.
Ey insonlar, bu charxning ipiga hammamiz bog‘langanmiz, hammamiz ipni yigiruvchi Ustoz shogirdlarimiz. Abadiy chambar-charxga kelib yetganda, bu arqonni jahon atrofiga o‘rab chiqaman deb xayol etma. Bunga umring yetmaydi, chunki sen abadiy emassan. Bungacha lahad g‘ishti ostida yotgan bo‘lasan, g‘ishtni g‘isht ustiga qo‘yib nima qilasan? Buncha birni ikki qilay, birini ikkinchisiga ulay, quray, tik-lay, bezay deb halak bo‘lasan, bir kun kelib hammasi bir-biridan judo bo‘ladi, to‘kiladi, yiqiladi. Agar Qorun kabi dunyo, boylik yig‘sang ham, yeganing, kiyganing go‘ringga yaqinlashtiradi. Anbiyo dunyoni nazarga ilmadilar, sen ular qabri ustiga do‘kon qurma. Dunyo nima? U – hirsu havas oshiyoni, qaysikim Fir’avn va Namruddan merosdir. Goh Qorunday to‘ydirib, keyin qusdiradi, gohida Shaddodday shiddat ichra tutadi. Haq taolo, uni arzimas narsa deb nomladi. Sen esa joning bilan uning domiga tushib turibsan.
Bu dunyoi dun azobini qachongacha tortasan, bu arzimas narsadan o‘laksa istamak qachongacha? Sen kecha kunduz shu losha – o‘laksadan bir parcha olay deb hayronu bexudsan. Shu arzimas o‘laksaning bir zarrasida yo‘qolgan kishi odam bo‘lishi mumkinmi? Kimki arzimas o‘laksada nafasi uzilsa, u o‘laksadan yuz marta arzimas va jirkanchdir. Dunyo ishi — barchasi bekorchilik, ya’ni befoyda tashvish chekishdir. Bekorchilik esa behuda giriftorlik, xolos. Dunyo yonib turgan olov, bu olov har zamon, har lahzada yangi-yangi xalqlarni yondirib kul qiladi. Agar bu yondiruvchi olov kuchaysa, undan qochib qutulishing qiyin. Shermardlar kabi bu olovdan o‘zingni saqla, bo‘lmasa parvonaday shu olovda yonib ketasan. Kimki parvonaday olovga sig‘inuvchi bo‘lsa, bunday mastu mag‘rur kishini yondirish lozim, albatta. Olov seni o‘rab olgach, yonmaslikning iloji yo‘q. Qarab boq: shunday olovdan xoli joy bo‘lsa, o‘sha joyga bor, toki joning olov dahshatidan qutulsin.
Fariduddin Attorning “Mantiqut-tayr”idan.