Iskandar din yo‘lida jon bergach, Arastu xitob qilib dedi:
– Toki tirik eding pandu nasihat qilarding, ammo bu kungi o‘liming xalq uchun oxirgi pand – ibratdir.
Ey ko‘ngil, hayot girdobidan va buning orqasidan keladigan o‘limdan ibrat ol, g‘aflatdan bedor bo‘l. Men (Attor) qushlar tili, nutqini bir boshdan senga so‘zladim, ey bexabar, buni anglagil! Oshiqlar orasida qushlar go‘yo eshikdirlar, ular qafas (dunyo)dan ajaldan oldin parvoz qilib chiqadilar. Hammasi uchun boshqacha sharhu bayon bor, chunki qushlarning tili o‘zgacha tildir. Bu qushlarning barchasining tilini bilgan odamgina Simurg‘ oldiga iksir (hikmat javhari)ni keltira oladi. Yunonlar hikmati — falsafasi ichida sen ruhoniy mardlar davlati — ma’rifatini taniy olarmisan? Yunonlar hikmatidan batamom qutulmasang, din hikmatida, mard bo‘lolmaysan. Kimki ishq yo‘lida yunon falsafasi – aqliy bilimga tayansa, u din qoidasi — devonida ishqdan ogoh emasdir. Bu yerda Haq ma’rifati yo‘lida «qufr»ning «k» harfini «falsafa»ning «f» harfidan yaxshiroq ko‘raman. Zero agar bu kufr yana parda bo‘lsa, sen buni anglab kufrdan saklanasan. Ammo agar ul jadal (dialektika) ilmi yo‘lto‘sarlik kila boshlasa, ko‘proq ogoh — oqil odamlarni yo‘ldan uradi. Agar yunon hikmatiga dil bog‘lagan bo‘lsang, Umari Foruq kabi yonib, dinni himoya qilolmaysan. Din sham’i yunon hikmatini yondirib yubordi, shu bois din sham’ini bu ilm (yunon falsafasi) bilan o‘chirolmaysan. Ey, din odami, Yasrib hikmati (Muhammad rasululloh dini) o‘zga ilmlar yo‘lini to‘sdi, endi dini islom yo‘lida Yunoniston ilmi ustiga tuproq sep.1
Ey Attor, qachongacha gap sotasan, axir sen bu mushkil ishning mardi emassan, undan ko‘ra o‘z vujudingdan pok bo‘lib, butkul tashqari chiq, tuproq uzra tuproqday to‘kil, ko‘zga ko‘rinma! Toki sen bor ekansan, har bir xasga poymol-san, agar yo‘qolsang — fano bo‘lsang odamlar boshiga toj bo‘lasan. Sen fano bo‘lgin, toki barcha yo‘lovchi qushlar Ulug‘ Dargohga yetib ol, deb yo‘l bo‘shatsinlar. Sening aytganlaring har kimga yo‘l ko‘rsatsin. Shu so‘zlar senga ham rahnamo, pir bo‘lsin. Yo‘lga kirgan qushlar nazarida hech kim bo‘lmasam-da, biroqular ishi, ahvolini so‘yladim, shu basdirki, ushbu karvon orqasidagi changdan menga ham g‘ubor yetsa, men ham shu dard ahliga bir qism bo‘lib qo‘shilsam.
Fariduddin Attorning “Mantiqut-tayr”idan.