“Eng ibratli hayotiy hikoyalar” tanloviga
Yoshligimdan kitoblar olamida ulg‘aydim. Jaloliddin Rumiy ruhiy ozuqam, ma’naviy ehtiyojim edi. Mutolaadan zavqu shavqqa to‘lib, yashashga kuch, ilhom olardim. Tilimda, dilimda takror edi, bu hayotbaxsh hikmatlar. Mavlononing “Xom edim, yondim, pishdim” iqrornomasidan ruhan ta’sirlanib, men ham ich-ichimdan “yonish”ni, toblanishni istardim. Hikmatlarni anglay boshlagach bildimki, Hazratning barcha kitoblari mohiyatida ulug‘ kitob tafsiri mujassam ekan. Shundanmi, arab tiliga qiziqishim kuchaydi. Baxtimga maktabimizga arab tili muallimi keldi. Ustozdan qo‘shimcha saboq ola boshladim. Shu qadar kirishib ketibmanki, universitet darsligini o‘zlashtira boshlabman. Oyim mendagi ixlosmandlikni ko‘rib, “Allohga muhabating dilingga bo‘lsin” deb, Naqshbandiy hazratlarining “Diling Allohda, qo‘ling mehnatda bo‘lsin”, hikmatini bot-bot eslatib, mehnatsevarlikka rag‘batlantirardilar. Otam meni boshqacha ko‘rar, ko‘chat eksa, yoki bir ish boshlasalar “Sening qo‘ling teksin, qizim”, derdilar.
Tengdoshlarim ishqiy sarguzashtlar, zebu ziynat, yangi rusumdagi liboslarga orzumand bo‘lganida men kitoblardan bosh ko‘tarmas, shundanmi, ochiq oshkora “kitob jinnisi” degan “unvon”ni qo‘lga kiritgandim. Bo‘lajak turmush o‘rtog‘im bilan ham mutolaa nash’asini sursam, deb orzumanda edim.
Qiz bolaning xolis niyatini O‘zi ijobat aylaydi, deganlari rost ekan. Oliygohning birinchi bosqichini tugatib, maktabda dars berdim. O‘qishim tugagach ko‘nglim istagidagidek insonga turmushga chiqdim. Turmush o‘rtog‘im o‘zbek tili va adabiyoti muallimi edi. Ana, ikkita kitobsuyarning zavqu-shavqini hech bir lazzatga alishmaydigan sururli kunlar boshlandi. Nikohning ilk kunlari asal oyi bo‘lsa, biz uchun kitobxonlik oyi bardavom bo‘ldi. Yangi kelinning uyini sepi, gilamu mebellari bezatsa, bir javon kitobu, bir ayvon gullar, tikuv mashinasi uyimning ko‘rki edi men uchun.
Baxtiyorlik bilan bir yilni o‘tkazdik, biroq hamon go‘dak isiga yetinolmasdik. O‘qiganlarimizni na qadar uqqanligimizni sinash fursati boshlangandi chog‘i… Tibbiy va xalqona davo choralarin ko‘rish bilan birga O‘ziga munojot aylab, kecha-yu kunduz Zakariyo alayhissalom duosini takrorladik: “Rabbim, menga (ham) o‘z huzuringdan pok zurriyot ato et! Darhaqiqat, Sen duoni eshituvchidirsan”. Intizorlikda to‘rt yil o‘tdi. Beshinchi yili farzandlik bo‘ldik. Bizdan baxtiyor oila yo‘q edi o‘sha kunlar. Qizimiz to‘rt oylik bo‘lib, shirin kulgulari bilan dildagi g‘uborlarimizni aritayotgan kunlarda uyimizga organ xodimlari kelib, tintuv o‘tkazishdi. Turmush o‘rtog‘im talabaligida saralangan iste’dodli yoshlar qatorida davlat tomonidan xorijga o‘qishga yuborilgandi. O‘sha davrlar, o‘qish davomida taqiqlangan tashkilotlar ta’sirida bo‘lgan ekan. E’tiqodi kuchli, xalol insonligini bilardim, ammo…
Haqiqiy sinov kunlari boshlangandi. Qattiq qo‘rquvdanmi sutim qochdi. Qizimni sun’iy sut bilan katta qila boshladim. Olti yilga hukm o‘qildi. Dahshat… Bunga sabrim chidarmikan, deyman. Yana Mavlonodan ma’no izlayman:
Osmonkim, goh alamlar bergusi,
Muntazir bo‘l, senga to‘n kiydurgisi.
Oh, o‘sha kunlargacha iymonimni mustahkam qil, deb iltijo qilaman.
Dadamiz uzoqda, qariyb ikki ming kilometr olisda. Har uch oyda uch kunga ruxsat beriladi. Qish chillasimi, yoz saratonimi, orziqib, intiqib belgilangan kunida yetib boramiz. Sharoitlar, yeyish ichishi yaxshi, faqat g‘aribga aylangan. Jinoyat olami davrasida ilm ahli ne kuyga tushishini tasavvur qilish qiyin emas. Borganimda kunduzi yaxshi ovqatlar bilan siylayman, kechasi yolg‘iz qolganimizda, kitoblar musohabasiga tushamiz, mushoira boshlaymiz. Ular o‘qing deydilar. Qalbim kechinmalariga yaqin g‘azaldan boshlayman:
Xazon yaprog‘i yanglig‘ gul yuzing hajrida sarg‘ardim,
Ko‘rib rahm aylagil ey lola ruh bu chehrai zardim…
U kishi esa Mashrabdan tushadilar:
Namangandan ketar bo‘lsam, meni yo‘qlar kishim bormu?
G‘ariblik shahrida o‘lsam, meni yo‘qlar kishim bormu?..
Shunday qilib tong otadi. Uch kecha uch yilga tatiydi. Ketarda yor ishqida bilinmagan yo‘llar qaytishda biram uzun, mashaqqatli tuyuladi.
Bu orada qizim esini tanib qoldi. Har kuni dadasini so‘raydi. “Dadang seni juda yaxshi ko‘radi, ular uzoq ishga ketganlar”, deb ovutaman. Uch yoshga to‘lganida, bog‘chaga berib, o‘zim ishga chiqdim. Qaynona-qaynota bilan katta hovlida yashayman. Yosh va faolligim uchunmi, eri yo‘q hozir, deya tuhmat, fitna qilmoqchi bo‘ladilar. Yeyish, ichish va kiyinishim yanada odmilashdi. “Ozib to‘zib ketding”, deya yaqinlarim, mudom xavotirda. Oyim o‘rgatgan o‘sha ulug‘ tariqat “Dil ba yor, dast ba kor” qalbimga sokinlik, jismimga quvvat beradi. Kunduzi mehnat bilan andarmon bo‘lib, o‘zimni chalg‘itaman. Uzundan-uzun va og‘riqli kechalarda maktublar bitaman. Kitoblardan hikmat axtaraman. Yana najotkor Mavlonoga yuzlanaman: “Gilamni kaltak bilan qoqmoq gilamga ozor bermoq uchun emas, gilamni poklamoq uchundir. Alloh senga tashvish berar ekan, seni imtihon qilib tozalar, changu g‘uboringni ketkazar. Qayg‘urma…”
O, bu tashvishlar gar bu poklanishim, gunohlardan arishim uchun bo‘lsa, ming bor roziman!
Purma’no hikmatlardan yangilanaman. Uyqusiz tunlarda o‘zimga sabr, iymonimni baquvvat qilgin deb, subhga yetaman. Har yangi kun yorimga yaqinlashtirgani uchun yaratgana shukrona aytaman. Kunlar tezroq o‘tishini istayman.
Qizim dadasi qamoqda ekanligini bilmaydi. Esini tanigach, dadasining oldiga kamroq olib boradigan bo‘ldim. Juda tiyrak bo‘lganidan har narsani kuzatib savolga ko‘ma boshladi:
— Oyi dadamning ishida nega milisalar turadi?
— …
Bo‘g‘zimga nimadir tiqiladi. Ko‘zim yoshlanganini ko‘rsatmaslikka urinib, bankda ishlaydigan xolasining ishini eslataman: — Xolangning ishiga borganimizda ham ko‘rdingku, melisalar tekshirib kirgizishdi, dadangning ishi ham shunaqa-da.
— Hm, shunaqami, nega unda hammani dadasi ishidan keladiyu, ular kelmayaptilar?
— Onajon, qarang Shirinaning dadasi Rossiyaga ketib uch yilda endi keldi. Qiziga ko‘pgina narsa olib keldi.
— Dadajoning ham senga ko‘pgina sovg‘alar olib keladi.
— Nega bo‘lmasa, hadeb yig‘layverasiz! So‘rasam, dadangni sog‘indim, deysiz. Menga hech narsa kerakmas, dadajonim tezda kelsin.Siz ham boshqa yig‘lamang.
Mahkam bag‘rimga bosaman, ko‘zimning yoshi uning yuzlarini yuvib tushadi.
Bir kuni qizim bog‘chadagi o‘rtog‘iga maqtanayotgani eshitib, qoldim:
“ Mening dadam uzoqda, zo‘r ishda ishlaydilar. U yerda ishlab, menga sovg‘alar olib keladilar. Ozginada keladi. O‘shanda senga ham o‘yinchoqlar beraman xo‘p”. O‘rtog‘larining oldida uyalib qolmaslik uchun endi farishtaginam har kuni men bilan duo qiladi: “Ey, Xudojon, dadam tezroq kelsin, men seni yaxshi ko‘raman”.
Pokiza hayotimiz ne’mati bo‘lganidanmi qizim boshqacha, savollari tugamaydi: “Aya, xudoyim qayerda?”, “Xudoyimning uyi bormi o‘zi?” Bilganimcha soddagina javob berishga harakat qilaman. Bir kuni xayrli tun tilarkan, “Aya tushizda dadamni ko‘rib, gaplashib oling xo‘pmi”, dedi. Har qancha urinmay, o‘pkam to‘lib, o‘zimni tutolmadim. Ertalab o‘rnidan turib suyunchiladi: “Ayajon, ayajon tushimda Xudojonimni ko‘rdim, siz uning rangini aytib berolmagandingiz ularchi yaltir-yultir qilib, porpirab hu-uv balandda yasharkan. Xudoyim bilan gaplashdim. Dadamni tezroq keltirib bergin dedim. Ayajon, dadam kelishiga jichcha qopdi” dedi. Hayratdan qotib qoldim. Ilohim, bolajonim, tushing rost bo‘lsin deb, yana yig‘lab yuboribman. “Ey, yana yig‘layapsizmi, aytayapman-ku, sizga jichcha qoldi” deb astoydil yupatishga tushdi. Ishonasizmi, o‘sha kuni juma edi, namozshomda qo‘ng‘iroq bo‘ldi:
— Ayasi, Assalomu alaykum!
— … Assalomu alaykum, dadasi yaxshimisiz, tinchlikmi?
Jazoni ijro etish muassasalarining tartibiga ko‘ra mahkumlar belgilangan muddatda qo‘ng‘iroq qilishardi. Xo‘jayin bu imtiyozidan yaqinda foydalangandi. Taajjubim shundan.
— Ayasi, meni afv etishmoqchi… Hujjatlarni olib kelsalaring. Hujjatlarni yozvoling…
Ich-ichimda vulqon portladi-yu, otilib chiqdi. So‘ng bo‘shashib ketdim. Qo‘lim qaltiraydi, go‘shakni qaynotamga beribman-u, bir fursat unsiz yig‘lagancha, suratdek qotib o‘tiraveribman.
Ularning “qizim, tez hujjatlarni to‘g‘rilaylik”, degan gapidan o‘zimga kelibman.
Farishtaginamning duosi ijobat bo‘lib, tushi o‘ngidan keldi. Dadamiz amnistiya qaroriga ko‘ra muddatidan oldin ozodlikka chiqdi.
Mana hozir bag‘rimiz but, baxtimiz butun. Tinchlik va xotirjamlikning qadrini mana bizdan so‘rang. Turmush o‘rtog‘im bilan davlat ishiga kamarbastamiz. Bugun o‘sha kunlarni tushdek xotirlayman. Endi bilsam, o‘tgan kunlar, ruhimizni toblash, qalbimizni poklash uchun Yaratganning sinovi ekan. O‘tkan kunlarimdan roziman, chunki bizga ko‘p eshiklar ochildi, haqiqatlar ayon bo‘la boshladi. Haq dunyo saodatiga erishish uchun Yaratganning kaltaklariga hali ham ehtiyojimiz bor.
Yaqinda tengdoshlarimning “gap”ida mehmon bo‘ldim. Bunday davralarga azaldan “hushim yo‘q”. Bu safar ham har galgidek, bosh mavzu – zebu-ziynat, kiyim-kechak, uy-joy, mashina, bu orada qaynona, erdan nolishlar, g‘iybat… Hamma o‘zini dardini dasturxon qiladi. Ichimda Mavlonodan topganim: Robbimga qarab: “mening buyuk dardim emas”, dardimga qarab: “Mening buyuk Robbim bor” deb o‘tiribman. Ruhim ozuqa olish, tugul biroz g‘uborlangandek. Davrada o‘zimni begona his etdim. Uyga, juftim tomon oshiqdim. Bizni ikki qo‘sh kabutarga o‘xshatishadi. Mudom bir-birimizga oshiqaveramiz. Til bilan sevgi izhor qilmaymizu, botinan birlashib ketgan, bir tanamiz go‘yo. Yo‘q, bu mubolag‘a emas. Muqaddas ishq qozonida qaynayotgan, qovrilayotgan mushtarak qalblar qanday birlashmasin, uyg‘unlashmasin?! Oqshomda turmush o‘rtog‘im bilan “nafis majlislar”ni davom ettiramiz. Quvonchlisi, endi davramiz kengaygan. Qizim kichik va tiyrak tinglovchimiz. O, bu mutolaa – anglash zavqini, hech bir narsaga alishmaymiz. Vujudimiz titrab, ruhimiz ingraydi, ziyodan ko‘zimiz qamashadi. Bor boyligimiz, baxtimiz, suyanchimiz shu IShQ!
Siz ham ishqning zarrin nurlariga chulg‘anmoqchi bo‘lsangiz, avvalo so‘z va amalni uyg‘unlashtiring. Yaratganning “kaltaklar”iga ehtiyojda, sevgi, qo‘rquv va umidvor keling. Nurga, otashga talpinib keling-da, haqiqiy ishq sururini Mavlonodan so‘rang: “Ishqni biyron sayrayotgan bulbuldan emas, sassiz-sadosiz jon berayotgan parvonalardan so‘ra”.
Dil daftarini oqqa ko‘chiruvchi Gulnigor