“Inson sevgani bilan birgadir”…

%image_alt%

“Mahbub Payg‘ambar (s.a.v.)” nomli siyrat tanloviga

Assalomu alaykum olamlarga rahmat Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam!

Bugun sizga samimiyat ila maktub yozarkanman, Yaratganga ko‘zimda yoshlarim ila iltijo qilaman: “Yo, Rabbim, mening Payg‘ambarim, ma’naviyat quyoshim, Muhammadimga aytayotgan salovotlarimni qimirlab turgan yaproqlar sonicha, tunda osmonimni bezagan yulduzlar sanog‘icha, kunduzlari ona zaminimdan bosh ko‘tarib quyoshga qo‘l cho‘zayotgan yam-yashil maysalar sanog‘icha ko‘paytirib yo‘lla!”.

Bu duolarni aytganim zamon beixtiyor, olislardan sizning muborak siymoyingiz xayolimda suvratlanadi. Ko‘pincha xayolim manzarasida  sarhadsiz  sahroda tuya yetaklab ketayotgan bir zotni ko‘raman. Sizning shakli shamoyilingiz haqida bitilgan kitoblarda o‘qiganlarim yodimga tushadi: “O‘rta bo‘yli, keng yelkali, sochlari ko‘p, to‘lqinsimon, quloqlarining yumshoq joylariga tushib turadigan kishi, odamlarning eng chiroylisi…” Ollohga hamdlar bo‘lsin, deyman ichimga sig‘may. Ha, bu Siz, Sizning muborak qaddi kamolingiz! Xiyol o‘girilib mashriq tomonga qaraysiz!  Yuzingizni aniq ko‘rolmayman, balki muborak nigohingiz muborak kipriklaringizni ko‘raman!

Ana shu tasavvurning o‘ziyoq men uchun ma’naviy, ruhiy ozuqa, shuurimga allaqanday kuch bag‘ishlaydi.  Imkon qadar fe’li-atvorimni isloh qilaman, muborak hadislaringizni yana bir bora takrorlayman, sunnatlaringizga og‘ishmay amal qilishga harakat qilaman.

Ey, Yaxshilik Sarvari! Siz haqingizda gapirsam, siz haqingizda o‘ylaysam ich-ichimdan yig‘i keladi, ovozimga titroq kiradi. Bu holatni nafaqat o‘zimda, balki mening volidai muhtaramim Maxfiratxon Zokirjon qizining hayotlarida ham ko‘p kuzatganman. Onam sizga bo‘lgan sevgini ibodat deb bilguvchi edilar. Ramazon oylarida biror tansiq taom tortsak, taomni og‘izlariga olib borarkanlar Rasulluloh shunaqa taom yemagandilar, iftorliklari ko‘pincha xurmo bilan suv bo‘lardi, deb yig‘lardilar. Dasturxon juda to‘kin bo‘lib ketsa shukr aytib turib, u dunyoda hisobini so‘ramagin, oxiratning boyi qilgin deya munojot qilib qolardilar. Yo‘lda birga ketayotsak, oyoqlari ostida kichkina tosh yoki daraxt shoxchasi uchrab qolsa darrov chetga surib Rasullulloh (s.a.v.) shunday qilardilar deya ta’kidlardilar.  Qarindosh-urug‘larni yo‘qlashda, yangi ko‘z yorgan qo‘ni-yu qarindosh ayollarni xabar olishda, yaqinidan ayrilib, boshiga musibat tushgan kishining xonadoniga taom chiqarishda peshqadam edilar va “Siylayi rahm qilmagan jannatga kirmaydi” degan hadisni eslatib qo‘yardilar.

Tillaridan Yassaviyning mazkur baytlari tushmasdi:

O‘n sakkiz ming olamga sarvar bo‘lg‘on Muhammad,

O‘ttiz uch ming ashobg‘a rahbar bo‘lg‘on Muhammad.

Yalang‘ochi ochlikka qanoatlig‘ Muhammad,

Oshi, joni ummatga shafoatlig‘ Muhammad…

Yo Ollohning Rasuli, yillar o‘taroq onaginam uyquga yotishdan avval sizni eslab salovotu durudlar aytib uxlar, bomdod mahali “Vaqti sahar nola qiling bo‘yi Muhammadi kelur..” deya xuddi sizning jannatiy bo‘ylaringizni tuygandek baytlar aytib turardilar… Doim sizning sevgingiz bilan yonardilar. U dunyoda Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning kovushlarini gardini artuvchi bo‘lsam ham mayli derdilar…

Bu olamda  sizni sevadigan, yodingiz bilan yashaydigan, har bir gapning birida Olloh va Muhammad deguvchi ayol onam bo‘lsa kerak deb o‘ylardim. Lekin shu ulug‘ zaminimizda Islom diniga samimiyat bilan xizmat qilib, xalqimiz uchun g‘oyat sermazmun kitoblar yozib qoldirgan ulamolar — sizning sevikli ummatlaringiz ko‘p ekanligiga shu soniyalarda iqror bo‘lib turibman.

Ey Muhammad alayhissalom, sizning saodatli tavalludingiz haqida o‘qiganman. Ollohning yordami ila Abobil qushlari vositasida Abraxa va uning lashkariga jazo berildi. Eron hukmdori Xisrav otashgohining bir kechada vayron bo‘lishi, osmonda Ahmadning yulduzi paydo bo‘ldi, degan yahudiyning hayqirig‘i…. Va sizning dunyoga kelgan kuningiz…

Bolaligimda  Mehriniso enam (u zot onamning enalari bo‘lib 102 yoshga kirib olamdan o‘tgan edilar) bizning chog‘roqqina dahlizimizda tengqurlarini mehmonga chaqirib sizga salovot yo‘llashardi. Dasturxonda osh, nonlar qanday olib kirilgan bo‘lsa shundayligicha qolardi. Kampirlar sizning ishqingizda ruhan boyib, ma’nan to‘yib taomlarga hushlari qolmasdi. Beg‘ubor kunlarimda qalbimga naqshlanib qolgan salovatlar bugun — ellik yoshimda ham yomg‘irlar yuvgan bahorgi maysalardek yashnab turibdi. O, bu qanday ilohiy tuyg‘u, balki ilohiy amr bu, sizga aytilgan salovatni takrorlaganim sayin ko‘zlarimning xumori yoziladi. G‘am-alamga to‘lgan ko‘nglim bo‘shab, sokin dunyoga aylanadi.

… O‘shanda milodiy 570 yil, 20 aprel. Bu oyni bizda bahorning eng go‘zal pallasini savr oyi deydilar. Daraxtlar yam-yashil barg chiqargan, dunyo tozargan lahzalar… Dunyoni nuristonga to‘ldirgan kun…Uyda chiroq yo‘q ekan, biroq hammayoq charog‘on edi… Sizga doyalik qilgan Ummu Ayman, Shifo va Fotima xonimlar, sizni yo‘qlab kelgan Maryam va Osiyo onamiz, o ular qanchalar baxtli, qani endi men ham ularning yonida bo‘lsam, Omina onamizning nurli bolasining bir baxtli ona bo‘lib qo‘limga olsamu oyday yuzlariga bir boqsam. Bu qanday faraxbaxsh tuyg‘u-a?

Bobongiz sizni  Ka’baga olib kirganlarida ko‘ngillariga “Muhammad” ismi indi.. Ha insoniyat tarixida eng go‘zal va eng buyuk ism bo‘lib qoldi bu ism. Farzandini dunyoga keltirgan minglab, millionlab onalar dilbandlariga qo‘ygan Muhammad ismi sizdek buyuk zotga ummatlik  shukronasi bo‘lsa ne ajab… Ha, ha yettinchi asrdan buyon shu kunga qadar Muhammad deb qo‘yilgan ismlarning ilk debochasi sizdan boshlanadi. Saodat asrining tengsiz, hech narsa bilan qiyoslab bo‘lmaydigan debochasi edi bu…

Men sizning go‘daklik chog‘ingizdagi sut onangiz qora Halimaga, enagangiz Ummu Aymanga havas qilaman. Ular dunyodagi onalarning onasi, baxtlilarning baxtlisi. Ollohning bo‘lajak Habibini ulg‘ayishida ko‘makdosh bo‘lgan zotlar bo‘lishlari bilan birga, gul yuzli bolaning jajji ko‘ylaklarini yuvgan, g‘uncha dudoqlariga suv va taom tutgan qo‘llar oltin qo‘llar, tabarruk qo‘llardir…

Ota-onam sizga fido bo‘lsin, Yo Rasululloh!!!

Kimdir menga birorta bolani yoki qizni ko‘rsatib anavi yetim otasi yoki onasi yo‘q, desa negadir qalbimga titroq yuguradi. Anashu sag‘irlarni ko‘ngillarini shod etgim, ezgulik gullarini tutgim keladi. Yaqinlarim ham o‘zim istagan bu xayrli amalni bajarishlarini juda-juda istayman. Axir siz sahobalarga, kimki yetimning boshini silasa u men bilan jannatda birgadir, deya ikki barmog‘ingizni ko‘rsatmaganmidingiz. Ana shu birgina marhamatingiz uchun o‘nlab, yuzlab yetimlarni ko‘nglini olishimiz kerak emasmi, jannatda siz bilan birga bo‘lish sharafini his etgan mo‘min allaqachonlar yetimlarga bag‘rini ochmog‘i kerak edi.

Men sizni barkamol sifatlaringizni aytib ado qilolmayman, ey Faxrul Mursalin!!! Go‘zal xulqingizni bayon etishga zamonlar ham qog‘ozlar ham yetmaydi. Lekin biz qo‘limdan kelganicha sizning sabringizdan, saxovatingizdan, shafqatu marhamatingizdan o‘rnak olgim kelaveradi. Siz haqingizdagi rivoyatlardan hikmat izlab o‘zimga tatbiq etishga urinaveraman.

Ey, Yaxshilik Sarvari! Bir kuni Madinada ekaningizda sizning huzuringizga bir ayol keldi.

— Ey Ollohning Rasuli, sizning Madinaga tashrifingiz tufayli hamma sizni yo‘qlab kelyapti, kimdir hadya bilan kelyapti. Meni esa sizga bergani mana bu o‘g‘limdan boshqa hech narsam yo‘q, shu bolani sizga hadya qilaman, – dedi.

Ha, bu kichkina Anas edi. U sizga xizmat qilib sizdan eng ko‘p hadis rivoyat qilgan sahobiylar qatoriga qo‘shildi.

Bu rivoyatni o‘qib ichimni bir armon kemiradi. Biz bo‘lsak farzandlarimizni olimu fuzalolar xizmati u yoqda tursin, ularning suhbatlariga ham olib borishga vaqt, imkon topolmaymiz. Xalqona ta’bir bilan aytganda eti sizniki, suyagi bizniki, degan jumlani aytgimiz kelmaydi. Hadya berishda Anasning onasiga teng keladigani bormikin…  Bugun nabiralarini sog‘inib yo‘llariga intizor bo‘lib turgan, bir hovuch duoyimni olib qolsaydi deya giryon kun sanayotgan bobo va buvilarimiz ham yo‘q emas. Ana shunday paytlarda o‘kinaman. Farzandlarimni nega ilgariroq, bolalik chog‘larida qeksa ota-ota onamning xizmatiga bel bog‘lattirmadim, nega donishmand ustozimning huzuriga yetaklab bormadim.

Yaqinda bir qizaloq ko‘p qavatli uyning pod’ezdida qo‘lida sochiqqa o‘ralgan bir kosa ovqatni tutgancha yig‘lab turibdi. Sababini so‘rasam qizaloq hiqillab ayam tog‘amga deb manti solib bergandi, eshiklarini taqillatsam hecham ochishmayapti deb qoldi.

— Balki  uyda hech kim yo‘qdir,qizalog‘im ,- dedim ajablanib.

— Yo‘q, ular uyda…- dedi qizaloq ishonch bilan.

Qizaloqning qo‘lidan tutib tog‘asining eshigi oldiga keldik. Men eshik qo‘ng‘irog‘ini uch marta bosdim. Ichkaridan navqiron yigit chiqdi. Bir menga, bir qizaloqqa qarab xo‘mraydi.

— Singlim bilan janjallashib qolganmiz. Bir oydan beri gaplashmaymiz, oldi-berdiniyam yo‘q qilganman. Uni ovqati menga kerakmas, desa bo‘ladimi.

Bu gapni eshitib qizaloq yana yig‘ladi. Men o‘shanda kechirimli bo‘lish, singillarga rahm-shafqat ko‘rsatish mo‘minning sifatlari ekanini uy sohibiga uqtirib bu haqda misollar keltirdim. Yigit qizaloqning qo‘lidan taomni oldi, uzr so‘radi. Qizaloqni uyiga olib borib ortimga qaytdim.

Kechirimlilik… Kimdandir ranjisak, ancha paytgacha kek saqlab yuramiz. Aslida bu haqda sizning muboraak hadislaringiz ko‘p. Kechirimlilik bobida sizga teng keladigani bormikin ey Olamlarning Rahmati!!!

Oysha (roziyallohu anho) onamizdan rivoyat qilinadi: “Rasulullohni(s.a.v.) tahqirlab, u zotga aziyat yetkazadigan bir kishi bor edi. Bir kuni u kishi Rasululloh (s.a.v.) huzurlariga kirdi, u zot o‘sha odamga yaxshi munosabatda bo‘ldilar, yonlariga chaqirib, unga marhamat ko‘rsatdilar. Shunda Oysha (r.a.): “Yo Rasululloh Sizni haqoratlab yuradigan shu kishi emasmidi?!” deb so‘radilar Shunda u zot bunday dedilar: “Ha, shu edi. Ey Oysha, insonlarning eng yomoni-yomonliklari va tillaridan saqlanish uchun hurmat qilinadigan kishilardir” (Buxoriy/6032).

Ey Ollohning Habibi! Sizning zamonangizdan necha yillar, necha asrlar o‘tdi. Hamon sizning butun insoniyatga ibrat bo‘lgulik hayotingiz va siz orqali bizlarga yetib kelgan Qur’oni karim ikki dunyo saodatidan saboq berib kelmoqda. Gohida dunyo g‘amlari iskanjasida o‘yga tolganimda, Sizni o‘ylayman.  Hozir Rasululloh (s.a.v) bilan xonamga kirib kelsalar nima qilardim, mendan nima istaysan deb so‘rasalar nima derdim, degan jumlalarni kitoblar, jurnallar, internet sahifalarida o‘qib qolaman. Men esa Rasulullohni xonamga kirib kelishlarini hech qachon tasavvurimga sig‘dirolmayman. Hali men bu tashrifga tayyor emasman. Ammo g‘oyibona uchrashib qolsak so‘rardim: Yo Ollohning Rasuli, duo qiling, oxiratning eng badavlat ayoli bo‘lishimni, Kavsar hovuzining labida suv uzatuvchi bo‘lishimni.  Naylayin, bu dunyoda otamga yaxshi xizmat qilolmadim. Duo qiling u dunyoda — jannati ma’voda ota-onamni mehmon qilayin!

Duo qiling menga Diydor ato qilsin! Sizni sevganlar siz bilan birga bo‘ladilar. Men ham sizni sevganlar safida bo‘lishni istayman!!!

O‘n to‘rt asr uxlab yotgan ko‘rni uyg‘otdim,
Bir silkindi, ko‘kdan kelgan sadodan Bilol.
G‘aflat payti zulumotga cho‘mgandi dunyo,
Ko‘r ko‘zida yosh o‘rnida chashmai zilol.

Muhammad deb umr shomi o‘tganda hayhot,
Navozishlar qilolmadi ko‘kda mohitob.
Ammo chag‘ir tikanaklar gulladi oppoq,
Daraxtlarning barglarida ilohiy kitob.

Men kelyapman, ey Rasulim, qo‘limda bir xas,
Bu xas sabab kaftlarimni kuydirar olov.
Uning sohir ovozini eshitmas bir kas,
Hali shu xas ich-ichida bor qancha qalov.

Barmog‘imni qimirlatsam sado berar xas,
Yuragimga oqib kirar salovot kabi.
Nahot shunday mo‘jizani kuzatmay beg‘am,
Bolam qanday ketayapsan, so‘qir singari…

Ma’mura Abdurahimova,
Farg‘ona viloyati.