Eng ulug‘ fazilat

Qadim zamonda bir mo‘tabar odamning uch o‘g‘li bor edi. Bir kuni ularni o‘z huzuriga chaqirib olib:
— O‘g‘illarim, sizlarni sinamoqchiman, bir oy sayohat qiling. Shu bir oylik umringizni xalqqa foydali, yaxshi ishlarga sarf eting. Qaysi biringizning qilgan yaxshiligingiz eng ulug‘ fazilat kasb etsa barmog‘imdagi mana shu juda qimmatbaho uzukni unga beraman,— dedi.
O‘g‘illari har tarafga tarqalib, sayohatga chiqib ketdilar. Bir oy sayohat qilib yurib, yana otalarining huzuriga qaytib keldilar. Ota katta o‘g‘lidan so‘radi:
— O‘g‘lim, shu bir oy ichida qanday eng ulug‘ fazilatli yaxshilik qilding?
— Otajon, bir kuni tanho o‘zim bir bog‘ ko‘chasidan o‘tib ketayotsam, bir yerda juda ham qimmatli olmos tushib yotgan ekan. Uni olib darhol tegishli ma’murlarga topshirdim. Ma’murlar boshlig‘i menga tashakkur aytib, qo‘limga mana shu taqdirnomani yozib berdi, olmosning egasini toptirib unga topshirdi. Shu qilgan ishim to‘g‘riligimga bir dalil, shu harakatim eng ulug‘ fazilat emasmi,- deb javob berdi katta o‘g‘li.
Otasi aytdi:
— Juda to‘g‘ri ish qilgansan, o‘g‘lim, vijdoniy vazifangni ado etgansan. Lekin, u olmos sening xususiy mulking emas-ku.
Keyin o‘rtancha o‘g‘li so‘zga kirishdi.
— Men bir kuni katta ariq kanoridan ketib borardim. Shu choqda bir yosh bola suvga tushib ketib, halok bo‘lish xavfi ostida ekanini ko‘rib qoldim. Darhol o‘zimni suvga tashladim, ko‘p mashaqqat chekib bolani suvdan olib chiqdim. Shu bilan uni o‘limdan qutqazib, ota-onasiga eson-omon topshirdim. Ota-onasi mendan ko‘p minnatdor bo‘lib, haqimga duoyi xayr qildilar. Hayotim qo‘rqinch ostida qolsa ham yosh bolani o‘limdan qutqazish uchun qilgan shu harakatim bilan mukofotingizga loyiq bo‘lsam kerak, deb o‘ylayman.
Otasi o‘rtancha o‘g‘lining qo‘lini ushlab:
— Ofarin, o‘g‘lim. Seni tabrik qilaman, faqat shu go‘zal ishing tufayli qalbing zavq-shavq bilan to‘lganini his etgansan, shuning o‘zi mukofot emasmi?— dedi.
Keyin kichik o‘g‘li otasiga ta’zim qilib aytdi:
— Otajon, menga doimo dushmanlik nazari bilan boqib, zarar yetkazib yurgan bir odam bor. Men unga hech bir yomonlik qilmagan bo‘lsam ham, u payimda yuradi, hatto meni o‘ldirish uchun fursat kutadi. Kecha u dushmanimning juda past bir jar yoqasida uxlab yotganini ko‘rdim. Agar uyqusirab bir yondan ikkinchi yonga ag‘darilsa yoki qattiqroq tovush chiqarib uyg‘otilsa, turishga harakat qilib jarga qulab tushishi mumkin edi. Men tovush chiqarmasdan, sekingina yurib uning yoniga bordim. Juda ehtiyotlik bilan uni ushlab, asta-sekin o‘z tomonimga torta boshladim. Ancha beriga kelib xavf-xatardan qutulgandan keyin ruhim ko‘tarildi, shodlanib yo‘limda davom etdim.
Otasi o‘g‘lining bu go‘zal ishidan, olijanobligidan shodlanib ko‘ziga yosh oldi, uni quchoqlab, yuz-ko‘zidan o‘pib:
— Bor bo‘l, o‘g‘lim, yasha, umring uzoq bo‘lsin! Mukofotimni olishga sen haqlisan, chunki dunyoda eng ulug‘ fazilat yomonlikka yaxshilik qilishdir,— deb qimmatli uzugini o‘g‘lining barmog‘iga kiygizdi, uning haqiga duo qildi.

Bayt:
Otang erdir, sen ham erdek qiliq qil,
Yomonlik aylaganga yaxshilik qil.