“Eng go‘zal hikoyatlar-2” tanloviga
Qozi Abu Bakr ibn Abdulboqiy Bazzor Ansoriy Bag‘dodiydan rivoyat qilinadi:
Men Makka yaqinida turar edim. Bir kuni juda och qoldim va ochlikni ketkazadigan hech narsa topolmadim. Ipakdan tikilgan va popugi ham ipakdan bo‘lgan bir hamyon topib oldim va uni ko‘tarib uyimga yo‘l oldim. Uni ochganimda ichida durdan bo‘lgan bir marjon bor ekan. Men oldin u kabi marjonni sira ko‘rmaganman.
Ko‘chaga chiqsam bir kishi qo‘lida besh yuz dinor pulni ko‘tarib shunday deb jar solardi: “Kim menga ichida duri bor hamyonni qaytarsa bu mukofot uniki”. O‘zimga-o‘zim ichimda: “Men muhtojman, ochman. Bu pullarni olib foydalanaman va hamyonni unga qaytaraman”, dedim.
Unga: “Oldimga keling”, dedim va uni uyimga olib bordim. U menga hamyon, popuk va durning belgilari, ularning soni hamda hamyon nima bilan bog‘langanini aytib berdi. Hamyonni unga olib chiqib berdim. Shunda menga besh yuz dinor tutqazdi. Lekin uni olmadim va: “O‘zi men uni sizga qaytarishim kerak edi, unga endi mukofot olmayman”, dedim. U esa mening bergan narsasini olishim kerakligini uqtirdi. Uning bir dinorini ham olmadim. Keyin u hamyonni olib oldimdan chiqib ketdi.
Men Makkadan chiqib kemaga mindim. Kema halokatga uchrab, odamlar g‘arq bo‘ldi va mollari ham cho‘kib ketdi. Men esa kemaning bir bo‘lagida omon qoldim. Bir muddat dengizda yurdim, qayerga ketayotganimni bilmasdim. Odamlar yashaydigan bir orolga tushdim va masjidlarning biriga kirdim. Qiroat qilayotganimni eshitib oroldagi barcha odam oldimga kelib: “Menga Qur’on o‘rgating”, dedi. Ularning orqasidan ko‘p mol orttirdim.
Keyin masjidga kirsam Qur’on suralari yozilgan varaqlarni ko‘rdim. Ularni o‘qiy boshladim. Oroldagilar: “Yozishni ham yaxshi o‘zlashtirganmisiz?”, deb so‘rashdi. Ha, deyishim bilan bizga yozishni o‘rgating, deyishdi. Ular kichik va o‘rta yoshdagi bolalari bilan oldimga kelishdi. Ularga yozishni o‘rgatar edim. Bu sababli ham men ancha-muncha boylikka ega bo‘ldim. Ular bir kuni: “Ichimizda bir yetim qiz bor va uning mol-dunyosi ham bor. Biz sizni unga uylantirmoqchimiz”, deyishdi. Rad javobini bersam ham ular unga uylanishim lozimligini aytishdi. Keyin aytganlariga rozi bo‘ldim.
To‘y o‘tgach u qizga qaray boshladim. Men topib olgan marjonning ayni o‘zini uning bo‘ynida ko‘rdim. O‘sha payt men marjonga qarashdan boshqa narsa qila olmasdim. Oroldagilar: “Shayx, marjonga bunday qarab yetimning ko‘nglini sindirib qo‘ydingiz-ku. Nima uchun unga buncha tikilib qoldingiz?”, deb so‘rashdi. Men marjon qissasini ularga aytib berdim. Ular bor ovozlari bilan tahlil va takbir aytib yuborishdi. Oroldagilarning barchasiga ovozlar yetib bordi.
Ular aytishdi: “Sizdan marjonni olgan kishi bu qizning otasidir. U tinmay: “Men dunyoda mana bu marjonni qaytargan kishidek musulmon odamni ko‘rmadim”, der va shunday duo qilar edi: “Allohim, u va mening o‘rtamizni jamla, qizimga uni uylantir”. Hozir o‘sha muddat keldi va o‘sha ish sodir bo‘ldi. Men undan ikki farzand ko‘rdim. Keyin u vafot etdi. Menga marjon va ikki o‘g‘lim meros qoldi. So‘ngra ikki farzand ham vafot etdi va marjonga ega bo‘ldim. Uni yuz ming dinorga sotdim. Menda sizlar ko‘rib turgan bu mol-mulk o‘shaning pulidan qolganidir”.
Manba: Hone’ Hojning “Solihlar hayotidan ming bir qissa” asari
Arab tilidan A’zamxon Abdurahmonov tarjimasi