Devona va uning Allohdan jubba (po‘stin) tilagani hikoyati

Alloh yo‘liga ko‘ngil bergan bir devona bor edi, odamlar orasta kiyingan, u esa yalang‘och edi.
Dedi:
– Yo Rab, bir po‘stin bergin, puxta-mahkam bo‘lsin, boshqalar kabi meni ham xursand qilgin.
G‘aybdan ovoz keldiki:
– Ey, devona, senga issiq quyoshni ato etdim, isin.
Devona dedi:
– Yo Rab, qachongacha azob berasan, nahotki senda quyoshdan yaxshiroq po‘stin bo‘lmasa.
Dedi:
– Bor, yana o‘n kun sabr qilsang, shaksiz senga bir po‘stan berurman.
O‘n kun o‘tkandan keyin bechora devonaga birov bir po‘stin keltirdi. Po‘stinning yamoqlari juda ko‘p edi, chunki u ko‘p darveshlarning qo‘lidan baxsh bo‘lib o‘tgan edi.
Devona dedi:
– Ey sirlarni bilguvchi zot, shu o‘n qun ichida jandalarni bir-biriga yamab tikdingmi. Xazinangdagi to‘nlaring yonib ketdimikin, bu jandalarni bir-biriga ulab keltirding. Yuzminglab jandalarni bir-biriga tikibsan, bunday tikuvchilik hunarini kimdan o‘rganding?
Uning dargohiga borish oson emas, Uning yo‘lida tuproq bo‘lmoq lozim. Bu dargohga juda ko‘p kishilar uzoqlardan keldilar, ular ham olov va ham nurdan kuyib, yana yashnadilar. Kimki umri oxirida maqsadiga erishdi, o‘zi hasratga aylanib, maqsadni ko‘rmadi.

Fariduddin Attorning “Mantiqut-tayr”idan.