Bir sheryurak, dushmanlar dodini beradigan er kishi bor edi, bir necha yil bir ayolga oshiq bo‘lib yurdi. Ul ayolning bir ko‘zida tirnoq uchiday kichkina oq nuqtasi bor edi. Ayolga ko‘p marta diqqat bilan qaragan bo‘lsa ham bu oqlikdan erkak bexabar edi. Oshiq boshi ishq shavqi qiyomida yor ko‘zining aybini ilg‘armidi?
Bir vaqt erkakning ayolga nisbatan ishqi kamaydi, oshiqlik dardiga darmon topilganday, ayolga bo‘lgan muhabbatida nuqson paydo bo‘ldi. Ayolga boshqacha qo‘z bilan qaraydigan bo‘ldi shekilli, uning ko‘zidagi oq dog‘ni ilg‘ab qoldi. U ayolga dedi:
– Ko‘zingdagi oq dog‘ qachon paydo bo‘ldi?
Ayol dedi:
– Sening muhabbating kamaygan kundan beri shunaqa bo‘ldi. Senda ishqaro nuqson paydo bo‘lgach, mening ko‘zimda ham shu sabab nuqson paydo bo‘ldi.
Ko‘nglingda vasvasadan ming g‘avg‘o bor. Avval o‘z aybingni ko‘r, ey ko‘ngil ko‘zi basir odam! Qachongacha boshqalardan ayb qidirasan, o‘z yoqangni hidlab, o‘z aybingni qidirsang-chi. O‘z aybing o‘zingga ayon bo‘lib, og‘irligini sezsang, boshqalar aybiga parvo qilmaydigan bo‘lasan.
Fariduddin Attorning “Mantiqut-tayr”idan.