Bir darvesh o‘zining kambag‘al, benavoligidan shikoyat qilib yurardi. Ibrohim Adham unga qarab dedi:
– Ey o‘g‘il, faqrni juda arzon qo‘lga kiritgansan, shekilli?
Darvesh dedi:
– Bu so‘zni behuda aytayapsan. Kishi darveshlik (kambag‘allik)ni ham sotib oladimi, uyalmaysanmi shunday deyishga?
Ibrohim Adham dedi:
– Men bir necha marta jon evaziga sotib olgan emasman va butun olam mulkini taklif qilganlarida ham bermaganman. Hozir ham yuz olamni berib hech ikkilanmay faqrni olaman, chunki mening nazarimda hanuz ham faqrning qimmati ortib bormoqda. Chunki men bu boylikni qimmatga sotib olganman. Ya’ni butun bir podsholik bilan vidolashib, bunga erishganman. Shu bois buning qadrini sen emas, men bilaman va buning uchun hamisha shukr qilaman.
Himmat ahli jon va tanni bag‘ishladilar, yillar davomida o‘rtanib-o‘rtanib ruhlari poklanib bordi. Himmatlilarning qushi hasratu iztirob bilan do‘stlashdi, ular shu yo‘lda dunyovu dindan ham kechdilar. Sen agar ana shunday himmat sohibi bo‘lmasang, o‘zingni bu yo‘ldan uzoq tut va Oliy Ne’matga yetishga umid bog‘lama.
Fariduddin Attorning “Mantiqut-tayr”idan.