Ko‘ngil xohishi, qalb amri bilan yozgan ma’qulroq, emin-erkin fikrlaysan, tabiiy, samimiy, ishonchliroq chiqadi.
* * *
Ayrim amaldor, puldorlar, o‘z xatolaridan tashqari, erkatoy, tizginsiz farzandlari, qarindoshlari qilmishlari, qing‘irliklari uchun ham aziyat chekishadi.
* * *
Oqibatsiz qarindoshdan olijanob «begona» yaxshi. Martabasi, puli, davlati oshib ketgach, ko‘p mehnati singgan, yaxshiliklar qilgan kishilarini unutgan bemehr kimsalar haqida eshitganman, ba’zilarini o‘zim ham bilaman.
* * *
Adabiyot – insonni odob-axloqli, iymon-e’tiqodli, madaniyatli qilib tarbiyalaydi.
* * *
Inson umri orzular, umidlar, qayg‘u va iztiroblar majmuidir.
* * *
Ne ajab, endilikda kitob ko‘p, imkoniyatlar katta, biroq o‘qiydigan mard kam.
* * *
Qarmoqqa kichik baliqlar ko‘proq ilinadi, yiriklarining to‘rga tushishi qiyinroq. Korruptsiyaga qarshi kurash jarayonida ham shunday holat sezilyapti chog‘i.
* * *
Ne-ne mashaqqat bilan piyodani farzinga chiqargani guvohi bo‘lganimda kichik dalildan katta xulosa chiqara olgan, salmoqli tadqiqot bitgan olim Begali Qosimovni tasavvur etaman.
* * *
Noshud qalamkash aravani quruq olib qochib, yarim bet, bir betda aytolmagan gapni mohir yozuvchi kichik bir detal orqali aytishi, ishontirishi, vaqtni, qog‘ozni, qalamni tejashi mumkin.
* * *
Qiyini – g‘oya, mazmunga ishora qiluvchi mos sarlavha, ilk jumla, xos ohang topish: yangi, maroqli sarlavha bo‘shroq narsani o‘qishga da’vat etsa, siyqa, zerikarli sarlavha yaxshi, mazmundor maqola, ocherkdan ko‘ngil sovutadi.
«Yoshlik» jurnali, 2019 yil, 7-son